Kim kimni aldayapti?

Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vazirligi, Energetika vazirligi,
Toshkent shahar hokimligi va
“VEOLIA ENERGY TASHKENT”
MChJ XK mutasaddilariga
OChIQ XAT
Muhtaram janoblar!
2022-23 yil qish mavsumida qor ustiga qor yog'ib, jonni egovlaydigan sovuq bo'lganligi sababli gaz keskin pasayib, xalqimiz issiqliksiz qiynalib qolganini, o'ylaymizki, shu sohaga mas'ul sifatida Sizlar ham unutmagan bo'lsangiz kerak. Rostini aytganda, zahrini o'tkazgan bulturgi qish davomida xonadonlarimizdagi isitish tizimlarining o'zi isinishga zor bo'ldi. Majbur bo'lib, elektr isitkichlarni ishga soldik. Elektr quvvatini taqsimlab beruvchi transformatorlar zo'riqqandan-zo'riqib, talab qilingan elektr quvvatini yetkazib berolmay, sho'riga sho'rva to'kilib, “chars-churs”lagancha birin-ketin tutadi, kuydi, yondi…
Ana shunda elektr quvvatidan ham benasib bo'ldik. Haqiqiy tanglik boshlandi. Ichidagi suvi muzlab qolgan ko'za ham sovuqqa dosh berolmay sindi. Bolalar tugul kattalar ham tipirchilab qolishdi. Odamlar issiqlik va elektr quvvati tizimlaridan norozi bo'lib, internet tarmoqlarida achchiq-achchiq gapirdilar. Bu asosli edi. Chunki og'ir ahvolga tushib qolgan poytaxt aholisiga vaziyatni o'nglash uchun qanday choralar ko'rilayotganini ommaviy axborot vositalari orqali tushuntiradigan mard topilmadi. Soha rahbarlari odamlar bilan yuzma-yuz gaplashishdan va qo'ng'iroqlarga javob berishdan o'zlarini olib qochdilar. Bizning esa yordam so'rab murojaat qilmagan joyimiz qolmadi. Tuman hokimiyati bilan issiqlik yetkazib berish korxonasiga kunu tun qo'ng'iroq qilib, navbatchidan quruq gapdan boshqa narsa eshitmadik. Ahvol esa mushkulligicha qolaverdi.
Yaxshiyamki, bularning baridan xabar topgan Davlatimiz rahbari mazkur masala bo'yicha shoshilinch yig'ilish o'tkazib, oyog'i yerdan uzilgan bir qator rahbarlarning javobini berdi, yana bir qanchasining tanobini tortib, qattiq ogohlantirdi. Shunga qaramay, “bo'lsa bo'lar, bo'lmasa g'ovlab ketar” kayfiyatidagi ayrim rahbarlar etaklarini yig'ib olmadilar. Arzi holimizning bu yog'i aynan o'shalarga atalgan.
Kamina istiqomat qilayotgan Mirobod tumanidagi Sharof Rashidov nomli mahalla aholisi issiqlikni Toshkentning mahalliy aeroportidan ikki bekat beridagi isitish qozonidan oladi. Yakkasaroy tumani hududida joylashgan bu isitish qozoni qurilganiga kamida oltmish yil bo'lgan. Undan uzatiladigan issiqlikning oxirgi manzili bizning mahallamiz. Bu yerdagi ko'p qavatli uylar 1967-68 yillarda bunyod etilgan. Oradagi masofa ellik yildan ziyod. Shu ellik yil ichida isitish qozoni bilan bizning mahallamiz oralig'ida ozmuncha ko'p qavatli turar-joy va xizmat ko'rsatish binolari qad rostladimi?! Bularning bari o'sha isitish qozoniga ulangan.
Xo'sh, bundan oltmish yilcha muqaddam qurilgan isitish qozoni mo'ljaldagi bir-ikki qavatli 100-150 bino ustiga qo'shilgan besh-olti yuzta ko'p qavatlisini isitishga qodirmi? Yo'q, albatta! Shuning uchun ham yaqin o'n yildan buyon Sharof Rashidov mahallasigacha qaynagan suv past bosim bilan sudralib kelsa-da, haroratdan darak yo'q. Odamlar qishning sovuq kunlarini bir amallab o'tkazishga majbur. Bunday paytda qorasini ko'rsatmaydigan soha mutasaddilari hisob-kitobga kelganda gapni “to'lamasangiz, sudga beramiz”dan (kundalik jarimasi bilan qo'shib) boshlaydilar. Ming afsuski, inson haq-huquqlarini qonun doirasida himoya qilishi kerak bo'lgan ma'muriy idoralar ham bunday paytda masalaning mohiyatiga yetmay turib, issiqlik ko'rmagan fuqaroni jazoga tortishdan toymaydilar. Qani ayting-chi, janoblar, bunday adolatsizlik yana qancha davom etadi? Nihoyasi bormi bu tekinxo'rlikning?!
