Afsonaviy qiyofalar: Lol qolgan Mak-Gaxan

1873 yilgi Xiva yurishida amerikalik harbiy muxbir Yanuariy Aloiziy Mak-Gaxan ham qatnashgan va juda qiziqarli dalillarni yozib qoldirgan. Rus armiyasining bu yurishi Bekov-Cherkasskiy mag'lubiyatiga javoban navbatdagi harakat edi. Mak-Gaxanning taassurotlari o'sha davrdagi holat yuzasidan o'ziga xos manzaralarni suratlantiradi.

Albatta, harbiy jurnalistning kimligi ko'pchilikni qiziqtirsa kerak.

Asli kelib chiqishi irlandiyalik bo'lgan Yanuariy Aloiziy Mak-Gaxan 1844 yilning 12 iyunida AQShning Ogoyo shtatidagi Nyu-Lessington shahrida dunyoga kelgan. Otasi Djeyms Mak-Gaxan dengiz flotida xizmat qilgan, hatto mashhur lashkarboshi Napoleon Bonapartning Avliyo Yelena oroliga olib borgan “Nortumberlend” kemasi ham unga tanish edi. U vafot etganda o'g'li 7 yoshda edi, shuning uchun Yanuariyga turmush tashvishlari juda erta “mehmon bo'ldi”.

Yanuariy voyaga yetgach, tirikchilik vajidan turli yumushlarni bajaradi. Sotuvchilik qiladi, o'qituvchi sifatida bolalarga ta'lim beradi, hatto temir yo'l tarmog'ida hisobchilik ham qiladi. 20 yoshga to'lganda Amerikada Fuqarolar urushining qahramoni general Filip Sheredan bilan tanishib qoladi va u yigitchaning dunyoqarashida yangi sahifalarni ochadi. Uning maslahati bilan huquqshunos mutaxassisligini egallamoqchi bo'ladi, biroq sa'y-harakatlari behuda ketadi. Yetarlicha romantikaga ega bo'lgan va iqbolini o'zga yurtlardan izlash ishtiyoqiga tushgan Yanuariy 1868 yil dekabrda Yevropaga yo'l oladi va Bryusselga yetib keladi. Bu harakat ham ma'rifatparvar generalning maslahati bilan bo'lgandi.

 

Sen siyosat bilan qiziqmasang,

siyosat sen bilan qiziqa boshlaydi

Iks-dono.

Ko'hna qit'ada uni qizg'in hayot o'z bag'riga oladi. Huquqshunoslikda omadi chopmagan yigitchani jurnalis­tika maftun etib qo'yadi va u qizg'in nuqtalardan reportajlar tayyorlay boshlaydi. Sheredanning qo'llab-quvvatlashi tufayli Londondagi “Nyu-York Gerald” haftaligi qo'nalg'asi bilan ijodiy hamkorlik qilishga kirishadi. Fransiya-Prussiya urushi haqida jamoatchilik fikrini yoritib boradi. Urush fransuzlarning mag'lubiyati bilan tugaydi, bu holning sabablari yuzasidan Mak-Gaxan muxbir sifatida harbiy sarkarda Leon Mishel va taniqli yozuvchi Viktor Gyugodan intervyular olib, jahonga tarqatadi. Uning bu mavzudagi maqolalarini ko'plab gazetalar ko'chirib bosadi, shu bilan u mashhur bo'lib ketadi. Uning nomi jamoatchilikka tanilib boradi. Hatto Yanuariy Aloiziy intervyu janrining asoschisi sifatida ham e'tirof etiladi.

1871 yilda “Nyu-York Gerald”ning muxbiri sifatida Sankt-Peterburgga keladi. Shu yerda rus ar­miyasining Xivaga yurish qilayotgani xabarini eshitib qoladi. U “ertak­lar mamlakati” – Osiyoda bo'lishni, uning ekzotikasi bilan tanishishni orzu qilardi. Gaxan mustaqil muxbir sifatida yurishga qatnashish ishtiyo­qida o'z mablag'i hisobidan safarga otlanadi, juda ko'p sarguzashtlarni boshidan kechiradi, chunki u hech qanday rasmiy hujjatsiz yo'lga chiqqan edi-da. Kasbining sehr-jozibasi tufayli ko'plab qiyinchiliklarni yengib o'tadi, butun Qizilqum sahrosini otda kezib chiqdi, desa ham bo'ladi. Dimog'dor rus amaldorlari o'zlari egallab olgan yangi yerlarida yayrab yashar, saltanatlarini ko'z-ko'z qilishar, okean ortidan kelgan qandaydir qalamkashga bepisand munosabatda bo'lishardi.

