Qutlug' poyqadam

Uch bayramni bag'riga olgan oy
Martni bahorning dastlabki oyi, yasharish va yaratish mavsumi sifatida bilamiz. Uning yana bir xususiyati bor. O'zbekistonimizda har yili 9 ta umumxalq bayrami dam olish kuni sifatida keng nishonlanadi. Shuning 2 tasi – Xalqaro xotin-qizlar bayrami va Navro'z aynan mart oyiga to'g'ri keladi.
Ammo bu yil muqaddas Ramazoni sharif ham aynan martning birinchi kunidan boshlandi. Oyning oxirgi kuni esa Ramazon hayiti —umumxalq bayrami.
Rosti, uch umumxalq bayramini o'z bag'riga olgan oyni endi ko'rishimiz. Bu ulug' in'om, yorug' mujdalar muborak bo'lsin!
Yangilik
Shu yilning 21 fevralida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “2025 yil Navro'z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish to'g'risida” PQ–68-son qarori qabul qilindi.
Unga 1-ilova tarzida tasdiqlangan “2025 yilgi Navro'z umumxalq bayramining g'oyaviy-badiiy konsepsiyasi”da, jumladan, Navro'z fasli – mart oyida xalqimizning ulug' namoyandalari bo'lgan mashhur siymolar tavallud ayyomlarini bayram shodiyonalari bilan hamohang holda o'tkazish belgilanib, buning tarbiyaviy nuqtai nazardan katta ta'sir kuchiga ega bo'lishi alohida ta'kidlangan.
Biz har yili ommaviy axborot vositalarida, turli ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarda dunyoviy ruhda faoliyat olib borgan ne-ne buyuklarimiz tug'ilgan kunlarini nishonlab kelamiz. Lekin hayotini diniy-tasavvufiy yo'nalishdagi faoliyatga bag'ishlagan tabarruk zotlarimiz yubileylarini o'tkazamiz-u, ularning tavallud topgan kuniga u qadar e'tibor qaratmas edik.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur qarori ana shu kemtikligimizga barham berdi. Chunki qarorning yuqorida tilga olingan 1-ilovasida Zulfiyaxonim (1 mart), Ozod Sharafiddinov (1 mart), Hoji Muin (15 mart), Abdulla Oripov (21 mart), Mirzo Ulug'bek (22 mart), Shukur Xolmirzayev (24 mart) singari dunyoviy shoiru adibu allomalarimiz qatori, tariximizda birinchi marta Mahmud Zamaxshariy (19 mart), Alixonto'ra Sog'uniy (21 mart) va Xoja Abdulxoliq G'ijduvoniy (24 mart) kabi diniy-tasavvufiy yo'nalishda faoliyat olib borgan bobolarimiz tavallud kunlarini Navro'z bayramiga hamohang tarzda keng nishonlash belgilandi.
Bu – ezgu an'ananing boshlanishi.
Ishonchimiz komilki, har yili shunday bo'ladi, inshoolloh!
Yorug' mujdalar
Yangi O'zbekistonimiz uchun bahorning poyqadami qutlug' keldi. Bunga hammamiz guvohmiz. Buni dunyo ahli ham ko'rib-bilib turibdi.
11 – 13 mart kunlari O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning davlat tashrifi bilan Fransiya Respublikasida bo'lishi Yevroosiyo materigininggina emas, butun jahonning eng muhim siyosiy voqealaridan biri bo'ldi, desak, xato bo'lmasa kerak. Chunki O'zbekiston va Fransiya diplomatik munosabatlarining strategik sheriklik darajasiga ko'tarilgani, G'arbiy Yevropa bilan Markaziy Osiyo o'rtasida o'ziga xos bir do'stlik ko'prigi barpo etilgani hozirgi murakkab zamonda jahon siyosiy sahnasidagi muhim qadam yanglig' baholandi.
Fransiya – bugun Yevropaning eng rivojlangan, dunyodagi kuchli yettilik va katta yigirmatalikka kirgan davlatlardan biri. U bilan Markaziy Osiyoning O'zbekistondek dadil taraqqiyot bosqichiga kirgan davlati o'rtasidagi ikki taraflama birday manfaatli hamkorlik kelajakda ko'p-ko'p sohalarda katta mahsullar berishi kutilyapti.
Eng muhimi, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiyaning oliy mukofoti – “Faxriy legion” ordeni bilan taqdirlangani butun mamlakatimiz xalqiga bayramona kayfiyat baxsh etdi.
Bu, avvalo, Prezidentimiz olib borayotgan oqilona siyosatni, ikki davlat o'rtasidagi munosabatlarni yuksak darajaga ko'tarishga qo'shgan ulkan hissasini munosib baholash, qolaversa, butun O'zbekistonimiz va uning xalqiga alohida hurmat-ehtirom ramzi hisoblanadi.
Mohiyat
Har qanday bayram zamirida maqsad-muddao, boshqacha aytganda, muayyan mafkura yotadi.
Shu ma'noda Navro'z – tabiat bayrami. U insonning ona zaminga mehr-muhabbati, hayotga zavqi, qalban shukronasini tantana qilish hisoblanadi.
Bobo Sharqimizda yil ham, bahor ham Navro'zdan boshlangan. Amalda Navro'zdan dalada dehqonchilik ishlari avj oladi. Quyosh qizdiradi. Yer yetiladi. Daraxtlar gullaydi. Dehqon yerga urug' qadaydi. Bog'bon ko'chat ekadi. Rizq-ro'z yetishtirish ishlari avj oladi.
Bu yil bahor shiddat bilan kirib keldi. Hash-pash deguncha daraxtlar guldan salla o'radi. Olam yashillik libosiga burkandi. Qishi bilan dimiqib ketgan ko'ngillar chandon yayradi.
Bularning bari insonga zavq-shavq, ishtiyoq, ilhom bag'ishlaydi, kuch-quvvat beradi.
Navro'z bundan to'rt ming yil burun ham ajdodlarimizni xuddi shunday quvontirgan, ularni yashash, yasharish va yaratishga undagan.
Sharqona Yangi yilimiz qutlug' kelsin!
Sultonmurod OLIM,
filologiya fanlari doktori,
Toshkent amaliy fanlar
universiteti professori.