Sohibqiron saltanati

yoki jahon sivilizatsiyasida buyuk davlat arbobi va sarkarda Amir Temurning o'rni haqida

 

Har bir inson hayotda har sohada o'zini haqman deb o'ylaydi, lekin uning bu haqiqatini hamma ham tan olavermaydi. Ammo shunday insonlar bo'ladiki, bundaylarning haqiqatini xohlabmi-xohlamaymi hamma tan olishga majbur bo'ladi. Ularning birinchisi shunchaki Inson deb yuritiladi (so'zning biologik unsur ma'nosidagi “Odam” degan sinonimi ham bor). Ikkinchisi esa Shaxs deb ataladi.   Ha, barcha zamonlar va davrlarda haqiqati tan olinadigan va bosh harf bilan yoziladigan Shaxslar ko'p o'tgan. Shularning biri, shubhasiz, Sohibqiron Amir Temur hazratlaridir. Insoniyat taraqqiyotining hozirgi bosqichida bu muhtasham zot shaxsiyatiga qiziqish tobora kuchayib bormoqdaki, bu hol zamon va makon nuqtai nazaridan qonuniyga o'xshaydi.   Dunyo xuddi XIII asrdagidek bir ajab tarzda evrilayapti. Ijtimoiy hayotda yangi g'oyalar, tuzum va tizimlar, yondashuvlarga ehtiyoj bordek. Ikkinchidan, yurtimiz mustaqilligi tufayli Sohibqiron merosini chinakamiga o'rganish davri boshlandi va bunday sa'y-harakatlar tufayli bobokalonimiz xazinasidan ayni zamonaviy muammolarni bartaraf etishning yangi-yangi yechimlari, manbalari kashf etilmoqda. Jumladan, “Amir Temur va G'arb” mavzusida aytiladigan, tadqiq etiladigan gaplar, yangi haqiqatlar   ancha-muncha.

Umumiy ma'noda G'arb, ya'ni kun botish, aniqrog'i — Yevropa materigi, istioralar bilan ta'riflanganda “Ko'hna qit'a” ko'plab faylasuflarning nuqtai-nazarida murosasiz, badjahl erkak sifatida ta'riflangan (Osiyo esa, aksincha, mehribon va saxovatli ayol timsolida). “G'arb – erkak aqli, jazavali qudratni taqdim etadi. Sharq esa mulohazaga tayanadigan ayol aqlini taqdim etadi. Redyard Kipling ta'kidlaganidek, Sharq va G'arb hech qachon uchrashmaydi. Bu ayni haqiqat, chunki uchrashish imkoni yo'q, negaki ularning harakat tarzi butunlay teskari, qoq bo'lingan ikki qutbda. G'arb agressiv, ilmga zo'r bergan, tabiat ustidan g'alaba qilishga tayyor. Sharq esa agressiv emas, mulohazali — tabiatga bo'ysunishga tayyor…” (Osho. “Filosofiya Perennis”. M., 2002 g.).

Garchi svilizatsiyaning ilk kurtaklari shu makonda, ya'ni G'arbda paydo bo'lgan ersa-da, bu jarayonlar qizg'in kurashlar, qirg'in-barotlar, vayrongarchiliklar olamida kechgan. Pompey xarobalari, Karfagenning taslim etilishi, Bastiliyaga hujum, ulardan tashqari yuz yillik, o'ttiz yillik, yetti-o'n yillik urushlar, ikki marta Jahon urushi, Vatan urushlari… bularning sanog'i uzun, bo'hronlar shunchalik ko'pki, ko'hna qit'a zaminida tarix qo'rg'oshin eritmalari bilan darj etilganga o'xshaydi.

XIII asrga kelib Yevropada sanoat inqilobi boshlandi, shahar madaniyati rivojalandi, odamlar chekka hududlardan obod maskanlarga oqib kela boshladi. Ana shu davrda Rim papasining mavqei juda yuksaldi yoki uning yuksalgan obro'si ijtimoiy hayotda bir ko'tarilishga turtki bo'ldi. Har holda birinchi marta 1095 yil Klerman sobori maydonida papa Urban II tomonidan oq yo'l tilangan Salibchilar   yurishi Iso qabrini izlash bahonasida 1272 yilgacha quyosh yo'nalishiga qarshi, ya'ni Sharqqa tomon to'qqiz marta safar qildi va osuda dunyoni chinakamiga larzaga keltirdi. Aslida “Mazlumlarni saljuq turklarining zulmidan qutqarish”ni shior qilgan bu harakat chindan ham G'arbu Sharqda g'ulu soldi va barcha qadriyatlarni ostin-ustun qilib, aralashtirib tashladi. Binobarin, Rim papasi ana shunday salohiyatga ega tuzilma ekanini amalda ko'rsatdi. Albatta, zarba o'ziga qarshi zarbani chaqiradi. Salibchilarga qarshi nafaqat turkiylar olami, balki jami islom dunyosi oyoqqa turdi va bu mislsiz muhorabaning natijalari butunlay kutilmagan bo'ldi. Tabiatida jangovarlik, nafaqat jangovarlik, balki otashin vatanparvarlik bo'lgan turkiylar islom bayrog'i ostida birlashdilar, shu bilan birga hududlardagi dindoshlarini ham oyoqqa turg'azdilar. Bu birlashishning natijalarini solnomalardan topsa bo'ladi. Natijalardan biri — Kichik Osiyo­­da umrguzaronlik qilayotgan turkiylar o'z davlatini tuzib, oyoqqa turdi, 1230 yillardan boshlab ularning atrof-tevarakka, birinchi navbatda Vizantiyaga bosimi kuchaydi.

