Samarqand qog'ozi nega xaridorgir bo'lgan?
Shubhasiz, dunyoda qog'ozning yaratilishi, kashf etilishi eng ulug' voqealardan bo'lgan. Birinchi navbatda ma'lumotlarni avloddan-avlodga yetkazuvchi, moziy haqiqatlarini kelajakka eltuvchi, jamiyatdagi silsilalar, ilm-fandagi yangilik va o'zgarishlarni o'zida qayd etib boruvchi, vaqt va makon bilmaydigan inson zakosining buyuk mahsullaridan edi. Quyida ana shu xususda filologiya fanlari doktori, professor Ibrohimjon YO'LDOShEV bilan suhbatlashdik.
— Ibrohimjon aka, dunyo madaniy taraqqiyotida Sharq kitobatchilik san'atining o'ziga xos betakror o'rni bor. Ko'hna Sharqda, xususan, O'rta Osiyoda kitobatchilik sohasining shakllanishi va taraqqiy etishi Sharq dunyosida ilk bor ayni shu hudud bag'rida qog'oz ishlab chiqarishning yo'lga qo'yilganligi bilan uzviy bog'liq bo'lsa kerak. Yurtimizda insoniyat tamaddunida muhim o'rin tutgan qog'oz ishlab chiqarish tarixi haqida nima deysiz?
— Manbalardan ma'lumki, eramizning II asrida Xitoyda qog'ozning kashf etilishi va uning ishlab chiqarila boshlanishi dunyo miqyosida kitobatchilikning tez sur'atlar bilan rivojlanishiga turtki bergan. Xitoyliklar serdaromad soha hisoblangan qog'oz ishlab chiqarishni qanchalik sir tutmasinlar, VIII asrning ikkinchi yarmidan e'tiboran Samarqandda Xitoy qog'ozi singari sifatga ega bo'lgan, xaridorgirligi jihatidan undan ham yuqori turgan qog'oz turi tayyorlana boshlanadi. Chunki, Samarqandda qog'oz ishlab chiqarish uchun kerakli bo'lgan xomashyoning barcha turlari – ipak, paxta, kanop, qamish, poxol, tut novdasining po'sti kabilar mavjud edi. Samarqandda tayyorlangan qog'oz turlariga nisbatan Samarqand qog'ozi yoki Sharqona qog'oz terminlari ishlatilgan. Shu tariqa Samarqand qog'ozi deb nomlanuvchi qog'oz turining dovrug'i o'zining sifati va nafisligi bilan qisqa vaqt ichida dunyoga taraladi.
Samarqand qog'ozining yaratilishi xususida tarixiy manbalarda turlicha fikrlarni uchratish mumkin. Manbalarda yozilishicha, VII asrda hali Yevropada papirus va pergament asosiy yozuv ashyosi sifatida foydalanilayotgan bir vaqtda Sharq mamlakatlarida allaqachon qog'oz ishlab chiqarish yo'lga qo'yilgan edi. Bu esa Arab xalifaligiga qarashli barcha yurtlarda, ayniqsa, hozirgi O'rta Osiyo hududlarida qo'lyozma kitoblarning yoyilishiga keng imkoniyat yaratdi. Damashqda eng sifatli qog'oz ishlab chiqarilganligi, bizgacha yetib kelgan va ilk arab qog'oz kitobining Damashq (o'rama) kitobi deb nomlanganligi tarixiy manbalarda dalillar bilan asoslangan. Ba'zi olimlarning fikricha, O'rta Osiyo hududida, xususan, Samarqandda qog'oz ishlab chiqarish Arab xalifaligiga qadar ham mavjud bo'lgan. 1931 yili Mug'tepa tog'idan topilgan Samarqand hukmdorlariga oid hujjatlar hamda Tuproqqal'ada qo'lga kiritilgan Xorazm arxiv materiallari So'g'diyona, Xorazm va Baqtriyadagi qog'ozga yozilgan mahalliy qo'lyozmalarning arablar bosqinidan avvalgi davrlarga oidligini asoslaydi. Ba'zi tarixchilarning fikricha, samarqandliklar qog'oz ishlab chiqarish sirlarini 751 yili Talasda bo'lib o'tgan jangda Ziyod ibn Solih tomonidan asirga olingan xitoylik qog'oz ustalaridan o'rganishgan. Nima bo'lganda ham, X asrning oxirlariga kelib Samarqand qog'ozi Islom mamlakatlarida papirus hamda pergament o'rnini tamoman egalladi.
