Avesto: Zardusht qo'shiqlari

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 fevral — 1 mart kunlari Xorazm viloyatida bo'lganida, turizmni yanada rivojlantirish bo'yicha 3 yillik dastur qabul qilinishi, jumladan, Urganch shahrida “Avesto” muzeyi ochishni taklif etdi. Ma'lumki, “Avesto” uzoq ajdodlarimizning ijtimoiy hayoti, ma'naviy dunyosi haqida noyob ma'lumotlarni o'zida mujassam etgan tarixiy yozma manba hisoblanadi. Demak, bu muzey xalqimiz tarixi haqidagi ma'lumotlarni o'zida aks ettiradigan ma'rifat o'chog'i bo'ladi.

Filologiya fanlari nomzodi, tarix fanlari doktori Mirsodiq Ishoqov “Avesto: Yasht kitobi”ni, keyinchalik “Avesto: Zardusht “goh”lari” kitobini asliyatdan tarjima qilgan taniqli olim. Shu bois, ushbu mavzuda uzoq yillar ilmiy tadqiqotlar olib borgan fidoyi sharqshunos Mirsodiq Ishoqov bilan avestoshunoslik mavzusida suhbatlashdik.

— Zardushtiylik, uning muqaddas kitobi “Avesto” Markaziy Osiyo xalqlarining ming yillik tarixida muhim o'rin tutadi. Ushbu kitobning yaratilish davriga aniqlik kiritilganmi?

— Albatta, Urganchda “Avesto” muzeyining ochilishi avestoshunoslar uchun ham quvonarli tarixiy hodisa. 2001 yilda “Avesto” kitobining 2700 yilligini nishonlaganimiz hozirgidek yodimda. Biz zardushtiylik diniy ta'limotini tizim sifatida, tayyor model shaklida bilamiz. Uning kelib chiqish tarixini mifologik olamdan — asotirlar, tarixiy tafakkur qatlamlaridan izlash lozim. Zaratushtra o'z davrida afsona-rivoyatlarni jamlab, tartibga solib, ta'limot shakliga keltirgan. Uning ishini davom ettirgan mubadlar (dindorlar) “Avesto”ni boyitib borganlar. Dastlab “Avesto” og'zaki tarzda shakllangan, uning yozilishiga Zaratushtraning o'zi ham qarshi chiqqan. Agarda yozilsa, nimadir qo'shilib ketishi mumkin, degan qarashlar bo'lgan. Shuning uchun dastlabki davrda tildan tilga, dildan dilga o'tib kelgan. Umuman, tarixda muqaddas kitoblarga o'zgartirish kiritish qoralangan. “Avesto” so'zining o'zagi “sto” bo'lib, lug'aviy ma'nosi “o'rnatilgan o'zgarmas qonun-qoidalar, hayotning asosiy yuriqnomasi” demakdir. Bu kitob miloddan avvalgi II ming yillik va I ming yillikning birinchi choragida, bir necha yuz yillar davomida shakllangan. Tarixdan ma'lumki, “Avesto” dastlab 30 ta kitob bo'lgan, bizgacha 4 ta kitobi saqlangan, xolos.

Zardushtiylik dini o'rta va quyi Amudaryo oqimida yaratildi, shakllandi va turli qarshiliklarga qaramay, Islom dini paydo bo'lguncha ajdodlarning turmush tarzini belgilovchi asosiy din vazifasini o'tadi.

— Yurtimizda “Avesto” tilini birinchi bo'lib o'rgangan olim sifatida “Avesto” alifbosiga to'xtalib o'tsangiz.

— Nazarimda, avvalo, “Avesto” alifbosining yaratilish ehtiyoji haqida to'xtalish joiz. Davrlar o'tgan sayin “Avesto”ning o'zgarmas tili muntazam o'zgarib, rivojlanib boruvchi jonli tildan ortda qola boshlagan. U dastlab taxminan miloddan avval VII asrda kitob holiga keltirilgan va Eron podsholari xazinasida saqlangan. Makedoniyalik Aleksandr yoqib yuborgan “Avesto” qaysi yozuvda edi, degan savolga hamon aniqlik kiritilmagan. Ayrim avestoshunoslar oromiy yozuvida deyishadi. Ammo oromiy alifbosidagi 22 harf murakkab, ohangga boy “Avesto”dagi so'zlarning talaffuz talablariga javob bermas edi. Qadimgi Parfiya podsholigi davrida ham “Avesto”ni kitob holiga keltirishga urinishgan. Parfyoniy yozuvi ham oromiy yozuviga asoslangan 22 harfdan iborat bo'lgan. Demak, bu alifboning ham imkoniyatlari cheklangan edi. Nihoyat, Mazda Yasna — zardushtiylik dini Eronga kirib borib, Sosoniylar davlati diniga aylangach, pahlaviy yozuvidagi 22 harf asosida 51 harfdan (48 harf belgisi, 3 ta qo'shoq belgi) iborat dunyodagi eng mukammal alifbolardan biri — “Avesto” alifbosi yaratildi. Unda 14 ta unli, 37 undosh tovush bor. Unli tovushlarning ko'pligi sababi, masalan, “a” harfining 6 ta varianti bo'lgan, qolgan unlilar uzun-qisqaligiga qarab ikkitadan belgilarda ifodalangan. Undosh tovushlar ifodalanishi ham shu tartibda: “sh” harfining uchta, “n” harfining to'rtta, “t” harfining ikkita shakli bor va hokazo…

