Vatan madhi dillarda

Bugun mamlakatimizda Yangi O'zbekistonni barpo etishdek ezgu maqsad yo'lida keng qamrovli islohotlar olib borilyapti. Taraqqiyotning muhim asoslari bo'lgan ma'naviyat va ma'rifatga jiddiy e'tibor qaratilmoqda. Shu jihatdan barcha soha va jabhalarda rivojlanishni ta'minlash, jamiyatda ma'naviy muhitni yaxshilash, yosh avlodni bilimga chorlash, har bir fuqaroning yurt taqdiriga daxldorlik hissini kuchaytirish, qolaversa, qalblardagi shukronalik tuyg'usini namoyon etish masalalari har doimgidan-da dolzarb.

Joriy yilning iyul-avgust oylarida Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo'ylab “Bir bo'lsak — yagona xalqmiz, birlashsak — Vatanmiz!” shiori ostida bo'lib o'tgan ma'naviyat festivali shu maqsadlarga qaratilgani bilan ahamiyatli. Vatanimiz mustaqilligining 33 yillik bayrami munosabati bilan Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, Madaniyat vazirligi, O'zbekiston mahallalari uyushmasi, “Ma'rifat” targ'ibotchilar jamiyati, Yoshlar ishlari agentligi va O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida tashkil qilingan ushbu festival doirasidagi tadbirlar turli manzillarda, xususan, hududlardagi madaniyat va san'at maskanlari, markaziy maydon va o'yingohlar, Mehribonlik va Muruvvat uylari, imkoniyati cheklanganlar va maxsus tarbiya muassasalari, harbiy qismlar, korxona, tashkilotlar, eng chekka, olis va chegara hududlar, mahalla, qishloq va ovul fuqarolar yig'inlarida (195 ta tuman, shahardagi 585 ta (har bir tumandan uchtadan) manzil, olis va chekka, aholi soni ko'p bo'lgan qishloq, ovullar shular jumlasiga kiradi) o'tkazildi.

Mazkur tadbir dasturi rang-barang bo'lib, bir qator loyihalarni qamrab oldi. Xususan, aholi va yoshlar orasida kitobxonlik, mehr-oqibat, vatanparvarlik, olib borilayotgan islohotlarga daxldorlik kabi tuyg'ularni oshirishga qaratilgan “Vatan madhi” nomli musiqiy konsert dasturi, “Mutolaa marafoni”, “Eng ma'naviyatli mahalla” tanlovi, “Ma'rifat-tur”, “Ziyolilar forumi”, “Uch avlod uchrashuvi”, “Oila — ma'naviyat qo'rg'oni”, “Ma'rifat soati”, “Inson qadri”, “Ajdodlarga ehtirom”, “Ma'naviyat kubogi” sport musobaqasi, “Milliy birdamlik” kabi ijtimoiy loyihalar shular jumlasidandir.

Tadbirlarda respublikadan 100 ga yaqin ma'rifat targ'ibotchilari, kino va teatr aktyorlari, shoir va yozuvchilar, olimlar, taniqli san'atkorlar hamda mahalliy madaniyat sohasi vakillari, imom-xatiblar, haj amallarini ado etib kelgan nuroniylar ishtirok etmoqdalar.

Jo'shqin tadbirlar o'zbekning zabardast shoirlari, O'zbekiston xalq shoirasi Halima xonim Xudoyberdiyeva tug'ilib voyaga yetgan, “Go'ro'g'li sulton bir yon, To'ra Sulaymon bir yon”, — deya el ko'nglini osmonlarga olib chiqib faxr etgan To'ra Sulaymon yashab o'tgan ushbu navqiron Sirdaryoda to'rt kun mobaynida viloyatning eng chekka hududlarida, harbiy qismlarda ma'naviyat anjumanlari judayam ko'tarinki ruhda kechdi.

