Birinchi o'zbek rektori

Munavvar qori Abdurashidxonov tavalludining 145 yilligi

Markaziy Osiyoda yetakchi universitet hisoblangan bu oliy ta'lim muassasasi 1918 yil 12 mayda tashkil etilgan. U qator yillar turli nomlar bilan atalgan. Ya'ni, 1918 yilda Musulmon xalq dorilfununi, 1918-1919 yillarda Turkiston xalq universiteti, 1919-1923 yillarda Turkiston davlat universiteti, 1923-1960 yillarda O'rta Osiyo davlat universiteti, 1960-2000 yillarda Toshkent davlat universiteti deb yuritildi.

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995 yil 14 sentyabrdagi “Toshkent davlat universitetiga Mirzo Ulug'bek nomini berish to'g'risida”gi qarori e'lon qilindi. Mazkur qarorga binoan Toshkent davlat universitetiga Sharqning buyuk olimi va mutafakkiri Mirzo Ulug'bek  nomi berilgan.

Sobiq mustabid tuzum barham topgach, universitetimiz buyuk ajdodimiz Mirzo Ulug'bek nomini olishi zamirida bir olam ma'no mujassam. Bu ko'hna tariximiz, ulug' ajdodlardan qolgan bebaho meroslar, ilmu ma'rifatga nisbatan adolatning tiklanishi, bu boradagi asl qadriyatlar tom ma'noda qadr topishi edi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2000 yil 28 yanvardagi “Toshkent davlat universitetiga “O'zbekiston Milliy universiteti” maqomini berish to'g'risida”gi Farmoni bilan bu o'quv dargohi “Milliy universitet” maqomiga ega bo'ldi. Shundan buyon bu oliy ta'lim muassasasi — Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti deb atalmoqda.

Mazkur Farmonda Vatan va millat taraqqiyoti yo'lida fidoyilik ko'rsatgan jadid ziyolilarimizning buyuk xizmatlarini e'tirof etish, tarixiy haqiqatni tiklash, yoshlar qalbida istiqlol g'oyalariga sadoqat tuyg'ularini tarbiyalash, umuminsoniy va milliy ilm-fan qadriyatlarini avlodlar ongiga teran singdirish, Toshkent davlat universitetining azaliy yuksak mavqeini o'z joyiga qo'yish, Kadrlar tayyorlash milliy dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirish masalalariga alohida e'tibor qaratilgan.

Sobiq mustabid tuzum davrida bu universitet “dohiy imzo chekkan dekret”ga binoan barpo etilgan degan soxta gaplar aytilgan bo'lsa, yuqorida nomi qayd etilgan Farmonda Vatan va millat taraqqiyoti yo'lida fidoyilik ko'rsatgan jadid ziyolilarimizning buyuk xizmatlarini e'tirof etilgan, tarixiy haqiqatni tiklash yo'lida zalvorli qadamlar tashlandi.

Modomiki, 105 yil ilgari yurtimizda birinchi universitet tashkil etilgani e'tirof etilar ekan, uning birinchi rektori — buyuk jadid bobomiz Munavvar qori Abdurashidxonov bo'lgani qator manbalarda qayd etilgan.

Adib, murabbiy, muharrir, ma'rifatparvar, jamoat arbobi, Turkiston jadidchilik harakati yetakchilaridan biri sifatida tarixda yorqin iz qoldirgan Munavvar qori Abdurashidxonov 1878 yilda Toshkent shahrining Shayx Xovand Tohur dahasi Darxon mahallasida mudarris oilasida tug'ilgan. U Toshkentdagi Yunusxon madrasasida o'qigan, so'ngra Buxoroda tahsil olgan va Toshkentga qaytgach, faoliyatini davom ettirgan.

Qator manbalarda qayd etilishicha, Munavvar qori XIX asrning oxiridan boshlab jadid­chilik harakatlarida faol ishtirok eta bosh­ladi. 1901 yilda o'z hovlisida, keyinchalik Toshkentning turli dahalarida jadid maktab­larini ochadi. Bu maktablar uchun 1907 yilda “Adibi avval”, “Adibi soniy” darsliklarini yaratadi. “Tajvid al-Qur'on”, “Yer yuzi” singari qo'llanmalarni tuzib, nashr etadi. Bolalar uchun qator she'riy va nasriy hikoyalar yozadi. U 1909 yili Toshkentda “Jamiyati xayriya” uyushmasini tuzadi va “Turon” nomli jamiyatni ochadi.