Uning kuzatishlaridan olgan taassurotlari oldin ko'rganlariga butunlay o'xshamasdi. Ayniqsa, qarama-qarshi ikki kuch – bosqinchi va mahalliy aholining bir-birlariga munosabatlari uni lol qoldiradi. Ko'plab jiddiy voqealarning guvohi bo'lib, ko'zi ancha pishgan amerikalik muxbir tabiatan murosasoz, tinch­likni dildan istovchi, har qanday odamdan (hatto dushmanidan ham) iltifotini ayamaydigan keng fe'l, ko'ng­­li toza, sodda odamlarga duch keladi, ularning saxovati, odamgarchiligi oldida hayratga tushadi. U Amudaryodan kechib o'tishda rus armiyasi qattiq talafot ko'rgani, charchagani, soldatlarning ozuqasi, otlarning yem-xashagi qolmaganini qayd etib, yurishning mag'lubiyati aniq bo'lib qolganini ta'kidlaydi.

Shunday paytda mahalliy aholi ruslarga non va boshqa yeguliklar ulashganini, otlariga yem-xashak sotganini ajablanib tasvirlaydi: “Amudaryo kechuvidan o'tib, horib charchagan edik. Agar qattiq qarshilik bo'lsa, bu ahvolda nima qilamiz ekan, degan tashvish ham bor edi. Ammo biz Hazoraspdan Xivagacha biror qarshiliksiz, hattoki, mahalliy aholidan oziq-ovqat olib, qiynalmay yetib bordik. Askarlarimiz aholidan yangi uzilgan olma, o'rik, shaftoli, shuningdek, non, choy sotib olishar edi. Ular qog'oz pulga qaramas, biroq 25 grivinnik kumush tangani talashib olishardi. “Jazirama issiqda otlarimizni nima bilan ozuqlantiramiz”, deb xavotirda edik. Bog'ot va hazoraspliklar bizga otlarimiz uchun jo'xori va beda ham sotishdi”.

Bir so'z bilan aytganda, odamlar bilib-bilmay o'z dushmanlarining oyoqqa turib olishiga ko'maklashayotgandi. Bosqinchilar Xivaga kirgandagi vaziyatni o'z ko'zi bilan ko'rib, Mak-Gaxan shunday satrlarni yozgan ekan: “Men bu xalqdan butunlay hayratlanmasligim ham va uni yaxshi ko'rib qolmasligim ham mumkin emas”.

Keyinchalik u Sankt-Peterburgda Xiva hukmdorlari bilan muloqot qiladi va o'sha hayronligiga javob top­gandek bo'ladi. Sodda odamlarning siyosat bilan umuman ishi yo'q, eng katta tashvishlari qorinni to'ydirish, tinch yashash ekanligini, kim ularning tirikchiligiga ko'maklashsa, o'shalarni do'st tutishini bilib oladi.

Yurtiga qaytgach,   Yanuariy Aloiziy Mak-Gaxan “Okusga harbiy yurish va Xivaning qulashi” degan kitob yozdi. Kitob 3 qism, 62 bo'limdan iborat.   “Qizilqumda”, “Xivaning olinishi”, “Turkman safari” degan nomlarning o'zi gap nima haqida ekanini eslatib turibdi. Unda Xivani zabt etish uchun Rossiya imperiyasi uyushtirgan “ekspeditsiya”ning   tafsilotlari bir muallif imkoni darajasida batafsil aks etgan. Bu hal qiluvchi tajovuzkorona yurishning oldiga qariyb ikki asrdan buyon davom etayotgan “bosh og'riq”qa so'nggi nuqta qo'yish qat'iy maqsad qilib qo'yilgandi. Kitobda bu holat alohida ta'kidlanadi. Markazdan (ya'ni g'arbdan) yo'lga chiqqan Ver­yovkin boshliq kuchlar Toshkent general-gubernatori fon-Kaufman bosh­liq guruh bilan qo'shilib, Xo­razmni iskanjaga olishi ko'zda tutilgan edi. Veryovkin 1873 yil 15 fevralda Orenburgdan, Fon-Kaufman 3 mart kuni Toshkentdan yo'lga chiqadi. Xiva 28 mayda zabt etiladi.

Ana shu oraliqdagi voqealar mohir jurnalist va qiziquvchan amerikalik tomonidan maroq bilan hikoya qilinadi. Uning lavhalarida odamlarning kayfiyati, tevarak-atrof manzarasi, o'tilgan yo'llarning tarixi mayda-chuyda tafsilotlari bilan aks etgan. Yog'ingarchilik bo'lsa-da, ayozli kunlar, ba'zan havoning haddan tashqari isib ketishi, suvsizlik, cho'l sharoiti qanchalab sinovlarga duch qiladi? Yana bu oddiy sayohat emas, balki tarixiy missiya – jami xavf-xatarlar oldindan hisob-kitob qilingan va aniq maqsad qo'yilgan harbiy yurish edi. Karvon ham salmoqli. Fon-Kaufman ixtiyorida 2500 dan ko'p odam, qanchalab qurol-yarog' bor edi. Yuklar qirg'izlardan ijaraga olingan 4 mingga yaqin tuyalarga yuklangandi.

