Navoiy viloyati: Sanoat saltanatiga sayohat

Shu yilning 25-30 mart kunlari O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Navoiy viloyati hokimligi va “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati hamkorligida “Milliy jurnalistika: an'analar davomiyligi va zamonaviylik” mavzusida respublika mediaforumi bo'lib o'tdi.

Unda mamlakatimizning barcha hududlaridan ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Mediaforum davomida Navoiy viloyatining peshqadam korxonalarida, el nazaridagi ziyoratgohlarda ijodkorlar muloqot qilishdi, bugungi kun qahramonlari bilan yuzma-yuz uchrashuvlar o'tkazildi. Viloyat Mendeleev davriy tizimidagi barcha moddalar, jumladan, oltin, kumush, uran, tabiiy gaz, neft, meneral tuz konlari va boshqa boyliklarning mo'l-ko'l   zaxirasiga ega. Bu yerda qazib olinadigan oltin va kumush, G'ozg'on marmari, chorvachilikdagi qorako'l terisi butun dunyoga mashhur bo'lib, xalqaro miqyosda sifat etaloni, deb qabul qilingan.

Navoiy viloyatining insoniyat tamandduniga katta hissa bo'lib qo'shilgan qadimiy va boy tarixi, zamonaviy sivilizatsiyaga ham qo'shayotgan o'ziga xos ulushi bor. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev: “Azim Zarafshon vohasida, behisob boyliklar makoni bo'lgan Qizilqum mintaqasida joylashgan Navoiy viloyati, ta'bir joiz bo'lsa, mamlakatimizning duru javohirlar xazinasidir” der ekan, bu makondagi nafaqat yer osti va yer usti boyliklarini, balki uning mehnatkash, ma'rifatli, bunyodkor xalqini ham nazarda tutadi. Navoiy viloyati mamlakatimizda hududiy jihatdan eng katta viloyat bo'lib, Qoraqalpog'istondan keyin ikkinchi o'rinni egallaydi. Uning hududi 110,99 ming kv.km. ni tashkil etadi. Viloyat o'ziga xos tabiiy sharoitiga ko'ra yirik uch qismga bo'linadi: shimoliy-g'arbiy qismini ne-ne sir-sinoatlarni yashirib yotgan Qizilqum cho'li egallagan bo'lsa, janubi-sharqiy qismida Nurota tog' tizmalariga tegishli Qoratog', Oqtog' kabi tog'lar bo'y cho'zgan bo'lsa, Zarafshon vohasining o'rta qismida viloyatning dehqonchilik zonasi o'rnashgan.

Viloyatning shimoli va g'arbida ko'chma qum barxanlari, gilli cho'l zonalari yastanib yotadi. Mazkur kengliklar, ayniqsa, bahor oylarida turfa tabiiy giyohlar, o't-o'lanlar, rang-barang o'simliklar bilan bezanadi.

Navoiy cho'llari, dashtu dalalari, tog'u tosh­lari, turli hayvonot – jonivorlarga onabag'irlik qiladi. Bu zaminda O'zbekistonimizning boshqa joylarida kam uchraydigan yoxud umuman ko'zga tashlanmaydigan yovvoyi hayvonlar, kemiruvchilar, sutemizuvchilar, sudralib yuruvchilar oilasiga mansub turli xil jonivorlar saqlanib qolgan.

Zarafshon shahriga yo'l Konimex tumani orqali o'tadi. Asli shu tumandan bo'lgan Guldona Norinbetova ushbu maskanning o'ziga xos jihatlari haqida yo'l-yo'lakay hikoya qilib berdi. Tuman nomining etimologiyasi, aholining nima bilan mashg'ulligi haqidagi qiziqarli ma'lumotlar barchaning e'tiborini jalb qildi. Uning aytishicha, yo'lning ikki tomonidagi yastanib yotgan yaydoq dalalar, ajib kengliklar o'z bag'rida uran moddasini saqlar ekan.

