Haqiqat egiladi, bukiladi, ammo…

“Dukchi Eshon izidan…”

 

Aziz mushtariylar!

Sizu bizga tarixiy manbalardan ayonki, “Andijon qo'zg'oloni” nomini olgan xalq milliy ozodlik harakati yuz berganligiga kelgusi 2023 yil 125 yil bo'ladi.

Ushbu sana oldidan tarixiy haqiqat va adolatni qaror toptirish maqsadida bir necha bor xalqaro ilmiy ekspeditsiya tashkil etilib, do'st va qardosh Tojikiston Respublikasi Dushanbe shahrining Tavildara (hozirgi Sangvor) no­hiyasi “Layroni bolo” qishlog'ida bo'lib, Mingtepa farzandi, istiqlol va hurriyat kurashchisi, Muhammadali Eshon Sobir Xalfa o'g'li — Dukchi Eshon hazratlarining bugungi kunda yashab kelayotgan avlodlari bilan uchrashib, suhbat qurib, eshonning taqdiri va hayotiga daxldor muhim tarixiy hujjatlardan nusxalar olishga muyassar bo'lindi. Ul zotning chor Rossiyasi mustamlakachilari tomonidan osib o'ldirilgani haqidagi ma'lumotlar haqiqatdan yiroqligi va Eshonning keyingi taqdir ajoyibotlari (“Hurriyat” gazetasi 2022 yil, 21 sentyabr, 37-son) xususida internet sahifalarida hamda sevimli gazetamiz “Hurriyat”da asos­­li materiallar bilan yoritilib kelinayotganidan xabaringiz bor.

Mana shu ezgu va savobli ishni nihoyasiga yetkazib, avvalambor, siz mushtariylarni va keng aholi ommasini xabardor etib, Yangi O'zbekiston milliy davlatchilik tarixining yaqin o'tmishi bilan bog'liq sahifalarini yorqin misollar bilan asoslab berish uchun navbatdagi safarimiz shu yilning 12-19 sentyabr kunlari Tojikiston Respublikasi poytaxti Dushanbe shahrida kechdi. Bundan ko'zlangan asosiy maqsad, yuqorida aytganimizdek, bobomiz Dukchi Eshon haqida bugungi kunga qadar turli manbalar va adabiyotlarda qayd qilingan asossiz, biryoqlama, turli “bo'yoqlar” bilan sug'orilgan va o'tmishdagi hukmron g'oya va mafkuralar ta'sirida yozilgan noxolis fikrlarning asossizligini ochib tashlash va isbotlashda davom etmoq edi.

Ana shu niyatda Dushanbe shahar Temiryo'lchilar rayoni, Gulobod mahallasi (avvalgi Mirzabek posyolkasi), 2-ko'cha, 44-45-46-xonadonlarda yashab kelayotgan Dukchi Eshon avlodlari va fidoyi faol ziyolilar bilan uchrashib, shuningdek, turli tashkilot va muassasalardan tegishli hujjatlarning nusxalarini olishga muyassar bo'ldik.

Marhamat, mana o'sha daliliy hujjat va materiallar:

  1. Tojikiston Respublikasi Sangvor nohiyasi ijroiya komiteti “Zarshuyon” mahallasi raisi Rahmon Sandalayev imzosi va tegishli muhr bilan tasdiqlangan 2022 yil 15 avgustdagi №1125 sonli ma'lumotnoma. Bunga ko'ra, haqiqatan ham Muhammad­ali Eshon Sobir Xalfa o'g'li (Ishoq Eshon) 1856-1933 yillarda yashagani va Layron qishlog'ida 1933 yili 25 noyabr (1931 yil 25 oktyabr)da sodir bo'lgan kuchli zilzila tufayli qishloq aholisini qutqarish vaqtida olgan og'ir jarohatining asorati sabab) vafot etgan. Shu qishloqdagi “Mavloniy” qabristoniga dafn etilgan.
  2. Muhammadali Eshon avlodlari, ya'ni Dukchi Eshonning nabirasi Karim Eshonning turmush o'rtog'i Mohinav aya Nabotova (Eshonning nabira kelini), shuningdek, chevaralari Abdusalom Rahimov, Mahmadullo Rahimov, Fayzullo Rahimov, Qismatillo Razzoqov va yaqin avlodi, tarixchi ziyo­­li Asadullo Fayzulloyev (adabiy taxallusi Layroniy)lar tomonidan imzolari qo'yilib, 2022 yil 14 sentyabrda tuzilgan “Dalolatnoma”.

Mazkur dalolatnomaga ko'ra Dukchi Eshon haqiqatan ham, Tavildara no­hiyasi “Borshid” va “Layroni bolo” qish­loqlariga taxminan 1904 yillarda Qoshg'or yurtidan kelgani, 1933 yilga qadar yashab, 78 yoshida vafot etgani hamda Ishoq eshon ibni Sobir duktarosh ismi bilan yashagani ma'lum qilinadi.

