“Ayollar media klubi” tashkil etildi
Yaqinda 3 may — Jahon matbuot erkinligi kuni munosabati bilan O'zbekiston Milliy media birlashmasi tomonidan “Milliy media mahsulot yaratishda ayollar siymosi” mavzusidagi xalqaro konferensiya o'tkazildi.
“Birlashish nuqtasi — Milliy media mahsulot” media anjumani doirasidagi konferensiyada O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati, Vazirlar Mahkamasi, Oila va xotin-qizlar qo'mitasi, Vazirlik va idora vakillari, Xalqaro va mahalliy ekspertlar hamda Birlashmaga a'zo nodavlat teleradiokanallarning o'z o'rni va so'ziga ega ayol xodimlari bir maqsad, bir g'oya ostida, bir nuqtada birlashdilar.
Tadbirni O'zbekiston Milliy media birlashmasi Boshqaruvi raisi, professor Sherzodxon Qudratxo'ja ochdi hamda anjuman ishtirokchilarini Jahon matbuot erkinligi kuni munosabati bilan tabriklab, milliy media mahsulotlarini yaratishda nodavlat teleradiokanallarning ishtirokiga e'tibor qaratish kerak bo'lgan jihatlar bo'yicha nutq so'zladi. Nutq davomida Sh.Qudratxo'ja konferensiya doirasida “Ayollar media klubi”ni tuzish taklifini ilgari surdi. Bu taklif konferensiyaga tashrif buyurgan mehmonlar tomonidan bir ovozdan ma'qullandi va shu asnosida tashkil etilgan media klub majlisini har yili kamida bir marotaba o'tkazib turish, mamlakatimizning gender tenglik sohasidagi siyosatiga hamohang ish bo'lishini ta'kidlab o'tdi.
Aytib o'tilganidek, Klubning asosiy vazifasi milliy media mahsulotlarda ayollar siymosini yaratish yuzasidan nodavlat teleradiokanallar uchun takliflar ishlab chiqish hisoblanadi. Bu orqali Klub mamlakatimizning gender tenglik sohasidagi siyosatiga munosib xissa qo'shishiga umid bildirildi.
Anjumanda Ayollar media klubi raisi etib Maktabgacha ta'lim agentligi axborot xizmati rahbari etib Mavluda Asqarxo'jayeva, Klub kotibi etib O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti prorektori – Nozima Muratova tayinlandi.
Shundan so'ng, Xalqaro konferensiyada so'zga chiqqan Oila va xotin-qizlar qo'mitasi raisi – Ozoda Parpiboyeva, BMT Ayollar tashkilotining O'zbekistondagi rahbari – Djeren Gyuven Gyures, O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti prorektori – Nozima Muratova, BMTning Aholishunoslik jamg'armasi eksperti – Dilora G'aniyeva, Xalqaro tashkilotlarning kommunikatsiyalar bo'yicha mutaxassisi – Zilola Abduqahharova, O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti o'qituvchisi – Gulnoza Karimova va boshqalar tomonidan OAVda milliy kontentlarni yaratishda xotin-qizlar faoliyatiga alohida urg'u berish hamda OAVda ayollarning turli ko'rinishdagi – kamsitilish, ko'pxotinlik, zo'ravonlik muammolari kabi holatlarning bilib-bilmay yoritilishi “targ'iboti”ga chek qo'yish bo'yicha fikr almashishdi.
Media sohasida ayollar obrazini talqin qilish bo'yicha taklif-tavsiyalar berilib, teleradiokanallar va ijtimoiy tarmoqlarda kundan-kunga ijodkor xotin-qizlarning faolligi yaqqol ko'zga tashlanayotgani va hamda gender tenglikni ta'minlash borasida olib borilayotgan islohotlar e'tirof etildi.
Anjumandan so'ng, Oila va xotin-qizlar qo'mitasi, Konrad Adenauerning Markaziy Osiyo bo'yicha jamg'armasi, “Marjon” reklama agentligi bilan O'zbekiston Milliy Media birlashmasi o'rtasida yangiliklar va axborot sohasida almashinuvni va hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida o'zaro anglashuv memorandumlari imzolandi.
Islom ASILBEKOV,
“Hurriyat” muxbiri.