Tarixdan ma'lumki, Vizantiya davlati e.av. VII asrdan mavjud edi, u qulagan Rim impe­riyasi (117 yil)ning bo'laklari — Afina, Sparta, Rim, Makedoniya shaharlari, forslar, ellinlar hisobidan   Buyuk Konstantin (272-337)ning sa'y­-harakatlari tufayli qayta tiklandi, kuchaydi, hatto uni Sharqiy Rim imperiyasi deb ham atay bosh­ladilar. Tarixiy qonuniyat ularni ham chetlab o'tmadi, yuksak rivojlanishdan keyin tanazzul bosh­landi. Imperiya parchalanib ketgan bo'lsa ham markazi Konstantinopol (330 yildan) bo'lgan davlat bo'laklari hali davri-davron surar, uning vorislari o'z ta'sirini kengaytirish uchun tinmay harakat qilardi. Bolqonda (ya'ni, Kichik Osiyoda) Saljuq turklari davlatining yuksalishi esa Vizantiyaning osuda kunlariga chek qo'ydi, halovatini buzdi. Albatta, mag'lubiyat shunchaki qabul qilinmasdi. Endi o'rtada hammasini hisob-kitob qilishi lozim bo'lgan to'qnashuv yuzaga kelishi aniq edi.   Bu muhorabada diniy omillar yetakchilik qildi.

* * *

Albatta, vaziyatni dunyoda xristian ruhining ustuvor bo'lishi uchun o'zini mas'ul deb bilgan, bu holni Salib yurishlariga rahnamolik qilish bilan ko'rsatib qo'ygan Rim papasi hushyorlik bilan kuzatib turardi. Xuddi shuningdek, Usmonli turklarning Kichik Osiyoda mavqei oshib borayotgani, Vizantiyaning pozitsiyalarini boy berayotgani cherkovni tashvishga solmay qo'ymasdi. 1389 yildagi Kosovo jangida Usmonlilarning ishonchli g'alabasi ularning ko'zini ochib qo'ydi. Bu paytga kelib, haqiqatan, o'z jangovarligi bilan tanilgan turkiylar mohir sarkardalar Erto'g'rul – Usmon – Urxon – Murod (Kosovo jangi qahramoni) zamonida chinakam yuksaklikka erishgandi. Ularning g'alabalari Yevropaning yuragiga g'ulg'ula solgan, hatto yetakchilik taxtiga o'tirgan Boyazid I hech kim to'xtata olmaydigan “Yildirim – shamoldan ham tez” degan laqab olgan edi. Uning muzaffar yurishlari davom etardi. 1393 yilda turklar tomonidan mustahkam qal'alardan Nikopol egallandi, shu bilan Bolgariya qirolligi tugatilib, uning hududi Turkiyaga qo'shib olindi. Vengriya, Venetsiya xavf ostida qoldi. Genuya dengizdagi hukmronligini boy bera boshladi. Usmonlilarning bunday zafarli yurishlaridan o'sha paytdagi Rim papasi Bonifatsiy IX tashvishga tushib qoldi va 1394 yilda yana Salib yurishini e'lon qildi. Bu turklarning muttasil oshib borayotgan ta'sirini jilovlash uchun so'nggi chora edi.

Ana shunday sharoitda e'lon qilingan Salib yurishi qanday kutib olindi? Afsuski, bu murojaat yetarli darajada po'rtana qo'zg'ay olmadi. Zamonlar o'tishi bilan qahramonlar ham o'zgargan, kuch bir qutbdan boshqasiga o'tgan edi. Rim papasining bu iltijosi, ya'ni temir sovut yopingan ritsarlarning maydonga chiqishga chorlovi havoda qolib ketdi. Bu chaqiriq bironta xristian davlat boshlig'i tomonidan qo'llab-quvvatlanmadi. Avvalo, bunga   cherkov hayotida ichki ziddiyatlar yuzaga kelgani va Angliya-Fransiya o'rtasida davom etayotgan yuz yillik urushning yana qo'zg'algani sabab qilib ko'rsatilsa-da, omad yulduzi ikkinchi tomonda porlayotgan edi: g'olib Usmonlilarning zarbini unutishmagandi. Lekin Yildirim Boyazid boshliq osiyoliklar nafaqat Yevropaga, balki Rim cherkoviga ham katta xavf edi. Buni nazardan qochirmagan papa yangi rejalar bilan band bo'ldi.

