Ijod ahliga yuksak e'tibor
Hamisha el-yurt taqdiri, Vatan ravnaqi, uning buguni va ertasi uchun jonfidolik, kuyunchaklik bilan yonib ijod qilish, tezkor voqea-hodisalarni xalqqa tezroq ulashish, qaerdaki biror muammo yechimini kutayotgan bo'lsa, ijobatini izlash, muammo ildizini, kerak bo'lsa, sababini tegishli mutasaddilarga havola qilishga shoshilish, yana adolat va haq so'zni aytish, ayta bilish, odamlarni doimo uyg'oqlikka undash… bularning bari jurnalistikaga xos fazilatlardir.
Bunday zahmatli va savobli kasb egalarini esa yurtimizda Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari deb ataydilar.
O'zbekistonda matbuot, ijod ahli hamisha e'tiborda, e'zozda. Shu boisdan ham Davlatimiz rahbari soha vakillariga har yili o'z tabriklarini yo'llaydi, kasbning ilg'or va fidoyilarini davlatimizning yuksak orden va medallari bilan mukofotlash to'g'risida Farmon e'lon qilinadi.
Ana shunday ezgu an'anaga muvofiq kecha poytaxtimizdagi “InterContinental Tashkent” majmuasida 27 iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan tantanali, shukuhli bayram tadbiri yuqori saviyada hamda yangi formatda tashkil etildi.
Tantanali marosimga ustoz jurnalistlar, davlat va jamoat tashkilotlari, media soha xodimlari, xorijiy OAV vakillari, respublikamizda faoliyat olib borayotgan ommaviy axborot vositalari rahbarlari, taniqli ijodkorlar, jurnalistika yo'nalishidagi oliy o'quv yurtlarining professor-o'qituvchilari taklif qilindi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning soha xodimlariga yo'llagan bayram tabrigini O'zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov o'qib eshittirdi.
Yurtboshimizning tegishli Farmoniga ko'ra hukumatimizning nufuzli orden va medallari bilan taqdirlangan ijodkorlarga O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva yuksak mukofotlarni topshirdi.
Bayram dasturida taniqli san'at ustalari va iste'dodli ijrochi yoshlar ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.
O'z muxbirimiz.