— Zardushtiylik ta'limoti yaralishining tub ildizlari nimalarda ko'rinadi? Uning ahamiyati qanday?

— Zardushtiylik ibtidoiy diniy tasavvurlarni mifologik dunyoqarash va tabiat hodisalariga bog'langan bosqichdan chin ma'noda yakkaxudolik bosqichiga o'tkazgan. Boshqacha aytganda, Oliy oqil zot Mazdaga sig'inuvchilarning (Mazda Yasna) falsafiy-diniy ta'limoti sifatida tarixda chuqur iz qoldirgan, ma'naviy inqilob yasagan. Bu ta'limotni miloddan avvalgi birinchi ming yillik boshlarida o'z davridan ming yillar ilgarilab ketgan, olam yagonaligi uni yaratgan zotning yagona bo'lishini taqozo etishini anglab yetgan, bu g'oyani insoniyatga yetkazish yo'lida kurashgan Zaratushtra yaratgan. Bu ulug' inson borliqning ezgu asoslarini Mazdaga bog'lagan. Yovuz Axrimanning shaytoniy yolg'onlariga Mazda Haqiqatini qarshi qo'ygan. Umuman, u Yolg'on va yovuzliklar ibtidosi Axriman jaholatidan Mazdaning Haqiqat olamini asrashni har bir haqparast insonning burchiga aylantirdi. O'z navbatida, ezgu olam oldida shaxs mas'uliyati g'oyasi ilk bora ilgari surildi. Sidqidildan qilingan ezgu savob ishlar rahmati oxiratda qaytarilishi g'oyasiga asos solindi.

Zaratushtra keltirgan xushxabar, ya'ni payg'om ketidan ergashganlar payg'ambar nomi bilan faxrlanib, o'zlarini zardushtiy yoki mazdayasniylar deb atadilar. Zardushtiylar olami parvardigori Mazdani ulug'vor sharafga loyiq zot deb, Ahura sifati bilan qo'shib, Ahura Mazda, ya'ni buyuk Mazda — Oliy Aqlga musharraf bo'lgan zot deb alqadilar.

Islomga qadar Ahura Mazdadan kelgan vahiy so'zlar deb hisoblanmish “Avesto” esa, zardushtiylarning muqaddas kitobi sifatida ijtimoiy, diniy, ma'naviy hayotni anglashda asosiy manba bo'ldi.

— “Avesto” kitobi haqida turlicha tarixlar yozilgan…

— Darhaqiqat, “Avesto” kitobining taqdiri murakkab kechgan. Dastlab bu kitob ellinlar madaniyatini olamga yoyishni xomxayol qilgan makedoniyalik Aleksandr bosqiniga uchradi — o'tda yoqildi. Chunki Aleksandr olamga yoyishni o'ylagan ellinlar madaniyati “Avesto” ma'naviyati oldida rangsiz ko'ringani bosqinchilar g'azabini qo'zg'atgandi. Go'yo “Avesto” yo'q qilinsa, yunon madaniyati uchun yo'l ochiladigandek ko'ringandi. Ammo “Avesto” tufayli erishilgan ma'naviyat ajdodlar qalbidan o'chmagan. Aleksandrdan keyin Parfiya arshakiylar podsholigi davrida hukmdor Valaxsh “Avesto”ni mubadlar xotirasi asosida tiklashga urinadi. Ammo bu harakat natijasida tiklangan “Avesto” bizgacha yetib kelmagan. Bu haqda zardushtiylarning yozma manbalarida (“Denkard” kitobi) ma'lumot bor. Milodiy III asrda — Erondagi Sosoniylar sulolasi hukmronligi davrida zardushtiylik davlat dini darajasiga ko'tarilishi munosabati bilan “Avesto”ni yana qayta tiklash harakati boshlandi. Bir necha urinishlardan so'ng, nihoyat podsho Xusrav I Anushirvon (531 — 579) davrida “Avesto” matnlari mubadlar xotirasida va xalq orasida saqlanib qolgan parchalar asosida 21 kitobdan iborat holida tiklandi.