Mediaforum mobaynida Zarafshon shahridagi 7-Gidrometallurgiya zavodi va “Muruntov” koniga tashkil etilgan ijodiy sayohatlar, ayniqsa, hamkasblarimizning hayratiga sabab bo'ldi. Bizni Muruntovda navoiyliklar faxri, O'zbekiston Qahramoni Farhod Soipov kutib oldi. Bu yerdagi qudratli texnika vositalari hamda ularni mohirlik bilan boshqarayotgan odamlarning shijoatini ko'rganda ona Vatanimiz qanchalik mustahkam zaminga tayanayotganiga ishonch hosil qildik. Ushbu korxonaning maxsus kiyimlarini kiygan jurnalistlar bir necha lahzada o'zlarini bayroqdor korxona xodimlari o'rnida tasavvur qilishdi. Shuni aytish kerakki, bu yerga alohida kelgan jurnalistlar kirishi o'ta mushkul. Mediaforum qatnashchilari esa korxona rahbarlari bilan birgalikda sexning ichki dastgohlari yonida o'zlarini erkin his qilishdi.

Bu chinakam qahramonlar mehnatiga guvoh bo'lish uchun katta imkoniyat edi. Demak, ilgari yopiq sanalgan ma'lumotlar endilikda oshkora aytilmoqda.

Korxona bugun geologiya-qidiruv ishlari, ma'danni qazib olish va qayta ishlashdan tortib, to uran chala oksidi va yuqori probali tayyor oltin yombilar olishgacha bo'lgan yaxlit bir tizim asosida ishlamoqda. So'nggi o'n yillikda ilg'or texnologiyalarga asoslangan, xalqaro standartlarga to'liq javob beradigan yangi yondosh korxonalar bunyod etilgani kombinat salohiyatini yanada yuksaltirdi, ish hajmi, iqtisodiy samaradorlik ham oldingi yillarga qaraganda shunga yarasha oshdi. Jumladan, so'nggi yillarda tog' massasini qazib olish uch baravarga, rudani qayta ishlash uch baravarga, mahsulot ishlab chiqarish hajmi va ishchi-xodimlar soni ikki baravarga oshgani quvonarlidir.

Bugungi kunda kombinat faoliyatida innovatsion yondashuv muhim rol o'ynab, bu yuqori iqtisodiy samaradorlikni ta'minlamoqda. So'nggi o'n yilda kombinat mutaxassislari tomonidan yaratilgan 36 ta ixtiro O'zbekiston, Rossiya, Ukraina, Germaniya va Shveysariya davlatlaridagi tegishli idoralar patentlarni qo'lga kiritishga muvaffaq bo'ldi. Ayni payt­­da ishlab chiqarish jarayonlarida 17 ta ixtirodan keng foydalanilmoqda, 13 ta ixtiro bo'yicha tajriba sinovlari va qo'shimcha o'rganishlar o'tkazilmoqda.

Agar 1968-1991 yillar orasida O'zbekiston hududidan qazib olingan foydali qazilmalarning qiymati bir necha milliard AQSh dollarini tashkil etgan bo'lsa, olingan oltinning 90 foizi Muruntov hissasiga to'g'ri keladi. Muruntov – dunyodagi eng yirik kon hisoblanadi. Kon olish zaxirasi bo'yicha XX asr mo''jizasi sifatida tan olingan. Bugungi kunda Muruntov konining uzunligi 4,3 kilometr, kengligi 3,2 kilometr, chuqurligi 650 metrni tashkil etadi. Mazkur kondan yiliga o'rtacha 42 million tonnadan ortiq ma'dan qazib olinmoqda. Ushbu kon geologlar tomonidan eng yirik oltin zaxirasiga ega kon sifatida e'tirof etilib, uning zaxirasi 4,5 ming tonnadan ortiq baholangan.

Jurnalistlar ushbu kon bag'rida ishlatilayotgan texnikalarni zo'r qiziqish bilan kuzatishdi. Hayratlanmay bo'ladimi, Muruntov koni bosh mutaxassisi Sarvar Raimovning aytishicha, o'z og'irligi 180   tonna bo'lgan avtosamosval 150-220 tonnagacha ma'danni gardaniga oladi. Mediaforum qatnashchilari shunday texnikaning ulkan g'ildiragi yonida suratga tushishga oshiqishdi. Aks holda bu taassurotlarni “daliliy ashyosiz” aytish ishonarli bo'lmasdi.

7-Gidrometallurgiya zavodi ishlab chiqarish dispetcherlik bo'limida telemonitor qo'yilgan bo'lib, unda korxona haqida oddiy tushuncha beradigan qisqa film tayyorlangan. Bu mehmonlarga mo'ljallangan bo'lib, asosiy va qo'shimcha bo'linmalar haqida mufassal sharh berilgan. Shoir   Oybekning “Bir o'lkaki, tup­rog'ida oltin gullaydi” degan satri konchilar faoliyatini aniq aks ettirib turgandek.

