Navro'z —tabiatning eng sof bayrami

Navro'z  – bahor va tabiat uyg'onishining timsoli. Sharqona yangi yil aynan shu sanadan boshlangani bejiz emas.

Navro'z bizni atrof mamlakatlar xalqlari bilan tarixiy birligimizni ham namoyon etadi. U ikki ma'noga ko'ra xalqaro bayramlar sirasiga kiradi.  Birinchidan, u to'rt ming yildan buyon Markaziy Osiyo, Eron, Afg'oniston, Kavkazorti va shu ulkan hududlardagi boshqa xalqlarning bahorni qarshi olish bayrami sifatida nishonlab kelingan. Ikkinchidan, 2009 yili Navro'z YuNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi ro'yxatidan joy olgan edi. 2010 yili esa BMT Bosh Assambleyasining 64-sessiyasida “Navro'z xalqaro kuni” degan rezolyutsiya qabul qilindi.

2013 yili O'zbekiston Respublikasining BMT huzuridagi doimiy vakolatxonasi tashabbusi bilan BMTning Nyu-Yorkdagi qarorgohida Navro'z bayrami tantanali ravishda nishonlandi.  Bu rasmiy marosimda BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun, Bosh Assambleyaning joriy 67-sessiyasi Raisi vazifasini bajaruvchisi Z.Tanin, YuNESKOning Nyu-York­dagi vakili F.Kridelka hamda BMTga a'zo davlatlar delegatsiyalarining rahbarlari ishtirok etdi. Shu tariqa Navro'zimiz jahoniy miqyos kasb eta boshladi. Uning nufuzli xalqaro tashkilotlarda nishonlanishi shunday deyishimizga to'la asos beradi.

Milliy merosimizda xalqimiz Navro'zga yilning eng yaxshi kuni sifatida qarash shakllanganiga guvoh bo'lamiz. Alisher Navoiy bir g'azalida:

Har tunung Qadr o'lubon,

                 har kunung o'lsin Navro'z! –

 

deydi. Bunda tunlarning eng a'losi Laylat ul-qadr, kunlarning eng mo''tabari Navro'z ekani qayd etilgan. Ramazon oyining 26-kunidan 27-kuniga o'tar kecha Laylat ul-qadr kechasi bo'ladi.

O'sha kecha Alloh taolo Qur'oni karimni yaratgan, deb qaraladi. Keyin u 23 yil mobaynida Muhammad payg'ambar(s. a. v.)ga nozil qilib turilgan.

2024 yilning bir sharofati shundan iboratki, Navro'z muqaddas Ramazon oyida nishonlanmoqda. Ko'p o'tmay esa Laylat ul-qadr kechasini kutib olamiz. Bu yilning eng muqaddas kuniga ham, eng muqaddas tuniga ham bir-biriga yaqin kunlar orasida  guvoh bo'lamiz. Yaratganning inoyati-da bu ham!

Shunday farahli kunlarda mudhish tariximizni unutishga hech haqqimiz yo'q.

Mustabidlik tuzumi kamsitgan qadriyatlarimizning dastlab qayta tiklanganlaridan biri  ham – aynan Navro'z.

1990 yilning bahorida yurtimizda Navro'z “qatag'on”dan qutultirilib, O'zbekistonimizda keng va oshkor bayram qilindi. Holbuki, undan uch-to'rt yil avval bu bayramga qarshi kurash borgan, hatto ayrim ziyolilarimiz matbuotda chiqish qilib, uning o'rniga mart oyining oxirida “Navbahor” degan yangi bayram joriy etish taklifini ham bildirgan edi. Bundan har qancha ko'z yummaylik, tarix tarixligicha qoladi, o'sha paytdagi  matbuot nashrlari arxivlarimizda turibdi.

Joriy etilishi va mohiyatiga ko'ra, Navro'zning siyosatga, mafkuraga, dinga bevosita aloqasi yo'q edi. U – sof tabiat bayrami. Shu bilan birga, u – sharqona, mintaqaviy, o'ta milliy bayram. Aynan ana shu  – milliy bo'lgani uchun ham eski tuzum va uning hukmron mafkurasi uni chekladi. Chunki u siyosat mus­tamlaka millatlarning erkin ravnaq topishini sira-sira istamas edi. Navro'zga hujum mohiyatan millatga hujum edi. Shunday davrlar ham bo'ldiki, dinga qarshi kurash bayrog'i ostida bilib-bilmay Navro'zda xalq pishirgan sumalagu halim qozonlarini to'ntarib tashlagan rahbarlar ham topildi.

Biroq xalq – xalq-da. U sobiq tuzum davrida ham Navro'zni bayram qilaverdi. Faqat endi bu davlat miqyosida qo'llab-quvvatlanmadi, har kim uni o'z-o'zicha, tazyiq bo'lgan mahallarda, hatto, yashirincha nishonladi.