— Yurtimizda yaratilgan qog'ozning boshqa yozuv ashyolariga nisbatan o'ziga xos afzalliklari nimada? Uni dunyo sivilizatsiyasida tutgan o'rni qay darajada deb o'ylaysiz?
— Qadimgi yunon kitobatchiligida qo'llangan yozuv ashyolari borasidagi qimmatli ma'lumotlarni buyuk alloma Abu Rayhon Beruniyning “Hindiston” asarida uchratishimiz mumkin. Beruniy yozadi: “Qadimgi yunonlar singari terilarga yozish odati hindlarda bo'lmagan edi. Suqrotdan asar yozmay qo'yishining sababini so'rashganida: “Ilmni tirik kishilar qalblaridan o'lik qo'ylarning terilariga ko'chirmayman” degan. Ushbu matndan anglashiladiki, buyuk yunon faylasufi Suqrot terilarga yozishdan o'zini tiyadi. Bu holni turlicha taxminlar bilan izohlash mumkin. Suqrotdek inson nima sababdan qo'y terisidan qilingan ashyoga yozmoqchi emas? Birinchidan, Beruniy aytganidek, Suqrot ilmni tirik kishilar qalblaridan o'lik qo'ylarning terilariga ko'chirishni istamayapti. Ikkinchidan, teri ashyolar ko'proq qo'zichoqning yoki buzoqning terisidan tayyorlangan. Aytaylik, bir sahifa tayyorlash uchun bitta qo'zichoqning terisi lozim bo'lsa, ikki yuz sahifalik qo'lyozma uchun ikki yuzta endi dunyo yuzini ko'rgan qo'zichoqning bahridan o'tish kerak bo'lgan. O'zingiz o'ylab ko'ring, bir qo'zichoq so'yish holiga kelishi uchun kamida 1-2 yil yashashi kerak bo'lgani holda uni murg'akligidayoq yozuv ashyosi uchun terisi shilib olinsa, qanchalik ayanchli? Suqrot ko'z o'ngida ham shu murg'ak qo'zichoq gavdalangan bo'lishi mumkin-ku! Bir sahifa yozsa, bir qo'zichoq ko'z oldida gavdalanaversa, dahshat-ku! Shuning uchun ham Suqroq teriga yozishdan o'zini tiygan bo'lishi mumkin. Xulosa: demak, teri ashyo tayyorlashning naqadar qimmat va o'ta mashaqqatli bir jarayon ekanligi o'zbek qog'ozlari kashfiyotining jahon fani, texnikasi, umuman, dunyo sivilizatsiyasida tutgan o'rni nihoyatda beqiyos bo'lganligidan dalolat beradi. Yurtimizda qog'ozning kashf etilishi, uni Buyuk ipak yo'li orqali Yevropa bozorlariga yetkazib berilishi, buning natijasida, dastlab Yevropada, so'ngra jahon miqyosida matbaachilikning vujudga kelishi tarixiy nuqtai nazardan dunyo miqyosida fan-texnika taraqqiyotiga olamshumul yo'l ochib berdi. Zotan, mashhur rus adibi va tarixchisi Karamzin ta'kidlaganidek: “Aql tarixi ikki asosiy davrni taqdim etdi: harf va matbaa ixtirosi. Qolgan hamma narsa ularning natijasidir”. Yana aytadiki: “Olamni oltindan ko'ra qo'rg'oshin ko'proq o'zgartirdi” (Bu yerda o'sha davrdagi poligrafiya usulida matn bosishda qo'llanilgan qo'rg'oshin haqida so'z boradi). Karamzin bildirgan ushbu fikrga hech e'tibor berganmisiz? Karamzin aytmoqdaki, usha davr dunyo tamadduni, taraqqiyotining