Birinchi matbaachi

Bu  insonning qilgan  ishi mo''jiza degulik edi. Zero, u O'rta Osiyoning mahalliy kishilaridan yetishib chiqqan birinchi matbaachi bo'lgan. Biroq uni kimdir e'zozlab, shart-sharoit yaratib bersa, boshqa bir xon zindonband qilib, bo'g'izlatmoqchi bo'ldi. Yaxshilar yordami bilan zulmatdan chiqib, endi ish boshlaganida esa taxtga chiqqan yangi hukmdor uni yana qamoqqa tashlattirdi. Keyingi zamonlar ham osoyishta kechmadi. Quyida ana shunday davrlarda mashaqqatli hayot kechirgan Otajon Obdalovning hayot yo'li haqida hikoya qilamiz.

 

1876 yil. Xorazm. Ma'rifatparvar xon Feruz devonlarga tartib beruvchi hattotlar ishini zamonaviylashtirish niyatida Erondan Ibrohim Sulton degan matbaachini ishga taklif etdi. Shu tariqa katta pul evaziga qisqa muddatda ish o'rgatildi. Ko'hna Arkda esa toshbosma qurildi. Feruzxon  Petro Aleksandrovsk (To'rtko'l)dagi rus-tuzem maktabini bitirib, Pirnaxosdagi “Koshilo” yonida ishlab yurgan Otajon Obdalovni matbaachiga shogirdlikka berdi. Ish qizib, ustoz-shogird matbaaxonada ayrim hujjatlarni, 1876 yili esa ilk bor Forobiyning “Nisobus-sibiyon” asarini chop etishdi. Shartnoma muddati tugab, Ibrohim Sulton Eronga ketgach, butun ish Otajonga qoldi. U o'ziga Muhammad Yoqub, Xudirgan xattot, Xudoybergan muhrkon, Ismoil devonlarni shogird qilib oldi va matbaaxona faoliyati yanada qizg'in tus oldi.

Natijada 1880 yili Navoiyning “Xamsa”, 1882 yili “Chor devon”, Ogahiyning “Ta'viz ul-oshiqin”, Komilning “Devoni Komil” kabi asarlari toshbosmada chop etildi. Shuningdek, Feruzxon saroyidagi shoirlarning devoni ham Otajon Obdalov tomonidan nashr qilindi.

E'tiborlisi shundaki, Feruzning yozganlari bir necha jild devon holiga kelib qolgan bo'lsa-da, matbaaxonasida o'z asarini chop ettirishga shoshilmadi. Forobiy, Navoiy, Ogahiy asarlari toshbosmada nashr qilinganidan so'nggina 1897 yili o'z g'azallarini kitob holida chop  qildirdi.

Xo'sh, xalq Otajon bosma, deya ataydigan matbaachining toshbosmasi qanday bo'lgan? 1908 yili Xivaga kelgan rus sharqshunosi A.Samoylovich bu haqda shunday yozgandi: “Feruz 1900 yili toshbosmani Ko'hna Arkdan  Qib­la Tozabog'ga ko'chirgan ekan. Toshbosma uch xonadan iborat. Birinchi xonada kotib nashr qilinmish asardan toshbosma siyohi bilan nusxa ko'chirgan, ikkinchi xonada varaqma-varaq yozuvli toshga qo'yib bosilgan va quritilgan varaqlar uchinchi xonaga, ya'ni omborxonaga o'tkazilgan. Yangi tashkil etilganida, toshbosma faqat bitta varaqqa mo'ljallangan bo'lsa,1900 yillarning boshiga kelib, tosh haj­mi kattalashtirilib, unga to'rtta varaq joylashadigan bo'lgan. Toshbosma dastgohi qo'lda ishlatilgan. Ish jarayonini bir usta boshliq uch kishi bajaradi. Bir kishi toshbosma dastgohining g'ildiragini aylantirib turgan. Ikkinchisi  qog'ozni almashtirgan, uchinchisi esa alohida stolda valikka bo'yoq surtib turadi”.

Shu tariqa ish yuritilgan matbaaxonada 1910-1915 yillargacha qirqdan ziyod kitob chop etilgan. 1910 yili ma'rifatparvar Xiva xoni Feruz vafot etgach, mazkur sohaga oid ishlar o'lda-jo'lda qoladi. Hatto, Isfandiyorxon Otajon Obdolovni isyonkor shoir Avaz O'tar g'azallarini toshbosmada chop etgani uchun zindonband ham qiladi. Garchi u yaxshilar  yordami bilan bo'g'izlanishdan omon qolib, ozodlikka chiqsa-da matbaaxona ishi to'xtab qolgan edi. Taraqqiyparvar Otajon bosmaning jadidlarga qo'shilganini eshitgan Said Abdullaxon uni 1919 yili yana qamoqqa oldirdi.

1920 yil. Ozodlik. Hibsdan chiqqan oltmish to'rt yoshli Otajon bosma keksaligiga qaramay, shijoat bilan ishga kirishdi. Matbaaxonada ishlar jonlanib, endi nafaqat kitoblar, 1920 yilning 8 martidan “Inqilob quyoshi” gazetasi, hatto, Xorazm res­publikasining shoyi, qog'oz pullari ham bosib chiqarildi. 1920-30 yillarda Xivadagi matbaaxonada Xorazmning o'nga yaqin, Qoraqalpog'is­tonning esa oltita gazeta-jurnallari chop qilingan.

1929 yili Otajon Obdalov zamonaviy poligrafiya sirlarini o'rganish, tajriba orttirish niyatida Toshkent va Moskvaga borib, ish jarayonini o'zlashtirib qaytadi. Vaholanki, bu paytda u 73 yoshga kirgandi. O'zbekiston rahbariyati uning matbaachilikka qo'shgan hissasi, fidoyiligini e'tiborga olib, “Mehnat qahramoni” unvoni bilan taqdirlaydi. Otajon Obdalov hayotining oltmish yilini matbaachilikka bag'ishlab, Nizomiddin Shamsiddinov, Sodiq Halimov, Durdi Panoyev, Ollabergan Rahimov, Ota Miskinov, Boyjon Otajonov, Madrahim Saydaliyev, Qodir Abdullayev singari shogirdlarni yetishtirgan. Ollabergan, Jabborbergan, Rahmonqul ismli uch farzandni voyaga yetkazib, keksalik gashtini o'tkazib yurgan 1937 yilda uni “xalq dushmani” deya qamoqqa olishadi. Vaholanki bu paytda Otajon Obdalov 80 yoshga to'lgandi. Bir yillik qamoqdagi azobu uqubatlardan so'ng  u 1938 yilda 81 yoshida otishga hukm qilinadi. Ammo nima bo'lganda ham Otajon bosma O'rta Osiyoning ilk mahalliy matbaachisi sifatida tarixda qoldi.

Umid  BEKMUHAMMAD,

Xorazm ma'mun akademiyasi

katta ilmiy xodimi,

tarix fanlari bo'yicha

falsafa doktori

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen + 16 =