Abu Rayhon Beruniy teriga bitilgan “Avesto”ni 30 kitob deb yozgandi. Eronni istilo qilganda, bu yerdagi ikki nusxa “Avesto”ni olovga tashlagan Aleksandrni yunonlar Zevsning o'g'li deb ulug'lashgan bo'lsa, u Misrni bosib olgach, o'zini Ammonning o'g'li deb e'lon qildi. Ma'bud Ammonning boshida ikki shoxi bo'lgani uchun hunarmandlar Aleksandrga ham ikki shoxli dubulg'a yasab berishgan. “Iskandarning shoxi bor” degan gap shundan qolgan bo'lsa ajab emas.

— Avestoshunos olimlar orasida Zaratushtrani birinchi shoir deb ataydiganlar ham bor. U Xorazm hududida yashagan qabilalarning biridan chiqqan degan qarashlar qanchalik to'g'ri? Aslida, Zaratushtra kim bo'lgan?

— Zardushtiylik tarixining yozma manbalarida keltirilishicha, xudo Ahura Mazda o'zining yaratuvchi, xoliq, yakkayu yagona xudo ekanini imonli zot Zaratushtraga bildirib, uni payg'ambar etib saylagan. “Avesto”ning “Yasna” kitobining 29-qo'shig'ida bu haqda Ahura Mazda majoziy ma'noda “Chorvaning cho'ponini senlarga tayin etdim. Bu Zaratushtraki, u barchangizni hidoyatga chorlaydi” degan mazmunda xabar beradi. Zaratushtra qadimda Daitiya — Amudaryo bo'yida yashagan Spitama urug'idan chiqqan bo'lib, uning qarindoshlari Ahura Mazdaga ham boshqa xudolar qatorida, alohida ajratmay, sig'inishgan. Ular orasida faqat Zaratushtragina Ahura Mazdaga sig'ingan va uning o'zga ma'bud hamda ma'budalardan yuksak ekanini e'tirof etgan. Nihoyat, Zaratushtra Ahura Mazda nazariga tushib, uning payg'omi (xushxabar)ni olgach, ularni ommaga yetkazishdek ilohiy vakolatga musharraf bo'lgan. Ammo jaholatga botgan omma uning so'zlariga ishonmaydi va quvg'in qilishadi. Zaratushtra o'z yurtini tashlab ketishga majbur bo'ladi. U o'z dinini o'n yildan ortiq targ'ib qiladi. Nihoyat, o'zga yurtda — Baqtriyada, hokim Vishtaspa, malika Xutaosya, saroy a'yonlariga Mazda dini mohiyatini tushuntiradi.

Zaratushtra ismi “oltin tuya yetaklagan kishi” ma'nosini anglatadi. Zardushtiylik atamasi esa, o'rta asrlardan boshlab shartli ravishda dinga nisbatan ishlatila boshlagan. Aslida Zaratushtra dini Mazda Yasnadir, ya'ni Mazdaga, “Mutlaq oqil” zotga sig'inish demakdir.

Zaratushtra oxir-oqibatda zimdan johiliyat tarafdori bo'lgan, lekin o'zini mazdaparast qiyofasida ko'rsatib yurgan munofiq “safdoshi” Bratarvahsh tomonidan Balxda, ibodat chog'ida xanjar urib o'ldiriladi.

— “Avesto”dagi “goh” tushunchasiga ham aniqlik kiritsangiz?

— “Goh” so'zining lug'aviy ma'nosi “qo'shiq”dir. Bu qo'shiqlar “Yasna” tarkibida bo'lib, Zaratushtraning payg'ambarona da'vatlari, Ahura Mazda va Zaratushtra o'rtasidagi ruhiy muloqot, aniqrog'i, savol-javobdan iborat. Bu holat muqaddas islom dinidagi me'roj hodisasiga o'xshab ketadi.