Navoiy davlat konchilik institutiga qarashli texnopark barchaning qiziqishini yanada oshirdi. Bu yerda maxsus texnikalar amaldagi uskunalardan bir necha bor kichraytirilgan bo'lib, talabalar amaliy bilim olishlari uchun ayni muddaodir.

Mediaforum qatnashchilari “Navoiy mashinasozlik ishlab chiqarish birlashmasi”ning metall eritish bo'limida innovatsion texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etilishiga guvoh bo'lishdi.

Navoiyda nafaqat qudratli sanoat korxonalari, balki diltortar ma'naviyat maskanlari ham mavjuddir. Nurotaga borganimizda “Chashma”ga kelmabsiz – Navoiyda bo'lmabsiz” degan lutfni eshitdik. Zero, ushbu ziyoratgoh odamlar bilan gavjum, hammaning yuzida mamnuniyat va shukronalik aks etib turibdi. Yon-­atrofda ezgu niyat bilan qilinayotgan tilovatlar yangraydi. Nurota me'moriy majmuasining tarixi olis davrlarga borib taqaladi. X asrlardayoq bu yerda jome masjidi, ko'plab rabotlar va muqaddas ziyoratgohlar mavjud bo'lgan. Har yili Buxoro va boshqa joylarning aholisi bu zaminga ziyorat qilgani kelib turishgan. Zero, bu maskanda xalq qalbiga iymon-e'tiqod, ma'rifat nurini singdirishga xizmat qilgan ulug' allomalar yashab o'tishgan.

Hozirga qadar saqlanib qolgan qadimiy binolardan Panjvaqt masjid xonaqosidir. U XVI asrda tiklangan bo'lib, keyin bir necha bor kengaytirilgan. Uning ikki tomonida XIX asrning o'rtalarida masjidga taqab qurilgan ayvonlar joylashgan.

Karmana shahrining 30 km. g'arbidagi Hazora qishlog'ining yonida Movarounnahrdagi eng qadimiy masjidlardan biri – Deggaron masjidi joylashgan. Uning qurilish davri XI asr boshlaridan nariga o'tmaydi. Bu bino Zarafshonning so'l qirg'og'ida, endilikda vayron bo'lgan, lekin ilgari yaxshi mustahkamlanib qurilgan qadimiy bir qishloq hududida joylashgan. Qishloqning   ham, masjidning ham nomi bu yerda yashagan aholining asosiy mashg'uloti – o'tga chidamli qozon tayyorlashdan olingan.

Shunisi e'tiborliki, Xojagon sulukining mashhur so'fiylaridan biri bo'lmish shayx Mavlono Orif Deggaroniy (1313-1376) shu qish­loqda tug'ilgan va shu makonda dafn etilgan. Bu zot Naqshbandiya tariqatidagi Xojagon sulukining buyuk namoyandasi bo'lmish Bahouddin Naqshbandning ustozlaridan biridir.

Karmanadagi Qosimshayx Azizon hazratlari qabrini ziyorat qilish navbatdagi manzilimiz bo'ldi. Ushbu arxitektura majmuasi o'z kelib chiqishiga ko'ra aniq tarixiy shaxs nomi bilan bog'liq. Bu zot Karmana farzandi, Yassaviya so'fiylik tariqatining shu yerlik yetakchisi, shayx Xudododiy valiyning shogirdi, O'rta Osiyoda nom qozongan diniy-siyosiy arbob Qosimshayx Azizon Karminaganiydir. Shayx hazratlari hukmdorlarning o'zaro ichki kurashlari davrida o'zining tinchlikparvar faoliyati bilan shuhrat qozongan zotlardan edi. Karmana Iskandar Sultonga qarashli Miyonko'l viloyatining poytaxti bo'lgan XVI asr o'rtalarida Qosimshayx Iskandar Sultonning yosh o'g'li, bo'lg'usi hukmdor Abdullaxon II ga Samarqand, Toshkent va Turkistonning birlashgan qo'shinlariga qarshi kurashda yordamga keladi. U faqat bo'lg'usi xonga fotiha berib, qal'aga o'z oilasini hamda muridlarini boshlab kelibgina qolmay, balki qal'ani qo'riqlash va mudofaasini tashkil etishda o'zi ham ishtirok etganligi tarixiy ma'lumotlarda mavjud.