1906 yilda dastlabki o'zbek nashrlaridan biri “Xurshid” gazetasini chop etishda bosh-qosh bo'lgan Munavvar qori keyinchalik “Najot”, “Kengash” gazetalarida bosh muharrir, “Sadoyi Turkiston”da esa bo'lim muharriri bo'lib xizmat qiladi. U 1917 yil fevral inqilobidan keyin Turkistonda demokratik milliy davlatchilikni tuzish g'oyasini ilgari surdi. Qo'qonda tashkil topgan Turkiston Muxtoriyatini qo'llab-quvvatladi. Sho'ro davrida u o'zining ochiq ma'rifiy ishlarini va yashirin siyosiy harakatlarini davom ettirdi.

1918 yil aprel oyida Turkiston xalq dorilfununiga asos solinadi va 12 maydan bu oliy ta'lim muassasasi to'la-to'kis faoliyatini boshlaydi. Bu o'lkada bunyod etilgan mazkur dorilfununning birinchi rektori etib saylangan Munavvar qori Abdurashidxonov o'sha davr ma'rifati osmonida misoli bir quyosh bo'lgani baayni haqiqatdir.

O'tgan asrning 20-yillari o'rtalarida milliy ziyolilarni ta'qib qilish kuchayishi natijasida Munavvar qori hamma lavozimlardan chetlashtiriladi. Biroq Munavvar qori Abdurashidxonovni istiqlol g'oyalaridan qatag'on ham qaytara olmadi. U 1929 yilda qamoqqa olinadi va 1931 yil 23 mayda otib tashlanadi. Uning xoki Moskvadagi Vagankovo qab­ristonida ekanligi haqida matbuotda qator maqolalar yoritilgan.

Munavvar qorining “Xotiralarimdan” nomli risolasi ulug' ajdodimizdan ajib bir merosdir. Unda 20-yillarda milliy ozodlik va istiqlol uchun kurash olib borgan “Ittihodi taraqqiy”, “Birlik”, “Milliy ittihod” va “Milliy istiqlol” kabi oshkora va yashirin tashkilotlar tarixi yoritilgan.

Xotiraning birinchi qismi jadidchilikning maydonga kelishidan 1917 yil fevral inqilobigacha bo'lgan davrni o'z ichiga oladi. Ikkinchisi, 1917 yil fevral-oktyabr, uchinchisi esa sho'ro davrini (1917-1929 yillar) qamrab olgan. Kitobning yozilish tarixi va joyi ham o'zgacha. Munavvar qori uni 1929-1930 yillarda qamoqxonada boshi uzra siyosiy qatag'onlik oyboltasi ko'tarilib turgan ayanchli bir paytda yozgan ekan. Tarixchi olim Sotimboy Xolboyevning yozishicha, bu risola milliy ozodlik kurashi, milliy uyg'onishda ma'naviy kuch-quvvat va ilhom manbai bo'lgan ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma'rifiy, milliy-demokratik harakat — jadidchilik faoliyati haqida ancha keng ma'lumot beradi.

G'afur G'ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan 2008 yilda chop etilgan “Mo''tabar ziyo maskani (1918-2008)” kitobida bu mavzuda keng ma'lumotlar berilgan. Chunonchi, Munavvar qori Musulmon xalq dorilfununini tashkil etish maqsadida 9 kishidan iborat tashkilot komissiyasini tuzadi. Unga Munavvar Qori (rais), Burhon Habib, Iso To'xtaboyev, Sodiq Abdusattorov, Murodbek, Murodxo'ja, Muxtor Bakir, Abdusami qori Ziyo­boyev va boshqalar kirgan edi. Komissiya Musulmon xalq dorilfununini ham ruscha Turkiston Xalq dorilfununi kabi uch bosqichda tashkil etadi: yuqori bosqich — dorilmuallimin (o'qituvchilar instituti); o'rta bosqich — o'rta hunar maktablari; quyi bosqich — boshlang'ich maktab­lardan iborat bo'ladi. 3 may kuni Musulmon xalq dorilfununi rahbariyatiga saylov bo'lib o'tadi. Unda Munavvar qori rais (rektor), Iso To'xtaboyev rektorning birinchi, Burhon Habib ikkinchi o'rinbosarlari, Abdusami qori Ziyoboyev xazinador, Muxtor Bakir sarkotib etib saylanadi.