Nima bo'lganda ham tahlika ostida qolgan cherkov barcha vositalarini ishga solib, Boyazidga qarshi yurishni uyushtirishga erishdi. Bu paytda yuz yillik urushda vaqtincha sulh tuzilgan edi va Fransiyadan qirol Karl VI o'z qo'shini bilan maydonga chiqadigan bo'ldi. Vengriya qiroli Sigizmund ham boy bergan hududlarini qaytarib olish ilinjida maydonda talabgor edi. Umuman, manbalarda qayd etilishicha, fransuzlar, inglizlar, gollandlar, ispanlar va boshqa xalq vakillaridan iborat yuz mingga yaqin lashkar Boyazidga qarshi yo'lga tushadi. Unga yuz yillik urush frontlarida chiniqqan, tajribali fransuz marshali Jan le Mengr Busiko qo'mondonlik qiladigan bo'ladi. Bu mislsiz to'qnashuv 1396 yil 25 sentyabrda Nikopol shahri yaqinida ro'y beradi. 60 ming askarga ega bo'lgan turklarning bu jangini keyinchalik mutaxassislar harbiy salohiyati yuksalgan Boyazidning butun Yevropa oldidagi namoyishkorona chiqishi deb baholashadi. Jang xristianlar qo'shiniga zarracha imkoniyat qoldirmay, turklar foydasiga yechim topadi. Boyazid raqiblariga aslo shafqat qilmadi, hatto asir tushganlarni ham batamom qirib tashladi. Yanicharlar va serb suvoriylari o'zini ko'rsatdi. Shu bilan tarozining shayini Osiyo tomon oqqandek bo'ladi.

Ma'lumki, xuddi shu pallalarda voqealar sahnasida Amir Temur boshliq Samarqand qo'shini ham faol edi va aynan shu hududlarda o'z missiyalari bilan band edi.   1395 yil boshida To'xtamishning shakkokligiga qarshi yo'lga chiqqan Turon lashkarining ilk qadami aprel oyida Terek va Qura daryolari havzasidagi misl­siz to'qnashuvda zafar bilan nihoyasiga yetgach, sulhparvar va tinchliksevar qo'shin saltanatda osoyishtalik o'rnatish vazifasiga kirishib ketadi. Hamma ishlar muvaffaqiyatli uddalanib, muzaffariyat bilan yurtga qaytildi va shundan keyin Sohibqiron faoliyatida nisbatan muqim davr boshlandi. Agar Hindiston safarini hisobga olmasak, yuz yillikning boshigacha Movarounnahrda tinch, bunyodkor hayot davom etdi.

Ammo Yevropani larzaga solayotgan yangi kuch – Yildirim Boyazidni jilovlash borasidagi harakatlar to'xtamayotgani aniq edi va papaning sirtdan qaraganda nisbatan tinch qarorgohida katta to'fonlarga sabab bo'ladigan rejalar tuzilayotgani ham sir emas, ya'ni mantiq taqozosi edi. Xristianlar Nikopoldagi mag'lubiyat alamini unuta olmas, uning o'rnini qoplash uchun ming-bir chora izlardi. Jumladan, papa Bonifatsiy IX (1356-1404 y., 1389 yildan umrining oxirigacha shu mansabda) 1398-99 yillar orasida ham Yevropa davlatlarini imperator Manuel II Poliologni quvvatlab va Usmonli turklar tazyiqi ostida qolayotgan Konstantinopolni himoya qilishga chaqirib, bir necha marta murojaat bilan chiqdi, ammo hech kim uning da'vatlariga javob bermadi. Gapning sirasini aytganda, Boyazid muammosini hal qilish yalakat Rim papasining zimmasida qolgandek edi. Go'yo diniy rahnamo jang maydonida yuragini oldirib qo'ygan noshud bolalarini qutqarish uchun chora topishi kerakdek tuyulayotgandi. Zotan, bilmadik, hazrat papa har kuni necha marta samoga iltijo qilib, ikonalarga cho'qinib, tilagining mustajob bo'lishini so'ragan, ammo xristian ruhining ustuvorligini ta'minlash uchun najot izlagani bor gap. Vaqti kelib, tadqiqotchilar tomonidan kardinallar, yepiskoplar, poplarning arxivdagi hisobotlari o'rganilsa, vaziyat yana ham oydinlashishi mumkin. Nima bo'lganda ham papaning tinch o'tirmagani aniq. Albatta, bu yumush cherkov talablariga ko'ra o'ta maxfiy va sirli tarzda olib borilar, sukunatga cho'mgan xonalarda rohiblar murakkab shaxmat masalasiga yechim izlagandek muk tushib, turli muqobil yo'llarni taroziga qo'yishardi.