asosini boylik – oltin emas, balki – oddiy qo'rg'oshin egallagan. Chunki, Suqrotdek buyuk olim hayvon terisiga yozishdan bosh tortib, umuman yozmay qo'yganligidan jahon fani qanchalik aziyat chekkan bo'lsa, insoniyat tafakkurining buyuk mevasi sifatida qog'ozning kashf etilishi natijasida matbaachilikning paydo bo'lishi jahon fan-texnikasi rivojida inqilob yasadi. Karamzin ham shu fikrni aytmoqchi. Demak, qadimda yurtimiz sarhadlarida, xususan, Samarqand, Qo'qon va Buxoro shaharlarida qog'ozning ishlab chiqarilishi va uning Buyuk ipak yo'li orqali Yevropa, umuman, jahon bozoriga olib chiqilishi dunyo tamaddunida yangi davrga asos soldi. O'zbek qog'ozining kashf etilishi va jag'on bozoriga kirib borishi dunyoni yangi bir sivilizatsiya sari yetakladi.
Aytish kerakki, o'rta asrlarda qog'ozsozlik serdaromad soha bo'lgan. Shu bois qog'oz ishlab chiqarish Samarqandga katta foyda keltirgan. Samarqand o'z qog'ozini xalifalikning boshqa viloyatlariga ham chiqarishga erishgan. Darhaqiqat, Samarqand o'sha davrda butun xalifalikdagi kotiblar va qalamkashlarni qog'oz bilan ta'minlab turgan. Bundan tashqari, Buyuk ipak yo'li orqali qog'oz savdosi Yevropaliklar bilan ham olib borilgan. Chunki butun Yevropada XII-XIII asrlarga qadar ham hali qog'oz ishlab chiqarish yo'lga qo'yilmagan edi. Samarqand qog'ozi turining Yevropa bozoriga yetkazib berilishi u yerda ilgari yozish uchun asosiy ashyo sifatida ishlatilib kelingan papirus, charm, pergament kabilarning o'rnini endi qog'oz egallashiga va bu esa, nafaqat Yevropa, balki butun dunyo moddiy-madaniy taraqqiyotining yuksalishida sezilarli turtki bo'ldi. Samarqandda tayyorlangan qog'ozlar dunyo miqyosida tanildi. Ularga nisbatan turlariga ko'ra Samarqand qog'ozi, Sultoniy hamda Xuroson qog'ozi kabi terminlar qo'llandi. Bu xususda o'z davrining buyuk shoir hamda mutafakkirlari Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiylardan o'z bahosini olgan buyuk san'atkor-xattot Sulton Ali Mashhadiy shunday yozadi: “Har qancha sinasang ham Xitoy qog'ozidan yaxshisi yo'q. Ammo Samarqand qog'ozi bebahodir. Agar sen aqlli odam bo'lsang, undan voz kechma, undagi yozuv ravon va go'zal bo'ladi, ammo u oq va pokiza bo'lishi kerak. U oddiy bo'ladimi, “sultoniy” bo'ladimi, yaxshisini olishga harakat qil”. Samarqand qog'ozining ta'rifi xususida Zahiriddin Muhammad Bobur shunday yozadi: “Olamda yaxshi kog'az Samarqanddin chiqar, Juvozi kog'azlar suyi tamom Konigildin keladur. Konigil Siyohob yoqasidadurkim, bu qora suvni Obirahmat derlar”. Ushbu matndan ko'rinadiki, qog'oz ishlab chiqarishga moslashtirilgan suv tegirmonlar o'tmishda juvozi kog'az deb yuritilgan.