“Yozda to'ningni qo'yma, qishda o'zing bilasan”, degan maqolni sizlar ham eshitgan bo'lsangiz kerak. Masalaga shu nuqtai nazardan yondashgan Prezidentimiz qish mavsumiga tayyorgarlikning ahvolini bir necha bor muhokama qilib, mavjud kamchiliklarni tezgina bartaraf etish bo'yicha soha jilovini ushlab turgan siz janoblarga aniq topshiriq va ko'rsatmalar berdi. Qator-qator rahbarlarimiz esa ko'zini chirt yumib: “Bu yil hech qanday muammo bo'lmaydi, qishga tayyormiz!” – deya bulbulday sayrashdi. Xo'sh, chindan ham muammo bo'lmadimi? Bo'ldi. Bo'lganda ham rostakamiga bo'ldi. Mana eshiting!
O'tgan yili Toshkent shahar hokimining qarori bilan 6 noyabr kuni poytaxtliklar xonadonlariga issiqlik berildi. Sharof Rashidov mahallasi aholisi esa bu issiqlikni hozirga qadar kutmoqda. Hali ko'ringanicha yo'q. Xuddi o'tgan yilgidek ko'rinmasa ham kerak. Yig'ilgan mablag'ni yeb-ichib o'tirgan nomi ulug', suprasi quruq xizmat ko'rsatuvchi kompaniyalardan (bu soha faoliyatini zamon talablari darajasida tubdan qayta tashkil etish vaqti kelmadimi?) tortib, tuman va shahar hokimiyatlarigacha, issiqlik yetkazib beruvchi tuman korxonasidan to javobgar vazirliklarning joylardagi bo'limlarigacha har kuni besh-o'n martalab murojaat qilayapmiz desak, ishonavering!
Xizmat ko'rsatuvchi kompaniyaning ham, issiqlik korxonasining ham muhandislari-yu mutaxassislari necha bor kelib, masalani hal eta olmadilar. Hatto Mirobod tuman hokimi o'rinbosari ham bilag'onlari bilan kelib, muammoni yecholmay ketdi. Biz esa qo'ng'iroq qilishdan to'xtamadik. Rostini aytganda, tuman issiqlik korxonasi o'z aybiga iqror bo'lgisi kelmadi. Ammo kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qilar deganlaridek, bu korxona “arbob”lari bizni aldab kelayotgani fosh bo'ldi. Avvaliga ular “falon joyda quvur almashtirsak bosim oshadi”, deyishdi. Bo'lmadi. Keyin “qo'shni mahalladagi barcha uylarning issiqlik tarqatuvchi qurilmalariga “shayba” o'rnatsak, xonadonlaringiz isib ketadi” deya yeng shimarib, 8-10 kun ter to'kishdi. Baribir bo'lmadi. Bosim past bo'lgach, issiqlik qaydan bo'lsin?
“Bor otangga, bor onangga”dan bezib, oxiri Davlatimiz rahbarining virtual qabulxonasiga bir necha bor (23.11.2023 yil: 814058/23; 27.11.2023 da takroran; 09.12.2023 yil: 861202/23-raqamlar bilan ro'yxatga olingan) murojaat qilishga majbur bo'ldik. Vaqt o'tib javobini so'raganimizda: “Ijro uchun yuborganmiz, o'n besh kundan bir oygacha bo'lgan muddat ichida javob olasiz”, dedi navbatchi operator. Mana, 2024 yilning fevral oyi ham o'tib boryapti. Lekin hech kim bu masalaning yechimi uchun yelib-yugurgani yo'q.
Qishning bir kuni ham — qish. Qor ustiga qor yog'ib, yana sovuq kunlar boshlandi. Xo'sh, endi yana o'tgan yilgidek “oh-voh”lab o'tiraveraylikmi?! Avvalgi qishda bolalarimiz bilan birga o'zimiz ham titrab-qaqshab, goh yo'talib, goh isitmalab, dorixonadan oyoq uzmay, amal-taqal qilib, bahorga chiqib olgan edik. Ammo ko'p qavatli uylarimizning chetidagi xonadonlar devorlarigina emas, shiftlari ham zaxdan mog'orlab, qorayib, suvoqlari ko'chib tushib, butunlay ta'mirtalab bo'ldi. Butun qish davomida xonadonlarimizda issiqlik bo'lmaganligi haqida dalolatnoma tuzib, imzolaru muhrlarni qo'yib, tuman issiqlik korxonasi rahbari qo'liga tutqazib, ko'rgan zararlarimiz haqida kuyib-pishib gapirganimiz havoga uchdi-ketdi. Na to'lov, na ta'mirtalab xonadonlar masalasi ko'rildi. Aksincha, eshik qoqib kelgan korxona xodimi yemagan somsaga pul talab qildi. Ustiga ustak, sud orqali undirib olamiz degan dag'dag'ani ham unutmadi. Bunday g'ayritabiiy munosabatni iste'molchilar huquqlarini himoya qiluvchi respublika qo'mitasi qanday baholar ekan?
