Afsonaviy qiyofalar: G'unchadek nafis, sherdek shiddatli
(Yerdan oyog'i uzilgan, ammo qo'nish joyini topa olmayotgan hurliqolar o'qimasin!)
Larisa Reysner inson tabiatida kam uchraydigan o'tkir fe'l-atvorga ega ayollardan edi. Yana buning ustiga iste'dodli edi. Yana bir fazilati bor ediki, bu hol unga nisbatan ko'pchilikning beparvo bo'lishiga yo'l qo'ymasdi. U yaralishdan juda go'zal edi. Guvohlarning qayd etishicha, unga ro'baru kelgan har qanday erkak yonidan beparvo o'tib keta olmas, beixtiyor to'xtab, angrayib qolardi. Larisaning shaxsiyatida mujassamlashgan bunday fazilat va nuqsonlar (ha, u ham bir banda sifatida nuqsonlardan xoli emasdi!) hayot yo'llarida chuqur iz qoldirdi, umrining ongli lahzalari sarguzashtlarga, keskin voqealarga boy bo'ldi. Uning nomini jurnalistika tarixida qaynoq nuqtalardan olovli reportajlar yozgan muallif sifatida eslashadi.
Larisa 1895 yil 2 mayda Polsha qirolligiga qarashli Lyublin shahrida dunyoga keladi. 10 yoshga to'lganda ularning oilasi Peterburgga ko'chib o'tadi. Otasi Mixailning kasbi yurist bo'lsa-da, nevropsixolog sifatida yaxshi mutaxassis edi, oliy o'quv yurtida dars berardi, shu bilan birga erkin ko'z qarashlari bilan atrofidagilarning diqqat-e'tiborida turardi. Uning mulohazalari o'sha paytlarda Yevropada paydo bo'la boshlagan sotsial-demokratik tafakkur tarziga hamohang edi va shu tufayli Karl Lebknext, Roza Lyuksemburg, hatto Vladimir Lenin bilan juda yaqin edi.
Albatta, o'sha yillari ijtimoiy hayotda qaror topgan konservativ qarashlarga muqobil tarzda jamiyatni isloh qilish g'oyasi bilan chiqqan fikrlar, xuddi bugun qo'l telefonlarining bozori chaqqon bo'lganidek, yoshlar va ilg'or ziyolilar o'rtasida urf bo'lgandi. Ana shunday muhitda ulg'aygan Larisa otasi dars beradigan o'quv yurtida tahsil oldi, lekin uning kelajagini soha emas, dunyoqarashi, e'tiqodi, maslagi belgiladi. Partiyaga a'zo bo'ldi, ijtimoiy harakat to'lqini kuchli bo'lgan oqimlarga intildi, oldingi pozitsiyadagi ziyolilar davrasiga qo'shildi, turli siyosiy to'garaklarning doimiy a'zosiga aylandi.
Ijodkorlik tabiatida bo'lgan qiz 18 yoshida sirli taraqqiyot olami hisoblanuvchi Atlantida haqida esse yozdi. Uning fe'li boshqalarga o'xshamaganligidan sevimli mashg'ulotlari ham, qiziqishlari-yu tanlagan mavzulari ham o'zgacha edi. Otasi bilan hamkorlikda “Rudin” degan nom bilan jurnal chiqardi. O'sha paytlarda Ivan Turgenevning qahramoni nomi yangilikka intiluvchi qatlamning umumiy shioriga aylangandi. Jurnalda she'rlar, o'tkir fel'yetonlar e'lon qilindi, V.Plexanovning murosachilik qarashlari “opportunizm” deya baholangan maqolalar berildi. Uning 8 ta soni chiqdi, tarqaldi hamda yangi bir ruh va shaxsdan xabar berdi, deyish mumkin. Baribir ijodiy izlanishlar to'xtab qolmadi. Maksim Gorkiyning “Novaya gazeta”si va boshqa davriy nashrlar bilan hamkorlik qilib turdi.
