Bahor, senga sharaf bo'lsin!
Salim AShUR
Bahor, senga sharaf bo'lsin!
Havoda sho'x sabo paydo,
Saboda nay-navo paydo,
Navoda savt, safo paydo,
Yashil izlar yo'l chetida,
Nurlar sizar ko'l betida.
Bu yerlarga keldi bahor,
Tangritoqqa berkindi qor.
Qorachiqdan yurakkacha,
Yurakdan to suyakkacha,
Suyakdan to falakkacha
O'tdi, ketdi qish zahmati,
Zahmatga ham dil rahmati.
Oq qog'ozdek toza olam,
Ko'k chiziqlar chizar ko'klam.
O'ngirlardan ufqqa dovur,
Jimirlaydi yupqa hovur,
Adirlarda sovur-sovur
Bir fasllik xazinani,
Bir yoqqa sur kin, ginani.
Oshiqlar yor taraf bo'lsin,
Bahor, senga sharaf bo'lsin!
Tirqishlardan kirgan epkin,
Yuraklarni chertdi sekin,
G'imirladi ekin-tikin,
G'imirladi mudroq shuur,
Ko'ngillarda chug'ur-chug'ur.
Yollarin uyg'otib otlar,
Qirni qiqirlatib o'tlar.
Turnajonlar teng-to'sh bo'lib,
Gul, giyohga jon, esh bo'lib,
Urug', aymoq, el, xesh bo'lib…
Guruh-guruh qaldirg'ochlar,
Kerilgan qosh, uzun sochlar.
Gurillaydi atlas, shoyi,
Keng olamlarning chiroyi.
Ey, sen — jahon bunyodkori,
Ato, Havo ijodkori,
Yeru osmon duradgori,
Shu tuproqqa tashla urug',
Qara, yo'li qanday yorug'!..
Ma'shuqlar yor taraf bo'lsin,
Bahor, senga sharaf bo'lsin!