Prezidentimiz o'tgan yilning 13 dekabr kuni Toshkent shahrining Uchtepa tumanida bo'lgan chog'ida yana issiqlik masalasiga qaytib, tegishli vazirliklar va Toshkent shahri hokimligiga aniq topshiriqlar bergach, 2023 yilning 20 yanvar kuni Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahri aholisini qo'shimcha issiqlik va elektr energiyasi bilan ta'minlash maqsadida tajriba-sinov loyihalarini amalga oshirish bo'yicha tezkor chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qarorga asosan bizning mahallamizda ham (ro'yxatning boshida turibdi) zamonaviy isitish tizimi qurilishini eshitib, juda xursand bo'ldik. Bugun bo'ladi, erta bo'ladi bilan qancha oylar o'tib bormoqda.
Afsuski, bu tezkor topshiriqni bajarish Energetika vazirligi bilan Toshkent shahar hokimligiga yuklatilgan bo'lsa-da, negadir ular haliyam jim. Yil davomida qilinmagan ishdan endi umid qilmasak ham bo'lar. Qorni to'qning qorni och bilan nima ishi bor deganlaridek, bizning sovuqdan aziyat chekayotganimiz issiq uyda yayrab o'tirgan soha mas'ullarini tashvishga solarmidi? Og'rimagan boshini og'ritib, zarur kelibdimi?! Iltimos, faqat O'zbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vazirligiga murojaat qiling demang! Bu vazirlikda bor-yo'g'i bittagina —71-210-11-04 raqamli telefon bor. Vazirdan tortib, muovinlarigacha shu raqam bilan ichki telefonga bog'lanish mumkinligi to'g'risida ma'lumot berilgan. Agar vazirga qo'ng'iroq qilmoqchi bo'lsangiz, 71-210-11-04 dan keyin 1250 raqamini terasiz. Biroq hech qanday javob bo'lmaydi. “Xodimning ichki raqamini tering!”ni qayta-qayta eshitaverasiz. Xuddi shuningdek, o'rinbosarlarga o'rnatilgan 1101, 1013, 1051, 1506 raqamlariga ham bir necha kun davomida uzluksiz qo'ng'iroq qilib, hech kim bilan gaplasha olmadik. Apparat rahbari bilan matbuot kotibida hatto ichki telefon raqami ham yo'q ekan. Balki, ularni hech kim bezovta qilishi kerak emasdir. Issiqlikka javob beradigan vazirlikning ish tartibi shunday bo'lgandan keyin, dodingizni kimga aytasiz?! Mahallaga yaqin ham kelmaydigan tuman rahbarlarigami yoki issiqlik ta'minoti korxonasining telefon qorovuligami? Kimga?!
Odamlarning salomatligi bilan bog'liq bo'lgan bu masalaga mahalla rahbariyati loqayd qarab kelayotgani, ayrim xizmat ko'rsatish kompaniyalari o'zlariga tegishli bo'lgan uylarni imkon qadar issiqlik bilan ta'minlash maqsadida jinoiy ishga qo'l urganliklarini bila turib (bundan tuman issiqlik tarmoqlari korxonasi va kommunal xo'jaligi mutasaddilari ham to'la xabardor) ko'zlarini ko'r, quloqlarini kar qilib o'tirganlariga nima deysiz? Isitish tizimi faoliyatini qo'pol ravishda buzib, undan o'g'rincha foydalanishni yo'lga qo'ygan kompaniyalar rahbarlariga nisbatan chora ko'rish uchun tuman issiqlik ta'minoti vakili tomonidan tuzilgan dalolatnomalarga mahalla oqsoqoli imzo chekib, muhr bosishni rad etganligini aloqador idoralar rahbarlari qanday baholar ekanlar? Yuzlab tonna suvning isitish qozoniga qaytib bormay, oqova tarmog'iga oqizilganiga kim javob beradi?! Xizmat ko'rsatuvchi kompaniyami yoki bilib bilmaganlikka olgan mahalla oqsoqolimi? Kim?!
Xullas, bu ketishda qishning qolgan kunlarini ham amal-taqal qilib, issiqliksiz o'tkazadiganga o'xshaymiz, shekilli. Ertaga “VEOLIA”chilar (bu xorijiy korxona bilan shartnomamiz yo'q. Umuman, tuman issiqlik tarmog'i korxonasi bilan keyingi o'n besh-yigirma yil ichida shartnoma tuzilgan emas) yana eshigimizni taqillatib, “to'laysan, to'lamasang, sudga beramiz” deydimi?! Yo'q, endi bunday bo'lmaydi. Bizni va o'zlaridan yuqoridagilarni aldab kelayotgan o'zi o'ziga xon, ko'lankasi maydonlar qilmish-qidirmish ekanligini unutmasinlar!
Nuriddin OChILOV,
jurnalist.