Eng yorug' niyatlar amalga oshaversin

Aziz yurtdoshlar, barchangizni kirib kelayotgan Yangi 2024 yil bilan muborakbod etgan holda, elimiz suygan san'atkorlar va taniqli insonlarning dil so'zlarini e'tiboringizga taqdim etmoqdamiz.

 

Turg'un AZIZOV,

O'zbekiston xalq artisti, taniqli teatr va kino aktyori, rejissyor va pedagog, professor:

– Yangi yil – yangi umidlar ostonasi. Mana, azizlar, qadrdonlar, bugun biz vaqtning azim daryodek shiddat bilan o'tishiga yana bir bor guvoh bo'lib, yangi yilga, hayotimizning yangi bir dovoniga qadam qo'ymoqdamiz. Ayni shu lahzalarda o'tayotgan yilni kuzatar ekanmiz, yil davomida boshimizdan kechirgan, yon-atrofimizda bo'lib o'tgan tashvishli va quvonchli voqealarni, amalga oshirgan ishlarimizni beixtiyor ko'z o'ngimizdan o'tkazamiz, shu kunlarga yetkazgani uchun Yaratganimizga shukronalar bildiramiz.

Davlatimiz tomonidan san'at ahliga katta e'tibor berilyapti. Teatrlar uchun eng yaxshi zamonaviy binolar ajratilayotgani, yangilari qurilayotgani, ko'p­lab teatrlar ta'mirdan so'ng chiroy ochayotgani buning dalilidir. Mamlakatimiz hayotida yuz berayotgan beqiyos o'zgarishlarni, xonadonlarimiz, mahalla, shahar va qishloqlarimiz, butun yurtimizning qiyofasi tobora obod va go'zal bo'lib borayotganini hisobga olib, oxiriga yetayotgan yilimizga yakun yasab, xolisona aytadigan bo'lsak, 2023 yil biz uchun har tomonlama xosiyatli va fayzli bo'ldi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor.

 

Rixsi IBROHIMOVA,

O'zbekiston xalq artisti, O'zbek milliy akademik drama teatri ustoz san'atkori, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibasi:

– Yangi yil men uchun qo'shaloq bayram bo'lib keladi. Nega deysizmi, 29 dekabr tavallud topgan kunim. Bu quvonchli lahzalarning sururi poyoniga yetmay Yangi yil eshik qoqadi. Chindan ham fayzli onlar, nima dedingiz? Mana, shonli umrimizdan yana bir yili bilan xayrlashmoqdamiz. Nima derdik, eng yaxshi tilaklarimni bildiraman. Kim nimani niyat qilgan bo'lsa, shu boshlanayotgan yilda, iloyim, amalga oshsin. Ayniqsa, teatr, kino sohasida mehnat qilayotganlarning mehnatini yaxshi qadrlashimiz kerak, nazarimda. Ular xalqqa ma'naviyat, ma'rifat ulashish yo'lida tinim bilmaydi. Mana, yaqinda Prezidentimiz bir guruh madaniyat va san'at sohasi vakillari, ma'naviyat, ma'rifat, madaniyat, san'at va ijod sohalaridagi faollar bilan uchrashdilar. Albatta, bu tarixiy uchrashuv bo'ldi. Hanuzgacha ushbu uchrashuvda aytilgan gaplarni o'ylab yuribman. Bu uchrashuvda o'rtaga tashlangan g'oyalar, fikrlar ancha yillar bizga ilhom, kuch berishiga shubha yo'q.

Milliy qadriyatlarimiz tiklanganiga shukronalar qilaman. Yangi asrda yangi O'zbekistonda yashayapmiz. Tinchlikning qadriga yetishimiz kerak. Kelajak siz – yoshlarniki. Vatan sha'nini yanada balandlarga ko'tarishda Yurtboshimizga kamarbasta bo'lish lozim. Zero, dunyo ilmlariga o'z hissasini qo'shadigan, jahon tan oladigan o'g'il-qizlar voyaga yetishini hamda “Bular qaysi millat farzandi, qaysi baxtli onaning dilbandi ekan?” desa, o'zbek ayollari, onalari g'ururdan ko'ksi tog' bo'lib “Bular — mening farzandim”, deya shodligi olamga sig'maydigan zamondoshlarimiz ko'p bo'lishini istayman.

Barchamizga Yangi yil qutlug' bo'lsin!

 

Dilmurod ERGAShEV,

“Doktor D” xususiy shifoxonasining asoschisi, xalqaro tibbiyot akademiyalari hamda Yevropa urologlari va androloglari assotsiatsiyasi a'zosi:

— Mana, 2023 yilning ham oxirgi kunlari ham o'tib bormokda… So'nggi yillarda mamlakatimizda tibbiyot sohasida ulkan o'zgarishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, bizning yo'nalish, reproduktiv salomatlik sohasida. Chunki, uning zamirida jamiyatimiz taraqqiyoti hamda Vatanimizning porloq kelajagi yotadi. Shunday ekan, bunday mas'uliyatli ishga barchamiz fidoyilarcha yondashib, hamkorlikda faoliyat olib borishimiz muhim desak, xato qilmagan bo'laman.

Bu yilda ushalmagan eng ezgu orzu-niyatlarimizga kelayotgan yilda erishib yuraylik! Har doim martabangiz bundan-da ulug' bo'lsin, olingu oldirmang, izzatda, hurmatda, obro'da bo'ling! Hamisha oilangizda mehr-oqibat, baxt saodat hukm sursin! Farzandlaringiz har doim sizga faqat rahmat, hurmat, obro'-e'tibor olib keladigan bo'lishsin! Kimningki, ota-onalari hayot bo'lsa, umrlariga Alloh umr, sog'liqlariga sog'liq qo'shsin! Bundan yuqori cho'qqilarni zabt etib, olg'a qadam tashlab yuring! Allohim beraridan qoldirmasin. Ona xalqimizning das­turxonlari to'kin-sochin, xonadonlaridan fayzu baraka arimasin deyman. Kelayotgan yangi yil oilalarimizga baxt, omad, tinchlik, xotirjamlik olib kelsin!

 

Otabek MAHKAMOV,

taniqli aktyor, huquqshunos, radioboshlovchi, bloger, shoumen:

— Barcha vatandoshlarimizni kirib kelayotgan yangi 2024 yil bilan chin qalbimdan muborakbod etaman. Xonadoningizdan qut-baraka, tinchlik va totuvlik hech qachon arimasin. Qalbingizda neki orzu va tilaklar, ezgu niyatlar bo'lsa, Tangrim barchasini ijobat qilsin. Yangi O'zbekistonni barpo etish yo'lida olib borilayotgan islohotlarda o'z hissangizni qo'shishda bardavom bo'ling. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, Yurtboshimiz omon bo'lsinlar. Yana bir bor ayyom muborak! Eng ezgu tilak­lar — azizlarim uchun!

Yangi yilda ham aziz vatandoshlarimga “Mister Otabek” telekanalida hamda “Hurriyat” gazetasi sahifalarida ko'rishganda ko'rishguncha deyman!

Islom EGAMBERDI o'g'li yozib oldi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × two =