Ulug' Sohibqiron fazilatlari
Biz kim – mulki Turon,
amiri Turkistonmiz.
Biz kim – millatlarning
eng qadimi va ulug'i
Turkning bosh bo'g'inimiz.
Amir TEMUR
Buyuk davlat arbobi va yuksak ma'rifat sohibi Amir Temur ibn Tarag'ay Muhammad Bahodir mohir sarkardaligi, odil podsholigi, nafaqat Markaziy Osiyo xalqlari tarixida, balki jahon tarixida salmoqli o'rin egallagan. Temuriylar sulolasining XIV-XV asrlardagi hukmronligi olamshumul voqealarga boyligi bilan jahon tarixida o'chmas iz qoldirdi. O'tgan olti yuz yil mobaynida Amir Temurga bag'ishlab Yevropada 500 dan ziyod, Sharqda esa 900 ga yaqin asarlar yaratilgan. Tarixda birorta davlat boshlig'i yoki sarkardaga bag'ishlab bunchalik ko'p asarlar bitilmagani Sohibqiron shaxsining buyukligiga yana bir dalolatdir.
Amir Temur Markaziy Osiyo xalqlarini yagona davlat ostida birlashtirishga muvaffaq bo'ldi. Markaziy Osiyoda bir yarim asr hukmronlik qilgan chingiziylarning bosqinchilik, zo'ravonlik siyosatiga barham berildi. Xalq iqtisodiy, madaniy, ma'rifiy turg'unlik girdobidan olib chiqildi. Uning buyuk ishlari va salobatli davlati o'z davrida Sharqu G'arbda tan olindi. Amir Temur Ikkinchi Renessansni boshlab berdi va temuriylar hukmronligida bu davr gullab yashnadi. Sohibqironning olamshumul ishlarni amalga oshirishida uning qanday fazilatlari poydevor bo'lgan?
Birinchidan, Amir Temurning ota avlodi va ona avlodi ilm-ma'rifatli insonlar bo'lgan va sohibqiron ziyoli oilada tarbiya topgan. Buyuk bobomiz 1336 yil 9 aprelda Kesh (hozirgi Shahrisabz) yaqinidagi Xo'ja Ilg'or qishlog'i (hozirgi Yakkabog' tumani)da tug'ilgan bo'lib, yoshlik yillarini Keshda o'tkazgan. U yoshlik chog'laridanoq maxsus murabbiylar nazorati ostida chavandozlik, ovchilik, kamondan nishonga o'q uzish va boshqa turli mashq va harbiy o'yinlar bilan mashg'ul bo'lgan. Shu asnoda Temur tulporlarni saralab ajrata oladigan mohir chavandoz va dovyurak bahodir bo'lib voyaga yetgan. U tabiatan og'ir-bosiq, teran fikrlovchi va yuksak idrokli hamda nihoyatda ziyrak, kishilardagi qobiliyat, fazilat, ayniqsa, samimiyatni tezda fahmlab oladigan inson bo'lgan.
Otasi amir Bahodir Tarag'ay barlos urug'ining oqsoqollaridan hamda Chig'atoy ulusining e'tiborli beklaridan hisoblangan. Uning ajdodlari Keshda hokimlik qilishgan. Amir Temurning otasi yilda bir marotaba Ili daryosi bo'yida xon tomonidan chaqiriladigan el-yurt beklarining qurultoyiga taklif etilardi. Uning bunday yig'inlarga muttasil qatnashib kelganini muarrix Sharafuddin Ali Yazdiy ham ta'kidlab o'tadi: “Ulamo va sulaho va muttaqiylarga mushfiq va mehribon erdi va bularning majlisiga borur erdi…”. Tarag'aybek piri Shamsiddin Kulolni ayniqsa chuqur ehtirom qilgan. Keyinchalik Shayx Kulol Amir Temurning ham piri bo'lgan. Tarag'aybek 1360 yilda vafot etgan.