Bugun shuni alohida ta'kidlash lozimki, ko'p ming yillik o'tmishi davomida u yurtimizda hech qachon hozirgi darajada keng miqyosda umumxalq bayrami sifatida nishonlangan emas.

Mustaqillik yillarida Eron kinochilari “O'zbekistonda Navro'z” degan hujjatli film suratga olishdi. Undan ko'p ziyolilarimizning chiqishlari ham o'rin olgan. Bu kino qadimiy madaniy rishtalar bizni chambarchas bog'lab turgan Eron xalqining hayratiga sabab bo'ldi. Chunki sho'ro yillarida biz bir-birimizdan uzilib yashadik-da. Shu asar ko'rik-tanlovda oltin medal bilan taqdirlandi.

Navro'zning bayram qilinishi insonni  borliq olam bilan uyg'un bo'lib yashashga undaydi. Har kim o'z yurtining tabiatiga mehr qo'yadi. Ona zamin tabiatiga mehr esa Vatanga muhabbatni yanada mustahkamlaydi. Nabototning uyg'onishi, yangi yilning kirishini bunchalar tantana bilan nishonlash, albatta, kishi kayfiyatini ko'tarib yuboradi.

Ko'tarinki kayfiyat odamning yashashga ishtiyoqini, zavqini oshiradi, hayotga munosabatini faollashtiradi, undagi yaratuvchilik ishqini jo'sh urdiradi.

Navro'zni, ana shunday qudratga ega bayram, deb bilamiz.

Bu to'rt nuqta orasida Navro'zning e'tibori baland ekaniga yana bir sabab shuki, yil hisobi ham aynan Navro'zdan boshlangan. 21 mart – yangi yilning birinchi kuni hisoblangan. Xalq Navro'zning qanday kelishi amalda yilning qanday kelishini belgilab beradi, deb ishongan. Buyuk Navoiy elimizning bu e'tiqodini “Saddi Iskandariy” dos­tonidagi:

Ulus chehrayi olamafro'zidin,

Bilur yil kelishini Navro'zidin, –

satrlarida yanada yorqin ifodalagan.

Aytmoqchi, bizda qadimda bahor faslining kirib kelishi ham 1 martdan emas, 21 martdan hisob qilingan. Demak, Navro'z – faqat yilninggina emas, bahorning ham bosh­lanishi.

Ajdodlarimiz, jumladan, mumtoz shoirlarimiz Navro'zda tabiatning o'zgarishidan, olamning tamom tag'yir topishidan, maysalarning ko'karib, daraxtlarning gullashidan, kun bilan tunning barobar kelishidan siz bilan bizdan ko'ra ko'proq ta'sirlangan, hayratga tushgan, shukronalar qilgan. Ular tabiatga bizdan ko'ra yaqinroq bo'lib yashagan.

Merosimizda Navro'z bilan bog'liq biz bilmagan qiziq-qiziq jihatlar ham ko'p.

Ajdodlarimiz odob qoidalariga  haddi a'losida amal qilib kelgan. Sevishganlar, el-ulusdan uyalganidan, ana shu Navro'z sayillarida – hamma bayram qilib, sayrga chiqqanidan foydalanibgina bir-birlari bilan diydor ko'rishgan. Navoiy bir g'azalida u yorga murojaat qilar ekan: “Ko'changga har kun borib, har kun seni ko'ray deyman, (shuning uchun) menga har kun bayramu har lahza bir Navro'z kerak”, – deydi:

Ko'yunga har kun borib,

                       har dam ko'ray derman seni,

Menga har kun bayramu har lahza

                                                    Navro'ze kerak.

Darvoqe, shoir Layli bilan Majnunni ham aynan ana shu Navro'z saylida uchrashtiradi. Chunki “Layli va Majnun”ning 12-bobi Navro'z munosabati bilan sayri bog' etganda Majnun bilan Laylining xufiyona uchrashuvi, bunda Layli ishqidan Majnunning hushdan ketmagi, bu gapdan el xabar topmasin, deb Laylining Majnunni ikki kaniziga qoldirib, qabila sari yurmagi haqida hikoya qilinadi. Bob shunday boshlanadi:

Mehr istadi chun hamal farog'i,

Dasht uzra butar qo'zi qulog'i.

Demak, Quyosh hamal burjida farog'at qilishni istaganda, ya'ni Navro'z dasht uzra kirib kelganda qo'zi qulog'i unib chiqqandek bo'lar ekan. Qo'zi   qulog'i – bargi qo'zining qulog'iga o'xshagan o'simlik.

