Dunyoni sehrlayotgan Lazgi
Shu yilning 25-30 aprel kunlari Xiva shahrida “Lazgi” II xalqaro raqs festivali bo'lib o'tishi rejalashtirilmoqda.
Xorazm lazgisiga berilgan ta'riflarning adog'i yo'q. Xorazm asrlar mobaynida insoniyatning ma'naviy va moddiy madaniyati rivojiga salmoqli hissa qo'shib kelgan yurt. Xalqimizning badiiy dahosi bilan yaratilgan lazgidek go'zal san'at mo''jizasining paydo bo'lishi ham uch ming yillarga borib taqaladi. U haqda turli afsona va rivoyatlar mavjudligi bejiz emas.
Demak, 25-30 aprel kunlari Xorazm yana bir bor mazkur festivalga mezbonlik qiladi. Unda dunyoning turli mamlakatlari va yurtimizning barcha hududlaridan madaniyat va san'at sohasi vakillari tashrif buyurishi kutilmoqda.
Shu munosabat bilan kuni kecha Madaniyat vazirligida mazkur nufuzli tadbirni tashkil etish va o'tkazish yuzasidan olib borilayotgan ishlar haqida jamoatchilikka axborot berish niyatida matbuot anjumani bo'lib o'tdi.
— Qayd etish kerakki, YuNESKO shafeligida o'tkazilayotgan “Lazgi” II xalqaro raqs festivalida bugunga qadar 18 ta davlatdan (Fransiya, Tojikiston, Turkmaniston, Qozog'iston, Belarus, Rossiya, Turkiya, Qirg'iziston, Serbiya, Braziliya, Pokiston, Italiya, Koreya, Indoneziya, Misr, Hindiston, Ozarbayjon, Eron) 20 ta raqs guruhlari ishtirok etish istagini bildirgan. Misr, Qozog'iston, Turkmaniston, Qirg'iziston, Tojikiston madaniyat vaziri hamda AYSESKO bosh direktori festivalda Faxriy mehmon sifatida ishtirok etishi kutilmoqda, – dedi Madaniyat vaziri o'rinbosari Murodjon Majidov.
Ayni vaqtga qadar 5 ta (Germaniya, Koreya, O'zbekiston, AQSh, Qozog'iston) davlatdan hakamlikka nomzodlik uchun ariza kelib tushgani, “Lazgi” xalqaro raqs festivali doirasida tashkil etiladigan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etish uchun 50 ga yaqin mahalliy olimlar, 25 dan ortiq xorijiy olim va soha vakillari, xususan, Hindiston; XXR (oflayn); AQSh (oflayn); Rossiya (oflayn); Turkiya (oflayn); Misr (oflayn); Qozog'iston va boshqa davlat vakillaridan murojaatlar bo'lgani ma'lum qilindi.
Shuningdek, “Lazgi” xalqaro raqs festivalini xorijiy OAVlarida keng yoritish maqsadida O'zbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan o'tgan chet el jurnalistlarini mazkur tadbirga jalb etish maqsadida vazirlik tomonidan Tashqi ishlar vazirligiga so'rov yuborilgan. Ma'lum bo'lishicha, hozirga qadar Buyuk Britaniya, Ozarbayjon, Rossiya, Qozog'iston, Tojikiston, Koreya Respublikasi OAV vakillarining festivalda ishtirok etishi to'g'risida so'rovlar kelib tushgan.
Hozirda festivalga tayyorgarlik ko'rish va uni yuqori saviyada o'tkazish bo'yicha bosh rejissyor O.Abdullayev boshchiligidagi rejissyorlar guruhi tomonidan amaliy ishlar allaqachon boshlab yuborilgan.
Musiqiy ketma-ketliklar O'zbekiston xalq artisti Abduhoshim Ismoilov, bastakor Afzal Husanov va boshqa taniqli kompozitor hamda bastakorlar tomonidan ishlab chiqilmoqda.
Festivalning ochilish marosimi joriy yil 25 aprel kuni tantanali ravishda tashkil etilishi va taniqli san'atkorlar ishtiroki rejalashtirilmoqda.
Ma'lumot uchun: 2022 yili Xiva shahrida bo'lib o'tgan “Lazgi” xalqaro raqs festivalida dunyoning 30 davlatidan 175 dan ziyod iste'dodli raqqosalar, professional raqs jamoalari, raqs san'ati ustalari, musiqashunos va san'atshunos olimlar, taniqli san'atkorlar, yetuk mutaxassislar, faxriy mehmonlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan.
O'z muxbirimiz.