Amir Temurning onasi Takinabegim buxorolik mashhur faqih Toj ash-sharia (shariat toji) taxallusi bilan mashhur bo'lgan Ubaydulla ibn Mas'udning avlodi (1350 yil vafot etgan) edi.Sohibqironning ota-onasi Shahrisabzda dafn etilgan. Amir Temur onasining xotirasiga bag'ishlab balandligi 71 metr keladigan dunyoga mashhur Oqsaroy yodgorligini bunyod ettirgan.
Ikkinchidan, Amir Temur ulug' ustozlardan tarbiya olgan. Amir Temur dastlab Alibek ismli ustozdan saboq olgan. Yetti yoshga to'lganidan so'ng ustoz Shayx Shamsiddindan Kalom ilmini o'rganadi va Qur'on oyatlarini yodlaydi. U Shayx Shamsiddin maktabini muvaffaqiyatli yakunlagach, otasi uni ilmda benazir inson bo'lgan Abdulla Qutb mudarrislik qiladigan madrasaga eltib qo'yadi.
O'n olti yoshga to'lganida hayotida muhim voqea ro'y beradi: Samarqandga safari chog'ida Amir Kulol bilan tanishadi. Shamsiddin Kulolni Temurning otasi, keyinchalik Amir Temurning o'zi ham pir, deb bilgan va u zotga chuqur ehtirom ko'rsatgan. Sohibqiron Temur ulkan zafarlarga erishishini Amir Kulolning duolari sharofati bilan, deya e'tirof etgani tarixdan ma'lum.
Bahouddin Naqshbandni tasavvuf ilmining yirik namoyandasi, karomat ko'rsatuvchi mo''jizakor, naqshbandiya tariqati asoschisi va rahnamosi sifatida butun musulmon dunyosi yaxshi taniydi. Amir Temurning pirlaridan biri ana shu ulug' zot bo'lib, u 1318 yilda Buxoroda tug'ilgan. Bahouddin o'n sakkiz yoshga yetganda Amir Temur dunyoga kelgan. U yetuk davlat arbobi sifatida o'z saltanatini mustahkamlayotgan bir davrda (1389 yilda) Naqshband bu dunyoni tark etadi. Amir Temur katta davlatni idora qilishda o'z piru komili g'oyalariga tayangan.
XIV asrning boshlarida Movarounnahrda chingiziylar istibdodidan qutulish harakati keng quloch yozayotgan edi. Bosqinchilarga qarshi kurashga bel bog'lagan Temur mamlakatning turli vohalarida qasoskorona boshlanayotgan kurash jarayonlarini diqqat bilan kuzatadi. Uning o'tkir nigohi doirasiga Buxoroda xalqni ozodlik kurashiga undayotgan Bahouddin Naqshbandning vatanparvarona chiqishlari ham kirganligi tarixiy haqiqatdir.
Sohibqiron Amir Temur o'z o'gitlarining birida shunday deydi: “Piru komil shayx Bahouddin Naqshbandning – kam yegin, kam uxla, kam gapir — degan pandu nasihatlariga amal qildim”. “Arkonu davlatga, barcha mulozimlarimga ham aytar so'zim shu bo'ldi, kam yenglar — ocharchilik ko'rmasdan boy-badavlat yashaysizlar, kam uxlanglar — mukammallikka erishasizlar, kam gapiringlar, dono bo'lasizlar”. Ha, Naqshband ta'limotining hayotbaxsh quvvatini jahongir bobomiz har lahzada his etib yashagan.
Amir Temur pirlaridan yana biri Mir Sayid Baraka 1320 yilda hozirgi Afg'onistonning Andxoy degan joyida tug'ilgan. U islom dinini keng targ'ib qilish mobaynida turli o'lkalarga borib qolgan Muhammad payg'ambar (s.a.v.) avlodlaridan bo'lgan. U dastlab Balxga Amir Husayn huzuriga boradi, lekin Amir Husayn u zotga yaxshi munosabatda bo'lmagani uchun Termizga keladi va shu yerda islom dinining ko'zga ko'ringan peshvolaridan biriga aylanadi.