Taxminan, iltijolar ijobat bo'lganga o'xshaydi. Aniq bir holat yuzaga kelayotgandi: ikki yengilmas sarkardani bir-biriga gij-gijlash! Bu to'xtamga asos — tobora kuchayib borayotgan va turkiylar maqolida ta'kidlangani singari “Ikki qo'chqorning boshi bir qozonda qaynamaydi” mantig'idan kelib chiqib, Sharqdan Temurbekning, G'arbdan Boyazidning tobora kuchayib borayotgan shon-shavkati masala yechimiga kalit bergandek bo'ladi. Barcha qonuniyatlarni rad etib, Sharq va G'arbning uchrashishi, aniqrog'i, to'qnashishi tobora taqdir tarozisiga qo'yilayotgani aniq bo'lib qolayotgan, ya'ni shu yo'l tanlanayotgan edi. Negaki, ayni kuchga to'lgan turk sarkardasiga ro'baro' bo'ladigan salohiyat Yevropada mavjud emasligi kundek ravshan edi, papaning chaqiriqlarining izsiz ketgani buni yaqqol tasdiqlardi. Bil'aks, Samarqand hukmdorining mavqei ham chek-chegarasiz edi, ya'ni munosib raqib tayyor, faqat o'yin tashkil qilinsa bas. Xullas, Bolqon yarim orolida katta teatr yuzaga kelayotgan, faqat uning ssenariysi yaratilib, parda ko'tarilsa, tomosha naqd edi. Taajjubli tomoni shundaki, vaziyat ham ana shu qaltis nuqtaga jadal yaqinlashayotgan, qaysidir o'rinlarda manfaatlar to'qnashayotgan, yo'llar kesishayotgan edi.

* * *

…Samarqand tarafda osuda kunlar poyoniga yetayotgandek edi. G'arbdan muttasil tashvishli xabarlar kela boshladi. Bular, avvalo, Fors hukmdorligiga qo'yilgan Mironshoh mirzo faoliyati bilan bog'liq edi. Bundan ham muhimi va tinchlik bermaydigani Bolqonda Sohibqironga qarshi yirik ittifoq (koalitsiya) yuzaga kelayotgandi. Tor-mor qilib tashlangan Oltin O'rda hukmdori To'xtamishning elchilari Boyazidning saroyiga borgani haqida ma'lumotlar bor edi. Bu safar, albatta, shunchaki mehmondorchilik emas, davlatlar taqdiriga daxldorlik darajasida muhim edi. Alamzada To'xtamish (1) o'ziga ittifoqchi izlayotgan, uni Boyazid ham mamnuniyat bilan qabul qilgandi. Shuningdek, jaloyiriylar yetakchisi Sulton Ahmad (2), Misr sultoni Zohir Barquq (keyin o'g'li Faraj) (3),   kurdlar rahnamosi qozi Burhoniddin (4), qoraquyunli turkmanlar sardori Qora Yusuf (5) o'zaro til biriktirayotgani aniq edi. Agar ular o'rtasida mustahkam ittifoq yuzaga kelsa, bu tuzilmani yengish mumkin bo'lmasdi. Hozirgacha ularning birlashishiga yo'l qo'yilmadi, buning uchun barcha choralar ko'rildi, har biri bilan yakkama-yakka hisob-kitob qilib borildi. Qolaversa, 1395 yilgi muhorabalardan, ya'ni Moskva egallanganidan so'ng zudlik bilan ortga qaytilganining bosh sababi ham shu edi. Sohibqiron o'ziga qarshi kuchlarning birlashishiga yo'l qo'ymay kelayotgandi.

Vaziyatni aniq his qilgan Sohibqiron Amir Temur jiddiy tayyorgarlik bilan 1399 yil kuzida Samarqanddan yo'lga chiqdi. Kavkaz va Forsdagi yumushlar surobga keltirilib, shu yil qish Qorabog'da o'tkaziladi. Bahor kelishi bilan qo'shin yo'lga chiqib, havosi yoqimli, yaylovlari sero't Mingko'l vodiysiga kelishdi. Bu katta yurishdan xabar topgan Vizantiya imperiyasining elchilari birinchi marta Sohibqiron dargohiga tashrif buyurdilar. Aniqrog'i, Venetsiya savdogarlari boy sovg'a-salomlar bilan kelib, turk sultoni Boyazid ularning bir qismini asirga tushirib, mollarini tortib olgani yuzasidan arz qildilar. Yordam so'rab kelgan jabrdiydalar yaxshi kutib olindi, izzatlarini joyiga qo'yib, kuzatib qo'yildi. Go'yo shu bilan daryolar ikkiga ajraldi.

