Prezident sovg'asi bizga yanada shijoat bag'ishlaydi

Saidolimxon TURDIBOYEV,

“UzReport TV” telekanali

bosh muharriri,

“Oltin qalam” XVIII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovning Bosh milliy mukofoti sohibi:

O'zbekiston mediamakonida o'zimizning birinchi efirlarimizni boshlaganimizga  bu yil 10 yil bo'ldi.  Dastlabki kundan boshlab  telekanalimiz ham mahalliy, ham xorijiy  xabarlarni tezkor,  ishonchli,  zamonaviy  televidenie talablaridan kelib chiqib, yangicha formatda  yetkazishni  o'zining asosiy  vazifasi  deb bildi.

O'tgan yillarda   jamoamiz bilan ancha tajriba orttirdik,  tomoshabinlarimiz ishonchini qozondik,  auditoriyamizni kengaytirdik. Bunga osonlikcha erishilgani yo'q, albatta. Kanalimiz birinchilardan bo'lib  so'nggi texnologiyalar yordamida jonli translyatsiyalarni yo'lga qo'ydi. Jurnalistlarimiz  O'zbekistonda bo'ladigan yirik va nufuzli  tadbirlar, dunyoning turli nuqtalaridan  qiziqarli  ko'rgazma va  xalqaro anjumanlardan jonli   reportajlari bilan teletomoshabinlar e'tiborini jalb qilishga intilib kelmoqda.  Qishki  Olimpiadadan tortib,  paralimpiya  o'yinlarigacha eng nufuzli musobaqalarning jonli translyatsiyalari telekanalimiz  tomoshabinlari oshishiga xizmat qilgan bo'lsa kerak.

Shu bilan birgalikda, mamlakatimiz media bozorida  Jahon axborot agentliklari bilan  kontent  almashish  tajribasini  boshlab berdik. Bu bilan haftasiga yetti kun, kuniga yigirma to'rt soat voqealar rivojini  faqat bizning telekanalda kuzatadigan tomoshabinlar soni ko'payib bordi.

Kanalimiz bugungi kunda ham siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy-ma'rifiy, madaniy,  sport va boshqa sohalarga oid tahliliy ko'rsatuvlar, mualliflik  loyihalari  bilan auditoriyasini  nafaqat yangilik­lardan xabardor qilish, balki  bugungi tomoshabinning didi va  dunyoqarashini shakllantirishga ham xizmat qilmoqda. Milliy kontentlarimizni dolzarb mavzular bilan boyitish, odamlarni qiziqtirayotgan masalalarni  ekranga olib chiqishda  muhtaram Prezidentimizning ochiqlik siyo­sati bizga kuch beradi. Tabiiyki, yangi loyihalarni boshlashimizga ruhlantiradi.

Bizning eng katta  boyligimiz – bu  ahil va  professional  jamoamiz.  Shuni ishonch bilan ayta olamizki, o'tgan yillar davomida “UzReport TV”  jurnalistlarning yangi avlodini tarbiyalashda   o'z maktabini yarata oldi, desam aslo mubolag'a qilmagan bo'laman.

Jurnalistika sohasida “Oltin qalam” XVIII Bosh milliy mukofoti sifatida jamoamizga Prezident sovg'asining berilishi, bizga juda katta shijoat bag'ish­laydi. Bu o'zining 10 yillik bayramini nishonlagan jamoamizga munosib tuhfa bo'ldi. Kelgusida ham yurtimizdagi islohotlarni teran ang­lab yetgan holda xalqimizni Yangi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan ezgu maqsadlar hamda xayrli yangilik­lardan, dunyoda ro'y berayotgan eng qaynoq voqealardan bahramand etishga harakat qilamiz.

 

QALAM TUTGAN XALOSKORLAR

Shoyim BO'TAYEV,

“Jadid” gazetasi bo'lim mudiri,

“Oltin qalam” XVIII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovning “Eng yaxshi jurnalistik material (bosma nashrlar)” nominatsiyasi bo'yicha 1-o'rin sohibi:

“Mening huzurimga ishlaringizni qo'yib, niyatlaringiz bilan keling”.

Har gal biron-bir gazeta-jurnal tahririyati ostonasiga qadam qo'yarkanman, donishmand Ibn Toymiyyaning ushbu so'zlari xayolimdan kechadi.

Umumiy nomda “Bosma ommaviy axborot vositalari” deb ataladigan bu maydonda kechayotgan jarayonlarni nimaga qiyoslash joiz? Elu yurt taqdiri uchun muhorabagami? Yoki insoniyat paydo bo'lganidan buyon izlashdan tolmagan haqiqatni qaror toptirishgami?

