Ajib bir davra
Farg'onada “Chimyon-2022” mediaforumi qizg'in, taassurotlarga boy tarzda bo'lib o'tmoqda
O'lkamizda Navro'z — mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi shukuhi kezib yurgan shu farahbaxsh kunlarda go'zal Farg'onaning so'lim sihatgohida “Jamiyat va ommaviy axborot vositalari” mavzusida an'anaviy X “Chimyon-2022” mediaforumi davom etmoqda. Ushbu anjumanda “Hurriyat” muxbiri ham ishtirok etyapti. Quyida u mediaforum ishidan olgan taassurotlaridan so'z yuritadi.
Bugun milliy jurnalistikamiz uchun ham yangi O'zbekistonda yangicha davr boshlandi. So'z va matbuot erkinligi, jurnalist daxlsizligi, ularning erkin, hech bir tazyiq va bosimlarsiz ish olib borishlari uchun yaratilgan va yaratilayotgan shart-sharoitlar, imkoniyat va qulayliklar haqida istagancha gapirish mumkin. Jurnalistlarning kasbiy malakasini oshirish, o'zaro hamjihatlikda ishlashlari shu bilan birgalikda zimmalariga yuklatilgan yurtimiz oldidagi burchlarini to'laqonli ado etishlari uchun turli davra suhbatlari, konferensiyalar, matbuot anjumanlari va turli forumlarning yuqori saviyada tashkil etilayotgani ibratli.
Qariyb o'n yildan buyon o'tkazib kelinayotgan an'anaviy “Chimyon mediaforumi”ning nufuzi yuqori. Bir necha kundirki, mazkur an'anani davom ettirgan holda Farg'ona viloyati hokimligi, O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining Farg'ona viloyat bo'limi hamkorligida “Jamiyat va ommaviy axborot vositalari” mavzusida an'anaviy X Chimyon mediaforumi bo'lib o'tmoqda.
Unda respublikamizning barcha hududlarida faoliyat olib borayotgan bosma va elektron ommaviy axborot vositalari xodimlari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir qator deputatlari, Farg'ona viloyat hokimining o'rinbosarlari, O'zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi favqulodda muxtor elchisi hamda “TOKIO MX” telekompaniyasi xalqaro aloqalar boshqarmasi vakillari do'stona ruhdagi mediaforumda uyushqoqlik va faollik bilan ishtirok etmoqda.
Mediaforum avvalida Chimyon sihatgohida jam bo'lgan jurnalistlarga tashrif uchun minnatdorlik bildirgan Farg'ona viloyati hokimi o'rinbosari Fayzullo Qosimov ushbu tadbirni yurtimizda Navro'z — mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi shukuhi kezib yurgan bugungi kunlarda go'zal Farg'onaning so'lim sihatgohida o'tkazilayotgani yurtimizda matbuotga, jurnalistikaga bo'lgan yuksak e'tiborning yaqqol dalili ekanligini ta'kidladi.
O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O'sarov ham ushbu mediaforum ochilish tadbirida qatnashib, anjumanning tashkiliy ishlarini olib borishda jonbozlik ko'rsatayotgan qator jurnalistlarni sanar ekan, ularning xizmatlarini milliy jurnalistikamiz rivoji uchun katta xizmat deya baholadi.
— Bugun Chimyonda o'tkazilayotgan mediaforum ta'bir joiz bo'lsa, yubiley mediaforum desak, xato bo'lmaydi. Negaki, hammamiz aytayotganimizdek bu mediaforum o'ninchi bor o'tkazilyapti. Qoraqalpog'istonning Xo'jaylisidan, Surxondaryoning Qumqo'rg'onigacha, Samarqandning Bulung'uridan tortib, Andijonning Qorasuvigacha bo'lgan hududlardan, muxtasar qilib aytganda yurtimizning barcha nuqtalaridan eng faol, tashabbuskor, taniqli jurnalistlar jam bo'lishgan. Bu mediaforum yana uzoq yillar o'tkazilishi davom etadi degan umiddamiz. Negaki bu tadbir o'zbek masmediasida o'ziga xos o'ringa ega. Yaqinda xitoylik bir jurnalist mendan so'rayapti: so'nggi vaqtda Yangi O'zbekiston atamasini ko'p qo'llayapsizlar. Buning bitta holatini ko'rsatib bering, bu nimada ko'rinadi? Men bunga matbuot va so'z erkinligida deb javob berdim. Mana bugungi kunda o'zbek jurnalistlariga chegaralanayotgan mavzuning o'zi yo'q. Istalgan mavzuda tanqidiy-tahliliy materiallar e'lon qilinyapti. Keyinchalik mening bu fikrimga qo'shilgan o'sha xitoylik jurnalist tomonidan “Yangi O'zbekiston — so'z va matbuot erkinligi“ sarlavhasi ostida maqola chop etdi. O'ylaymizki, bu bejiz emas. Mana bugun Chimyon mediaforumi tajribasi ostida har bir viloyatda mana shunday tadbirlarni tashkil etmoqchimiz. Ko'rib turganimizdek milliy mediaforum deb o'tkazayotganimiz xalqaro mediaforum darajasiga ko'tarilmoqda. Nega desangiz o'tgan mediaforumda Kanadadan, Amerika Qo'shma Shtatlaridan jurnalistlar ishtirok etgan bo'lsa, bugun yaponiyalik jurnalistlar ham onlayn tarzda qatnashyaptilar. Demak, milliy jurnalistikamiz bir qator xorijiy davlatlar jurnalistlarini ham qiziqtira boshladi, — dedi O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi O.O'sarov.
