Zamonaviy jurnalistika saboqlari

yoxud Farg'onada bo'lib o'tgan xalqaro konferensiyada nimalarga ishonch hosil qildik?

 

Dunyo hech qachon bu qadar shiddatli o'zgarish pallasiga kirmagan edi. Biz bugun inson ong-shuuri, tafakkur ufqining kengayishi, raqamlashtirish, robotlashtirish, muhim mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, zamonaviy axborot texnologiyalarini yanada takomillashtirish va amaliyotga tadbiq etish sharoitida yashamoqdamiz. Zamon va yashash sharoitining o'zgarishi ijtimoiy hayotga, inson turmush tarziga jiddiy ta'sir ko'rsatmoqda. Bunday sharoitda odamlarning xolis va haqqoniy axborotga, ularning “tez”ligi bilan birga samimiyligiga ham   ehtiyoj oshadi, albatta.

Ommaviy axborot   vositalari dunyo mamlakatlarining umumiy, ayni chog'da mantiqan bir-biriga mos bo'lmagan siyo­satlarini shakllantirishda faol ishtirok etmoqda. Bu holat OAVga doir yozma qonun-qoidalarni qayta ko'rib chiqish, bugungi real sharoitga moslashtirishni taqozo etayotir.

O'tgan hafta O'zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi, O'zbekis­ton jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti va O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Farg'ona viloyat bo'limi hamkorligida “Zamonaviy jurnalistikaning dolzarb muammolari” mavzusida o'tkazilgan xalqaro anjumanda ayni shu xususda jiddiy bahs-munozara bordi. Dunyoning o'ndan ortiq mamlakatlaridan kelgan ommaviy kommunikatsiya mutaxassislari, taniqli jurnalistlar, media maydoni kuzatuvchilari Farg'onada qator yillardan beri uzluksiz o'tkazib kelinayotgan bu ilmiy-amaliy yig'inda o'zlarining tahliliy mushohadalari, mavjud muammolar yechimiga doir jo'yali takliflarini emin-erkin bayon qildilar. Bugungi taloto'pli davr xurujlari jurnalistikaga salbiy ta'sir ko'rsatayotgani yakdillik bilan e'tirof etildi.

Ushbu anjumanda qatnashar ekanman, bir jihatni aniq kuzatdim. Sir emas, bugun dunyoda necha ming yillar davomida shakl­langan madaniy-axloqiy qadriyatlar o'rnini yangi, zamonaviylashgan soxta qadriyatlar ham egallamoqda. Bu holat turli davlatlar, yirik xolding va korporatsiyalar, siyosiy, harbiy birlashmalar, media tuzilmalarning eng avvalo shaxsiy manfaati bilan bog'liq.

Holat shundayki, umumiy maqsadga, tinchlik va taraqqiyotga xizmat qiluvchi muloqotlar, ikkinchi, uchinchi tomonni ham eshitish, to'g'ri mushohadalarni qabul qilish, bir-biridan o'rganish, bunda tarix sinovlaridan o'tgan xalq diplomatiyasidan   foydalanish kamayib bormoqda. Hamma o'z yo'lini to'g'ri deb hisoblaydi, boshqacha fikr­­ga ishonchsizlik bilan qaraydi. Siyosatdonlar, iqtisodchilar, inson huquqi himoyachilari va hatto madaniyat, axloq-odob targ'ibotchilari faoliyatida ham bu qusur ko'zga tashlanadi. Davlatchilik, manfaatli hamkorlik, qo'shnichilik munosabatlarida yuzaga keladigan muammolarning oldini olish uchun, xalqona til bilan aytganda, “do'ppini boshdan olib ochiqchasiga dardlashish” zarurligi unutilmoqda. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning   bundan besh yil avval boshlangan xalq bilan muloqot, el ichida bo'lish, uni tinglash siyosati endilikda xalqlar, millatlar, davlatlar, yaqin qo'shnilarning bir maqsad yo'lida birlashib harakat qilish siyosatiga aylandi. Bu siyosat qanday ulug' natija berayotganiga faqat biz emas, boshqa tomonlar ham guvoh bo'lib turibdi.