Albatta, kelganlar shunchaki “savdogar”lar emas, balki har biri ma'lum maqsadni ko'zlab yuborilgan ayg'oqchilar bo'lgani ehtimoldan xoli emas. Negaki, Yevropa bu borada katta tajribaga ega edi, Rim papasining nazoratida bo'lgan Giyom Rubruk boshliq vakillar ham turli qiyofalarda 1252 yillardayoq maxsus missiyani bajarishga safarbar qilingan, ular hatto Qoraqurumga, Botuxonning qarorgohigacha borishga muvaffaq bo'lishgandi. Va bunday razvedka (muxobarat) harakatlari uzluksiz davom etib turgan edi. Umuman, ikki kuchni yuzma-yuz qilish uchun diplomatiyada sinalagan barcha usullarning qo'langani bor gap, negaki, vaziyat qaltis, butun Bolqonning taqdiri qil ustida turar, Vizantiya imperiyasi ertangi kuniga mahtal bo'lib yashayotgandi. Vaziyat esa ularning foydasiga ishlay boshladi.

Shubhasiz, o'z hududida katta imkoniyatlarni qo'lga kiritgan, hali maydonda biron marta ham yengilmagan Boyazid o'zini tengsiz hisoblardi. G'alabalardan masrur qo'mondan hamma narsa uning irodasiga ko'ra hal bo'lishini xohlardi. Shu tufayli Amir Temurga muttasil qarshilik ko'rsatib kelgan Sulton Ahmadni panohiga olgan, Qora Yusufni qo'llab-quvatlab kelayotgandi. Nihoyat, ikki tarafning masalalarga oydinlik kiritish fursati yetishdi va Sohibqiron Boyazidga xat bilan murojaat qildi. Bunday yozishmalar keyinchalik ham davom etdi va ularning batafsil sharhi alohida tadqiqotlarning mavzusi, natija shu bo'ldiki, kuchlarning maydonda ochiq to'qnashuvga chiqishi zaruratga aylandi. Bunda musulmonchilik odoblari ham, qondoshlik talablari ham, diniy manfaatlar ham ish bermadi, ko'rinmas kuchlar shunday ishladiki, hammasini chetga surib tashlash va ikki aka-uka birodarning ochiq maydonda yoqalashishi, boshqalarga tomosha bo'lishi kun tartibiga chiqdi. Bu muhorabaning asoratlari haqida   gapirishga hali erta edi.

“Qo'lga tushmagan o'g'ri – o'g'ri emas” degan gap bor. Nafsilamrini aytganda, tarix yuzida qora dog' bo'lib qolgan va taraqqiyot shayinini og'dirib yuborishgacha dunyo svilizatsiyasiga ta'sir etgan bu harbiy teatr tomoshasining tayyorlanish jarayoni, uning ishtirokchilari haqida hujjatlar orqali fikr yuritish mumkindir, ammo mukammal xulosa chiqarish qiyin kechar, negaki, ruhiy holatlar hech qaerda qayt etilmagan. Maydonda ikki Shaxs yuzma-yuz turardi, ularning har biri o'zicha haq va holat, mavqe taqozasi shunchalikki, murosaga o'rin yo'q, o'rin qolmagan. Vaziyat shu darajada tayyorlangan. Bunda eng nozik ruhiy omillar ham katta vazifa bajargan. Masalan, bir tarafning jizzakiligi yoki yakka gegemonlik hissi. Yillar soyasida qolib ketgan bu ruhiy holatlarni bugun tiklash iloji yo'q, faqat uning saboqlari qadrli va unutilmasdir. Chin ma'noda unutilmas bo'lishi shart.

Mulohaza uchun bir dalilni keltirish o'rinli bo'lsa kerak: Turon lashkarining mintaqada dovrug' solib, yurtlarni o'z izmiga bo'ysundirayotganini, qal'alarni fath etib, yo'lto'sarlarni jilovlayotganini, xullas, ularning ulkan salohiyatga ega ekanini amalda ko'rayotgan Yevropa o'z elchilari orqali Amir Temur   qo'shini, umuman, ular bilan yaqin aloqa o'rnatishni doimiy maqsadiga aylantirganga o'xshaydi. Maxfiy voqeanavislardan tashqari 1401 yilning oxirlarida Sohibqiron huzuriga (ba'zi manbalarda Avnik qal'asida deyilgan) nufuzli shaxslardan biri — Vizantiya imperiyasi vakili monax Ioan Fransua ota tashrif buyurib, Amir Temur agar Boyazid bilan urushda yengsa (demak, bu payt­­ga kelib to'qnashuv naqd bo'lib qolgan), uning davlati vassal bo'lishga tayyor ekanini izhor qiladi. Bu taklifining tasdig'i sifatida qaytib borgach, Konstantinopol ustida Sohibqironning bayrog'ini ko'taradilar. Venetsiya, Genuya qirollarining elchilari turklar bilan jangda kemalar (flot) bilan yordam berishga tayyor ekanliklarini bildiradilar. Hujjatlarda shu yilning mart oyida Sohibqiron huzuriga Vizantiya (uning vorisi bo'lib qolgan Trapezun) imperatori Manuel II Poleologdan elchilar kelib, muzokaralar natijasida 20 ta kema berishga tayyor ekanliklarini ma'lum qilganliklari qayd etilgan. Hisob-kitob lahzalariga esa oz fursat qolayotandi chamasi.