O'z iqtidori bilan mavqe qozonib, poyama-poya ulg'ayib borgan Larisa mamlakat maorif xalq komissari A. Lunacharskiyning kotibasi maqomiga ham erishdi. Ammo uning qalbida boshqa bir ishq tug'yon urardi. Gap nimadaligini tushunishda mutaxassisning sharhi yordam beradi. “She'riyatning muqaddas ruhiga sig'inib, Larisa qalbdan o'zini buyuk shoiraga aylantiradigan mo''jizaga ishonardi, — deb yozadi adabiyotshunos L. Vasilyeva. — Bu uning azaliy va sirli orzusi edi. Ammo o'z shuhrati bilan bu kenglikni fath etgan Anna Axmatova unga xalaqit qildi. Larisa soyada qolib ketishni xohlamadi. Shul sabab she'riyat qanchalar sehrli bo'lmasin, uning quchog'ini tark etdi, u asta-sekin she'riyatdan nasrga, nasrdan ocherkka o'tdi”. L. Reysnerning umumiy hayot yo'li sharhi shundan iborat, ammo bungacha, ya'ni “azaliy va sirli orzu”ni tark etib, nasrga o'tishgacha anchagina sarguzashtlar borki, o'tgan lahzalar ham behuda ketmagan, balki yorug' izlari bilan bu tarjimai holni bezagan.
O'z buyukligiga to'g'anoq bo'lgan (o'zi shunday tan olgan) Anna Axmatova bilan “hisob-kitob”ni cho'zib o'tirmadi, uning eri Nikolay Gumilyov bilan yaqinlashdi (balki buyuklik iksirini yuqtirmoqchi bo'lgandir). Yirik olim esa har qanday erkak kabi betimsol go'zallik qarshisida ojiz edi. Bu ikkovning munosabatini sokin kuzatgan ulug' shoira, azbaroyi erining fe'lini yaxshi bilganidan, yechimni aniq tasavvur qilardi. Shunday bo'lib chiqdi. Rossiyada nomi chiqqan mashhur tarixchi, etnograf yo'lni yozuvchi Nikolay Engelgardning qizi Anna bilan davom ettirib ketdi va uylanib oldi. Garchi iztirobli bo'lmasin, Larisa bunga tez ko'nikdi, axir atrofida muxlislari g'ujg'on o'ynardi-da. Qolaversa, qaynoq hayot uni o'z bag'riga olgan, u harbiy dengiz flotida maxsus xizmatga kirgandi. Harbiy vazir Lev Troskiyning o'zi uni bosh shtab komissarligi razvedka bo'limi komissari etib tasdiqlagandi.
Nima bo'lganda ham Larisa Reysner taassurotlarini qog'ozda ifodalashdan zavqlanardi. Shu yillardagi ijtimoiy kayfiyat, inqilobiy ruh uning qalamida suratlana bordi, kichik lavhalardan jonli reportajlargacha, tezkor axborotlardan ko'lamli ocherklargacha insho etib, o'sha davr qiyofasining yorqin timsoli, o'tli minbari bo'lgan gazeta-jurnallarda e'lon qilib bordi. Natijada, “Front” nomi bilan salmoqli to'plam yuzaga keldi. E'lon qilingan bitiklar ijodiy jamoatchilikni yangi bir muallifga jalb etdi. Endi o'zaro muloqotlar, davralarda tinib-tinchimas Larisa ham qatnashadigan, faqat qatnashibgina emas, zeb beradigan ham bo'lib qoldi. Shu yillardagi hayot solnomasida L.Reysnerning o'z davrida butun Rossiya jamoatchiligiga yaxshi tanish bo'lib ulgurgan A.Pasternak, A.Blok, O.Mandelshtam, M.Kolsov, V.Rojdestvenskiy singari ijodkorlar bilan yaqin munosabatda bo'lgani qayd qilingan.
U doim yo'lda, harakatda edi. Bir necha marta razvedkaga chiqib kelgani, hatto qo'lga tushib qolganda bunday nozik va latofatli ayoldan qaltis ish chiqishini kutmagan tergovchini chalg'itib, derazadan tashlab qochgani, lug'atda esa “harbiy siyosatchi” atamasi unga nisbatan ishlatilgani haqida ma'lumotlar mavjud. Nihoyat, suronli front yillari va yo'llari orqali o'tgan taqdir “olov og'ushidagi g'uncha”ni Volga flotiliyasining komandiri Fyodor Raskolnikov bilan duch qildi. Bu “dengiz burguti” ayolni butunlay inkishof etdi.