  1. Dukchi Eshon evarasi bo'lmish Said­ahmad Raupov taqdim etgan Eshon avlodlari “Shajara” (Nasabnoma)sida haqiqatan ham Tojikistonda tug'ilib, yashaganliklari zikr etilgan.

Shuningdek, Muhammadali Eshondan qolgan, maxsus qog'ozga yozilib, o'z davrining amir va hokimlari muhri bilan tasdiqlangan dumaloq shakldagi haqiqiy   “Shajara” nabirasi Karim eshonning 1961 yilda tug'ilgan kenja qizi Jamolbi uyida bugungacha saqlanib kelinmoqda ekan. U Dushanbe shahri Temiryo'lchilar ra­yoni “Gulobod” mahallasida yashaydi. Bu hujjatni borligiga uning uyiga qizini ko'rgani “Layroni bolo” qish­log'idan   kelgan onasi Mohinav Nabotova va mening iltimosimga ko'ra, ulardan xabar olgani opasi uyiga kirib chiqqan   Mahmadullo eshon Rahimov yana bir bor o'z ko'zi bilan ko'rib chiqib, darhaqiqat hozirda ham saqlanib kelayotganini tasdiqladi.

  1. Sangvor nohiyasi “Layroni poyon” qishlog'ida yashovchi ziyoli inson Asadullo Layroniy tomonidan Sangvor nohiyasida aniqlangan 55-sonli hujjatga ko'ra, Muhammadali Eshon (Ishoq Eshon) “Kazi Say Ali Boy iz k. Layron krupnыy bay Kishlachni. Sovet Ladjirg” yozuvi bilan 24-sonli ro'yxatda mol-mulki musodara qilinib, 1931 yilda qishloqdan badarg'a qilingani haqidagi qaror borligiga guvoh bo'ldik.

Ushbu hujjatda N.Odinayev nomida №08540884 raqamli kommunistik partiya bileti bo'lib, Tojikobod ra­yoni deputatlar kengashi deputati sifatidagi faoliyati qayd etilgani Tojikobod rayon moliya bo'limi tomonidan 1960 yili aprel oyida muhr bosilib, Tojikobod shahrida tasdiqlangani qayd etilgan. Uning nusxasi olindi.

Shuningdek, ushbu hujjatga qo'shimcha qilingan ilovasida Ishoq eshonning quloq qilingani yozilgan ro'yxat ham berilgan.

  1. Eshonning Tojikiston SSR Sangvor rayoni nikohni qayd etish bo'limi tomonidan berilgan UYa №090604 sonli shahodatnomada haqiqatan ham Muhammad Ali Eshonning o'g'li Isoqov Razzoq nomi qayd etilgan bo'lib, ushbu hujjat Muhammadali Eshon o'sha paytlarda Ishoq Eshon nomi bilan yashaganini tasdiqlaydi.
  2. Dushanbe shahri Temiryo'lchilar rayoni Gulobod mahallasidagi “Hazrati Mavloniy” nomidagi masjid va shu yerdagi Guliston mahallasi o'ramidagi qabristonga dafn etilgan Dukchi Eshon o'g'li Abdurahim Eshon dahmasida Eshon bobomiz otasi bo'lgan Sobir duktarosh bo'lganini isbotlovchi kasbiy belgisi aks etgan marmar tosh­lavha mavjud.
  3. Shuningdek, Dushanbe shahridagi Tojikiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik bo'limi arxivida Dukchi Eshoning turli taxalluslar, (“Xirad”, “Nodir”) bilan yozgan baytlari va she'rlari qo'lyozmasi borligi ma'lum bo'ldi.

Uni Tojikistonning FA Sharqshunoslik bo'limi yetakchi mutaxassisi, filologiya fanlari doktori, professor Saidxo'ja Alizoda tasdiqladi va elektron pochta manzilimizga “Mavlavi hijriy” (Xirad)ning qo'lyozmasini yubordi.

Bundan tashqari, bu yerdagi Indira Gandi nomidagi kutubxonada bo'lganimda direktor o'rinbosari Bahromjon Olimov bizga taqdim etgan nusxada Dushanbe shahridagi “Irfon” nashriyotida 1984 yili chop etilgan va   689567 – raqam bilan ro'yxatga olingan “Ganji pareshon” (“Sochilgan durlar”) nomli kitobda “Mavlaviy Hijriy” (Xirad) taxallusi bilan ijod qilgan Muhammad Ali Eshon haqida ma'lumot va uning she'rlari berilgan.

