Qardosh elning tashrifi

Farg'ona davlat universitetida bo'lib o'tgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada O'zbekiston Qahramoni, O'zbekiston va Qoraqalpog'iston xalq shoiri Ibroyim Yusupov xotirasi yodga olinib,   filologiyaning dolzarb muammolariga oid masalalar tahlil etildi.

Farg'ona davlat universitetida O'zbekiston Qahramoni, Qoraqalpog'iston Respublikasida xizmat ko'rsatgan san'at arbobi, atoqli shoir — Ibroyim Yusupov ijodiga bag'ishlangan “Ko'ngildagi keng dunyo” nomli bayram tadbiri hamda “Filologiyaning dolzarb masalalari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo'lib o'tdi.

Qardosh elning tashrifi Farg'ona davlat universitetida katta bayramga aylanib ketdi. Bunda shoir ijodiga bag'ishlangan badiiy ko'rgazmalar, qoraqalpoq xalqining ulug'vor milliy madaniyati va turmush tarzi aks etgan ko'rinishlar, qoraqalpoq o'tovi namoyishi ishtirokchilar qalbiga o'zgacha ruh baxsh etdi.

Tadbir doirasida ikki elning ardoqli shoiri qoldirgan boy ma'naviy meros, vatanparvarlik g'oyalari mavj urgan ijodi, ibratli hayot yo'liga bag'ishlangan “Ibroyim Yusupov xonasi”ning ochilish marosimi barchada katta taassurot uyg'otdi.

Anjumanga Ajaniyoz nomli Nukus pedagogika institutining filologiya sohasida izlanishlar olib borayotgan ilmiy xodimlari, til va adabiyotning sir- asrorlarini puxta o'zlashtirishga astoydil intilib, kelgusida sohaning yetuk mutaxassisi bo'lib yetishishga bel bog'lagan talabalar hamda Qoraqalpog'istonning taniqli vakillari tashrif buyurdilar.

Avvalo shuni aytish kerakki, mazkur tadbirdan ko'zlangan asosiy maqsad — O'zbekiston va Qoraqalpog'iston xalq shoiri Ibroyim Yusupovning ma'naviy va adabiy merosini abadiylashtirish, uning ijodini yoshlarga chuqur o'rgatish, talabalarimizda qardoshlarimiz tarixi, milliy adabiyotiga bo'lgan hurmat va ehtiromni yanada oshirish, filologiyaning dolzarb muammolari yuzasidan o'zaro fikr almashish, bu borada har bir oliygohda olib borilayotgan ilmiy ishlar, erishilgan natijalarni tahlil qilish hamda sohadagi mavjud muammolarni innovatsion yechimlarini topish, qolaversa, universitet hayoti bilan yaqindan tanishish, tajriba almashish, kelgusida o'zaro hamkorlikni kengaytirishni yo'lga qo'yishdan iborat bo'ldi.

Mazkur anjuman O'zbekiston Qahramoni, Qoraqalpog'iston Res­pub­likasida xizmat ko'rsatgan san'at arbobi, atoqli shoir — Ibroyim Yusupov ijodiga bag'ishlangan “Ko'ngildagi keng dunyo” nomli bayram tadbiri bilan boshlandi.

Bu bejiz emas albatta. Ibroyim Yusupov Qoraqalpog'istonda tug'ilib voyaga yetgan va shu yerda yashab ijod qilgan. U o'zining ko'p yillik mehnati bilan yurtimiz taraqqiyo­tiga, adabiyoti, ma'rifati va madaniyati rivojiga munosib hissa qo'shgan inson sifatida Qoraqalpog'istonda qancha hurmat va ehtirom ko'rsatilsa, Farg'ona davlat universitetida ham uning nomi ana shunday e'zozlanadi. Aslida, biz bir daryodan suv ichuvchi dasturxoni, orzu-intilishlari, his-tuyg'ulari uyg'unlashib ketgan bir xalqmiz.

