Tuhfaning katta-kichigi yo'q

Ramazon kunlari ro'zadorlarga tuhfa ulashish, ularning saharlik va iftorlik dasturxonlariga biror tansiq yegulik qo'yish savob. Tuhfaning esa katta-kichigi yo'q. Eng muhimi, yaxshi niyatni dilga tugib, tortiq qilish. Ro'zador kishiga og'iz ochish uchun bir qultum suv yoki bir-ikki dona xurmo– kifoya.

Yaqinda “Yangi Sirdaryo” va “Novaya Sыrdarya” gazetalari tahririyatiga Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabining bir guruh o'quvchilari (ular maktab qoshidagi “Yosh jurnalistlar” to'garagi a'zolari) ustozlari — “Xalq so'zi” gazetasining Sirdaryo viloyati bo'yicha muxbiri Ahmadali Shernazarov yetakchiligida tashrif buyurib, jurnalistlar bilan muloqotda bo'lishgan edi. O'sha o'quvchi qizlarning odobi, hayosi, shirin muomalasi yodimda qoldi.

Muborak Ramazon kunlari ana shu o'quvchilardan 3 nafari tahririyat xonalariga kirib, u yerda ishlab o'tirgan ijodkorlarga bejirim idishchalarda suv va xurmo (suv solingan idishcha yoniga 2 ta xurmo biriktirib qo'yilgan edi) ulasharkanlar: “Ustozlar, duo qiling, bizga sizlarning yo'lingizni bersin”, deya ehtirom ko'rsatishdi. Hammamiz duo qildik, omad tiladik.

To'g'risi, qizlarning shu shirin so'zlari, mo''jazgina tuhfalari bizga o'sha kuni eng yaxshi, quvonchli lahzalarni hadya etdi. Ramazonning ezgu fazilati, hikmati hatto ana shu kichik e'tiborda ham mujassam edi.

SUMALAK ULAShGAN ShIFOKOR

Shifokor Oltinoy Esonovani viloyatimizda ko'pchilik taniydi. Bolalar shifokori bo'lgan bu ayol aslida vodiylik, Farg'onadan Sirdaryoga kelin bo'lib tushgan. Salkam 45 yildan beri tibbiyot sohasida samarali faoliyat yuritib kelmoqda. O'z sohasi bo'yicha turli rahbarlik lavozimlarida ishladi. Ayni paytda u ham bolajonlarning salomatligini mustahkamlash borasida fidoyilik ko'rsatmoqda. Bugun uning shifokorligi emas, qadriyatlarimizga munosabati, odamlarga mehr-oqibati haqida so'zlamoqchimiz.

Yurtimizda mustaqillik e'lon qilingan yili Oltinoy Esonova xonadonida yaxshi niyat bilan sumalak pishirib, yaqinlari, qo'ni-qo'shnilari, hamkasblariga tarqatgan edi. Buning yana bir sababi bor, turmush o'rtog'i shifokor Abdusattor Esonovning tavallud kuni ham aynan Navro'z arafasida nishonlanadi. Hamma oilalarda tug'ilgan kunlarda dasturxonga turli shirinliklar, jumladan, tort qo'yilsa va osh suzilsa, bu shifokorlar xonadonida milliy taomlardan tashqari, dasturxon ko'rki — Navro'zning eng tansiq taomi — sumalak pishiriladi va albatta, bu totli yegulikka qo'l cho'zishdan avval niyatlar aytilib, duolar o'qiladi. Oila a'zolari yil davomida ana shu niyatlar ushalishiga ishonadilar.

O'tgan yili shifokor dugonamiz Umra ziyoratiga borishni niyat qilgan edi. Yangi yil arafasida niyati ijobat bo'ldi. Hozir xonadonda voyaga yetib, hayotda o'z yo'llarini topgan 3 farzand, ulg'ayayotgan nabiralar ham bu oilaviy udumni juda qadrlashadi. 33 yildirki, an'ana davom etmoqda.

Kuni kecha Esonovlar xonadonida sumalak tayyorlandi. Qozon boshida odatdagiday ezgu tilaklar aytildi. Oila bekasining aytishicha, qozon ochilganida chiroyli suratlar aks etgan ekan. Shifokor oldindan tayyorlab qo'yilgan idishlarni barcha yaqinlar, hamkasblar va do'stlarga atab sumalak bilan to'ldirdi va ularni o'zi birma-bir tarqatib chiqdi. Eng muhimi, Nav­ro'z quvonchi, oila shodligi barcha bilan birga baham ko'rildi.

Ha, niyatda hikmat ko'p. Ko'hna Navro'zimiz mana shunday tilaklar va duolar bilan qadr topib, bardavom bo'laveradi.

Xolida PARDABOYEVA.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

14 − eleven =