Farg'onada men ishonch hosil qilgan narsa shuki, biz matbuot sohasida ham bir-birimizdan “uzoqlashib” ketgan ekanmiz. Uzoqlashgan odam   mahalliy darajadagi yutuqlari bilan quvonib yuraveradi, ammo yon-atrofida, uzoq-yaqin mintaqalarda qanday jarayonlar kechmoqda,   xorijiy matbuotning bosh mavzulari, ibrat olsa bo'ladigan xususiyatlari, xato­-kamchiliklari qanday – bu to'g'rida kam o'ylaydi, aniqrog'i, bunga qiziqmaydi ham. Ulug' adib Chingiz Aytmatov milliy adabiyotlarning bir-biridan uzoqlashuvi alal-oqibat yondosh-jondosh xalqlarning ham bir-biridan uzoqlashuviga olib kelishini ko'p bor ta'kidlagan edi.

Farg'ona anjumanida Rossiya, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Isroil davlatlaridan kelgan kasbdoshlarimiz o'zbek milliy matbuoti tizimida o'z yo'li, jiddiy so'zi va mus­tahkam pozitsiyasiga ega nashrlar, dadil muxbir va muharrirlar borligi, sobiq tuzum sharoitida taqiqlab qo'yilgan ko'pdan-ko'p mavzularda bugun bemalol yozish mumkinligi ular uchun yangilik bo'lganini ta'kidlashdi. Shu bilan birga, har bir notiq o'z mamlakatida matbuot ishi, jurnalistika masalalari, ochiqlik va oshkoralik, bahs-munozara qandayligiga alohida to'xtaldi. Ish bor joyda kamchilik ham bo'ladi, deganlaridek, jurnalistika sohasining muammolari ko'p jihatdan umumiy bo'lib, ular hech bir hududni cheklab o'tmagan ekan.

Moskva davlat universiteti jurnalis­tika fakulteti dekani o'rinbosari Olga Smirnova bugun rus jurnalistikasi o'zining ko'p yillik ijodiy an'analarini saqlab qolish borasida muayyan qiyinchiliklarga duch kelayotganini ta'kidlar ekan, “eski” professionallar va yangi havaskorlar o'rtasida qarashlar kurashi davom etayotgani, matbuotda “tezlik” talabiga sig'inish, jurnalistikani “tik-tok”lashtirish, sohani robotlashtirish harakatlari va IT gigantlari bosimi OAV fao­liyati ta'sirchanligini   pasaytirib yuborayotgani xususida fikr yuritdi.

Anjuman davomida bu fikr faqat bir mamlakat matbuotiga emas, umuman OAV tizimiga ham taalluqli ekanligi ayon bo'ldi. Chunonchi, qator notiqlar axborot olamining haddan tashqari tezlashishi, qisqalik va “o'ta qisqalik” axborotlarni to'g'ri anglashda ma'lum mavhumliklarni yuzaga keltirayotgani haqida bahs yuritishdi. Yirik media tuzilmalari daromad ortidan quvib, jurnalistikaning ijtimoiy mas'uliyati va axloqiy qoidalarini mensimayotganlari bor gap. Ba'zi joylarda matbuot turli bosim va taz'yiqlar ostida faoliyat yuritmoqda. Buning oqibatida nashrlar o'z oldilaridagi ma'naviy burchlaridan chekinib, gazeta, jurnal, sayt va boshqa axborot vositalari yo'nalishini   xo'jayinlarning talabiga moslashtirmoqdalar.

