O'zbek jurnalistikasining bayrami
Matbuot va ommaviy axborot vositalari. Uning o'rni, nufuzi, jamiyatda tutgan mavqei bugun yangi O'zbekistonda har qachongidan baland, e'tiborli. Chunki mamlakatimiz Prezidenti so'z va matbuot erkinligiga hamisha katta e'tibor hamda g'amxo'rlik bilan qarab kelmoqda.
27 iyun kuni har yili yurtimizda Matbuot bayrami sifatida keng nishonlanadi. Bu ayyom Yurtboshimiz soha xodimlariga yo'llagan tabrigida alohida ta'kidlaganidek, “nafaqat o'z hayotini shu sohaga bag'ishlagan fidoyi insonlar, balki ularning mashaqqatli ijod va mehnat mahsulidan bahramand bo'ladigan millionlab mushtariylar, tinglovchi va tomoshabinlar, butun jamiyatimiz uchun ham qadrlidir.”
Darhaqiqat, bugun ommaviy axborot vositalarisiz dunyoni tasavvur qilib bo'lmaydi. Chunki axborotsiz, yangiliksiz kun o'tmaydi. Kimki, axborotga ega bo'lsa, dunyoni boshqaradi degan mazmundagi gap bejiz aytilmagan bo'lsa kerak. Odamlar uchun esa axborot, yangilikdan boxabar bo'lmoq ne'mati nondan keyingi ikkinchi hayot manbaiga aylanib ulgurgan deyish mumkin. Shu boisdan jahonning qay bir chekkasida neki yuz bermasin, ayni zamonda bir daqiqa o'tar-o'tmas olam ahli undan voqif bo'ladi. Bu bugun shunchaki bir tabiiy holdir.
Zero, keyingi yillarda mamlakatimizda ro'y berayotgan tarixiy o'zgarishlar natijasida ommaviy axborot vositalari erkin fikr minbariga, el-yurt manfaatlarining dadil himoyachisiga aylanib bormoqda.
Bir zamonlar ma'rifatparvar jadid bobolarimiz milliy matbuotimizning tamal toshini qo'ygan sana bugun nafaqat OAV vakillarining, balki butun xalqimizning milliy bayramiga aylanib ulgurdi desak mubolag'a bo'lmas. Shu boisdan ham mamlakatimizning barcha hududlarida, shaharlarida matbuot kuni munosabati bilan turli tadbirlar, kechalar tashkil etilmoqda. Ularda soha vakillariga hurmat va e'tibor, ehtirom ko'rsatilmoqda.
Kecha poytaxtimizning “International Hotel Tashkent” mehmonxonasidagi “Amir Temur” tantanalar zalida Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo'lib o'tdi. Unda Prezident Administratsiyasi rahbari o'rinbosari — Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yo'llagan tabrigini o'qib eshittirdi. Ushbu sana munosabati bilan Prezidentimiz Farmoniga binoan yurtimizning yuksak orden va medallari bilan taqdirlangan bir guruh soha vakillariga mukofotlarni Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva tantanali ravishda topshirdi.
Bayram oqshomida yuksak mukofotlarga munosib ko'rilgan bir qancha OAV vakillari so'z olib, o'zlarining dil so'zlarini bildirishdi.
Taniqli san'at ustalari va ijrochi yoshlar ishtirokida katta konsert dasturi namoyish etildi.
Tantanali tadbirda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari o'rinbosari Komil Allamjonov ishtirok etdi.
O'z muxbirimiz.