Avvalo “goh” so'zi vaqt o'lchovi ma'nosiga ega bo'lgan. Zaratushtra qo'shiqlariga nisbatan olganda “goh” so'zi musiqiy marom ma'nosini anglatadi. Har bir ritm oralig'idagi vaqt aniq o'lchamli bo'lishi ko'zda tutilgan. Zaratushtraning da'vat so'zlari bosiq, yoqimli ohangda qo'shiq qilib kuylanganda tinglovchilarga kuchli ruhiy ta'sir ko'rsatgan. “Dugoh”, “Segoh”, “Chorgoh” kabi maqomlarimiz ildizi o'sha gohlarga borib taqaladi. “Avesto” matnlarining tuzilishida 7 bo'g'indan 17 bo'g'ingacha bo'lgan gohlar bor. Bularning barchasi bugungi maqomning asoslaridir.

— Zardushtiylarning to'rt unsur — tuproq, suv, havo, olovni sof saqlash, ya'ni mohiyatan tabiatni asrash yoki “Ezgu fikr, ezgu so'z, ezgu amal” g'oyalari hamon ahamiyatini yo'qotmagan. Bu hozirgi yoshlar tarbiyasida ham muhim, deb o'ylaymiz.

— “Avesto” o'z davrida turmushning barcha sohalarini qamragan holda inson, jamiyat va tabiat o'rtasidagi mutanosiblikni, yaratuvchanlik va ezgulikni ulug'lagan. Ezgu niyat bilan olamni asrash, uni yanada boyitish har bir shaxsning burchiga aylangan. Inson borliqning eng mo''tabar zoti, uning baxtiyor, xotirjam va farovon hayoti oliy qadriyat darajasiga ko'tarilgan.

Haqiqat — Oliy ne'mat,

Haq istagi, Haq irodasi,

Haqiqatdir Haq ifodasi.

Bu satrlar zardushtiylik, Mazda Yasna dinining eng ulug' duosi hisoblanadi. Umuman, barcha yovuzliklarning boshi yolg'on. “Avesto”da ilgari surilgan ilg'or g'oyalar haqiqati, ezguligi bilan boqiy. Mana, kundalik hayotimizda ham ko'rib turibmiz: biz tuganmas deb o'ylagan suv nafaqat ifloslandi, balki yetmaydigan darajaga bordi. Yoki Toshkent shahrining havosi bunchalik ifloslanishi kimning xayoliga kelibdi, deysiz.

— Hozir ham dunyoda zardushtiylar bormi?

— Hozir Hindistonning Gujarot viloyati, Mumbay shahrida ikki yuz ming nafar atrofida zardushtiy yashaydi. Aytishlaricha, ular ham dunyo bo'ylab tarqalib, 140 ming atrofida qolibdi. Shuningdek, Sheroz, Tehron, Yazd va Reyda kam sonli zardushtiy jamoalar bor. O'tgan asrning 70-yillariga kelib Eronda ularga diniy bag'rikenglik sharoiti yaratildi. Ungacha zardushtiylarni “zindiq” deb atashardi. Sharhlar orqali o'z dinini saqlaganlarni shunday deyishadi. Zindiq — zand — kitob ma'nosini sharhlovchilar. Ular o'zlarining islomiy emasligini bildirish uchun bellariga chilvir bog'lab yurganlar. Bu chilvir ham zindiq deyilgan.

— Ma'lumki, o'tmishi uzoq tarixga ega bo'lgan yurtimizda zardushtiylar zamonidan qolgan yodgorliklar ko'p, albatta. Toshkentda ham bormi?

— Bor. Birmuncha kattarog'i Yunusobod dahasidagi Oqtepada bo'lsa, Chilonzor Oqtepasidagi yodgorlikda faqat markaziy ibodatxona qismigina qolgan. Yunusobodda zardushtiylar ibodatxonasi, ark va uning atrofida kattagina maydonda turar-joylar topilgan. Arxeolog Aleksey Terenoshkin bu yerdagi qazuv ishlarini boshlab bergandi. Keyinchalik uning ishlarini Margarita Filanovich va boshqa arxeologlar davom ettirdi. Poytaxtimiz markazidagi “Ta-ta” mehmonxonasini qurgan hind quruvchilar orasida zardushtiylar ham kelgan ekan. Ular Oqtepaga borib, o'zlarining marosimlarini o'tkazishganiga guvoh bo'lganmiz. Chilonzor Oqtepadagi yodgorlik ibodatxona bo'lib, unga kirish yo'li, o'rtada otashdon, atrofida ustunlar borligi aniqlangan. Keyinchalik ko'plab arxeologlar bu joylarda qazuv ishlarini olib borishdi, biroq hali oxirigacha o'rganilmagan, deb aytish mumkin.

— Qiziqarli suhbatingiz uchun tashakkur.

Humoyun AKBAROV

suhbatlashdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × five =