Yangi O'zbekiston alyori
G'ayrat MAJID
Yangi O'zbekiston alyori
Koinot gultoji insondir azal*,
Qadri ham tojdagi gavhar misoli.
Bordir ruhimizga singgan bir masal,
Asra, asramasang, tutgay uvoli.
Muhabbat, oqibat katta boylik, do'st,
Qadrimiz bilaylik, qadrlaylik, do'st.
Qafasda sayramas bulbul degani,
Hech qachon chopolmas tushovlangan ot.
Bilamiz-ku, tili bog'liq kimsani,
So'zlashni istaydi erkin va ozod.
So'zlamoq erki bor, so'ylashaylik do'st,
Kelgin, olam bilan bo'ylashaylik, do'st.
Uyda tayyorlansa tansiq bir taom,
Qo'shniga ilinmoq yaxshi bir odat.
Ikki dil do'stligi – Xudodan in'om,
Millatlar do'stligi – shaksiz saodat.
Tinch kunlar qadrini bilmoq kerak, do'st,
Ne'matlar shukrini qilmoq kerak, do'st.
Olamni mukammal yaratgan Tangrim,
Amallarni to'g'ri tortgay tarozi.
Elu yurt koriga kim bo'lsa qoim,
Xalq ham rozi bo'lgay, Xudo ham rozi.
Bilsang, bu tabarruk bir g'oyadir, do'st,
Baxtu kamolingga kifoyadir, do'st.
Novda bilan ari uyasin buzma,
Ko'chat ek, gullagan bog'lar yaralsin.
Sozlarni sozlagin, torlarni uzma,
Eng go'zal rubobiy kuylar taralsin.
Yaxshidan yashnagan bog' qoladi, do'st,
Pok bo'lsak, bu jahon sog' qoladi, do'st.
Amir Sohibqiron Temurbek bobom,
Mangu adolatni aylagan shior.
Hazrat bobolarga munosib o'g'lon,
Adolat yo'lini tutgandir takror.
Shiddatu shaxdiga ko'z tegmasin, do'st,
Vatanning baxtiga ko'z tegmasin, do'st.
Neki bunyod bo'ldi, bordir me'mori,
Yangi imoratlar – bu yangi bayot.
Ko'ksimda ko'nglimning shonli izhori –
Betimsol shaharlar bo'lmoqda bunyod.
Bu yangi hayotdan ishoratdir, do'st,
Nurli kelajakdan bashoratdir, do'st
Uchinchi Renessans – buyuk uyg'onish,
Poydevori maktab, ma'rifat-irfon.
O'zbekiston – qadim yurtsan, shubhasiz,
Yangi O'zbekiston – yurtsan, navqiron.
Orzu-maqsadlarning cheki yo'qdir, do'st,
Ular sof, shu bois ko'ngil to'qdir, do'st.
_________
*Abdulla Oripov satri