Beg'ubor qalb egalari
Beg'ubor bolalik. Inson umrining eng bebaho davri. Qisqa, ammo umr davomida sog'inch bilan yodga olinadigan onlar. Afsuski, dunyoning bir qator mamlakatlarida go'daklar ochlik, turli kasalliklar va urushlar qurboni bo'lmoqda. Ilohim, hech bir bola aziyat chekmasin. Yaratganga shukur! Yurtimiz tinch, kelajagimiz vorislari doimo e'tiborda.
O'zbekiston qo'shilgan ilk xalqaro shartnomalardan biri ham aynan Bola huquqlari to'g'risida konvensiyadir. Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni bayrami hech bir kishiga begona emas. Zero, bu beg'ubor olamning mitti yo'lakchalarida hammamizning qadrdon izlarimiz qolgan. Biz o'z bolalik chog'larimizni ortimizdan unib-o'sib kelayotgan aziz farzandlaru nabiralarning musaffo nigohlaridan topamiz.
Sana munosabati bilan Yakkasaroy tumanida joylashgan 249-sonli “Majnuntol” nomli davlat maktabgacha ta'lim tashkilotida bayram tadbiri o'tkazildi. Unda bolajonlar tomonidan baxtli bolalik, ona Vatanni madh etuvchi she'r va qo'shiqlar kuylandi. Ertak qahramonlari ishtirokida obrazli o'yinlar hamda turli xil arg'imchoqlar, qiziqarli tomoshalar tashkil etildi. Shuningdek, turli sport musobaqalari, rasmlar ko'rgazmasi, tashkilot pedagoglari va tarbiyalanuvchilarning musiqiy chiqishlari, animatsion sahna ko'rinishlari yig'ilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi.
Bayram tarixiga nazar tashlaydigan bo'lsak, u 1925 yilga borib taqaladi. O'sha yilda turli davlatlar ishtirokida Jenevada ilk marta bolalar farovonligiga bag'ishlab xalqaro konferensiya o'tkaziladi. Konferensiyada ishtirokchi mamlakatlar bolalar kuni sifatida alohida sanani tanlashga kelishib oladi. Biroq alohida sana taklif qilinmaydi, hamma o'z madaniyatiga mos sanani tanlashi tavsiya qilinadi. 1949 yilda esa sovet mamlakatlarida 1950 yildan boshlab 1 iyunni “Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” sifatida nishonlash to'g'risida qaror qabul qilinadi va bu sana bayram qilina boshlanadi. Bundan tashqari, BMT tomonidan belgilangan 20 noyabr sanasi ham Xalqaro bolalar kuni hisoblanadi. Ayrim davlatlarda bolalar kuni emas, bolalar haftaligi tarzida ham nishonlanadi.
– Bola tarbiyasi – nozik masala. Bu sohada ishlaydiganlar uchun esa eng muhimi sog'lom muhitdir. Hozirda bog'chamizda 315 nafar tarbiyalanuvchi 6 ta o'zbek guruhi, 6 ta rus guruhida tarbiyalanmoqda. Ularni yurtga foydasi tegadigan, porloq kelajakka erisha oladigan qilib tarbiyalashda esa barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, xizmat qilyapmiz. Bu bolalar kelajakda xalqimiz faxrlanadigan insonlarga aylansa, elimiz koriga yaraydigan bo'lib ulg'ayishsa, bu, albatta, barchamizning katta yutug'imiz bo'ladi, – deydi bog'cha mudirasi Sevara Ahmedjanova.
Ha, bolalar hayotimiz davomchilari, kelajagimiz egalaridir. Ularni asrab-avaylash, barkamol qilib voyaga yetkazish davlat, oila, qolaversa, har bir ota-onaning burchi.
Islom EGAMBERDI o'g'li