Maqsadga erishish oson emas
O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasida davlatimiz rahbarining 2021 yil 30 noyabrdagi “O'zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qo'shinlarida “Amir Temur jangovar bayrog'i uchun” musobaqasini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori ijrosi doirasida har ikki yilda bir marta o'tkaziladigan mazkur musobaqaning tantanali ochilish marosimi bo'ldi.
Harbiylar, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a'zolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda harbiy okruglar (birlashmalar) o'rtasida o'tkazilayotgan ushbu bellashuvlar Vatan himoyachilarining jangovar shayligi, jismoniy, ma'naviy-intellektual tayyorgarligini oshirish, ular qalbida Vatanga muhabbat va sadoqot tuyg'ularini kuchaytirishda muhim o'rin tutishi alohida ta'kidlandi.
Tadbirda Amir Temur siymosi gavdalantirilib, turli sahna ko'rinishlari namoyish etildi. Havaskor harbiylar tomonidan baxshichilik san'ati namunalari ijro etildi.
Mudofaa vazirligi Bosh boshqarma boshlig'i polkovnik Hasan Halilovning aytishicha, “Amir Temur jangovar bayrog'i uchun” musobaqasi milliy qadriyatlar, milliy sport turlari, harbiy intizom holati, jangovar va ma'naviy-ma'rifiy tayyorgarlik kabi yo'nalishlar bo'yicha o'tkazilmoqda. Bellashuvlar harbiylar o'rtasida o'zaro do'stlik rishtalarini yanada mustahkamlaydi. Qo'shinlarda sog'lom raqobat va o'zaro musobaqa muhitini yaratish, harbiy xizmatchilarda Vatanga mehr va sadoqat tuyg'ularini, o'z kasbidan va milliy armiya safida xizmat qilishdan g'ururlanish hissini kuchaytirish va jamiyatda harbiy xizmat nufuzini oshirish, shaxsiy tarkibning ekstremal vaziyatlarda jismoniy va ruhiy yuklamalarga bardoshliligini mustahkamlash hamda komandirlarning murakkab vaziyatlarda nostandart qarorlar qabul qilish ko'nikmalarini rivojlantirish singari maqsadlarga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Musobaqa ochilish marosimi yakunida bellashuvlarda ishtirok etidigan harbiylarni suhbatga tortdik. Sharqiy harbiy okrugining “Sohibqiron” jamoasi a'zosi, kichik serjant Shukrullo Yunusov ularning biri.
– Olti yildan beri shartnoma asosida xizmat qilaman, – deydi Sh. Yunusov. – Ushbu musobaqada ishtirok etish, boshqacha aytganda, “Sohibqiron” jamoasi a'zolari safiga qo'shilish imkoniyatiga ega bo'lish uchun muayyan sinovlardan o'tdik. Tayyorgarlikni davom ettirmoqdamiz. Maqsadimiz – musobaqa g'olibligini qo'lga kiritish.
Xolmurod Salimov,
O'zbekiston Jurnalistlari
ijodiy uyushmasi raisi o'rinbosari,
Mudofaa vazirligi huzuridagi
Jamoatchilik kengashi kotibi va a'zosi