Chimyon mediaforumining dastlabki kunlarida O'zbekiston Milliy Axborot agentligi bosh direktori, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Abdusaid Ko'chimovning “Bosma va elektron ommaviy axborot vositalari hamkormi yoki raqobatchi?” O'zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Muhsinxo'ja Abdurahmonovning “Yaponiya ommaviy axborot vositalarida xolislik me'yorlari” mavzusidagi ma'ruzalari tinglandi.
— Har bir sohada bo'lgani kabi jurnalistikada ham ijodiy raqobat bo'lmasa rivojlanish bo'lmaydi. Bilamizki, tezkor xabar va yangiliklar internet tarmoqlari qo'liga o'tib bo'ldi va bu haqiqat. Chunki bunday materiallar haftada bir-ikki marta chop etiladigan gazetalarda berilgunga qadar o'z ahamiyati, dolzarbligini yo'qotadi. Xo'sh, ushbu vaziyatda vazifasi uzoq vaqtlar odamlarga informatsiya yetkazish bo'lib kelgan bugungi gazeta-jurnallar qanday yo'l tutishi kerak? Mening fikrimcha ular o'z yo'nalishini tahlilga o'tkazishi kerak. Bizda hozir eng yetishmaydigan materiallardan biri bu aynan tahlildir. To'g'ri, ko'p yaxshi maqolalar bor. Ammo chin ma'noda o'quvchini o'ziga tortadigan materiallarni uchratmayapmiz. Elektron ommaviy axborot vositalari shunaqangi tezkor, shunaqangi shiddatliki, juda ko'plab axborotlarni o'zida jamlay olyapti. Ammo juda katta kamchiligi ham bor. Aytmoqchi bo'layotganim qandaydir imlo xato yoki so'z qo'llash bilan bog'liq savodsizlik haqidagina emas. Yana bir katta muammo bu elektron ommaviy axborot vositalarining mas'uliyatsizligidir. Birgina shu kamchilik tufayligina ularda ishonchsiz, yolg'on axborotlar ko'payib bormoqda. Odamlarga xolis ma'nodagi ozuqa berish emas, ularni junbushga keltiradigan, bir-biriga gij-gijlaydigan axborotlarni berishga urinishlar, ayrim hollarda birovlardan o'ch olishga undaydigan, kimlarningdir buyurtmasini bajarishga urinishlar bu tarmoqlarning katta xatoliklaridandir. Bularni bartaraf etishda esa barcha turdagi ommaviy axborot vositalari ham do'st, ham hamkor, hamda do'stona ruhdagi raqobatchi bo'lsa yaxshi bo'lar edi, — dedi A. Ko'chimov.
— Hamisha va hamma vaqt jurnalist qalamga olgan mavzusiga adolat bilan yondashib, odamlarga to'g'ri fikr bera olsagina hammasi yaxshi tomonga o'zgaradi. Bunda esa, eng avvalo, erinchoqlikdan, bitta materialni tayyorlash uchun tor o'ylab, faqatgina bir odamni tinglash bilan ish bitmaydi. Buning uchun ham bot-bot takrorlanayotgan Yurtboshimiz aytganidek fidoyilik kerak, — dedi “Zarafshon” va “Camarkandskiy vestnik” gazetalari bosh muharriri, Senator Farmon Toshev.
Shu yilning 13 martidan 19 mart kunigacha davom etadigan an'anaviy X Chimyon mediaforumi mana shunday qiziqarli ma'ruzalar, suhbatlar, savol-javoblar va yangi rejalar bilan davom etmoqda.
Kamoliddin RO'ZIMATOV,
“Hurriyat” muxbiri