Vatan, tuprog'ingga rayhonlar sepdim…

Sharifa SALIMOVA

 

Vatan, tuprog'ingga rayhonlar sepdim…

 

Vatan, tuprog'ingga rayhonlar sepdim,

Havoni to'ldirsin, deya iforlar.

Quyosh suvratini kashtaga chekdim,

Oymomo nurida chertgancha torlar.

 

“Lazgi” ohangiga qush kabi uchdim,

Jonimni titratdi ilohiy ohang.

Qaysi puchmog'ingga ko'z solgach, bildim,

Senda ekan sehr va kamalakrang.

 

Kumush sharsharalar kuylaganida

Qonimda porladi ajib bir isyon.

Yalpizlar isida ishq bo'yin totdim.

Ey, azizim onam, jon O'zbekiston!

 

Tog'laring viqori ko'ksimga tumor,

Qay so'z-la ta'riflay buloqlaringni.

O'tgan umrimga gar men nazar solsam,

Tilin topolmabman irmoqlaringni.

 

Ulug' qoyalarning jasur bolasi —

Burgutlaringga men qilaman havas.

Qudratli qanotlar shovullaganda

Mudroq ko'ngillarga chaqmoq insa bas.

 

Tuprog'ing zarrasi o'zi bir tilsim,

Har bitta yaprog'ing o'zi bir doston.

Mening rayhonlarim — hurkak she'rlarim

Yo'lingga poyandoz, jon O'zbekiston!

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five − two =