Ey, turkiy elim, o'zligingga qayt, o'zingni angla, yanada yuksalgaysan!

Joriy yilning 5-6 dekabr kunlari Toshkentda “Turkiy xalqlar tarixida Turkistonning o'rni” mavzuida xalqaro konferensiya bo'lib o'tdi

Turkiy xalqlarning barchasi bir millat, bir oilaga mansubdir. Shu bois ularning tili, madaniyati, urf-odatlari bir-biriga juda yaqin. O'zaro muloqotda tarjimonga ehtiyoj sezilmaydi. Mahmud Koshg'ariy turkiy xalqlarning ilk o'rta asr madaniyati arboblaridan edi. Tilshunoslik, xususan, turkiy tillarni o'rganish sohasida mashhur bo'ldi va tarixda o'chmas iz qoldirdi. Uning “Devonu lug'atit turk” asarini turkiy xalqlar hayoti haqidagi qomusiy asar deb atash mumkin. Mazkur asar turkiy xalqlarning bir oila vakili ekanini har dam va har vaqt eslatib turadi.

O'tayotgan haftada Toshkent mezbonlik qilgan navbatdagi xalqaro konferensiyadan ko'zlangan asosiy maqsad ham turkiy xalqlarning ming yillar avval shakllangan tarixini yanada chuqurroq o'rganish, siyo­siy, iqtisodiy, madaniy, geografik o'tmishini talqin qilish, milliy-madaniy o'zligiga tayanib mushtarak tarixini, birlik va qardoshlik g'oyasiga xizmat qiladigan manbalarni yaratish va kelajak avlod uchun yetkazib berishdan iborat bo'ldi.

Uning hamkorlari Turkiy davlatlar tashkiloti,  O'zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti va Turkiy davlatlar geografik kengashi.

Konferensiyada vatandoshlarimizdan tashqari, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog'is­ton, Qirg'iziston va boshqa davlatlardan tashrif buyurgan olimlar, oliy ta'lim muassasalari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va ekspert hamjamiyatlarining vakillari o'z ma'ruzalari bilan ishtirok etishdi.

Tadbirning ochilish qismida Turkiy davlatlar geografik kengashi bosh kotibi Oybek Norinboyev, O'zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo'ja, Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi o'rinbosari Mirvohid Azimov, Istanbul Ticaret Universiteti rektori Abdulhamid Avshar, O'zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori Azamat Ziyo, Toshkent davlat Iqtisodiyot universiteti rektori Kongratboy Sharipov, Toshkent Moliya instituti rektori To'lqin Teshabayevlar ishtirok etishdi.

Nufuzli anjuman “Turkistonda siyosat va boshqaruv, Turkiy davlatchilik an'analarining asoslari”, “Turkistonda ilm-fan va madaniyat yoxud O'rta asr klassik Islom madaniyati timsolida Movarounnahr”, “Turkistonning me'moriy obidalari va san'ati”, “Turkistonning Turkiy va mintaqa xalqlari hayotidagi o'rni va ahamiyati”, “Turkiston va Turkiy dunyo” kabi yo'nalishlarda o'z faoliyatini olib bordi.

Shuningdek, turkiy davlatlar tashkilotiga a'zo davlatlarning tilida o'tkazilgan mazkur xalqaro konferensiyaning chuqur ilmiy izlanishlar uchun zamin yaratgani ta'kidlandi.

Konferensiyaning ikkinchi kuni Tur­kiyaning Istanbul Ticaret Universiteti Inson va jamiyat fakulteti Ta'lim bilimlari kafedrasi o'qituvchisi, filologiya fanlari doktori Z.Kamalovaning “Turkiston va Turkiston kimlig'i nuqtai nazaridan tarix va talqin” va O'zbekiston Milliy universiteti Kartografiya kafedrasi tayanch doktoranti S.Uvrayimovning “Islom madaniy meros ob'yektlarining interaktiv veb xaritalarini yaratish masalalari” (O'zbekiston misolida) kabi mavzulardagi ma'ruzalar bilan davom etdi.

Sayid YuSUF,

Xalqaro Turkiy Madaniyat Tashkiloti “Turksoy” bosh kotibi o'rinbosari, professor:

– Turkiy xalqlar tarixidan Turkis­ton yulib olinsa, unda qiymatga ega bosh­­qa hech narsa qolmaydi. Hatto, dunyo madaniyati tarixidan Turkistonni chiqarsak, undan ham hech narsa qolmaydi. Men Hindistonni, Pokistonni kezdim, Afrikaning markazidan Sudanga qadar bordim. U yerlarda o'z tilini unutgan millionlab turkiylar bilan ko'rishdim. Hindistondagi turkiylar 50 milliondan kam emas va ular menga shunday dedi: “Biz turkiymiz va turkiy tilni o'rganishni istaymiz. Bizning turkiy maktablarimiz, turkiy kollejlarimiz bor”. Dunyoning to'rt tarafidagi turklarga, qardoshlarimizga madaniyatimizni yetkazish juda muhim.

Sherzodxon QUDRATXO'JA,

O'zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori:

– Bilga Xoqonning so'zlari biz uchun juda muhim: “Ey, turkiy elim, o'zligingga qayt, O'zingni angla, yanada yuksalgaysan!”. Ushbu da'vatli so'zlar zamirida ancha ma'no bor. Chunki turkiylar o'zligini ang­lashi, tarixini bilishi – katta muvaffaqiyatlarning boshlanishi bo'la oladi. Bugun dunyoning turklari birlashyapti. Bizda Zahiriddin Muhammad Bobur, Alisher Navoiy davrlaridan keyin Buyuk ipak yo'li yo'q bo'lib, suv yo'llariga aylandi. O'rtada temuriylar davlatining parchalanishi, ahillikning yo'qolishi bizni ojiz qildi. Qaysidir ma'noda, biz 300-400 yil davomida “uyqu”ga ketdik, “uxladik”. Bizda taraqqiyot, texnologiyalar bo'lmadi va bu juda katta fitnalarga olib keldi. Buni usmonlilar va boburiylar impe­riyalarining parchalanishida yanada yaqqol ko'rishimiz mumkin.

Feruza JUMANIYoZOVA,

O'zbekiston Fanlar akademiyasi sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi:

– Anjuman doirasida turkiy birlik, turk dunyosining qadim o'tmishi, Turkis­ton davlatchiligi, turkiylar mada­niyati va san'ati, Turkiston xalqlarining fanga, islom dini rivojiga qo'shgan hissasi mavzularidagi ma'ruzalar ting­landi. Bugungi kunda turkiy dunyo shiddat bilan integratsiya jarayoniga qadam qo'ymoqda. Aytish kerakki, turkiy davlatlarning iqtisodiy, siyosiy va madaniy hamkorligini ularning o'tmishdagi birligini anglashsiz tasavvur qila olmaymiz.

Turkiy davlatlar geografik kengashi bosh kotibi Oybek Norinboyevning aytishicha, 2024 yil fevral-mart oylarida ham Turkiy davlatlar tashkiloti bilan hamkorlikda Qoraxoniylarga bag'ishlangan konferensiyani o'tkazish rejalashtirilgan.

Anjumanning amaliy natijasi sifatida ma'ruzachi olimlar va ishtirokchilarning ilmiy maqolalari alohida to'p­lam shaklida nashr etiladigan bo'ldi.

Islom ASILBEKOV.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eleven + 6 =