Hikoya qilinishicha, 1918 yil 12 may kuni Eski shahar dahasidagi Vikula Morozovning sobiq do'koni binosi (hozirgi O'zbek yosh tomoshabinlar teatri)da Musulmon xalq dorilfununining tantanali ochilish marosimi bo'ladi. Uni Munavvar qori qisqacha kirish so'zi bilan ochib, musulmonlar chorizm davrida rus yo'qsillari bilan birgalikda yarim asr qullikda yashagani, bugungi ozodlik va tantana katta talafotlar bilan qo'lga kiritilganligini aytadi. Shundan so'ng bu kurashda halok bo'lganlarga bag'ishlab, Qur'oni karimdan tilovat o'qilib, fatvo beriladi. Musulmon dorulfununi Munavvar qori rahbarligida o'z davrining katta bilim maskaniga aylanadi. U 15 demokratik madaniy-ma'rifiy tashkilot vakillaridan uyushgan 45 kishilik kengash tomonidan boshqariladi. Unda ishlovchi muallimlar soni 180 nafarga yetadi. 1918 yil 31 maydan boshlab, bu o'quv dargohida “Xalq dorilfununi” gazetasi chiqadi. U dastlab haftada bir marta, keyin esa (5-sonidan boshlab) haftada ikki marta chop etiladi. “Xalq dorilfununi” butun Turkiston o'lkasi bo'ylab tarqatilar edi.

1918 yil 2 iyun kuni Musulmon xalq dorilfununining yuqori bosqichi — dorilmuallimin (o'qituvchilar instituti) ishga tushadi. Unda Abdurauf Fitrat ona tilidan, Kamol Shamsi arifmetika va nemis tilidan, Rahimboyev arifmetikadan, Abdurahmon Ismoilov san'atdan, Rizayev madaniyat tarixi va siyosiy iqtisoddan, Munavvar qori (dorilmuallimin mudiri — rektori ham edi) ona tilidan dars beradi.

Shu tariqa hozirgi  O'zbekiston Milliy universiteti poydevori qo'yilgan.

Munavvar qori o'zbek milliy teatri asoschilaridan biri sifatida ham katta obro' va e'tibor topgan. U o'z fikrdoshlari bilan ijodiy hamkorlikda 1914 yildayoq “Turon” truppasini tuzgan edi. Bu truppa besh yil faoliyat ko'rsatadi.

Ulug' jadidchi bobomiz yosh avlodni tar­biyalashga katta e'tibor beradi. Ularga ma'naviy otalik qiladi. Bu o'rinda Hamza Hakimzoda Niyoziyning 1915 yilda unga yozgan xati diqqatga sazovordir: “Assalomu alaykum! Ma'naviy qori otamiz hazratlarina!”

Ustoz esa o'z shogirdi Hamzaga mehr ila yozilgan javob xatlaridan birida (1916): “Hurmatli Hamza afandi! Eshon va boylarning mal'un va ablahliklarini ochiqdan-ochiq “mal'un”, “johil”, “xoin”, “palid”, “nobakor” kabi so'zlar ila emas, qilg'on ishlarining yomonligi ila ko'rsatilsa yaxshi bo'lur edi”, — deb maslahat beradi.

Bu o'rinda Munavvar qori badiiy ijodiyot sohasida Hamzaga juda to'g'ri maslahat berishdan tashqari, shu narsa aniq sezilib turibdiki, u dinga emas, balki, dindan o'z manfaati yo'lida foydalanayotgan dindorlarga qarshi bo'lgan. Munavvar qori butun xalq va ayniqsa, yoshlarning imoni but bo'lishi bilan birga, o'ta xavfli dushman — ijtimoiy-siyosiy “yalqovlik” va “nodonlik”dan siyosiy faollik va milliy uyg'onishga chaqirgan edi.

