Yangi yil – yangi umidlar mujdasi

Aziz yurtdoshlar, barchangizni kirib kelayotgan Yangi 2025 yil bilan muborakbod etgan holda, qardosh turk xalqining mamlakatimizdagi elchisi va madaniyat, san'at, jurnalistika soha vakillarining dil so'zlarini e'tiboringizga taqdim etmoqdamiz.

Olgan BEKAR,

Turkiya Respublikasining O'zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi:

Assalomu alaykum do'st va qardosh O'zbekiston xalqi, 2025 yil sizga sog'lik, tinchlik-xotirjamlik, qut-baraka, farovonlik va baxt-omad keltirishini, Turkiya va O'zbekiston o'rtasidagi munosabatlar Yangi yilda yanada mustahkamlanishini tilayman.

Turkiya Prezidenti janob Rejep Tayyib Erdog'an va Prezident Shavkat Mirziyoyev o'rtasidagi samimiy do'stlik va muloqot tufayli munosabatlarimiz o'z tarixidagi eng yaxshi davriga erishdi.

2024 yil ikki tomonlama munosabatlarimiz uchun juda samarali va unutilmas yil bo'ldi. Joriy yilning iyun oyida Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining (YDSK)  III yig'ilishiga Anqarada mezbonlik qildik. Biz O'zbekiston Prezidenti janob Mirziyoyevni va Vazirlar Mahkamasi a'zolarini mamlakatimizda kutib oldik. Tashrif davomida 18 ta shartnoma imzolanib, keyingi davr uchun yo'l xaritasi belgilab olindi.

Qardoshlik rishtalariga asoslangan strategik hamkorligimizni munosabatlarimizga yarashadigan tarzda har sohada rivojlantirmoqdamiz. Ta'lim, madaniyat, san'at, turizm, qishloq xo'jaligi, energetika, xavfsizlik va boshqa ko'plab sohalarda birgalikdagi sa'y-harakatlarimizni davom ettirmoqdamiz. O'zbekistonga turk sarmoyalarini ko'paytirish, o'zaro savdo hajmida o'z oldimizga qo'ygan mushtarak maqsadlarga erishish va xalqlarimiz farovonligini oshirish yo'lida tinmay mehnat qilmoqdamiz.

Ikki tomonlama aloqalarimizdan tashqari Turkiy Davlatlar Tashkiloti kabi xalqaro tashkilotlar doirasida ham hamkorlikni mustahkamlab, Turk dunyosining integratsiyasi va birligi yo'lida mushtarak qadamlar tashlamoqdamiz.

Biz, Turkiya davlati sifatida Prezident janob Mirziyoyev boshchiligidagi islohotlar va taraqqiyot jarayonini hamisha bor imkoniyatlarimiz bilan qo'llab-quvvatlab kelmoqdamiz; Biz O'zbekistonning xalqaro miqyosidagi obro'-e'tibori ortib borayotganini va mintaqaviy taraqqiyotga qaratilgan faoliyatlarini mamnuniyat bilan kuzatib bormoqdamiz.

2025 yilda turk va o'zbek xalqlarining tinchligi, barqarorligi va farovonligi yanada ortishini; Turkiya-O'zbekiston hamkorligi chuqur ildiz otib, gullab-yashnashini; Turk dunyosi xalqaro maydonda munosib o'rniga erishishini, butun dunyoda sodir bo'layotgan yovuzlik va adolatsizliklar tinch yo'l bilan yakun topishini tilagan holda, barchangizni Yangi yil bilan samimiy tabriklayman.

 

Gulchehra IBROHIMBEKOVA,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist,

taniqli teatr va kino aktrisasi:

– Yangi yil – yangi umidlar ostonasi. Mana, azizlar, qadrdonlar, bugun biz vaqtning azim daryodek shiddat bilan o'tishiga yana bir bor guvoh bo'lib, yangi yilga, hayotimizning yangi bir dovoniga qadam qo'ymoqdamiz. Ayni shu lahzalarda o'tayotgan yilni kuzatar ekanmiz, yil davomida boshimizdan kechirgan, yon-atrofimizda bo'lib o'tgan tashvishli va quvonchli voqealarni, amalga oshirgan ishlarimizni beixtiyor ko'z o'ngimizdan o'tkazamiz, shu kunlarga yetkazgani uchun Yaratganimizga shukronalar bildiramiz.