Navro'z ayyomidagi tabiat tasviri chizilgan parchalar ichida:

Tun-kunni qilur binafsh sizg'on,

Kofur ila mushkdin soqizg'on, –

degan misralar bor. Shu birgina bayt badiiy barkamolligiga qoyil qolmay iloj yo'q. “Binafsh”, ya'ni binafsha – osmon rangida ochiladigan gul. “Sizg'on” – chizgan degani. Xo'sh, “binafsha chizgan” deganda shoir kimni ko'zda tutgan? Albatta, bu dunyoni tuzgan Egamni. Chunki “binafsh” bu yerda keng olamni – ko'kni anglatib kelgan istiora. Demak, ana shu ko'm-ko'k osmonning suratini chizgan “rassom” tun bilan kunni kofur bilan mushkdan zag'izg'on, ya'ni zag'cha qiladi. Zag'chani bilamiz: hamma yog'i oqu qora qush. “Kofur” – kamfara degani. U Sharq mumtoz adabiyotida oq rangning ramzi bo'lib keladi. Mushk esa – kiyikning kindigida to'planadigan qop-qora rangli xushbo'y modda. O'tmish she'riyatimizda, jumladan,  u qora rang­ning ramzi ham bo'lib kelgan. Shoir falakni binafshaga o'xshatishdan tashqari, Navro'zdagi e'tidol, ya'ni tun bilan kunning teng kelishini oqu qora ranglari aralash zag'izg'onga qiyos etadi.

Navoiy shunchaki tabiat go'zalligiga mah­liyoligini bayon aylashga berilib ketmaydi. O'sha tasvirlar zamirida aniq maqsad yotadi, ya'ni bobda bayon qilinajak voqealarga ishoralar bor:

Har qushqina jufti birla purjo'sh,

Hampar bo'lur uchsa, qo'nsa – hamdo'sh.

Ya'ni, har bir qush Navro'z kelganidan keyin o'z jufti bilan jo'sh uradi, uchsa – qanotlarini bir-birinikiga tekkizib uchadi, qo'nsa – to'shma-to'sh, ya'ni ko'kraklarini ko'kraklariga tekkizib o'tiradi. Nozikfahm she'rxon oldindan his qiladiki, bu bobda Layli bilan Majnun diydor ko'rishsa kerak. Aytmoqchi, Nav­ro'zda xalq g'amu hasratini ko'ngildan quvib, sahrolarga, bog'u bo'stonlarga sayrga chiqadi.

Shu tasvirlardan ham anglashilib turibdiki, o'tmish zamonlarda ham Navro'zni xalqimiz sayil qilib o'tkazgan.

Istiqlol yillarida Navro'z  xalqimiz hayo­tining ajralmas qismiga aylandi. Bu bayram tarixda misli ko'rilmagan miqyos va mohiyat kasb etdi.

Avvalo, u milliy urf-odat, an'ana va qad­riyatlarimizni qayta tiklash va takomillashtirish imkonini beradi. Bayram sharofati bilan kishilar o'rtasida mehr-muhabbat, rahm-shafqat, do'stlik, birodarlik, hamkorlik, birdamlik, saxovat, muruvvat, hashar va bosh­­qa fazilatlar yanada kengroq targ'ib etilib, ularga amal qilish imkoniyati kuchaydi. Navro'zda mahalla-ko'y, bog'-rog', ishxonalar, hattoki mozorlar tozalanadi, obodonlashtirish ishlari bajariladi.

Qolaversa, Navro'z amalda mamlakatimizdagi barcha millat va elatlarning birday bayramiga, turli irq, din, millat vakillarining birdamligi tantanasiga aylandi.

Bundan tashqari, Navro'zni umumxalq bayrami sifatida keng miqyosda nishonlash orqali biz – kattalar farzandlarimizga azaliy qadriyatlarimizni singdiryapmiz. Bayram kunlari kam ta'minlangan oilalar a'zolari, muhtoj, keksa, nogiron kimsalar holidan xabar olinadi, ularga himmat qo'li cho'ziladi. O'zaro gapi qochib qolgan kishilar ham Navro'z bahona yarashib oladi.

Navro'zdan mamlakatimiz dalalarida ish qaynaydi. Bobodehqonu bog'bonlarimiz yaxshi niyatlar bilan urug' sepadi, nihol ekadi.  Muqaddas dinimizda: “Hamma narsa niyatga bog'liq”, – degan qat'iy aqida mavjud. Niyatlarimiz ijobat bo'lsin!

Dunyo – notinch, g'oyaviy-mafkuraviy kurash, bir lahza bo'lsin, to'xtamayotgan bir mahalda dildan kechgan yana bir fikrni ham aytmasak, bo'lmas.

Yot g'oyalar, aytaylik, xalqaro terrorizm, diniy ekstremizm,  “ommaviy madaniyat” kabi g'arazli maqsadlarga yo'g'rilgan ko'p-ko'p balo-qazolardan o'zimizni, xususan, yoshlarimizni ishonchli himoya qilishda O'zbekistonimizning Navro'z va shu kabi umumxalq bayramlarini yakdillik bilan nishonlashimizdan ortiqroq, qud­ratliroq qurol bormikan o'zi?!

Sultonmurod OLIM,

filologiya fanlari doktori,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan

madaniyat xodimi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

sixteen − 3 =