1918 yil aprelida ular turmush qurishdi. Mazkur juftlik chinakamiga har qanday kishi orzu qilishi mumkin bo'lgan turmush ekanligini zamondoshlar e'tirof etgan, qolaversa, qashshoq Rossiyada bu oila eng boy va to'kis yashaganini hamma bilardi: uy xizmatchisi, tirikchilik uchun yuqori darajadagi zeb-ziynat, moddiy to'kislik…
1921 yilda F.Raskolnikov Afg'oniston davlatiga mamlakatning ishonchli vakili (elchisi) etib tayinlanadi. Ularning xizmat manziliga yo'l O'rta Osiyo orqali o'tardi va qo'lida qalamini mahkam tutgan Larisa taassurotlarini muntazam qog'ozga tushirib borardi. Yo'l esdaliklari va kechinmalari keyinchalik yaratilgan va tezda nashr etilgan “Afg'oniston” kitobida aks etdi. Muallif tanishlaridan biriga shunday deb yozgandi: “Poygada ortda qolayotgan bedovdek to'liqib ishlayapman. Tezroq o'z Afg'onistonimni muqovaga tiqsam, deyman”.
Shubhasiz, Afg'onistonga yo'l hozirgi O'zbekiston hududlaridan o'tardi. Uning xotiralarida bu o'lka taassurotlari xuddi “Ming bir kecha” ertaklaridek aks etgan. Larisa Toshkent va Samarqand bozorlarini qalamga oladi, to'kinchilik, dehqonlarning saxovati, odamlarning samimiyligidan hayratlanadi.
Hayoti o'rmonlar qurshovida o'tgan jurnalist tuproq yo'llardan yurib, chang bosgan manzillardan o'tar ekan, bu ziddiyatli manzaralar uning tasavvurida isyon qo'zg'aydi va qog'ozga g'ayritabiiy tasvirlar to'kiladi. Uning o'sha asaridagi “Turkiston” degan bo'limi shunday boshlanadi: “Ko'z ilg'amas tubsiz osmon va sip-silliq yer o'rtasida yo'q bo'lib ketadigan sarob. Jonsiz dalalar, loqayd ko'llar, mangu qor bilan qoplangan qirlar va yuzlab verstga cho'zilgan muzlagan sukunat uzra oyning oppoq nurlari. Temur otlarining tuyoqlari ostida majaqlangan, issiqda kuygan, qahratonda muzlagan yo'llar; aslo ko'z yummaydigan va tush ham ko'rmaydigan taqirlar: ular harakatsiz cho'zilgan.
Anglab bo'lmaydi; Geynening qaynoq ko'z yoshlari po'rsildoq qora yerga singib ketadi. Hatto Yelezaveta Petrovnaning dabdabali ulug'vorligi, uning saltanati haqidagi suyuq va behayo latifalar, hatto Bestujevning sovuqqonligi, Razumovskiyning mardona bag'rikengligi, hatto Shuvalovning jimjimalari-yu Lomonosovning qasidalari ham oy nuri va bulutlar saltanatidan toshga aylangan bo'shliqlar bag'rida o'z tarovatini yo'qotadi.
Bu marhumlar saltanatida tarix yashashi mumkin emas. Quyosh nurlari jimirlab yotgan bir parcha sho'rxok tuproqli yer bo'lagida hammasi nisbiy”.