Ibroyim Yusupov 1929 yilda Chimboy tumanining Ozod qishlog'ida tavallud topdi. “Umirbek laqqi”, “Mangu buloq”, “Ajiniyoz”, “Dala armonlari”, “To'maris” kabi she'riy to'plamlari va tanlangan asarlari chop etilgan. Uning asarlari rus, gruzin, qozoq, qirg'iz, latish, bolg'ar kabi o'nlab xorijiy tillarga tarjima qilingan. Hozirgi vaqtda Nukus shahrida “Ibroyim Yusupov ijod maktabi” faoliyat yuritmokda.

Ushbu tadbirlar doirasida qardosh mehmonlar, xalqaro vakillar, FarDU rahbariyati, professor-o'qituvchilar, adabiyotshunos olimlar, ijod ahli, ilmiy izlanuvchilar hamda talaba-yoshlar ishtirokida “Filologiyaning dolzarb muammolari va innovatsion yechimlar” nomli xalqaro ilmiy-amaliy anjumanning rasmiy qismi ham o'tkazildi.

Ushbu ilmiy-amaliy xalqaro anjumanda so'z olgan Qoraqalpog'iston xalq yozuvchisi O'rozboy Abdurahmonov o'z so'zida Farg'ona davlat universiteti jamoasi tomonidan Ibroyim Yusupov xotirasiga ko'rsatilayotgan hurmatni qoraqalpoq eliga ko'rsatilgan ehtirom deya bilishini va bu e'tibordan o'zgacha to'lqinlanganini alohida e'tirof etdi.

Shuningdek, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, taniqli adib Nurali Qobil ham yuksak darajada tashkil etilgan anjuman va adabiy kechada ishtirok etayotganidan baxtiyor ekanligini bildirdi.

Tadbir mehmonlari — Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika universiteti rahbariyati tomonidan do'stlik va hurmat ramzi sifatida Farg'ona davlat universiteti rektori G'.Shermuhammedovga minnatdorlik tuhfasi — qoraqalpoq milliy libosini taqdim etdi.

— Bu betakror tadbir, qoraqalpoq millati adabiyoti, madaniyati va san'atining go'zal ifodasi sifatida Respublika miqyosida birinchilardan bo'lib aynan Farg'ona davlat universitetida tashkil etilayotgani bizni juda quvontirdi, — deya mamnunliklarini izhor etishdi mehmonlar.

Anjuman davomida tadbirga tashrif buyurgan mehmonlarga Farg'ona davlat universitetining esdalik sovg'alari berildi.

Ushbu adabiy-badiiy kechada Ibroyim Yusupov asarlari asosida yaratilgan spektakl namoyish etildi. Adib ijodiga oid mushoira, o'zbek va qoraqalpoq tillarida jaranglagan qo'shiq va she'rlar, ijro etilgan raqslar kechaga fayz bag'ishladi.

Tadbirlar dasturi qizg'in davom etar ekan, kunning ikkinchi yarmida ishtirokchilar FarDU hayoti bilan tanishuv doirasida “Zakovat” intellektual klubi tomon yo'l oldilar. Qiziqarli tarzda kechayotgan talabalar munozaralari mehmonlarda o'zgacha taassurot qoldirdi va bevosita o'yinda ishtirok etishga bel bog'ladilar.

Shuningdek, ular oliygohning “Nilufar” talabalar teatr studiyasida ham bo'lib, iqtidorli talabalar tomonidan Ibroyim Yusupov asarlari asosida tayyorlangan sahna ko'rinish­larini maroq bilan tomosha qildilar.

Anjuman ishtirokchilarining keyingi manzili — talabalarning bo'sh vaqtlarini mazmunli o'tkazishlari uchun tashkil etilgan “BOOK CAFE”sida bo'ldi. Bu yerda mehmonlar ikki qardosh xalqning milliy musiqalari sadosi ostida bayram dasturxoniga taklif etildi.

