Korrupsiyaga qarshi qanday kurashamiz?

9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan “Aksilkorrupsiya haftaligi” doirasida o'tkazilayotgan tadbirlar davom etmoqda. Joriy yilgi haftalik jamiyatning barcha qatlamlarini o'zida jamlay olgani bilan muhim hisoblanadi. Davlat idoralari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, biznes hamjamiyati, yoshlar shular jumlasidandir.

Kuni kecha O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida OAV vakillari uchun “Korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik bilan ishlashning roli” mavzusida maxsus trening tashkil etildi. Unda butun dunyoda eng og'ir muammolardan biri sifatida baholanadigan korrupsiya illati va uni bartaraf etish, unga qarshi kurashish yo'llari yuzasidan ochiq muloqot bo'lib o'tdi.

Tadbirda so'zga chiqqan O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O'sarov “Korrup­siyaga qarshi kurashda jamoatchilik bilan hamkorlikning o'rni” mavzusidagi ma'ruzasida Korrupsiya mansabdor shaxslarning egallab turgan lavozimidan, berilgan huquq va vakolatlaridan o'z manfaati uchun, shaxsiy boylik orttirish maqsadida foydalanishi hisoblanadi. Bu illat davlat va jamiyat ravnaqiga salbiy ta'sir ko'rsatadi. Agarda korrupsiyaga qarshi o'z vaqtida jiddiy kurashilmasa, fuqarolarning olib borilayotgan islohotlarga ishonchi yo'qoladi, jamiyatdagi mavjud ijtimoiy munosabatlarda adolatsizlikni vujudga keltiradi, deya so'z yuritdi.

So'zga chiqqan boshqa mutasaddilar ham korrupsiya va uning ko'rinishlari, yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish yo'lida qilinayotgan ishlar xususida fikrlarini bildirdi.

— Ushbu tadbir jurnalistlarning korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonlaridagi islohotlardan xabardor qilish maqsadida tashkil etildi, — deydi O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi mutaxassisi Zafar Nazarov. — Unda korrupsiyaga oid holatlarni yoritishda OAV pozitsiyasi, jurnalistik surishtiruvning o'rni, OAV va internet orqali korrupsiyaning oldini olish va halollikni shakllantirishda o'ziga xos mexanizmlar, davlat hokimiyati va bosh­qaruvi organlari faoliyati ochiqligining qonunchilik asoslari kabi masalalar xususida so'z yuritildi.

Ushbu treningda BMT Taraqqiyot das­turi, BMT Giyohvandlik moddalari va jinoyatchilikka qarshi kurashish bosh­qarmasi hamda Gruziya, Latviya mamlakatlaridan xalqaro ekspertlar Yaroslav Strelchonok, Vladimir Kozim videoaloqa tizimi orqali o'z ma'ruzalari bilan ishtirok etdi.

Asosiy maqsad korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonida zamonaviy usullar yuzasidan xorijiy davlatlarning tajribalarini o'rganish edi. Shu jumladan, korrupsiyaning oldini olish, shu xususda jurnalistik surishtiruvlar o'tkazish yuzasidan ham ma'ruzalar tinglandi.

Tadbir davomida Korrupsiyaga qarshi kurashish va “Yuksalish” umummiliy harakati tomonidan ishlab chiqilgan va amalga oshirilgan “Antikorrupsiya laboratoriyalari” lo­yihasi doirasida bajarilgan ishlar taqdimoti bo'lib o'tdi. Mazkur loyihaning dastlabki bosqichi “Boshlang'ich maktabga qabul qilishda korrupsiya xavfi va halollikni baholash” mavzusida tashkil etildi.

Tadqiqot so'rovnoma va intervyu shaklida olib borildi. Asosan bolalarni boshlang'ich maktabga qabul qilishda korrupsiya xavfi va halollikni baholashni qamrab oldi.

Trening davomida ishtirokchilar uchun amaliy mashg'ulotlar ham tashkil etildi. Jumladan, jurnalistlar tomonidan korrupsiyaviy xavflarni aniqlash va bu ma'lumotlarni ommaga yetkazish shakllari, normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalari korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o'tkazish to'g'risida ishtirokchilar o'rtasida fikr almashildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar o'zlarini qiziqtirgan savollarga atrof­licha javob oldi. Korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonida fuqarolik ja­miyati vakillarining ishtirokini yanada kengaytirish yuzasidan taklif va tavsiyalar o'rtaga tashlandi.

Muhammadsodiq TO'RAYEV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

8 − 2 =