1370 yil bahorida Amir Temur amir Husaynga qarshi lashkar tortadi. Qo'shin Termiz yaqinidagi Biyo qishlog'iga yetganda makkalik shariflardan Sayyid Baraka Amir Temur faoliyatini qo'llab-quvvatlab, unga oliy hokimiyat ramzi katta nog'ora-tabl bilan yalov — bayroq tortiq qiladi. Amir Temur saltanat nog'orasi va bayrog'ining o'ziga tortiq qilinishini chuqur anglab yetgan va tarixiy manbalarga ko'ra, mazkur ramzlarni umrining oxirigacha ardoqlagan. Sayyid Barakani esa o'ziga pir, deb bilgan.
Uchinchidan, Amir Temur islom ilmi va ma'naviyatini mukammal egallagan. Yuqorida zikr etilganidek, Amir Temur kichikligidayoq Qur'oni Karimni yod olgan. “Temuriylar shajarasi” nomli asarda muallif Turg'un Fayziyev Amir Temurning ixlos, e'tiqodi haqida, jumladan, quyidagilarni keltiradi: “Amir Muhammad Tarag'ay avvalo komil musulmon va bahodir jangchi bo'lgan. Shuningdek, ulamo fuzaloga ixlosmand, ilm ahliga homiy va ishtiyoqmand kishi edi”. Tarixchi Xelda Hukhem o'zining “Etti iqlim sultoni” asarida yozishicha: “Temur besh vaqt namozni kanda qilmas, Ramazon oyida, albatta, ro'za tutardi. Iyd Ramazon ham Temur saroyida katta tantana bilan nishonlanardi”. Yana mazkur asarda Sohibqironning xayru saxovati haqida ham iliq so'zlar keltirilgan. Amir Temur bir haqiqatni yaxshi anglagan — jamiyat e'tiqodsiz yashay olmaydi. Odamlarga din kerak, iymon kerak, ishonch kerak. U o'z “Tuzuklari”da shunday deydi: “Har yerda va har vaqt islom dinini quvvatladim”.
Temur insonparvarlik va mardlikni Alloh ham, Xalq ham ulug'laydi, degan gapni ko'p takrorlar edi. Shuning uchun o'z muhriga “adolat” va “ozodlik” degan so'zlarni yozdirgan edi. U ana shu ikki so'zga umrining oxirigacha sodiq qolgan.
To'rtinchidan, Amir Temurning oila va farzandlar tarbiyasidagi o'rni juda katta edi. Amir Temur xotinlari orasida eng mashhuri Saroymulkxonim nomi bilan tanilgan Bibixonim edi. Bibixonim Chingizxon avlodidan bo'lgani uchun, Sohibqiron unga uylanganidan keyin Ko'ragon unvoniga sazovor bo'ldi. Saroymulk xonim farzand ko'rmagan. Sohibqironning xotini Turmush oqadan tug'ilgan o'g'li Umarshayx mirzo va nabiralari Ali mirzo, Rustam mirzo, Iskandar Sulton mirzo, Boyqaro mirzo va boshqalar bo'lgan. Dilshod oqadan o'g'li Shohruh mirzo, Shohruh mirzoning o'g'illari Ulug'bek, Sulton Muhammad va boshqalar dunyoga kelgan. Menglik Qurbon oqadan o'g'li Mironshoh, nabiralari Muhammad Sulton, Og'a begim va boshqalar tug'ilgan.