Davlatimiz tomonidan san'at ahliga katta e'tibor berilyapti. Teatrlar uchun eng yaxshi zamonaviy binolar ajratilayotgani, yangilari qurilayotgani, ko'plab teatrlar ta'mirdan so'ng chiroy ochayotgani buning dalilidir. Mamlakatimiz hayotida yuz berayotgan beqiyos o'zgarishlarni, xonadonlarimiz, mahalla, shahar va qishloqlarimiz, butun yurtimizning qiyofasi tobora obod va go'zal bo'lib borayotganini hisobga olib, oxiriga yetayotgan yilimizga yakun yasab, xolisona aytadigan bo'lsak, 2024 yil biz uchun har tomonlama xosiyatli va fayzli bo'ldi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor.

 

Akramjon FOZILOV,

Milliy mass-mediani qo'llab-quvvatlash va

rivojlantirish jamoat fondi

Vasiylik kengashi raisi:

2024 yil biz uchun omadli yil bo'ldi. Milliy kontentni qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish, jurnalist hamda blogerlarning malakasini oshirish, shuningdek, yurtimizda mediasavodxonlikni oshirishga qaratilgan bir qator loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirdik. Mazkur loyiha va tashabbuslar milliy media makonimizda yanada sifatli materiallar yaratilishiga hissa qo'shganidan mamnunmiz.

2025 yilda biz, avvalo, yoshlarning axborotga bo'lgan imkoniyatlarini kengaytirish va ularning mediasavodxonligini oshirishga alohida e'tibor qaratgan holda faoliyatimizni yanada kengaytirishni rejalashtirmoqdamiz. Yangi dasturlar va tajriba almashish platformalarini ishga tushirish, shuningdek, media makonimizda ilg'or tajribalarni joriy etish maqsadida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish niyatidamiz.

Yangi yil barchamizga quvonch, omad va yangi muvaffaqiyatlar olib kelsin! Barchangizga sihat-salomatlik, baxt va farovonlik tilaymiz!

 

Rahima NAZAROVA,

USAIDning O'zbekistondagi

Huquqiy islohotlar dasturi direktori:

2024 yil O'zbekistonda demokratiya prinsiplarini mustahkamlash yo'lida muhim bosqich bo'ldi. Biz shaffoflikni rivojlantirish, fuqarolar huquqlarini kengaytirish va davlat bilan jamiyat o'rtasida samarali muloqot mexanizmlarini yaratishga qaratilgan muhim islohotlarning guvohi bo'ldik. Bu qadamlar nafaqat demokratik qadriyatlarga bo'lgan ishonchimizni mustahkamlaydi, balki mamlakatning barqaror rivojlanishi uchun mustahkam asos yaratadi.

2025 yilda ushbu progress davom etadi, deb umid qilaman. Huquq ustuvorligini ta'minlash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va fuqarolarning qaror qabul qilish jarayonidagi ishtirokini kengaytirish uchun hali ko'p ish qilishimiz kerak. Shuningdek, innovatsiyalar va rivojlanishning asosiy harakatlantiruvchi kuchi bo'lgan yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish muhim yo'nalish bo'ladi.

Mening 2025 yildagi rejalarim fuqarolik jamiyatini mustahkamlash va aholining huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan tashabbuslarni amalga oshirish bilan bog'liq. Ishonamanki, umumiy sa'y-harakatlarimiz sezilarli ijobiy o'zgarishlarga olib keladi.

Yangi yil barchamizga sog'lik-salomatlik, ilhom va yangi yutuqlar olib kelsin! Har bir inson befarq bo'lmasin, faol bo'lib, umumiy ishga — rivojlangan va demokratik jamiyat qurishga o'z hissasini qo'shishda davom etsin!

Islom EGAMBERDI o'g'li yozib oldi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × 1 =