Navro'z muxammasi

Tolim-tolim sochlarini tongda turib yoygan qiz,

Shirin-shirin sirlarini tol bargiga yozgan qiz,

Sayillarda ko'rib hushdin majnunlari ozgan qiz,

Balog'ating g'avg'olari bu dunyoni buzgan qiz,

Quralaydek ko'zlaringga bu jonlar xumor o'lsin!

 

Bahor kelib, sevinchidan dil chashmasi to'lgan qiz,

Abri nayson yog'ib sabza, g'uncha labin olgan qiz,

Guli Navro'z tutib bugun necha qo'llar tolgan qiz,

Bu olamning kamolidan Quyosh husni so'lgan qiz,

Zulayhodek jamolingga xasta jismim tumor o'lsin!

 

Yalpiz atri emasdir bu, mushk anbari yelgan qiz,

Etibdurki sevgi fasli, vasli gulga cho'lg'on qiz,

Shoirlari g'azal bitsa, sozlarin soz chalgan qiz,

“Tanovar”ga xirom etib, misli guldek to'lg'on qiz,

Nozik beling chirmashganda, alif qaddimki dol o'lsin!

 

Sumalagim, suymaligim, tortiq elga, Surxon qiz,

O'shu Toshkand, Samarqandu Farg'onayu Sirjon qiz,

Qoshlaringga surma qo'ysang, ko'zlaringda nurxon qiz,

Baytlarida dardu quvonch, O'zbekiston she'rxon qiz,

Har ko'ngilda abad do'stlar Vatan mehri bedor o'lsin!

 

Ul bog'larim, gul bog'larim, agar sensiz beshon qiz,

Kuyla endi, yag'ir ko'ksim raqiblarga nishon qiz,

Kuylaringdan poklanguvsi kuyuk vijdon, iymon qiz,

Bul g'animat damlar erur, baxtu iqbol imkon qiz,

Bu ayyomda, Safar, ishqqa adolatli bemor o'lsin!

 

Safar OMON

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen − eight =