Amir Temur bo'lajak kelinlarining nasl-nasabiga ham alohida e'tibor qaratardi. Adib Xurshid Davron “Samarqand xayoli” nomli kitobida yozishicha, Amir Temur Hindistondan zafar bilan qaytganida, Sohibqironni Termizda Saroymulkxonim bilan suyukli nabirasi Ulug'bek tantanavor kutib olishadi. G'alaba munosabati bilan Hindistondan olib kelingan o'ljalar namoyishi o'tkaziladi. Amir Temur nabirasi Ulug'bekni qo'lidan ushlab, ko'rgazmani aylanarkan, Dehli shahridan keltirilgan qilichni unga sovg'a qilmoqchi bo'ladi, ammo Ulug'bek bobosiga qilichni emas, osmon jismlarini o'lchaydigan asbobni, ya'ni ustrolobni sovg'a qilishini so'raydi. Temurning ushbu sa'y-harakatida bir tarafdan birgina Mirzo Ulug'bek misolida nafaqat farzandlariga, balki nabiralariga bo'lgan e'tiborini ko'rish mumkin bo'lsa, boshqa tarafdan Cohibqironning hamda temuriy shahzodalarning mohir jangchi bo'lishlariga qaramay, vaziyat taqozo etgandagina qilichga murojaat etishi, imkon qadar dunyo sir-sinoatlarini ilm-ma'rifat bilan zabt etishga intilishini kuzatasiz.
Amir Temur davlat boshqaruvida “Rosti rusti”, ya'ni “Kuch adolatdadir” tamoyiliga asoslanib boshqargan. U ushbu shiorni hamisha o'zi bilan birga ekanligini ramzi sifatida uzugiga yozdirgan. U davlatning obro'si, sharafi, xalq manfaati yo'lida g'oyat adolatli bo'lgan. Temur qattiqqo'llikda o'zini ham, o'g'illari va nabiralarini ham, qarindosh-urug'larini ham ayamagan va davlat ishlarida g'oyat mustahkam turganligi tarixdan yaxshi ma'lum. Uning oilaparvar, yurtparvar ekanligini farzand va nevaralariga atalgan quyidagi dil so'zlaridan ham bilishimiz mumkin: “Har nekim mamlakat maslahati uchun aytdim, qulog'ingizda tutinglar… Agar mening vasiyatimga amal qilib adlu ehson bilan olamni obod qilsangiz, ko'p yillar davlat va mamlakat sizlarda qolg'usidir”. Amir Temur mamlakatni sitam va zulm bilan emas, balki yuksak ma'naviyat bilan, tafakkur bilan boshqargan insongina uzoqqa borishi mumkinligini his etgan.
Beshinchidan, Amir Temurning o'z yurtiga va xalqiga bo'lgan muhabbati cheksiz edi. Amir Temurda vatanparvarlik, erkinlik va milliy g'urur tuyg'usi nihoyatda yuqori bo'lgani sababli ham Movarounnahrni chingiziylarning bir yarim asrlik asoratidan xalos etdi, qudratli davlat tuzib, o'lkani dunyoning ma'naviyati, iqtisodiyoti, madaniyati eng yuksalgan mintaqasiga aylantirdi. Rosciyani Oltin O'rda zulmidan, Yevropani Turkiya tajovuzidan saqlab qoldi; Amir Temur o'z siyosatida madaniyat, obodonchilik, hunarmandchilik homiysi bo'lib tanildi. O'z siyosati bilan madaniy yuksalishga va turkiy tilning rivojiga keng yo'l ochdi, u zot, nafaqat Markaziy Osiyoning madaniy-ma'naviy olamida, balki butun musulmon olami tarixida o'chmas iz qoldirdi va so'nggi rivojlanishiga katta ta'sir ko'rsatdi; Amir Temur qator Sharq mamlakatlari va ayniqsa, Yevropa mamlakatlari bilan diplomatik aloqalar o'rnatib, ular bilan turli savdo-sotiq, madaniy aloqalarga yanada keng yo'l ochib berdi.
O'z davlati, xalqi ravnaqi uchun hayoti va kuchini ayamadi, aql-zakovati bilan ish tutdi. U biror masalani hal etishdan oldin shu sohaning bilimdon olimlari bilan maslahatlashar, so'ng qaror qabul qilar edi. Amir Temur davlatni aql-zakovat va huquqiy asos bilan idora etgan. Uning “…davlat ishlarining to'qqiz ulushini kengash, tadbir va mashvarat, qolgan bir ulushini qilich bilan amalga oshirdim”, degan so'zlari buning yorqin dalilidir.