Nimaiki bo'lmasin, zahmatkash qalam sohiblari bu maydonda jamiyatni tutib turuvchi g'oyalar ustida bosh qotirib, halol ter to'kmoqdalar. Olis o'tmish qa'ridan ongimizga oqqan xalq tafakkuriga quloq tutgan holda uning saboqlarini bugun va kelajak bilan taqqoslab, kimlarnidir nimalardandir ogohlantirishga oshiqmoqdalar. Abdulla Oripov ta'biri bilan aytganda, “Inson deb falakka hayqirmoq nechun, Inson yoningda-ku, u mening qo'shnim” degan aqidada zamondoshlarimizning o'y-tashvishlari, quvonch-qayg'ularini ortmoqlashga yelka tutmoqdalar.

Gazeta-jurnallar tahririyatlarining muqaddas ostonasida ezgu niyatlar shu tariqa amal olib, elu yurtga beminnat xizmat qilmoqda.

Sir emas, ko'hna tarix asrlarni qum kabi elab, saragini sarakka, puchagini puchakka chiqarib beradi. Shu ma'noda, ortga burilib, biroz nariga nazar tashlasak, gazeta-jurnallar o'zbek xalqining Yangi O'zbekiston muhitiga yetib kelguncha bo'lgan sermashaqqat zahmatli yo'lida nechog'li ulkan ahamiyatga molik bo'lganini anglash qiyin emas. Xalqimiz ongu tafakkuri, dunyoqarashi shakllanishida bu vositalar beminnat xizmat qildi. O'tgan asr boshida yurtimiz ma'rifatparvarlari ijtimoiy hayotda gazetaning o'rni nechog'li yuksak ekanligini e'tirof etib maqolalar, she'rlar yozishdi. Tarixchi olim Ishoqxon To'ra Ibrat:

Gazeta ko'rmagan, bexabar xalqlar,

Misli o'lgandir yo uxlagan,

deya, qotib qolgan aqidalar, naqlu manoqibning behuda cho'pchaklari changalidan xalqni ma'rifatga boshlovchi haqiqatni gazeta olib chiqishiga chin dildan inondi. Bu maydonda endi so'z o'yinlari emas, hayot haqiqatiga suyangan g'oyalarning ro'yobi oy nur sepgan oqshomlar kabi o'lkaga ziyo sochdi.

Uchinchi Renessans poydevorini yaratish ezgu g'oyasi g'uncha kabi barg yozayotgan bugungi kunda, gazeta-jurnallar sahifalaridagi ma'naviy-mafkuraviy muhoraba maydonida qalam tutgan xalos­korlarni ko'pchilik jang maydonidagi jangchilarga qiyoslashadi. Boshni omon saqlash tashvishidan ko'ra, tahdid onlarida iymon, vijdon, or-nomusni saqlash buyuk a'moli yuksak ekanini bunday vaziyatlarda fahmlab yetadilar. Albatta, tuban manfaatlar yo'lida o'zgalar cho'ntagiga ko'z tikib olamni shovqinga to'ldirgan o'yinqaroq shoular-u hayotning metindek irodasida toblangan zahmatkash xalqning mardona qiyofasini chimildiqqa solib ko'rsatishga intilishlardan nafratlangan holda qalam tutgan xalos­korlaridan elu yurt, muqaddas Vatan sergak askarlaridan kutgani kabi najot kutishga haqli hisoblanadi.

Shu ma'noda, hayot bilan baqamti gazeta-jurnallarda ijod qilayotganlarning jamiyatdagi tutgan o'rni beqiyos. Bu, ularning o'zlarini soxta shonu ko'pik kabi yengil-elpiliklardan yiroq tutib, hayotga jiddiy nigoh, teran mulohaza bilan qarashlarida namoyon bo'lib turadi. Ularning sodda va odmi ko'rinishlarida tafakkurning yolqinlanib nur sochayotganini ilg'ash maroqligidan tashqari to'g'ri yo'lga boshlaydi. Oliy o'quv yurtlarini bitirib kelishgan yoshlar bugun gazeta-jurnallar, nashriyotlar tahririyatlari amaliyotlarida xat-savod masalasini qayta sinovdan o'tkazib,  o'z so'zlarini ayta olish malakasini egallashmoqda. Bosma ommaviy axborot vositalarining adadi masalasi bunga daxl eta olmaydi. Zero, o'zlikni  anglamoq ehtiyoji mangu mudroqqa mahkum emas. E'tibor esa…ehtiyojdan kelib chiqqan holda, o'z adolatiga ega.

Gazeta-jurnallar jamiyatni oldinga yetaklovchi ezgu g'oyalar sarchashmasi sifatidagi rolini boy bermaganini, bermasligini bugungi “Oltin qalam” tanlovi natijalari yana bir bor namoyon etdi. Albatta, uning tashkilotchilariga minnatdorchilik bildirish burchimni mehnatimga e'tibor sifatida qadrlayman.

“Darvoqe, qalam qilichdan kuchliroq!..Qilichni tortib olsangiz ham davlatni baribir qalam bilan qutqarish mumkin!”.

Kim, qachon aytganidan qat'i nazar, bu gap hamon o'z ahamiyatini yo'qotgan emas. Faqat uning kuchini, atoqli adib Abdulla Qahhor aytganidek, aslo o'tin yorishga sarflamaslik lozim!

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen + sixteen =