Rossiya telekanallari jamiyat hayotida mavjud jiddiy ijtimoiy, ma'naviy muammolar, masalan, yolg'iz yashayotgan keksalarning uy-joylarini zo'ravonlik bilan egallab olish, aldov piramidalari, soxta dori-darmonlar, shahar, mamlakat, qit'a miqyosida o'tkazilayotgan go'zallik konkurslaridagi tovlamachilik haqida ko'rsatuvlar beradi, ammo bu muammolar qanday yechim topayotgani haqida hech nima aytilmaydi. Ba'zi nazariyotchilar muammoning yechimi bilan shug'ullanish mat­buotning ishi emas, degan fikrda qat'iy turadilar. Bunga mutlaqo qo'shilib bo'lmaydi. Jurnalist ter to'kib, izlanib, rasmiy-norasmiy to'siqlarni yengib o'tib, biror muammoning ildizigacha yetib borib, xulosalarini matbuotda e'lon qilar ekan, jamiyat, o'quvchi uning natijasidan, albatta, xabardor bo'lishi kerak. Odamlar jurnalistlar aniqlagan haqiqatlarni, oshkor bo'lgan sirlarni bilishi zarur. Aksincha bo'lsa, kasbimizning obro'si butunlay tushib ketaveradi. Anjumanda ishtirok etgan “Zarafshon” (Samarqand) gazetasi muharriri Farmon Toshev gazetaning har bir sonida avvalgi sonlarda e'lon qilingan tanqidiy maqolalarga mutasaddilarning javoblari e'lon qilinishi haqida so'zlab, buni ekran orqali namoyish qilganida, mehmon kasbdoshlarimiz bu ish uslubiga jiddiy qiziqish bildirishdi.

Xitoylik taniqli jurnalist Chjang Yuaoning fikricha, “Buyuk ipak yo'li”da joylashgan turli mamlakatlarda yashovchi odamlarning turlicha fikr-qarashlari, dunyo voqealaridan xabardorlik darajalari mavjud. “Bir makon, bir yo'l” loyihasi ularga bir-birlarini yanada yaxshiroq bilib olishga yordam beradi. Shunday ekan, barcha kasbdoshlarimni keng axborot maydonini yaratishda ushbu loyihaga qo'shilishga da'vat etaman, dedi u.

Tadqiqotchi jurnalist Navbahor Imomova (“Amerika ovozi”) o'zbek matbuotida kuzatilayotgan ijobiy jarayonlarga e'tiborni qaratdi. Bular: auditoriyaning sifatli kontentga (o'zbekcha — o'qishli, ta'sirchan va foydali maqola, ko'rsatuv yoki eshittirishga) talabi oshgan, bu talab davlat tilidagi jurnalistika bilan bog'liq. “Jurnalistika sohasiga o'qitadigan oliy o'quv yurtlari soni ko'paytirilgan. Ammo kontent sifati   pastligicha qolmoqda. Jurnalistika tamoyillariga rioya qilish uyoqda tursin, hatto (muammoga) mantiqiy yondashuv ham sayoz. Faktlar emas, fikr birlamchi bo'lishi kerak.

Tadqiqotchining fikricha, o'zbek matbuotida biror-bir muammo jamiyat, odamlar uchun qanchalik muhim ekanligi nuqtai nazaridan emas, ko'p hollarda hissiyot va shaxsiy nuqtai nazarga qarab yoritiladi. Jurnalistikaning erkinlashuvi jarayoni sust kechmoqda. Jurnalistlarga taz'yiq va bosim o'tkazish hollari butunlay barham topmagan. Ba'zi nashrlar o'z auditoriyasini aniq bilmaydi”.

Bu fikrlarga e'tiroz bildirish qiyin. Ammo matbuotda so'z erkinligi sari borayotganimizni, bu borada yaxshi ma'noda e'tirof etishga loyiq misollar ko'pligini sezish qiyin emas. Keyingi yillarda necha o'nlab gazeta-jurnallar mazmunan, mohiyatan o'zgardi, tanqidiy-tahliliy maqolalari butungi talab­lar darajasiga yetmoqda. Faqat… bu ilg'orlar mamlakatda faoliyat yuritayotgan gazeta-jurnallarning umumiy sonida necha foizni tashkil etishiga e'tibor bersak, hali hammasi oldinda ekanligi ma'lum bo'ladi.

Koreyalik jurnalist Shin Ji Xe boshqa ko'p­lab mamlakatlar matbuotida (masalan Ros­siyada) mavjud bo'lgan bir qusur haqida so'zlab berdi. “2019 yildan boshlab Koreyada reklamadan tushadigan daromadlarni taqsimlashda onlayn kliklar soni asos qilib olinadigan bo'ldi va bu nomaqbul usul jurnalistikaning halokatiga olib keldi, — dedi notiq. — Maqolalarni qiziqarli tarzda e'lon qilish uchun mashhur kishilar hayotiga doir mantiqsiz, odobsiz, o'quvchini junbushga keltiradigan g'ayrioddiy sarlavhalar paydo bo'ldi. Endilikda esa biz bu qusurdan asta-sekin qutulmoqdamiz”.