Bu ta'rif va tasvirlar na qadar nisbiyligi muallifning qarashlari bilan izohlansa, ularda o'sha paytdagi hukmron mafkuraning bir yoqlama munosabatini ham sezish qiyin emas. Ana shunday dunyoqarash egasi hatto Afg'oniston amiri Omonulloxonning saroyigacha kirib borish vakolatiga ega edi. Uning saroy va hukmdor oilasi bilan yaqinligi ko'p ta'kidlangan, hatto Yevropa andazalariga intilgan qirolning bu jozibali ayol bilan bir necha marta stol tennisida mahoratini ko'rikdan o'tkazganligi ham qayd etilgan. Ma'lumki, Larisa Reysnerning eri Fyodor Raskolnikov katta bir mamlakatning ishonchli vakili edi, “imperialistlar qurshovida ezilayotgan” Afg'oniston esa uning davlati ko'magiga ko'z tikardi. Bu yaqinlikda ana shunday omillar ham ish bajarardi.
Nima bo'lganda ham Larisa “ishonchli elchi”dan zerikdi, barcha yolvorishlar behuda ketdi va ular ajrashdilar. U Rossiyaga qaytdi, 1923 yilda chex jurnalisti va inqilobchisi Karl Radek bilan tanishdi. Ular “Krasnaya zvezda” va “Izvestiya” gazetalarining muxbiri sifatida Germaniyaga yo'l oldilar. Shu yillarda Rur havzasidagi ishchilar qo'zg'oloni, Gamburg isyoni va boshqa “dunyoni larzaga soladigan” mavzularda hozirjavob reportajlar yozdi. Germaniyadan qaytib, Donga yo'l oldi, og'ir sanoatning muhim maskanlaridan ocherklar yozdi.
Keyingi yillarda Larisa Reysnerning ijodi davomida yaratgan kitoblari yorug'lik yuzini ko'rdi. Uning hayotiy ideallariga dekabristlar faoliyati hamohanglik baxsh etgan, yorug' iz qoldirgandi. “Dekabristlar surati” asari ana shu munosabatning ifodasi edi. L.Reysnerning “Ko'mir, temir va tirik odamlar” kitobida o'sha yillar manzarasi butun ziddiyati va ixtiloflari bilan aks etgan.
Uni yaqindan bilganlar bisotlaridagi eng yoqimli so'zlar bilan iltifot qilardilar. Larisani kimdir “Olimp ilohasi” desa, boshqasi “Yaroqlangan Diana” deb atardi. Uning jismida g'uncha nafosati-yu zambarak hayqirig'i qorishib ketgandi. Goh Palladaga, ba'zan Jannaga, yana inqilob Valkiriyasiga qiyoslashardi. Baribir barcha ta'riflar kam bo'lib tuyulaverar, u o'z borligicha namoyon bo'laverar, muhiblarining e'tiroflarida maftun qalblarning ardoqli hamrozi sifatida qolaverardi.
1926 yilning boshida Larisa qorin tifiga chalinadi. Kreml kasalxonasidagi barcha muolajalar behuda ketadi. U 9 fevral kuni vafot etadi. Uning yorug' olamni tark etishi shunchalik kutilmagan fojia ediki, so'nggi nafasida boshi ustida turgan onasi ham dunyoda yashashni istamaydi, o'z joniga qasd qiladi. Umuman, bu go'zal va betimsol, o'z vaqtida guldek nozik va o'q otar quroldek dahshatli ayolning vafoti yaqinlarini og'ir iztirobga soladi. “Larisaga, inson qavmining buyuk, nodir, sara namunasiga o'lish nima uchun kerak bo'lib qoldi?” deb yozgan ekan mashhur jurnalist Mixail Kolsov.
Rus ijodkorlari ham bu takrorlanmas ayol timsolini unuta olmadilar, o'z ijodlari davomida uning yorqin xotirasiga qayta-qayta murojaat qildilar. V.Vishnevskiy “Optimistik tragediya” asarini (ekranlashtirilgan ham) unga bag'ishladi. Pasternak “Doktor Jivago” asarining bosh qahramonini uning ismi bilan atadi. U xotiralarda ko'p bora tilga olindi, she'rlar yozildi. Latviya flotidagi bir kema ham uning nomi bilan ataladi. Qalam tutgan ko'plab ijodkorlar esa Larisa Reysnerning hayot yo'lini bir dars sifatida o'rganadilar, ijodiy maktabidan bahramand bo'ladilar. U ko'plarning e'tiborini tortgan va nazariga tushgan ijodkorlardan edi.
Hakim SATTORIY