O'tmishdagi xalq qabulxonasi
Xiva xonligi davrida hukmdor va boshqa davlat amaldorlarining joylarda bo'lib turgan vaziyat haqidagi xabardorligi va muammolar yechimi bilan bog'liq holatlarni o'rganishi uchun Ichan qal'adagi Ko'hna Arkda arznoma qabulxonasi tashkil etilgan. “Xonga arz” tarzida kelgan har bir fuqaro hech qanday to'sqinlik va qarshiliksiz o'z arzu-dodi, qandaydir muammosi bo'yicha bevosita hukmdorga murojaat qila olgan.
Ushbu qabul jarayoni bilan bog'liq kuzatuvlar, aynan Xivada bo'lgan Rossiya elchisi G. Danilevskiy, vengriyalik sayyoh H. Vamberi, eronlik elchilardan Rizoqulixon Hidoyat, Muhammad Alixon G'ofurlarning, shuningdek, 1854-1864 yillarda Xivada asirlikda saqlangan Eron generali Ismoil Mirpanjiyning xotiralarida yozilgan. Ushbu shaxslar o'zlari xon qabulida bo'lish bilan birga, Xivada bo'lgan vaqtlarida Ko'hna Arkga kelgan xonlik fuqarolarining hukmdor huzuriga kirish jarayoniga bevosita guvoh bo'lishgan. Jumladan, Ismoil Mirpanjiyning xotiralarida shunday ma'lumot bor: “…Xon kelganlarni qabul qilish uchun devonxonada o'tiradi. Salomga kiruvchi shaxslar muayyan aniq kishilar emas. Balki kim xohlasa, o'sha odam bemalol uning oldiga kira oladi. Har kimning xonga arzi bo'lsa muayyan paytda, hech qarshiliksiz uning huzuriga kira oladi. Xonga taalluqli har nima bo'lsa, uning o'zi chuqur tekshirib ko'rib hukm qiladi. Agar shariat bilan bog'liq ish bo'lsa, qoziga murojaat etadi. Mahallalardagi mayda-chuyda ishlarni esa zikr etilgan kichkina mullalar hal etadi. Xon devonidan chiqadigan hukm va farmonlar qisqa, lo'nda va aniq bo'ladi”.
Bundan tashqari, 20 ta beklik va 2 ta noiblikdagi hukmdorning rasmiy vakillari — hokim va noiblar ham har haftada bir kunni fuqarolar qabuli uchun ajratgan. Shuningdek, joylardagi qozilar va rais deya atalgan lavozim egalari, qishloq oqsoqollari ham o'zlariga ajratilgan binolarda fuqarolarni qabul qilishgan va xalq bilan muloqot eng quyi lavozim egasidan yuqoridagi hukmdor — Xiva xonigacha doimiy olib borilgan.
Bugungi kunda Ichan qal'adagi Ko'hna Ark, ya'ni xon qabulxonasidan tashqari yana bir tumandagi arzxona, hokimning rasmiy qabulxonasi ham saqlanib qolgan.
Jinoyat ishlari bo'yicha sudining bog' tomonida, 1900-1903 yillarga oid hokim va qozi qabulxonasi binosi saqlanib qolgan. Afsuski, ushbu bino hozirgacha madaniy meros obidalari ro'yxatida yo'q. Biroq ikki qavatli, milliy uslubda qurilgan ushbu bino yaxshi holatda saqlanib qolgan. Ikkinchi qavati Xorazmga xos chertakli, milliy o'ymakorlik uslubidagi yog'ochlar, ustun bilan jilo berilgan, pishgan g'ishtlardan tiklangan bino har qanday sayyohning ko'z o'ngida XX asr boshidagi hokimning fuqarolar bilan muloqoti — xon qabulxonasi qanday bo'lganligini ko'z o'ngida namoyon qiladi.
Ushbu bino yaxshi holatda saqlangani va tarixiy obida ekanligini inobatga olib, uni Xonqa tumanidagi Hojixon Boltayev yoki Alisher Navoiy muzeyiga aylantirish mumkin. Qolaversa, bino Xonqa tumanining markaziy ko'chasida joylashgan. Shuningdek, jinoyat ishlari bo'yicha sud binosi bilan oraliqdagi tadbirkor do'koni orasidagi paxsa devor olinib, hokim qabulxonasiga kirish yo'lagi ochilsa, ko'chadan kirib boruvchi sayyohlar uchun ham qulaydir. Muzeyga XX asr boshidagi Xonqa hokimi va arzga kelgan fuqaroning tasviri o'rnatilsa, har ikki qavatdagi bino xonalarida Xonqaga oid eksponatlar, qabulxonalar bilan bog'liq tasviriy san'at asarlari, umuman tarixiy buyumlar qo'yilsa tarixiy binodan unumli foydalanilgan bo'lardi.
Umid BEKMUHAMMAD,
Xorazm Ma'mun akademiyasi
tayanch doktoranti