Jurnalistlar tayanchiga aylanadi

Joriy yilning 4 iyun kuni O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining navbatdan tashqari konferensiyasi bo'lib o'tdi

 

Konferensiyada uyushma faoliyatini yanada takomillashtirish masalasi ko'rib chiqildi. O'zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori Abdusaid Ko'chimov boshqargan ushbu anjumanda Prezidentimiz tomonidan ommaviy axborot vositalariga, jurnalistlarga katta e'tibor qaratilayotgani, yuksak ishonch bildirilayotgani, bu esa soha vakillari zimmasiga ulkan mas'uliyat yuklashi ta'kidlandi. Ayni paytda bugungi o'zbek jurnalistikasi bundan to'rt-besh yil avvalgi media sohadan tubdan farq qilishi e'tirof etildi. Endi uyushma faoliyatida ham bugungi davrga xos yangilanish va istiqbolli loyihalar ro'yobga chiqishi lozim. Uyushma mamlakat jurnalistlarining tayanchiga aylanishi kerak.

Tadbirda Uyushmaning 2019-2021 yillardagi faoliyati haqida uyushma raisi o'rinbosari H.Salimovning hisoboti tinglandi.

 

Hisobotda qayd etilganidek, o'tgan vaqt mobaynida davlatimiz rahbarining tegishli farmon va qarorlari, uyushma ustavi, yillik reja “Yo'l xarita”lari, bir qator dasturlar ijrosi doirasida ma'lum ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, “O'zbekiston jurnalistlarining kasb etikasi” qabul qilindi. Mazkur kodeks bo'yicha Jamoatchilik kengashi tashkil etildi. Kengash tarkibi tajribali, taniqli va ustoz jurnalistlardan iborat. Hisobot davrida ushbu kengash jamoasi tomonidan kasb etikasi qoidalari buzilgani taxmin qilingan holatlar o'rganilib, bir necha marotaba tegishli tartibda munosabat bildirildi. Kerakli tavsiyalar ishlab chiqildi. Hisobot davrida ommaviy axborot vositalari xodimlarini ijtimoiy himoyalash va qo'llab-quvvatlash, rag'batlantirish masalalariga ham alohida e'tibor qaratildi. Yosh jurnalistlar bilan ishlash, ularni qo'llab-quvvatlash va rag'batlantirishga e'tibor berildi. “Yosh yuraklar sadosi”, “Jurnalist va hayot” loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Muntazam tarzda tashkil etilgan me­dia-turlar ommaviy axborot vositalari xodimlarini joylardagi islohotlar odimlari bilan yaqindan tanishtirish imkonini berdi.

Keyingi yillarda Uyushmaning xalqaro aloqalarini yanada kengroq yo'lga qo'yishga e'tibor qaratildi. Bunday hamkorlik jurnalistlarning o'zaro fikr va tajriba almashishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. O'tgan vaqt mobaynida “Oltin qalam”, “Eng ulug', eng aziz”, “Yilning eng faol jurnalisti”, “G'alaba-75” kabi ko'rik-tanlovlari muvaffaqiyatli o'tkazildi. Media forumlar, press-turlar, davra suhbatlari va anjumanlar jurnalistlarning kasbiy mahoratini charxlashga xizmat qilmoqda.

Anjumanda bugungi yangilanayotgan jarayonda ijodiy uyushmaning faoliyatini yanada takomillashtirish, uning zamon ruhi bilan hamohangligini tobora kuchaytirish dolzarbligi ta'kidlandi. Uyushmaning hisobot davridagi faoliyati qoniqarli, deb baholandi.

Konferensiyada taftish komissiyasi hisoboti tinglandi va ma'qullandi.

Konferensiyada tashkiliy masala ko'rib chiqildi. “Xalq so'zi” gazetasi bosh muharriri o'rinbosari Shuhrat Jabborov tomonidan tajribali jurnalist, “Nuroniy” gazetasi va “Keksalik gashti” jurnali bosh muharriri sifatida faoliyat yuritib kelgan Olimjon O'sarovning nomzodi O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi vazifasiga munosib degan taklifni ilgari surdi. Shundan so'ng “Yangi O'zbekiston” gazetasi bosh muharriri Salim Doniyorov, “Hurriyat” gazetasi bosh muharriri Abdurasul Jumaqulov, “Ma'naviy hayot” jurnali bosh muharriri Eshqobil Shukurlar so'zga chiqib uyushma raisligiga tavsiya qilingan nomzod to'g'risida ijobiy fikrlarini bildirib o'tishdi va konferensiya ishtirokchilarini ushbu nomzodni qo'llab-quvvatlab ovoz berishga chaqirdi. Shundan so'ng anjumanda bir ovozdan O.O'sarov O'zbekis­ton Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi lavozimiga saylandi.

Islom ASILBEKOV,

O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi mutaxassisi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen − eleven =