Bugun telekanallarimizda ijodiy mahorat, kuyunchaklik, yangicha ish uslublarini qidirish, zahmatli mehnat, u yoki bu   muammoning professional tahlili, shu bilan birga, dadillik, mas'uliyatni his etish ko'zga tashlanadi. Ammo… xususiy kanallarda shunday ko'rsatuvlar ham borki, ularda taniqli san'atkorlar “qimmatli vaqtlarini sarflab”, “studiyaga tashrif buyurib”, bolalarcha zavq bilan sharchalarni idishga uzoqdan otib tushirish, bir oyoqda hakkalash, suvarak yoki boshqa bir yoqimsiz hasharotni qo'l bilan ushlash kabi antiqa musobaqalarda qatnashadilar. Bunday tantiqlik g'arb dunyosidagi uzoqqa tupirish, uzoq hushtak chalish, baqirish, bir daqiqada kim ko'p tuxum po'stlog'ini archish kabi bellashuvlarni eslatadi. Bu xususda qaerda gap ketmasin, darhol himoyachilar topilib, “Jiddiy ko'rsatuvlar ko'p, ko'ngilochar tomoshalar ham bo'lishi kerak”, deyishadi. To'g'ri gap. Ammo ko'ngilocharlik ham biror ma'naviy asosga ega bo'lishi kerak-ku.

Bu “qusur” bugun ko'plab davlatlar matbuotida yetakchilik qilmoqda, buni quyidagi birgina misolda ham yaqqol ko'rish mumkin. Bundan uch-to'rt oy muqaddam Moskva gazetalaridan birida “Alla Pugacheva dafn etiladigan joy ma'lum bo'ldi” sarlavhali xabar e'lon qilindi. Mashhur qo'shiqchining muxlislari motam kayfiyatiga tushishdi, keyin ma'lum bo'ldiki, Allaxonim qabristondan o'zi uchun joy xarid qilgan ekan, xolos.

Anjuman qatnashchilari bu misolga turlicha munosabat bildirishdi. “Bugun barcha axborot vositalari o'quvchi, auditoriya uchun jiddiy kurash olib borishga majbur, shunday ekan, nashr yoki sayt qiziqarliligini ta'minlash uchun hamma vositalardan, masalan, bo'rttirish, yolg'on aralashtirish, vahima qo'zg'ashdan ham foydalansa bo'ladi”, deguvchilar bo'ldi. Bu fikrdan farqli o'laroq, ko'pchilik matbuot har qanday holatda ham o'zining ma'naviy qiyo­fasini saqlab qolishi kerakligini ta'kidlashdi.

Turkiyalik taniqli jurnalist Jushkin Ozenning ma'ruzasini anjuman ishtirokchilari qiziqish bilan tingladilar. “OAV jamiyatning ko'zi, qulog'i va tili”, degan gap bor. Aslida shunday bo'lishi kerak. Xo'sh, bu maydonda chin haqiqat nima? Biz amalda ko'z, quloq va tilmizmi? Bunday maqomga erishish uchun qanday muammolarga duch kelamiz? Birinchisi – iqtisodiy muammo. Maqsad – daromad topish. Afsuski, nashr adadi va reyting bilan xolis jurnalistika va xolis (rost) axborot o'rtasida jarlik, nomutanosiblik mavjud. Ma'lum bir maqsadga mo'ljallangan yolg'on va ishonchsiz kontent OAVga nisbatan ishonchsizlikni keltirib chiqaradi. BMT ma'lumotiga ko'ra, bugun dunyo o'zaro ishonchning zaiflashishidan aziyat chekmoqda. Darhaqiqat, shunday – rostni yolg'ondan, haqiqatni soxtakorlikdan farqlash qiyin. Bunday sharoitda nima qilish kerakligi, qaysi yo'lni tanlash zarurligi haqida o'ylashimiz, axborot iste'molchilarini internet axlatxonasida aylanib yurgan soxta yangiliklardan chin yangiliklarga qaytarish yo'llarini topishimiz zarur”.

