XORIJDAGI VATANDOShLAR: Yangi yil yurtimizga yanada farovonlik yili bo'lib kelsin!

Shu kunlarda dunyoning turli burchaklarida bo'lgan vatandoshlarimiz O'zbekiston xalqiga kirib kelayotgan Yangi yil bayrami munosabati bilan o'zlarining dil qutlovlarini yo'llamoqda. Vatandan olisda bo'lgan yurtdoshlarimiz o'z tabriklarida ahillik va hamjihatlikni namoyon etib, yurtimizga hamda xalqimizga samimiy mehr va sadoqatlarini izhor etmoqda.

 

Buyuk Britaniyada yashayotgan faol vatandoshimiz

Zamira ORTIQOVA:

— Barchangizni yaqinlashib kelayotgan 2024 yil bilan xorijdagi, xususan, Britaniyadagi vatandoshlar nomidan chin dildan muborakbod etaman.

Hammamizning niyatimiz, tilagimiz bitta: u ham bo'lsa yurtimizda yashayotgan har bir oila, har bir inson barcha ezgu murod-maqsadiga yetsin. Jonajon O'zbekistonimiz hamisha gullab yashnasin, yurtimiz tinch bo'lsin.

Kirib kelayotgan  yangi 2024 yil ona diyorimizga fayzu baraka, yangi yutuq va zafarlar olib kelsin.

 

Malayziyadagi vatandoshimiz, kinoaktyor,

Daler HAMROQULOV:

— Men Malayziyada 10 yildan buyon yashayman. Hozirgi vaqtda aktyor sifatida mehnat qilaman.

Ko'plab  vatandoshlarimiz  qatori mamlakatimiz diplomatik  vakolatxonasi tomonidan  o'tkazilgan Yangi yil kechasida ishtirok etdim.

Fursatdan foydalanib, O'zbekis­ton xalqi va Malayziyadagi vatandoshlarni kirib kelayotgan Yangi yil bilan tabriklayman. Kelayotgan yangi 2024 yil barchaga baxt, omad va muvaffaqiyatlar olib kelsin!

  

Fransiyaning “ESAM Paris business school” magistranti

Humoyun BOBOYEV:

— Aziz yurtdoshlarimizni Fransiyadagi O'zbekiston yoshlari nomidan  kelayotgan yangi 2024 yil bilan chin yurakdan muborakbod etaman.

2023 yil Fransiyadagi o'zbekis­tonlik yoshlar uchun ham sermahsul yil bo'ldi. Jumladan, bahor faslida “O‘zbekistonlik. Generating Ideas” xalqaro forumi, yozda esa O'zbekiston Prezidenti sovrini uchun kurash musobaqasi va boshqa bir qator madaniy-ma'rifiy tadbirlar o'tkazildi.

O'ylaymanki, 2024 yil ham yangi loyihalar va yangi rejalarga boy bo'ladi.

Yangi yil yurtimizga sermahsullik va farovonlik yili bo'lib kelsin. Barcha sohalarda barqaror rivojlanish, yangi yutuq va muvaffaqiyatlarni qo'lga kiritish nasib etsin!

 

Pekin xorijiy tillar universiteti talabasi

Usmonxon MASUDXON:

— So'nggi yillarda mamlakatimiz salmoqli yutuqlarga erishdi. Ko'pgina sohalar qatori ta'lim yo'nalishiga ham katta e'tibor qaratilmoqda. Biz kabi yoshlarga  taqdim etilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalangan holda xorijning nufuzli oliy ta'lim dargohlarida o'qib, ilm o'rganayapmiz.

Men hozirgi kunda Xitoyda ta'lim olayapman. Maqsadim — Xitoyning ta'lim sohasidagi tajribasini mukammal o'rganib, mamlakatimizda ushbu sohani yanada rivojlantirishga hissa qo'shishdan  iborat.

 

 

 

Novosibirsk davlat universiteti magistranti,

Shohrux MADRIMOV:

— Barcha vatandoshlarimizni Novosibirsk shahrida ta'lim olayotgan o'zbek talaba-yoshlari nomidan kirib kelayotgan 2024 yil bilan muborakbod etaman.

Yakunlanib borayotgan 2023 yil – “Insonga e'tibor va sifatli ta'lim yili” biz yoshlarning hayotimizda yorqin iz qoldirmoqda. Yil davomida biz yoshlarga berilgan e'tibor, ayniqsa, ta'lim olishimiz uchun yaratib berilgan imkoniyatlar natijasida katta yutuqlarga erishdik.

Insonga va sifatli ta'limga berilayotgan e'tibor natijasida biz yoshlar mamlakatimizning xalqaro nufuzini yuksaltirishga o'z hissamizni qo'shayapmiz.

Fursatdan foydalanib, xorijda ta'lim olayotgan tengdoshlarimni, vatandosh­larimizni, shuningdek, O'zbekistonda bizni doimiy qo'llab-quvvatlab kelayotgan fidoyi insonlarni Yangi yil bilan tabriklab, ularning barchasiga tinchlik va ravnaq tilayman.

Yangi kirib kelayotgan 2024 yil barchaga baxt va quvonch olib kelsin, yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo'lsin!

“Dunyo” AA.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen − 15 =