Ma'naviyat bilan taraqqiyot sari
Bugun O'zbekiston taraqqiyot yo'lida yangi bosqichga qadam qo'ydi desak xato bo'lmaydi. Yurtboshimiz boshchiligida O'zbekistonimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, keng ko'lamli bunyodkorlik ishlari, barcha yo'nalishlar bo'yicha xalqni rozi qilish maqsadida olib borilayotgan sa'yi-harakatlar nafaqat mintaqamizda, balki butun dunyoda haqli ravishda e'tirof etilmoqda. Bu esa, Yangi O'zbekistonni barpo etish hamda uchinchi Renessans poydevorini qo'yishda jonbozlik ko'rsatayotgan, yuksak vatanparvarlik ruhida fidoyilarcha o'z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni to'laqonli ado etayotgan har bir yurtdoshimizga yanada kuch-g'ayrat bag'ishlamoqda.
Davlatimiz rahbari “Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobida ta'kidlaganidek: “Yangi O'zbekistonni barpo etish bu shunchaki xohish-istak, sub'yektiv hodisa emas, balki tub tarixiy asoslarga ega bo'lgan, mamlakatimizdagi mavjud siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma'naviy-ma'rifiy vaziyatning o'zi taqozo etayotgan, xalqimizning asriy orzu-intilishlariga mos, uning milliy manfaatlariga to'la javob beradigan ob'yektiv zaruratdir”
Mana shunday keng qamrovli maqsadlar ya'ni, Yangi O'zbekistonni jahon maydonida kuchli salohiyat, munosib obro'-e'tiborga ega bo'lgan, har tomonlama obod va farovon mamlakatga aylantirish borasida esa Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan chora-tadbirlar juda muhim ahamiyat kasb etayotir. Qabul qilinayotgan farmon va qarorlar shu bilan birgalikda “Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobida yozilgan ustuvor maqsad va vazifalar ham olimlar va barcha soha mutaxassislari uchun dasturilamal bo'lib xizmat qilmoqda.
Darhaqiqat, mazkur kitob kitobxonlarda Yangi O'zbekistonning zamonaviy demokratik qiyofasi qanday yaratilayotganini, yurtimizni yangi rivojlantirish bosqichiga ko'tarish uchun strategik yo'l to'g'risida yaxlit tasavvur hosil qilish imkonini beradi.
Yangi O'zbekistonning ilg'or fuqarosi bo'laman degan odam borki, albatta mana shu kitob mazmuni bilan tanishib chiqishi kerak. Shu sababli ham davlatimizning turli korxona va tashkilotlarida bu kitobning taqdimot va targ'ibot tadbirlari o'tkazilmoqda.
Kuni kecha Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazida mazkur asar targ'ibotiga qaratilgan “Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasi” va ma'naviyat: jamoatchilik nigohida” mavzusida ilmiy-ma'rifiy anjuman bo'lib o'tdi. Tadbir Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamkorligida tashkil etildi.
Ma'naviyat va ma'rifat markazi qoshida tashkil etilgan taniqli olimlar, ma'naviyat fidoyilari, jamoatchilik vakillaridan iborat Ekspertlar guruhi a'zolari, Markazning hududlardagi bo'limlari vakillari ishtirok etgan ushbu tadbir qizg'in ruhda kechdi.
Anjumanni Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov ochib, “Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobidan o'rin olgan “Yangi O'zbekiston strategiyasi”, “Xalqparvar davlat”, “Milliy iqtisodiyotni rivojlantirish”, “Adolatli ijtimoiy siyosat”, “Xavfsizlik va tashqi siyosat”, “O'zbekiston va umumbashariy muammolar” yo'nalishidagi muhim vazifalarni keng targ'ib qilish, “Ma'naviy taraqqiyot” yo'nalishida belgilab berilgan maqsad va vazifalar, ularni amalga oshirish jarayonlari, bu yo'lda ishlab chiqilayotgan chora-tadbirlar haqida atroflicha fikr bildirdi.
— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobi va undan ma'naviyatchilar uchun kelib chiqadigan vazifalar, sohada nimalar qilinishi lozimligini muhokama qilib olishimiz kerak edi. Shu bois bugungi anjuman dolzarb ahamiyat kasb etadi. Barchamizga ma'lumki, O'zbekistonni jahon miqyosida har tomonlama taraqqiy etgan mamlakatga aylantirishda iqtisodiy omil bilan birga ma'naviy omillar ham muhim o'rin tutadi. Ta'kidlanganidek, “ma'naviyat — insonlar o'rtasidagi o'zaro ishonch, hurmat va e'tibor, xalq va davlat kelajagini birgalikda qurish yo'lidagi ezgu intilishlar, ibratli fazilatlar majmuasidir. Boshqacha qilib aytganda, ma'naviyat-jamiyatdagi barcha siyosiy-ijtimoiy munosabatlarning mazmuni va sifatini belgilaydigan poydevordir. Bu poydevor qancha mustahkam bo'lsa, xalq ham, davlat ham shuncha kuchli bo'ladi”.
— Birinchi o'rinda shu narsani alohida aytar edimki, davlatimiz rahbarining “Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobi Prezidentimiz o'z lavozimiga kirishgandan keyingi yozgan yirik fundamental kitobdir. Bu kitobda davlatimiz rahbarining har tomonlama o'ylangan fikrlari, xalq bilan muloqotlari, dardlari mujassam, – dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha Milliy markaz direktori, akademik Akmal Saidov.
Shundan so'ng anjumanda Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va “Xalqchil davlat” milliy dasturi, mamlakatimizdagi ma'naviy-ma'rifiy ishlar tizimi, xususan, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazining “Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobidan kelib chiqadigan asosiy vazifalari, ma'naviy yangilanish jarayonidagi imkoniyat va istiqbollar, “Yangi O'zbekiston — ma'rifatli jamiyat” konsepsiyasi va uni amalga oshirish milliy dasturini tayyorlash borasidagi tashkiliy, ilmiy-ma'rifiy ishlar, bu boradagi vazifalar ko'rib chiqildi.
Tadbir so'ngida “Yangi O'zbekiston-ma'rifatli jamiyat” konsepsiyasi va uni amalga oshirish milliy dasturini ishlab chiqish bo'yicha Respublika ishchi guruhini tuzish va uning aniq vazifalari belgilab olindi.
Kamoliddin RO'ZIMATOV