Tushlikdan so'ng mehmonlar universitet axborot-resurs markaziga tashrif buyurishdi va Ibroyim Yusupov she'rlaridan aytishib, mu­shoira o'tkazdilar.

Mehmonlar FarDU kompleksi bilan tanishish davomida bu maskandagi “Qatag'on qurbonlari” muzeyida ham bo'ldilar.

Ushbu uchrashuv davomida FarDU tomonidan O'zbekiston Qahramoni, O'zbekiston va Qoraqalpog'iston xalq shoiri Ibroyim Yusupov ijodini talaba-yoshlarga yanada chuqur o'rgatish maqsadida e'lon qilingan “El farzandi” mavzusidagi she'rlar hamda rasmlar ko'rik-tanlovida faol qatnashgan, faxrli o'rinlarni qo'lga kiritgan bir guruh talabalar diplomlar bilan taqdirlanib, pul mukofotlari bilan rag'batlantirildi.

O'tkirbek RAJABOV,

Farg'ona davlat universitetining

yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy

ishlar bo'limi boshlig'i

Dil so'zlari

 

O'rozboy ABDURAHMONOV,

Qoraqalpog'iston xalq yozuvchisi:

— Bugun juda baxtliman, ayniqsa, Farg'ona davlat universitetida Ibroyim Yusupovning ijod bayramida ishtirok etayotganimdan xursandman. XIX asrning klassik shoirlaridan biri Berdaq bo'lsa, XX asrda Ibroyim Yusupov edi. Shoirni bu yerda shunday e'zozlashar ekan, ko'rib, quvonib o'tiribman. Xonalari, to'plamlari tayyorlanibdi, bir tomondan o'rnak ham oldik. Ibroyim Yusupov zamonamizning katta shoiri edi, u insonning dunyoqarashi juda keng, yetuk iqtidor egasi edi…

 

Nurali QOBIL,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi:

— Farg'ona davlat universitetida Ibroyim Yusupovning xonasini ko'rganimizda unga ko'rsatilgan ehtiromni ko'rib, judayam ta'sirlandim. Ibroyim Yusupovning she'rlarini yoki kuyga solingan qo'shiqlarini eshitsangiz, ko'z oldingizga haqiqiy elparvar shoir keladi.

 

Aysuluv ALLABERGENOVA,

Nukus davlat pedagogika instituti magistranti:

— Qoraqalpog'iston Respublikasi delegatsiyasi tarkibida Farg'ona davlat universitetida bo'lib turibmiz. Hozirda O'zbekiston Qahramoni, Qoraqalpog'iston Respublikasida xizmat ko'rsatgan san'at arbobi, atoqli shoir — Ibroyim Yusupov ijodiga bag'ishlangan “Ko'ngildagi keng dunyo” nomli bayram tadbiri hamda “Filologiyaning dolzarb masalalari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etmoqdamiz. Konferensiya juda qiziqarli va biz uchun taassurotlarga boy o'tmoqda.

 

Hursanbek TO'LIBOYEV,

Nukus davlat pedagogika instituti kafedra mudiri:

— Qoraqalpoq delegatsiyasini Farg'onada kutib olish marosimi o'zgacha ko'tarinki ruhda bo'lib o'tdi. Shoirning yorqin xotirasi va nodir ijodiga qaratilgan e'tibor qalbimizni quvonchga to'ldirdi.

 

Nargiza BANNOPOVA,

FarDU magistranti:

— Mazkur konferensiya doirasida Ibroyim Yusupov xotirasiga bag'ish­langan she'rlar tanlovida ishtirok etib, faxrli 1-o'rinni egalladim. Mening kichik mehnatimga berilgan yuksak e'tibordan judayam mamnun bo'ldim. Albatta, Ibroyim Yusupov ijodi barcha adabiyot muxlislari uchun bebaho merosdir.

 

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen + fifteen =