Eh ayollar, ayollar…

“Go'zallik qurbonlik talab qiladi” degan mashhur ibora bor. To'g'risini aytsam, shu payt­gacha bu iborani shunchaki bo'rttirish, ya'ni ayollar chiroyli ko'rinishi uchun qilinadigan turli xil parhezlar, baland poshnali oyoq kiyimlarda yurishi, soch rangini o'zgartirishi, kimyo­viy pardoz vositalaridan keragidan ortiq foydalanishi kabi omillarga ishora deb tushunar edim. Ammo bir maqolani o'qib, go'zallik nafaqat qurbonlik talab qilishiga, balki go'zal ko'rinish uchun qurbon bo'lganlar taqdiridan ham ogoh bo'ldim.

Maqolada keltirilishicha, XVIII-XIX asrlarda g'arb­lik xonimlar o'rtasida urf bo'lgan krinolin karkasli – qo'ng'iroqni eslatuvchi etagi uzun ko'ylaklar balsevar xonimlar uchun kulfatning o'zginasi bo'lgan ekan. U vaqtlarda bal o'tkaziladigan zallar yuzlab shamlar bilan yoritilgan va shamdonlar shundoqqina yerga – zalning chetlariga qo'yilar ekan. “Qo'ng'iroq” etaklarga o'sha shamlardan olov ilashib ketgan hollarda etakdan chiqib olish deyarli imkonsiz bo'lgani uchun, ko'p xonimlar kuyish jarohatini olgan, ba'zilari hatto… Ma'lumotlarga ko'ra, XIX asrning ikkinchi yarmidagi o'n yillikning o'zida 3000dan ortiq ayol yelkasi ochiq, beso'naqay etakli ko'ylaklariga olov tutashib ketishi tufayli halok bo'lgan. Fransuz tarixchilari yozma manbalarida bu libos “kulfat keltiruvchi ko'ylak” deb atalgan.

Muammo o'sha davrda qolib ketgan bo'lsa mayli edi-ku-ya, ammo “kulfat keltiruvchi liboslar”ni hozirgi zamonda ham ayollar so'nggi moda sifatida qadrlashadi: qanchayin zararli bo'lmasin, baribir, voz kechisholmaydi…

Korset yaratilishi sababi to'g'risida ham har xil ma'lumotlar bor.

XV asr ikkinchi yarmi XVI asr bosh­larida ispan modasida dahshatli korsetlar  yaratishdan asosiy maqsad ayol o'z turmush o'rtog'iga xiyonat qilgan-qilmaganini aniqlash edi. Ya'nikim, ayol tanasiga kiydirilgan korsetlar yog'och va po'lat panjarali uskunalardan iborat bo'lgan. Korsetni tajribasiz qo'l mahkamlashi yoki yechishi ilojsiz edi. Uni kiygan ayol o'zi mustaqil yecha olmagan, o'zga kishi esa ilgaklarning nozik tomonlarini tushunolmagan va xiyonat noto'g'ri bog'langan korset yordamida tezda aniqlanardi…

Keyinchalik, XX asrning 20-yillariga kelib hozirgi keng tarqalgan korsetlar yaratildi. To'g'ri, bular ham ko'krak qafasini siqadi, lekin belni erkin va moslashuvchan qoldiradi. Shunday bo'lsa-da, zamonaviy korsetlarni belgilangan soatlar davomida taqish mumkin. Shunda tana ortiqcha zo'riqmaydi.

XX asrning oxirlaridan hozirga qadar tor jinsi shimlar ham urfdan qolmay kelmoqda. Ayrim ayollar qishin-yozin bu kabi shimlardan ajralisholmaydi. Ko'plar o'zlariga bir yoki ikki o'lcham kichik libosni kiyish tanani ozdiradi, deb o'ylashadi. Aslida, vazn tashlash uchun, avvalo, qulay va keng libos kiygan ma'qul. Tor liboslar insonda “kompartment” sindromini keltirib chiqaradi. Bu degani bosim tufayli tana a'zolari shishadi, qon aylanish tizimida muammo paydo bo'ladi. Tor shimlar insonning bel va qorin sohasini siqib qo'yishi oqibatida tug'uruq va ungacha bo'lgan davrda salbiy asoratlar kelib chiqishi mumkin.

Oyoq muammolarining asosi bo'lmish poshnali tuflilar ham salomatlikka zararliligi bo'yicha oldingi qatorlarda turadi. Sababi, poshnasi baland poyabzal kiyganda  oyoqning tovon qismi ko'tarilib, gavdaning butun og'irligi barmoqlarga tushadi. Zo'riqish oqibatida oyoqlar yassi shaklga kelib, butun mushak-skelet tizimida muammolar keltirib chiqaradi. Shuning uchun mutaxassislar 2-5 sm oralig'idagi poshnali poyabzal kiyishni tavsiya qilishadi.

Kiyimlarning zararlilarini aytdik, endi tavsiyaga kelsak. Zamon bilan hamnafas qizlarimiz yaxshi bilishadi – bu yil “Old-money” uslubi urfda. Zamonaviy madaniyat va klassik nafosatni o'zida uyg'unlashtirgan “Old-money”da hashamdorlik emas, sifat muhimroq. Ya'ni, bu uslub bir mavsumda urf­dan chiqib ketadigan emas, balki ko'p yillarga xizmat qiladigan ki­yimlarga sarmoya kiritishni afzal ko'radi. Bu uslubda taqinchoqlar taqish muhim emas, biroq  sifatli, bejirim tasmali soatni ushbu uslubdagi har qanday kiyimga qo'shish mumkin. Bu uslubning asosiy maqsadi oddiy, ammo nafosatli, viqorli  ko'rinishdir.

Insonning eng yaxshi tashrif qog'ozi – uning libosi. Kiyimning har bir unsuri atrofdagilarda ijobiy yoki salbiy taassurot uyg'otishi mumkin. Madaniyatli, ma'naviyatli inson hamma joyning o'ziga xos bo'lgan kiyinish odobiga rioya qiladi. Tashqi ko'rinish insonning kayfiyati va ruhiy holatiga ta'sir etib, uning xatti-harakati, fe'l-atvorini ham o'zgartirishga qodir.

Kiyinish madaniyatiga e'tiborsizlik, noto'g'ri tanlangan, muhitga mos kelmagan ust-bosh kishini noqulay ahvolga solish bilan birga, o'ziga nisbatan ishonchsizlikni ham keltirib chiqarishi mumkin.

Jamiyatni va o'zini hurmatlaydigan ayollar, opa-singillar iloji boricha mavsumga, qiyofasi va rangu ro'yiga yarashadigan, eng muhimi, sog'likka zarar keltirmaydigan kiyimlarni tanlaydilar. Libos ikkilamchi, insonning go'zalligi, avvalo, aql-zakovati, did-farosati, chiroyli fazilatlarida namoyon bo'ladi.

Dildora DO'SMATOVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 − nine =