Albatta, bu buhron arafasida Sohibqironning ahvol-ruhiyasi “Zafarnoma”larda, bosh­­qa kitoblarda ancha mufassal tasvirlangan. Shubhasiz, pushaymonlik, taqdir o'yiniga mutelik, ko'rinmas chohga tushib qolinganidan pushaymonlik va endi o'yinni yutib chiqish qasdidagi iltijolar har ikki tomonda ham bo'lgandir, ammo uning natijasi Yevropa uchun juda muhim edi. Olis Gobi sahrolaridan, Tibet tog'laridan boshlangan, Turonzaminda kamolga yetgan svilizatsiya yuz yillar o'tib, Bolqon yarim orolida dunyo nigohida imtihondan o'tayotgandi. Bunda Sharqning mag'lub bo'lishi mumkin emasligi barcha o'lchamlar bilan taxmin qilingan, to'qnashuv yuzaga kelishi aniq bo'lib qolgach, G'arb allaqachon yangi rejalar ustida bosh qotirayotgan edi.   Xullas, “Rum taslim bo'ldi”! Qayd etilishicha, bu hol Temurbek hali yigitligida ulug' pir Zayniddin Tayobodiy bilan ilk uchrashuvdagi bashoratning tasdig'i edi. Ha, baxtli yulduzlar diydorlashuvi pallasi dunyoga kelgan Sohibqironga taqdir ilohiy inoyatlar qilgan edi…

* * *

Yillar o'tdi, u kunlar taloto'mlari muttasil muhokamalar markazida bo'ldi. Inkor va tasdiq mezonlari nimalarni tan oldi, nimalarni rad etdi, bular boshqa masala, ammo XV asrning ibtidosi, avvalo, Yevropa uchun, qolaversa, butun dunyo uchun teran saboqlarni tuhfa etdi. Bu Turon davlatchiligi tarixi an'anlari ruhida tarbiyalangan, islom dini hayotbaxsh g'oyalaridan bahramand bo'lgan, kechirgan hayotini dohiyona aql tarozisida tahlil qilib, ijtimoiy tafakkurni yangi bosqichga ko'targan Sohibqiron Amir Temur faoliyati samaralari edi. Amir Temurning yorqin shaxsiyati bilan dunyoda O'rta asrlar deb ataluvchi, insoniyat svilizatsiyasiga ko'plab yangiliklar olib kirgan evolyutsion davr nihoyasiga yetdi va sanoat hamda tafakkur inqiloblariga asoslangan yangi davr boshlandi. Amir Temurning saboqlari ko'hna qit'a – Yevropa taraqqiyotiga ham ijobiy ta'sirini ko'rsatdi. Bu holni aniq parametrlarda yaqqol ko'rishimiz mumkin.

Avvalo, Amir Temurning yorqin shaxsiyati Yevropa uchun hukmdor – qirol – imperator singari tushunchalarni yangiladi. Davlatni boshqarishda absolyut monarxiya va boshqa tartiblar amal qilgan sharoitda hukmdorlik vorisiylik asosida avloddan-avlodga o'tib kelavergan. Davlat chambaragi kimning qo'liga tushishi taqdirga bog'liq bo'lib qolavergan (aqli zaif yoki nogiron shaxslar taxtga chiqib qolgani Yevropa tarixida uchraydi). Yoxud hokimiyat ichki tuzilmalarida yaxlitlik ta'minlanmagan bo'lib, ma'muriyat o'z yo'lida, harbiy soha vaziyat taqozosiga ko'ra, iqtisodiyot tabiiy salohiyatlar asosida rivojlangan davrlar bo'lgan. Garchi shunday sharoitda yagona kuchli qo'lga zarurat bo'lsa ham unga erishishning qonuniy va ijtimoiy asoslari mavjud bo'lmagan. Bu xildagi tarqoqlik, qolaversa, boshboshdoqliklar turli mojarolarga olib kelgan. Bunday qaraganda, “saroy o'yinlari”, “saroy fitnalari” odatdagi hol bo'lib, katta boshog'riqni yuzaga keltirgan. Amir Temur faoliyati bilan esa hamma vazifalarni bir kishi eplashi mumkinligi (va davlat rahbari bir vaqtning o'zida harbiy qo'mondon, iqtisodiy va ma'naviy sohalar islohotchisi, ilm-fan homiysi, hatto ijodkor bo'lishi) amalda isbotlandi. Bu bilan davlat boshlig'i, rahnomasi tushunchasi keng mazmun va mohiyat   kashf etdi.