Viloyatning Xovos, Oqoltin, Yangier, Sardoba, Sayxunobod, Mirzaobod tumanlarida, Farhod kanali bo'ylarida shiringina bo'lib qad rostlagan Shirin shaharchasida “Uch avlod uchrashuvi”, “Ziyolilar forumi”, “Eng ma'naviyatli mahalla”, “Mutolaa marafoni”, “Ma'rifat soati”, “Inson qadri”, “Ajdodlarga ehtirom”, “Ma'naviyat kubogi” kabi tadbirlar kechki salqinga borib “Vatan madhi” nomli musiqiy gala-konsert dasturiga ulanib, har bir sirdaryoliklar qalbiga Vatan ishqini yanada chuqurroq naqsh etgan bo'lsa, ne ajab…

Ziyolilar forumida so'zga chiqqan taniqli olimlar, shoirlar har bir aytgan so'zlarini o'tgan ulug'larning qadimiy o'gitlaridan boshlab, bugungi zamonning og'riqli nuqtalarigacha dalillab, yoshlarning ongiga tajovuz qilishi mumkin bo'lgan yot g'oyalardan qanday qilib himoyalanish mumkinligini dalillar bilan so'zladilar.

Ma'rifat soatlarida O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zolari, shoiralar Zebo Mirzayeva, professor Sayyora To'ychiyeva o'zlarining Vatan muhabbati tarannum etilgan otashin she'rlari bilan mushoiraga fayz kiritgan bo'lsalar, notiq Rahimboy Jumaniyozov, O'zbekiston xalq artistlari Muhammadsoli Yusupov, Zamira Suyunova, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artistlar Hamid Toshpo'latov va ularning shogirdlari Farrux Botirov, “Nihol” mukofoti sovrindorlari, xushovoz xonandalar Mashhurbek Raimjonov, Adolat Ismoilova tadbirlarning musiqiy qismiga fayz bag'ishlab, Vatan madhini baland pardalarda jaranglatib kuyladi.

Joylarda o'tkazilgan ushbu konsert dasturini O'zbekiston xalq artisti Zamira Suyunova har gal “Vatan madhi” degan qo'shiq bilan ochar ekan, unga taniqli “Surxon” guruhining xonandasi To'lqin Fayziyev chanqovuzni jaranglatib jo'r bo'ldi, xushovoz xonanda Ozoda Yorova esa lirik xonishlari bilan diltortar kechaga yanada sayqal berarkan, davrada yoshu qari baravar raqsga tushib, ushbu konsert fayziga fayz qo'shdilar.

Yangier tumanida bo'lib o'tgan “Mutolaa marafoni” yosh avlodning qanchalar kitobsevar va ayni chog'da yangi zamon bilimlarini egallashga ishtiyoqi balandligini ko'rsatdi.

Ushbu dasturlardan ko'zlangan maqsad bo'lmish aholi orasida kitobxonlikni keng targ'ib qilish, ularga ma'naviy-ma'rifiy, badiiy-estetik talablarga javob beradigan milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalarini tanlab berish, jamiyatda mutolaa madaniyatini yuksaltirish o'zining xayrli mevalarini ko'rsatishiga shubha qilmadik.

“Eng ma'naviyatli mahalla” loyihasi doirasida Xovos tumani “Istiqlol” mahallasi, Oqoltin tumanidagi Navoiy nomli mahalla, Guliston tumanidagi “Sharq haqiqati” mahallasi aholisi bilan bo'lgan uchrashuvlar, qizg'in muloqotlar, bu yurtda islohotlar keng quloch yoygani va har bir fuqaro o'zining yangi O'zbekistonda o'z munosib o'rni borligini anglab yetayotganidan dalolat edi.

Xullas, Sirdaryo viloyati hududida to'rt kun davomida qizg'in bo'lib o'tgan ushbu tadbirlar Guliston shahrida o'tkazilgan “Qovun sayli” hamda shonli Mustaqilligimizning 33 yilligiga bag'ishlangan kattakon bayram konsert dasturiga ulanib ketdi.

Sanobar MEHMON

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 − 13 =