Arxitektura majmuasi uch asosiy binoni – bir xonaqo va ochiq osmon ostidagi qabriston tiplaridan biri bo'lmish xazirani o'z ichiga oladi. Ular orasida qadimiysi – Qosimshayx xazirasidir. Zamondoshlarining guvohlik berishicha, bu bino sufiy shayxning o'zi tomonidan qurilgan va uning vafotiga qadar madrasa sifatida xizmat qilgan. Shuningdek, u musulmonlarning ikki asosiy bayrami – Ramazon va Qurbon hayitida nomozgoh vazifasini o'tagan.

Qosimshayxning jasadi xazira hovlisining o'rtasiga dafn qilinib, qabr ustiga ulkan dahma qurilgan va uning atrofi marmar bilan bezatilgan. Keyinroq bu yerda bir necha marmar toshli qabrlar paydo bo'lgan. Ular shayxning o'zi va muridlariga taalluqli deb hisoblanadi. Qosimshayx vafotidan keyin bu xazira ommaviy mozorga aylanib ketgan. Abdullaxon xazira yoniga xonaqoh qurishga buyuradi. Maj­muada ushbu bino alohida ajralib turadi.

* * *

…Mediaforum jarayonida mahorat dars­lari ko'pchilikda qiziqish uyg'otdi. O'zbekiston Respublikasida xazmat ko'rsatgan jurnalistlar Ahmadjon Meliboyev, Muhammadjon Obidov, Chori Latipov, Norqobil Jalil, “Ishonch”– “Doverie” gazetalari bosh muharriri Husan Ermatov, O'zbekiston Jurnalis­tika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, professor Sherzodxon Qudratxo'ja, Camarqand viloyatidagi “Zarafshon” gazetasi bosh muharriri, Senator Farmon Toshev, “hurriyat” gazetasi bosh muharriri Abdurasul Jumaqulov va boshqa taniqli ijodkorlar anjuman ishtirokchilariga bosma va elektron nashrlar ta'sirchanligini oshirish, gazetxon va tinglovchilar bilan ishlash borasidagi o'z tajribalarini baham ko'rdilar.

Mediaforumning yakunlovchi qismida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati bosh direktori, O'zbekiston Qahramoni Quvondiq Sanaqulov, O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O'sarov Qoraqalpog'iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahri vakillari jam bo'lgan ushbu tadbirda Yangi O'zbekiston sha­roitida milliy jurnalistika an'anaviy va zamonaviylikni uyg'unlashtirish uchun talab qilinadigan vazifalar haqida so'z yuritishdi. Xuddi shunday tadbir Navoiy viloyatida yiliga ikki marta – bahorda va kuzda o'tkazilishi taklif qilindi. Bu tashabbusni “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ Bosh direktori, texnika fanlari doktori, O'zbekis­ton Qahramoni Quvondiq Sanaqulov ilgari surar ekan, yurtimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ilm-fan, ma'naviyat-ma'rifatga yuksak e'tibor berilayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Bu tashabbusni mediaforum ishtirokchilari qizg'in qo'llab-quvvatlashdi.

Anjuman kunlarida o'tgan har bir uchrashuv, suhbatlarda xalq hayotini yaqindan o'rganish, uning dolzarb muammolarini har tomonlama tahlil qilish bugungi jurnalistikaning asosiy vazifasi ekanligi qayta-qayta ta'kidlandi. Bu yo'lda ilg'or ijodkorlar tajribasidan foydalanish, yangi shakl-shamoyillarni izlash uchun nimalar qilish kerakligi hamkasblarning o'zaro suhbatlarida ochiq-oydin aytildi. Xullas, mazkur mediaforumning foydali ish koeffitsenti yaqin kelajakda bo'y ko'rsatishiga ishonch bildirildi.

Bir so'z bilan aytganda mamlakatimiz poytaxtidan boshlab, yurtimizning barcha hududlaridan 100 nafarga yaqin OAV vakillari ishtirokida 5 kun davomida kechgan anjuman taassurotlarga boy kechdi. Uning ahamiyati, o'rni hali oldinda: ishtirokchilar tomonidan tayyorlanadigan ko'rsatuv va eshittirishlar, maqolalar va ocherklar, badiiy ijod namunalarida o'z in'ikosini topishiga shubha yo'q.

Shuhrat JABBOROV,

O'zbekiston Respublikasida

xizmat ko'rsatgan jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen − 15 =