Tarixchi Ibn Arabshohning yozishicha, Amir Temur Samarqand atrofida qad ko'targan bir qancha yangi qishloqlarni Sharqning mashhur shaharlari Dimishq (Damashq), Misr, Bag'dod, Sultoniya va Sheroz nomlari bilan atadi. Amir Temurning fikricha, Samarqand kattaligi, go'zalligi hamda tevarak-atrofining obod etilganligi jihatidan dunyodagi eng yirik shaharlardan ham ustunroq turmog'i lozim edi. Hofizi Abro'ning yozishicha, Amir Temur turk, arab va eronliklar tarixini chuqur bilgan. Tibbiyot, riyoziyot, falakiyot, tarix, adabiyot, tilshunoslik ilmi namoyandalari, shuningdek, ilohiyot va din sohasidagi mashhur ulamolar bilan suhbatlar o'tkazardi. Amir Temur saroyida ulamolardan mavlono Abdujabbor Xorazmiy, mavlono Shamsuddin Munshi, mavlono Abdullo Lison, mavlono Bahruddin Ahmad, mavlono Nu'monuddin Xorazmiy, Xo'ja Afzal, mavlono Alouddin Koshiy, Jalol Xokiy va boshqalar xizmat qilishardi.
Markaziy Osiyo xalqlari orasida yetishib chiqqan buyuk tafakkur egalarining butun bir avlodi Amir Temur asos solgan hududda shakllandi va ijod qildi. Butun dunyoga nomlari mashhur tarixchilar Sharafuddin Ali Yazdiy, Mirxond, Xondamir, Davlatshoh Samarqandiy; olimlardan Mirzo Ulug'bek, Ali Qushchi, Qozizoda Rumiy; faylasuf-shoirlardan Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Lutfiy, Sakkokiy, Atoiy; musavvirlardan Kamoliddin Behzod, Qosim Ali, Mirak Naqqosh; hattotlardan Sulton Ali Mashhadiy, Sulton Muhammad Xandon, Muhammad Nur va boshqalar shular jumlasidandir. Ularning barchasi o'sha davr va o'zlarigacha bo'lgan insoniyat ma'naviyati, ma'rifati va madaniyati yutug'ining barcha sohalarini mukammal bilib, o'zlashtirib olgan, o'zlari tanlagan sohalarining hali hech kim tomonidan zabt etilmagan cho'qqilarini egallagan ulug' siymolar, qomusiy ilm egalari bo'lganlar.
Hozirgi kunda farzandlarimizning Amir Temurga munosib bo'lishi lozimligi haqida ko'p gapiramiz. Bunday yuksak salohiyatga ega shaxslarning yetishib chiqishi uchun esa, avvalo ota-onalarning ma'naviy qiyofasi go'zal bo'lishi lozim. Qolaversa, xalqimizning “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona” degan purma'no o'giti bugungi hayotimizda mustahkam o'rin egallashi, o'qituvchi va murabbiylarimiz ta'lim-tarbiya uzviyligini sidqidildan ta'minlashi, bir so'z bilan aytganda, farzand tarbiyasi zamirida jamiyatimizning ertangi kuniga poydevor qurayotganimizni har doim yodda tutishimiz farzdir. Sohibqiron ma'naviyatining mustahkam poydevori asrlarga yuz tutib kelayotgani, yillar ushbu poydevor to'zonida to'zimasdan, aksincha, yanada sayqal topayotgani siri ham, shubhasiz, shundadir.
Bo'ri QODIROV,
Respublika Ma'naviyat va ma'rifat
markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma'naviy
tadqiqotlar instituti bo'lim boshlig'i,
tarix fanlari nomzodi