Ming afsuski, bu ulug' zot sho'ro tarixida “xalq dushmani”, “millatchi” (bir millatni ikkinchisiga qarama-qarshi qo'yish ma'nosida), “mahalliy burjuaziya ideologi” deb ta'riflab kelindi. Unga nisbatan yosh avlodda nafrat tuyg'usini tarbiyalashga harakat qilindi.

Munavvar qori bor-yo'g'i 53 bahorni ko'rdi. Shundan 39 yili “inqilob”dan oldingi chorizm mustamlakachiligi azobi ostidagi bolalik, balog'at va faollik davri bo'lsa, qolgan 14 yili qizil imperiya va lenincha qatag'onlik siyo­sati tomonidan ma'naviy xo'rlanish zamoni bo'ldi. Umrining oxirgi ikki yilida u harbiylashtirilgan siyosiy boshqarma qamoqxonalarida o'z xalqi ozodligi va mustaqilligi uchun o'limga qarshi tik turib kurashdi. Bizlarga nasib bo'lgan siyosiy va milliy mustaqillik nashidasi uning uchun ulkan armon bo'lib qolsa-da, u bu yorug' kunlarning kelishiga komil ishonch bilan qarar edi.

Bu ulug' dargohga keyinchalik turli yillarda Qori Niyoziy, Toshmuhammad Sarimsoqov, Obid Sodiqov, Sag'di Sirojiddinov, Erkin Yusupov kabi mashhur akademik olimlar ham rektorlik qilganlar. Shu tariqa universitetimizda o'ziga xos rektorlik maktabi ham yaralgan, desak, mubolag'a bo'lmaydi.

So'nggi yillarda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universitetiga bir necha bor tashrif buyurib, qator istiqbolli g'oyalarni ilgari surdi. Mazkur g'oyalar asosida navbatdagi yangi loyihalar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 20 apreldagi “Oliy ta'lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ta'lim tizimini izchil takomillashtirishga xizmat qiladi. Chunonchi, yangi avlod o'quv adabiyotlari yaratish, ularni ta'lim jarayonlariga keng tat­biq etish, oliy ta'lim muassasalarini zamonaviy o'quv, o'quv-metodik va ilmiy adabiyotlar bilan ta'minlash borasida qator vazifalar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Nazariy bilimlarni amaliyot bilan chambarchas bog'lash uchun O'zMUning qator dala-amaliyot maydonlari, o'quv-ilmiy laboratoriyalari, o'quv-ilmiy-tajriba markazlari samarali faoliyat ko'rsatmoqda. O'zMU ilmiy maktablarida ko'plab amaliy, fundamental, innovatsion, yosh olimlarning fundamental va amaliy loyihalari ustida ishlar olib borilmoqda. Shu bilan bir qatorda talaba-yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb qilish, grant tanlovlari va loyihalarida ishtirok etish, xo'jalik shartnomalari tuzish, boshqa oliy ta'lim va ilmiy tadqiqot muassasalari uchun maqsadli ilmiy kadrlar tayyorlash ishlari izchil davom etmoqda. Bu sa'y-harakatlarning barchasi yosh iqtidor sohiblarining orzu-umidlariga erishishlari uchun zamin yaratadi.

Haqiqiy olimning sabog'ini olgan yoshlar ilm cho'qqilarini zabt etishlariga umid qilsa bo'ladi. Bugungi kunda Milliy universitetda ko'plab akademiklar, professorlar faoliyat ko'rsatmoqda, yuzlab yosh olimlar ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda.

O'zMUda so'nggi yillarda amalga oshirilgan ishlar haqida sanayversak, ancha salmoqli ma'lumotlar paydo bo'ladi. Muhimi, universitetimizning ilm va ma'rifat yo'lidagi istiqbolli yo'li shu tariqa samarali davom etaveradi.

Bu ulug'vor ishlar 105 yil muqaddam universitetimizning tamal toshini qo'ygan Munavvar qori Abdurashidxonov va boshqa ulug' siymolar ruhini ham shod etajak.

To'lqin EShBEK,

O'zMU dotsenti.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen − 18 =