Afg'onistonlik jurnalist Hamid Karimiy hamon notinch qolayotgan mamlakatda ommaviy axborot vositalari, ularda ishlayotgan jurnalistlar uchun yangi-yangi murakkabliklar yuzaga kelayotganini bayonladi. Qo'shni Qirg'izis­tonning Botken tumanidan kelgan hamkasbimiz Adilbek Axmatov jurnalistika siyosiy va ijtimoiy hayotda yuzaga keladigan turli darajadagi muammolarni hal etish, manfaatli hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'yishda   beqiyos imkoniyatga egaligini aytib, bu borada O'zbekiston rahbariyatining tomonlarning umumiy manfaatlariga mos   amaliy takliflari, istiqbolli tashabbuslariga alohida to'xtaldi. Uning fikricha, bugungi sharoitda davlatlar o'rtasidagi madaniy-ma'rifiy aloqalar, adabiyot va san'at haftaliklari, shular qatorida OAV vakillarining bugungidek ko'zma-ko'z, yuzma-yuz uchrashuvlari katta ahamiyat kasb etadi.

Tojikistonlik jurnalist Farhod Jo'rayev bugun an'anaviy jurnalistika bilan birga fuqarolik jurnalistikasi ham jadal rivoj­lanib borayotganiga e'tibor qaratdi. “Har bir kishi ijtimoiy tarmoqlarda o'zining xolis fikrini emin-erkin bayon qilar ekan, odamlarda   yangicha fikrlash, ma'naviy uyg'oqlik va ijtimoiy faollik ruhi yuzaga keladi”, dedi u.

O'zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori Abdusaid Ko'chimov jurnalistika mahalliy, hududiy qirg'oqlardan o'tib, yuqori darajadagi ijtimoiy jurnalistikaga aylanayotganini ijobiy ma'noda qayd etib o'tdi.

Anjumanda so'zga chiqqan mehmon ishtirokchilar Nobuyoshi Shirota (Yaponiya), Menderes Demir (Turkiya), Oleg Chernix (Rossiya), Leonid Yelizarov (Isroil), O'zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi raisi Sherzodxon Qudratxo'ja, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G'aniyev, “Yangi O'zbekiston” gazetasi bosh muharriri Salim Doniyorov, “Ishonch” va “Ishonch-Doverie” gazetalari Bosh muharriri Husan Ermatov, “Dunyo” axborot agentligi bosh direktori Sadriddin Suyarov, mustaqil jurnalist Kamoliddin Rab­bimov, “Rost-24” internet sayti bosh muharriri Anora Sodiqova, Adliya vazirligi media­-markazi rahbari Bobur Alixonov, taniqli telejurnalist Muhammadjon Obidov, Jahon tillari universiteti jurnalistika fakulteti dekani Amrullo Karimov va boshqalar bugun dunyo media maydonlarida yuz berayotgan ijobiy o'zgarishlar bilan birga, axborotni to'plash va tarqatishdagi noxolislik (nohalollik), yuzakichilik, jurnalist va OAV vakillarining favqulodda muhim ma'naviy-axloqiy mas'uliyati haqida so'z yuritdilar. Ma'ruzalarda bugungi sharoitda OAV uchun jurnalist kadrlar tayyorlashning o'ziga xos talab va xususiyatlari, malaka oshirish, professionallik va havaskorlik o'rtasidagi nomutanosib­lik, ta'sischi va ijodiy jamoa   munosabatlari, fikr erkinligi, OAVning ta'sirchanligi haqida jiddiy so'z bordi. Jurnalist kadrlar tayyorlovchi oliy o'quv yurtlari soni oshganini ijobiy baholagan holda, bu o'zgarish bo'lajak hamkasblarimizning malaka va mahoratiga salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkinligi ham ro'y-rost aytib o'tildi.

Ahmadjon MELIBOYEV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eleven − 9 =