Sohibqiron o'z faoliyati bilan Yevroosiyo hamkorligini yangi pog'onaga ko'tardi. Garchi Osiyodan chiqqan fotihlar Atilla, Bolombir, Chingizxon, Botu va boshqalar zamon evrilishlarida Yevropaning ancha-muncha qismini zabt etgan, uning tarixiga ma'lum iz qodirishga erishgan, o'z siyosatlarini o'tkazishga ulgurgan bo'lsalar-da, ular tabiatidagi dasht odamlari – ko'chmanchilarga xos shafqatsizlik, murosasizlik, keskinlik qoldirgan izlar bu hududlar hayotida vayronalar, qattolliklar bilan eslanadigan   bo'ldi. Amir Temurning murosaga asoslangan siyosati, qarshilik qilmay, o'z ixtiyori bilan qalamraviga o'tgan el-elatlarga emnu omonlik bergani, shuningdek, bun­yodkorlik faoliyati (qadami yetgan joylarda qanchalab tashlandiq holiga kelib qolgan qabrlarni obod qilgani, binolar bunyod etgani, ariqlar qazdirib, ziroatchilikni yo'lga qo'ygani haqida yetarlicha ma'lumotlar bor) guvoh odamlarda Sharq hukmdoriga munosabatni tubdan o'zgartirdi, asta-sekin “varvarlar”, “yovvoyilar” singari steriotiplar sina boshladi. Umuman, Sharqqa, Osiyoga, qolaversa, islom diniga qarashlar yaxshi tomonga o'zgardi, qiziqish ortdi.

Evropada cherkovning ta'siri kuchli bo'lgan va u ko'pincha shafqatsiz (agressiv) rol o'ynagan. Salib yurishlari deb atalgan kompaniya qanchalab odamlarning umriga zomin bo'lgani aniq. Yoki katolik va protestantlar o'rtasidagi ziddiyatlar tufayli tug'ilgan ixtiloflar, Jordona Bruno singari ma'rifatparvarlarni olovda kuydirgan inkvizitsiya, ieuziitlar, … singari oqimlar har qanday hurparvar harakatga qarshi edi. Amir Temur davlatida dinning davlatdan ajratilgani hamda saltanatda dinning o'rni va vazifasi aniq belgilab qo'yilgani   progress edi va mazkur holat Yevropa davlatlari boshqaruvida ilg'or g'oyaning kirib kelishiga zamin bo'ldi. Bu borada aniq mezonlar yaratila boshlandi va u yillar davomida takomillashib bordi. Oldin fan, ta'lim cherkov ixtiyorida bo'lsa, endi bu sohalar bilan davlat shug'ullanishga kirishdi. Shunday qilib, o'quv yurtlarida dunyoviy yo'nalish kuchaydi, bu esa ilm-fanning rivojlanishiga olib keldi. Shuningdek, dunyoni bilishga qiziqish avj olib, tadqiqotchilarning yer yuzi bo'ylab sayohatlari boshlandi. Xristofor Kolumb (1492 yil, Ispaniya), Vaska da Gama (1498 yil, Portugaliya) olamshumul safarlarini uyushtirdilar. Albatta, bu yurishlarga tayyorlanish, ularning natijalari ulkan ko'tarilish, ma'naviy yuksalish alomati edi. Ma'rifatparvarlar oqimi, enseklopedistlar ijtimoiy hayotda katta mavqega ega bo'ldi. Fan, texnika sohasida Yevropa hamjamiyati erishgan muvaffaqiyatlar bugun dunyo afkor ommasi e'tirofida. Shunday qilib, Italiyada Renessans, Fransiyada Uyg'onish davri deb atalgan yuksalishning ilk kurtaklari hosil berib, Yevropa madaniyati   tadrijida yangi davr boshlanib ketdi.

Evropa uchun tilsimli shaxsga aylangan hazrat Sohibqironning hayoti-faoliyatidan tashqari “Temur tuzuklari” asari ham turli nuqtai-nazarlar bilan mufassal o'rganilgan. Agar uni Yevropa hukmdorlarining qo'llanmasiga aylanib ulgurgan Makkiavellining “Hukmdor” asari bilan taqqoslaydigan bo'lsak, birinchi ko'zga tashlanadigan holat – Yevropaga xos egoizm bilan islom olamining murosasozlik ruhi qarama-qarshi kelib qolganini sezamiz. Har holda “Tuzuklar”da ilgari surilgan g'oyalar hayotbaxshroq va insonparvarroqdir.   Makkiavelli bir muammoni bartaraf etish uchun uni chuqurlashtirishni taklif etgandek bo'ladi (masalan, “Rahbarning fazilati va'da berib bajarishda emas, balki uni bajarmaslik yo'lini topa olishida” deydi).   “Hukmdor yaxshi fazilatlarning egasi bo'lish shart emas, biroq shu xislatlarning egasidek ovoza tarqatishi shart“. (“Sharq yulduzi”, 2002 yil, № 10). “Tuzuklar”da esa va'dasida qat'iy turish, imonli bo'lish, albatta, sadoqat bilan o'z so'zining ustidan chiqish qattiq tayinlangan. “Qaysi mamlakatni zabt etmoqchi bo'lsam, to'g'ri kengash va tadbir bilan ish tutdim. Kengash ahlidan kimki kuyunib, maslahat bersa, quloq solardim, kimki oqilona gaplarni mardlarcha keskinlik bilan so'zlasa, uni diqqat bilan ting­lardim…”. (“Temur tuzuklari”, 2011 yil, 134-bet). Bu ikki asar mavqei va ruhiyati bilan tes­kari qutbda turadi, lekin e'tirof etiladigan tomoni “Tuzuklar” ko'p tillarga tarjima qilingan va ilg'or qarashlar sifatida tan olingan. Shunga ko'ra Amir Temur merosi olamshumul g'oyalarga beshik bo'lishga arziydi.

