Qadring baland bo'lsin, ONA TILIM

Ona tili – bu millatning ruhidir. Ma'lumki, o'zlikni anglash, milliy ong va tafakkurning ifodasi, avlodlar o'rtasidagi ruhiy-ma'naviy bog'liqlik til orqali namoyon bo'ladi. Inson qalbiga barcha fazilatlar, avvalo ona allasi, ona tilining betakror jozibasi bilan singadi.

Sharqning ulug' allomasi Kaykovusning “Qobusnoma“ asarida “So'zni bag'oyat ulug' bilgil“ deb aytgan hikmati uchraydi. So'z, til benihoya buyuk qudratdir. O'zbek tilining shonu shavkati, tuganmas kuch-qudrati bashariyatning aqliy va badiiy xazinasidan joy olgan juda ko'plab asarlarda mujassamdir. Bu til sha'nini ajdodlarimiz hamma zamonlarda sarbaland etib kelganlar. Amir Temur mag'lubiyat neligini bilmas qo'shiniga shu tilda qo'mondonlik qilgan. Sohibqiron tig'i yetmagan joylarni Navoiy shu tilda zabt etgan.

Poytaxtimizdagi “O'zbekiston” Xalqaro anjumanlar saroyida 21 oktyabr – O'zbek tili bayrami kuni munosabati bilan tantanali bayram tadbiri bo'lib o'tdi.

Unda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminis­tratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Oliy Majlis Senati, Qonunchilik palatasi vakillari, turli idora va tashkilotlar, vazirliklarning mutasaddilari, oliy ta'lim dargohlarining professor-o'qituvchilari, olimlar, yozuvchi va shoirlar, ma'naviyat targ'ibotchilari, talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbir ishtirokchilari dastlab saroy foyesida tashkil etilgan ona tilimizning nufuzi, o'zbek tilining mavqeini yuksaltirish borasida olib borilayotgan ishlarni namoyish etuvchi ko'rgazma bilan tanishdilar.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning bayram munosabati bilan O'zbekiston xalqiga bayram tabrigini Prezident maslahatchisi  Xayriddin Sultonov o'qib eshittirdi.  Tabrikda ta'kidlanganidek, ona tilimizning Birlashgan Millatlar Tashkilotidek nufuzli tuzilma minbaridan yangrashi o'zbek tilining dunyo miqyosidagi obro'si va nufuzining tobora yuksalishida, jonajon tilimizni o'rganishga bo'lgan qiziqishning tobora ortishida asosiy omil bo'lmoqda.

Darhaqiqat, ona tilimiz bizning borligimiz, millat, davlat, yagona xalq sifatidagi birligimizning o'ziga xos ko'zgusidir. Mamlakat hayotidagi yangilanish jarayonlari ona tilimiz rivojiga qaratilayotgan ulkan e'tibor va g'amxo'rlikda ham o'zining yaqqol ifodasini topmoqda.  Prezidentimiz tashabbusi bilan ona tilimiz rivojiga doir milliy qonunchiligimiz yanada takomillashdi. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O'zbek tilini rivojlantirish jamg'armasi samarali faoliyat olib bormoqda.

Mazkur tuzilmalar ona tilimizni keng targ'ib etish, uni o'rganish, o'zbek tili taraqqiyoti bilan bog'liq barcha ishlarni samarali yo'lga qo'yishga oid turli loyihalar, kitob va lug'atlar nashri, til targ'iboti bo'yicha jonboz­lik ko'rsatayotgan ustozlarni rag'batlantirish yuzasidan tizimli ishlarni olib bormoqda. Barcha vazirlik va idoralar, tashkilotlarda ish yuritish jarayoni to'liq ona tilimizda olib borilmoqda.

Mamlakatimizdagi yetakchi ilmiy muassasalar, markazlarda, shuningdek, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universitetida o'zbek tilini nainki mamlakatimiz, balki dunyo miqyosida targ'ib etish borasida keng qamrovli ibratli ishlar olib borilmoqda.

– Mana bir necha yildirki, mamlakatimizda 21 oktyabr juda xalqona tarzda,  haqiqiy bayram sifatida nishonlanmoqda, – dedi O'zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir. – Ona tilimizni asrab-avaylash har bir fuqaroning burchi ekanini odamlar dildan anglamoqda.  Davlatimiz rahbarining bayram munosabati bilan  O'zbekiston xalqiga tabrigida bu boradagi mas'uliyatli vazifalar mujassamdir.

— Mamlakatimizda ona tilimizga davlat tili maqomining berilishi, uning mavqeini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan tadbirlar, hech shubhasiz, yoshlarning Vatanga bo'lgan mehru muhabbatlarini kuchaytirishga xizmat qiladi, — dedi pedagog Mastura Boltaboyeva. — Bu sana ona tilimizni asrash yo'lida  barchamiz birdek mas'ul ekanimizni anglatadi. Prezidentimizning bayram munosabati bilan tabrigida bu boradagi vazifalar belgilab berilgan.  Zero, har birimizning o'zimizga, o'zligimizga bo'lgan hurmatimiz tilga bo'lgan munosabatimiz bilan belgilanadi.

Ma'naviy va ma'rifiy kechada «O'zbek tili jilolari» nomli videolavha orqali ona tilimiz rivoji yo'lida mehnat qilgan ustoz yozuvchi va shoirlar, san'at darg'alarining ijodidan namunalar aks ettirildi. Shuningdek, mamlakatimizda istiqomat etayotgan turli millat vakillari o'zbek tilining o'z hayoti va taqdirida, yutuqlarga erishishdagi ahamiyati xususida so'zladilar.

Ulkan monitor orqali jahonning turli mamlakatlarining o'zbek tilini tadqiq etayotgan  olimlari, tilshunos mutaxassislarining fikr-mulohazalari, ona tilimizga hurmat va ehtiromli munosabati on-layn tarzda namoyish etildi.

Konsertda ona tilimizning jozibasini ko'rsatib beruvchi she'rlar, dilbar kuy-qo'shiqlar ijro etildi. Chindan ham bu bayram milliyligimiz, o'zligimiz, yangilanayotgan O'zbekistonimizning ma'naviy qiyofasi sifatida hayotimizdan mustahkam o'rin olgan ayyomdir.

Tantanali tadbirda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddinjon Ismoilov ishtirok etdi.

Islom EGAMBERDI o'g'li,

“Hurriyat” muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × four =