  1. Dukchi Eshon Moskva shahri va Polsha davlatida bo'lgan paytlarida   dog'istonlik do'stlari chiroyli hassa hadya qilgan ekan. Unda dur be­zaklar bilan birga, “Dagestan” yozuvi ham bor. Bu tarixiy buyum hozirda Dushanbe shahri Gulobod (avvalgi   Temiryo'lchilar rayoni,   “Mirzabek” pos­yolkasi 2-proezd) mahallasi 45-uyda yashovchi Dukchi Eshonning chevarasi Mahmadullo Rahimovda saqlanmoqda.
  2. Muhammadali Eshon hayoti va uning ijodi haqida Sangvor nohiyasi gazetasida va Respublika nashrlarida Asadullo Layroniy tomonidan turli yillarda e'lon qilingan maqolalarining nusxalari olindiki, unda ham hazrat Dukchi Eshonni shu yurtda yashab o'tgani, amalga oshirgan bunyodkorlik ishlari, ijodiy faoliyati hamda Chor Rossiyasi bosqinchilariga qarshi kurashiga keng o'rin berilgan.

Xullas, bugungi kundagi tarixiy manbalar, kitob va darsliklarda yozilganidek, Dukchi Eshon Chor Ros­siyasi imperiyasi ma'murlari tomonidan ushlab kelinib, dorga osib o'ldirilgani haqidagi ma'lumotlar noto'g'ri ekanligi ma'lum bo'ldi.

Zero, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bot-bot ta'kidlaganidek, “Buyuk tarixda hech narsa izsiz ketmaydi. U xalqlarning qonida, tarixiy xotirasida saqlanadi va amaliy ishlarida namoyon bo'ladi. Shuning uchun ham qudratlidir. Tarixiy merosni asrab-avaylash, o'rganish va avlodlardan-avlodlarga qoldirish davlatimiz siyosatining eng muhim ustuvor yo'nalishlaridan biridir”.

Muhammadali Eshon Sobir Xalfa o'g'li – Dukchi Eshon o'z vaqtida tadbirkor, quruvchi-muhandis, ixtirochi, shoir bo'lgani bizni faxr-iftixor tuyg'usiga oshno qiladi.

Yana shuni aytish joizki, o'tmish haqiqatlarini ro'yobga chiqarish, bugungi davr talabidan kelib chiqib o'rganish, tadqiq qilish oson emas. Bu tushunarli albatta. Andijon davlat universiteti tuzilmasidagi “Qatag'on qurbonlari xotirasi” muzeyi ilmiy xodimlari Baxtiyorjon Alimov, Muxtorjon Xudoyorov, Dilshodbek Homidov, Azizbek Mahkamovlar turli matbuot nashrlarida chiqish qilib, Andijon davlat universitetining hurmatli professori Rustambek Shamsiddinov hamda yozuvchi   Alinazar Egamnazarovlar o'z tadqiqotlarida Dukchi Eshon taqdiriga oid biz tomonimizdan ilgari surilayotgan yangi ma'lumotlarga qarshi o'laroq fikr bildirishayotgani, sobiq ittifoq zamonidagi eski dalil va fakt­larni haqiqat deb bong urishayotganini aslo qabul qilib bo'lmaydi. Negaki, tariximizni o'rganishda bundan bir asrdan ziyod avvalgi vaqtlardagi yanada aniqroq aytganda Chor Rossiyasi mustamlakachilari va sobiq Sho'rolar siyosatiga yo'g'rilgan, shubhasizki, butun tariximiz oyoq osti qilingan, buzib, yasama va soxta ma'lumotlarni ongimizga singdirib kelinganiga Dukchi Eshon qismatidan boshqa ham ko'plab misollarni keltirishimiz mumkin.   Shu bois bir taklifni ilgari surmoqchi edik: bizning izlanishlarimizni “qabul qila olmayotgan” yuqoridagi hamyurt olimlarimizni “Meros“ jamg'armasi hisobidan Tojikis­tondagi “Layroni bolo” qishlog'iga ekspeditsiyaga olib borishga hamisha tayyorligimizni ma'lum qilamiz. U joyda Dukchi Eshon va u zotning yaqinlari dafn etilgan “Mavloniy” qabris­tonini ziyorat qilish, bugungi kunda yashab istiqomat qilayotgan avlodlari bilan uchrashish, ular yordamida tarixiy ma'lumotlarni yanada chuqur o'rganishga, o'tmish silsilalarini ro'yobga chiqarishda hamkorlik qilsalar, bundan faqatgina xursand bo'lar edik.

Qolaversa, haqiqat bahslarda tug'iladi deganlaridek, maqsad tariximizni asl haqiqatlar bilan boyitish, ulug' bobolarimizga oid adolatni bo'y-basti bilan ro'yobga chiqarishdir.

Obidjon Mahmudov Dovoniy,

O'zbekiston Jurnalistlar

uyushmasi a'zosi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × 4 =