Yoki Sohibqiron davlat boshqaruvida kengash — maslahat — mashvaratning mavqeiga, o'rniga katta ahamiyat bergan, “Tuzuklar”ida faoliyatining o'ndan to'qqizini shu asosda olib borganini ta'kidlagan. Agar bu holni astronomik o'lchovlarda baholaydigan bo'lsak, zamonaviy bugungi Konstitutsiyalar qabul qilinishida, avvalo, ularga ehtiyoj borligi va zaruratning amaliyotda tasdiqlanganida, xalqning davlatni boshqaruvdagi ishtirokini ta'minlaydigan Senat va Oliy Majlislarning taomilga kirishida Amir Temur faoliyatida qo'llagan usul va   tamoyillar turtki bo'lmaganmi, axir tarix tajribasidagi ilg'or usullar amal qilmaydimi, singari mulohazalar tug'iladi. Albatta, Yevropa jahon tajribasidagi ilg'or yondashuvlardan chetda turmaydi.

Bugungi kunda ikkinchi Renessanans deb yuritilayotgan taraqqiyotning o'sha bosqichida ijtimoiy hayotning barcha sohasida yangilanishlar ro'y berdi. Mislsiz g'alabalarni ta'minlagan taktika va strategiyani mujassamlashtirgan harbiy siyosat (doktrina), davlat boshqaruvidagi soliq tizimining o'z davrida ham, hozir ham muqobili yo'qligi ta'kidlanadi. Ta'lim sohasi, tibbiy xizmat borasida ham ilg'or taomillar joriy qilindi. Aholining ish bilan bandligi, hunarmandchilik, qurilish-bunyodkorik yo'nalishida yoki saltanatda xotin-qizlarga munosabatda qaror topgan yondashuvlar bugun ham o'z ahamiyatini yo'qotmagan. Ijtimoiy tabaqalarning jamiyatdagi o'rnini belgilab qo'yish, ularning har biriga loyiq siyosat yuritish masalasidagi yumushlar ayni davrda ham tahsinga sazovor. Nafsilamrini aytganda, bir satrda qayd qilingan har bir yo'nalish batafsil tadqiqotni talab etadi va, natijada, shundagina o'sha davrning mahobatini to'laligicha tasavvur qilish mumkin. Xullas, Sohibqiron Amir Temur asoslagan davlatchilik tizimi insoniyat takomilida eskirmaydigan haqiqatlarni ustivor qilgani bilan o'xshashi yo'qdir. Albatta, bu yutuqlarning ijobiy ta'siri dunyo royishida, jumladan, Yevropa tarixida ham aks etgani shubhasiz.

Umuman, Amir Temur va Temuriylar saltanatida inkishof etilgan davlatni boshqarish usullari, jamiyatni rivojlantirish omillari hamda boshqa o'lchov va mezonlar bugungi dunyo amaliyotida qo'llanilayotgani shubhasiz. Negaki, insoniyatning yagona oilasi – hozirgi Yaxlit olam o'z taraqqiyot yo'lida odamzot ibtidoiy ongi uyg'ongan davrlardanoq paydo bo'lgan umumiy ustaxonada yaratilgan hayotiy tirgak­larga tayanadi, ularni yangi sharoitlarda davom ettiradi. Biz bugun umrguzaronlik qilayotgan dunyo ham, bag'rida yashayotganimiz taraqqiyot (svilizatsiya) ham umuminsoniy mulk sifatida mavjuddir. Ana shu xazinada faxrli ajdodimiz Sohibqiron Amir Temur kashf etgan yangiliklarning salmoqli o'rni bor ekan, bundan chinakamiga iftixor qilamiz. Buyuk Shaxs haqiqatlarining e'tirofi umumbashariy qadriyatlar sifatida tan olinib, taraqqiyot uchun asqatayotgan ekan, uning kelajak uchun ulkan xazina, insoniyatni olg'a boshlaydigan nurli mayoq ekanini yana bir marta ta'kidlaymiz. Sohibqiron Amir Temur merosi nafaqat G'arb uchun, balki butun insoniyat uchun ulkan boylikdir.

Hakim SATTORIY

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twelve − three =