Oltin kuz tarannumi

Har faslning o'z tarovati bor. Bahorda Ona zamin yashil libosida sollansa, kuz o'zining tillarang jilosini ko'z-ko'z etadi. Ha, kuzning chiroyi o'zgacha. U ruhga orom bag'ishlaydi. Bilasizmi, daraxtlar bahorda ko'z yoradigan kurtaklarini aslida kuzda dunyoga keltirar ekan. Demak, hayot davomiyligidan darakdir bu fasl. Kuz intiho emas, aksincha hayotning boshlanishidir. Yaproqlar uzra sayr etayotgan quyoshning zarrin nurlarida quvnoq bolajonlarning beg'ubor nigohini uqadi kishi. Bog'lardan bolalarning shodon hayqirig'i eshitiladi…

Tabiiyki, maktablarda saxovatli fasl bilan bog'liq tadbirlar o'tkazilishi an'anaga aylangan. Fan oyliklari pedagoglarning ish tajribalarini oshirsa, o'quvchilarda bilim samaradorligini rivojlantiradi. Shuning uchun ham Olmazor tumanidagi 159-sonli umumiy o'rta ta'lim maktabida fan oyliklariga qiziqish bilan munosabatda bo'linadi. Mazkur ta'lim dargohida oktyabr oyi – boshlang'ich sinflar oyligi sifatida bir-biridan qiziq, madaniy-ma'rifiy tadbirlar, uchrashuvlar tarzida o'tkazilmoqda. Ana shunday tadbirlarning navbatdagisi “Kraski Oseni” (Kuz ranglari) nomi ostida o'tkazildi.

Maktabning boshlang'ich sinflar metod birlashma rahbari Dilorom Bo'tabayeva tashabbusi bilan tashkil qilingan tadbirda 1-“V” sinf o'quvchilari qatnashdilar. Yig'ilganlarga sinf rahbari Dilsora Usmandiyarova tomonidan tayyorlangan tadbir dasturi namoyish qilindi. Unda maktabning boshlang'ich sinf o'quvchilari va ota-­onalar ishtirok etishdi.

Maktabning faollar zali. Kuzgi tarovat shukuhi kezmoqda. Bolajonlar tomonidan qo'l mehnati bilan yasalgan bejirim o'yinchoqlar, mevalar, o'rmon hayvonlari e'tiboringizni tortmasdan qolmaydi. Dastlab o'zimiz ham ota-onalar bilan birgalikda ko'rgazmaga nigoh tashladik. Boy taassurotlarga ega bo'ldik.

Shundan keyin tadbirning badiiy qismi bosh­landi. O'quvchilarning kichik-kichik guruhlari tomonidan tayyorlangan oltin kuz faslini ta'riflovchi kuy-qo'shiq, she'rlar va hikmatli so'zlari tinglandi. “Oltin kuz”, “Bobodehqon” va ertak qahramonlaridan bo'ri, tulki, yalmog'iz kampirlarning tashrifi tadbirning yanada qiziqarli bo'lishini ta'minladi. Sahnada “Oltin kuz” bolalarga har bir faslning alohida ahamiyati bor ekanligini aytib bergan bo'lsa, “Bobodehqon” dalada chin dildan mehnat qilgan insonning yetishtirgan mahsuloti barakali, shirin bo'lishi asnosida, yil davomida kayfiyati doimo ko'tarinki bo'lishini ham tushuntirib berdi. Bolalar ham har bir meva-sabzavotning bobodehqonlarimiz tomonidan qanday yetishtirilishi va ularning foydali xususiyatlari haqidagi beg'ubor tushunchalarini she'rlar, sahna ko'rinishlari orqali ifoda etib berdilar.

– O'qituvchining  asosiy  pedagogik  ehtiyoji  —  o'rgatish,  yetkazib  berish  –    aynan  dars jarayonida  amalga  oshiriladi.  Shunday  ekan,  dars  jarayonini  tashkil  qilishga  innovatsion yondashuv, yangicha munosabat talab qilinadi. Dars  o'tish  jarayonida  faqat  suhbat  bilan  chegaralanmay,  o'quvchi  xotirasini shakllantirish,  mantiq,  tasavvur,  fikrlay  olishini  rivojlantirish  maqsadga  muvofiq. Bilasizmi, bola tarbiyasi – nozik masala. Bu sohada ishlaydiganlar uchun esa eng muhimi, sog'lom muhitdir. Bugun endigina maktab ostonasiga kirib kelgan bolalar kelajakda xalqimiz faxrlanadigan insonlarga aylansa, elimiz koriga yaraydigan bo'lib ulg'ayishsa, bu, albatta, barchamizning katta yutug'imiz bo'ladi, – deydi sinf rahbari Dilsora Usmandiyarova.

Noan'anaviy chiqishlarga boy bo'lgan tadbirda ota-onalarning o'z farzandlarini qarsaklar bilan qo'llab turishi, birga raqsga tushishi ularga kuch bag'ishladi. Tadbir so'ngida sahnaga chiroyli savatdagi sovg'alarini ko'z-ko'zlab tashrif buyurgan “Kuz fasli” o'quvchilarni o'zining sarxil mevalari bilan siyladi.

Islom EGAMBERDI o'g'li.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 − 13 =