O'zbekiston 2024 yildagi yettita eng yaxshi sayohat yo'nalishlari ro'yxatiga kiritildi

Hindistonning ixtisoslashgan “Travel Links” jurnali O'zbekistonni 2024 yildagi yettita eng yaxshi sayohat yo'nalishlari ro'yxatiga kiritdi.
“Osiyoning sirli marvaridlarini kashf qiling. Yaqin Sharq va undan tashqaridagi 7 ta eng yaxshi yo'nalish” sarlavhali maqola muallifi mazkur nashr 2024 yilda sayohat qilish uchun yettita yashirin marvaridni tavsiya qilayotgani haqida so'z yuritgan. Ushbu yo'nalishlar sayyohlarni maftun etib, hayratda qoldirishi, madaniyatlar, an'analar va tabiat kengliklari go'zalligiga sho'ng'ib ketish uchun imkoniyat berishi ta'kidlangan. “Biz tanlagan marvaridlar Yaqin Sharq bozorlarining gavjum ko'chalaridan tortib, Uzoq Sharqning sokin vohalarigacha bo'lgan hududlarni qamrab oladi, sayohat qilish tajribangizni qayta anglashga undaydi”, deyiladi maqolada.
Maqolaning mamlakatimiz sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan bo'limi “O'zbekiston: Ipak yo'li mo''jizalari va me'moriy ulug'vorlik” deb nomlangan.
“Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan O'zbekiston afsonaviy Ipak yo'li bo'ylab gullab-yashnagan boy tarix va madaniy uyg'unlikning jonli dalilidir, – deb ta'kidlangan “Travel Links” jurnalida. – O'zbek me'morchiligining ulug'vorligini ifodalovchi maftunkor Samarqand shahridagi Registon maydonida mahobatli madrasalar majmuasi joylashgan”.
Muallif qadimiy shaharning dunyoga mashhur diqqatga sazovor joylaridan tashqari uning hali kam o'rganilgan manzillari bo'ylab sayohat qilishni taklif qiladi. Bu esa tarixiy voqealar chorrahasi bo'lgan shaharning qadri kamaymaydigan madaniy-ma'rifiy ahamiyatini aks ettiruvchi sirli xazinalarni kashf etishga ko'mak beradi.
“Sayohatchilar Buxoroning qadimiy ko'chalarida kezib, uzoq o'tmishga, qadimiy davrlarga sho'ng'ishi, O'zbekistonning serqirra va afsonaviy tarixiy jarayonlarda shakllangan yorqin madaniy o'ziga xosligini kashf etishi mumkin”, deb qayd etgan hind jurnalisti.
Uning fikricha, sayyoh ko'z o'ngida Buxoroning qadimiy ulug'vorligi gavjum bozorlar ichra kezganda yoki shaharning muborak madrasa va masjidlarini ziyorat qilganda to'la gavdalanadi. Tarixning ushbu jonli guvohlari Markaziy Osiyoning marvarid shahri haqida chuqurroq tasavvur shakllantiradi.
“Qadimiy Xivaga tashrif buyurib, O'zbekistonning boy va betakror merosini ifodalab turgan mo''jizalarni taqdim etuvchi ochiq osmon ostidagi jonli muzeyni kashf etasiz”, deb urg'ulaydi muallif.
Maqolada Xiva shahridagi qadimiy inshootlarning go'zalligi, asrlar sinovidan o'tgan bardavom bunyodkorlik an'analari ochib berilgan. Jurnal me'moriy yodgorliklarning sehrli tashqi ko'rinishlaridan tashqari, Xiva devorlariga singib ketgan tarixiy rivoyatlarga ham chuqur kirib borish zarurligini ta'kidlagan. Bunday munosabat qadimiy va go'zal shahar saqlab kelayotgan boy madaniy dunyoni kashf qilishga yordam beradi.
“Dunyo” AA,
Dehli shahri.