— Dunyoning ko'plab mamlakatlarida qog'oz ishlab chiqarish texnologiyasining o'zlashtirilishida yurtimizda tayyorlangan, davrug'i olamga mashhur bo'lgan o'zbek qog'ozlarining o'rni qay darajada bo'lgan va ularning shuhrati nega so'nggan?
— Samarqand qog'ozini tayyorlash taxminan uch yuz yil davomida sir tutib kelingan. Tarixiy manbalarga tayanib aytish mumkinki, faqatgina XI asrga kelib Samarqand qog'ozini ishlab chiqarish texnologiyasidan andoza olgan holda, dastlab, Iroq va Suriyada qog'oz tayyorlana boshlanadi. Keyinroq tarixda “arab ko'prigi” deb nom olgan Misr, Shimoliy Afrika va Marokash orqali Ispaniyaga ham Samarqand qog'ozini tayyorlash texnologiyasi yetib keldi. XIII asrga kelib bu qog'oz turini tayyorlash sirlari butun Yevropaga yoyildi. Ispaniyada XII asr boshlarida, Italiyada 1276 yil, Fransiyada 1348 yil, Olmoniyada 1390 yillarda ilk qog'oz ishlab chiqarish korxonalari qurildi. Rus davlatida XIV asr o'rtalarida qog'oz ishlab chiqarila boshlandi. Birinchi rus qog'oz kitobi 1381 yilda dunyo yuzini ko'rdi.
Samarqand o'zining xaridorgir qog'ozi bilan ming yildan ortiq vaqt davomida dunyo miqyosida shuhrat qozonib keldi. Faqatgina O'rta Osiyoning Chor Rossiyasi istilosidan keyin Samarqandda qog'oz ishlab chiqarish to'xtatib qo'yildi. O'rta Osiyoda qog'oz Samarqanddan tashqari yana Buxoro, Qo'qon shaharlari va ularning tevarak-atrofida joylashgan qishloqlarda ham ishlab chiqarilgan. Venger olimi Herman Vamberi Buxoroda tayyorlangan qog'oz haqida quyidagilarni yozadi: “Buxoroda tayyorlangan yozuv qog'ozlarining shuhrati nafaqat Turkistonga, balki qo'shni davlatlarga ham taralgandir. Bu qog'ozlar ipakdan tayyorlangan bo'lib, silliqligi hamda nozikligi bilan arab yozuvi uchun juda qulay bo'lgan”.
Ma'lumotlarga qaraganda, O'rta Osiyoning Chor Rossiyasi tomonidan zabt etilganidan keyin qog'oz tayyorlash faqatgina Qo'qon xonligida davom ettirilgan, xolos. XIX asrning boshlarida Toshkentga kelgan sibirlik K.Maksimov qoldirgan ma'lumotlarga ko'ra, Toshkent va Qo'qon shaharlaridagi qog'oz fabrikalarida bir vaqtning o'zida yigirmaga yaqin ustalar ishlagan. Qog'ozning narxi nisbatan arzon bo'lgan: bir varaq qog'oz 1 puldan sotilgan. XIX asr oxirlarida O'rta Osiyo bo'yicha faqat Qo'qon shahridagina qog'oz ishlab chiqarilgan. Rus olimi V.Grigoryevning yozishicha, Qo'qonda 1924 yilga qadar qog'oz ishlab chiqarishda maxsus objuvozlardan foydalanilgan. Qog'oz Qo'qon shahrida, shuningdek, uning atrofida joylashgan Qog'ozgar va Chorku qishloqlarida ham tayyorlangan. V.Grigoryev 1931 yilda bu qishloqlarga boradi va u yerdagi qog'ozgarlar bilan uchrashadi. Ulardan qog'oz ishlab chiqarish usullari haqidagi qimmatli ma'lumotlarni to'playdi.
Egamberdi XO'JAMURODOV
suhbatlashdi.