Publitsistik-tahliliy maqolalar tanlovi g'oliblari aniqlandi

“Bir makon — bir yo'l” tashabbusi O'zbekiston iqtisodiyotida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois 2023 yilning oktyabr oyida “Farg'ona haqiqati” — “Ferganskaya pravda” gazetalari tahririyati tomonidan “Bir makon — bir yo'l”ni qurish, insoniyatning yagona taqdiri hamjamiyatini barpo etish: O'zbekistondan nazar” mavzusidagi publitsistik-tahliliy maqolalar tanlovi e'lon qilingan edi. Joriy yilning 6 fevral kuni ushbu tanlov g'oliblarini tantanali taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi. Tadbirda jamoat arboblari, yozuvchi va shoirlar, OAV vakillari hamda O'zbekiston — Xitoy munosabatlariga befarq bo'lmagan hamyurtlarimiz ishtirok etdi.
Tadbirda Xitoy va O'zbekiston o'rtasidagi diplomatik aloqalar qariyb 25 yildan buyon o'zaro do'stlik va hamjihatlik ruhida samarali davom etib kelayotgani, ayniqsa, so'nggi yillarda ikki davlat o'rtasida hamkorlik aloqalari rivojlanib, iqtisodiy sohada yuqori faollik kuzatilayotgani e'tirof etildi. Shuningdek, Xitoy O'zbekistonning ikkinchi yirik savdo sherigi va eng yirik sarmoya manbai hisoblanishi, bu mamlakat “Bir makon — bir yo'l” loyihasini rivojlantirishda O'zbekistonni asosiy hamkor deb bilishi va infratuzilma, transport hamda kommunikatsiyalarga katta sarmoya kiritgani, ushbu loyiha doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar va iqtisodiyotdagi ijobiy o'zgarishlar borasida ham so'z bordi.
Shundan so'ng tanlov g'oliblari e'lon qilindi.
Unga ko'ra:
O'zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Oqil Umrzaqovich Salimov bosh mukofot sohibiga aylandi.
“Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev hamda “Mening yurtim” telekanali 1-o'ringa munosib deb topildi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi bosh ilmiy xodimi, iqtisod fanlari doktori Odiljon Olimjonov, O'zbekiston Fanlar akademiyasi a'zosi, iqtisod fanlari doktori Nurislom To'xliyev hamda O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Yoshlar” telekanali 2-o'ringa loyiq ko'rildi.
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist, Oliy Majlis Senati a'zosi Farmon Toshev, Farg'ona davlat universiteti rektori Bahodir Shermuhammadov, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Umid Jabborov, “Zamon.uz” internet nashri bosh muharriri Sevara Alijonova hamda Qirg'iziston Respublikasi Axborot agentligi direktori Azamat Kasimov 3-o'rin egalari bo'ldi.
O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti professori Nazira Toshpo'latova, jurnalist Abduaziz Xidirov, shuningdek, “Xalq so'zi” — “Narodnoe slovo” gazetalari bosh muharriri o'rinbosari Ruslan Kenjayev, “Kun.uz” internet sayti tahlilchisi Kamoliddin Rabbimov rag'batlantiruvchi diplomlarni qo'lga kiritdi.
Tadbirda tanlov g'oliblariga diplom hamda sovg'alar topshirildi.
Dilafro'z G'OFUROVA.