Yo'ldagi sarguzashtlar Max-Gaxanning ildam qalamida juda ohanraboli tasvirlangan. Ularda o'zbek xalqi tarixining lavhalari, turmush tarzi, insoniy qiyofasining o'tkir qirralari muhrlangan. Kitobdan ma'lum lavhalarni keltirish bilan maqsad hosil bo'lmaydi, uni boshdan-oxir batafsil o'qish kerak. Shunda jami yaxshi-yomonni ajratib olish, har bir harakatning mohiyatini tushunish mumkin bo'ladi. Jumladan, muallif bosqinchilarning askarlari juda qat'iy intizomga amal qilgani, oddiy aholi bilan o'ta muloyim, hatto yon bosib (erkalatib) muomalada bo'lganini alohida ta'kidlaydi (ya'ni “Dushmaningni paxta bilan bo'g'izla!” degandek). Chunki ommaning noroziligi yengilmas kuch ekani, aksincha, xaloyiqda boshliqlarga nafrat uyg'otish bilan ko'p narsaga erishilishi mumkinligi (“Sopini o'zidan chiqarish”) yurtlarni zabt etish taktikasida yozilgan muhim qoidalardan edi. Bu hol bosqinchilarning tarixni chuqur o'rganganligidan dalolatdir.

Shunday sharoitda mahalliy hukmdorlardan jabr ko'rganlar ularning panohiga oqib kela boshlagan, cho'lda quduqlarni ko'rsatgan, yo'lboshlovchilik qilgan (axir har doim ham Shiroqlar chiqavermaydi). Mahalliy aholi ruhiyatini chuqur o'rgangan istilochilar odamlarning mehrini qozonish usulini keyin ham ko'p qo'llaganlar…

Xiva zabt etilgandan keyin jurnalistning 1873 yil 29 maydagi qu­yidagi qaydlarini og'riqsiz o'qib bo'lmaydi: “Shunday qilib, ikki yuz yil davomida o'ziga qarshi uyushtirilgan   manfur ekspeditsiyalarning qaqshatqich zarbalari ostida Markaziy Osiyoda islomning mustahkam qal'asi Xiva quladi”.    

“Okusga harbiy yurish va Xivaning qulashi” kitobi 1874 yilda Londonda, 1875 yilda Moskvada nashr etildi. Unda voqealarga bevosita guvoh taj­ribali qalamkashning yurtimiz tarixiga doir jonli taassurotlari aks etgani shubhasiz.

Tinib-tinchimagan harbiy muxbir Mak-Gaxan harbiy harakatlar bosh­lanib ketgan Ispaniyaga yo'l oladi, u yerdagi qaynoq nuqtalardan maqolalar yozadi. Keyin Atlantika va Tinch okeanlariga uyushtirilgan ekspeditsiyalarda qatnashadi. Istanbuldagi Amerikaning bosh konsuli Yudjen Skayler taklifi bilan Rossiya-Turkiya urushi frontlariga boradi, u yerdan qaynoq reportajlar uyushtiradi. Uning yozganlari dalil va isbotlarga boyligi, aniqligi bilan xalqaro siyo­satga ham ta'sir qiladigan darajada baland mavqeda bo'lgan. Jumladan, 1878 yilda Bolgariyaning Batak qish­log'ida bo'lib, bu yerda ro'y bergan inson huquqlarini kamsituvchi harakatlar yuzasidan maqola yozadi. Shundan keyin Britaniya hukumati uning maqola va intervyularida keltirilgan dalillariga suyanib, 1877 yilgi urushda Turkiyaning harakatlarini qoralaydi. Muxbirning dalillarini Charlz Darvin, Viktor Gyugo, Juzeppe Garibalde singari yirik arboblar quvvatlab chiqadi va davlatlararo munosabatlar yuzasidan xaqaro hujjatlarga zo'ravonlikka qarshi kurashish yuzasidan zarur o'zgarishlar kiritiladi.

Yanuariy Aloiziy Mak-Gaxan 1878 yil 9 iyunda 33 yoshida Turkiyada qorin tifi kasalligi bilan vafot etadi. U greklar mozoriga dafn etiladi. Oradan besh yil o'tgach, o'sha paytda armiya bosh qo'mondoni bo'lib turgan general Filip Sheredanning sa'y-harakati tufayli AQSh prezidentining topshirig'i bilan yurtiga olib ketilib, milliy iftixor sifatida qayta dafn etiladi. O'ris tilli yozuvchi Boris Akunin (Grigoriy Shalvovich Chxirtishvili) “Turk gambiti” romanining bosh qahramoni Sheymas Maklaflinn obrazida Mak-Gaxanni prototip qilib olgan edi.

Yanuariy Aloiziy Mak-Gaxan ko'p­lab korifeylarga ega bo'lgan dunyo jurnalistikasida o'ziga xos hodisa sifatida qayd etiladi.

Hakim SATTORIY

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 + seven =