Xiyobonmi, biyobon?

yoxud Farg'ona shahri markazidagi dilni xira qiluvchi holat

Ma'lumki, keyingi yillarda yirik shaharlar va viloyat markazlarida yashil hududlar barpo qilish, ular maydonini kengaytirib borishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bu bejiz emas.

Boisi transport harakati tig'izligi, aholi sonining kun sayin ortib borayotgani, shuningdek, fuqarolarning toza havodan nafas olishini, xiyobon va hordiq maskanlarida madaniy hordiq chiqarishini ta'minlash bugun dolzarb masalaga aylandi.

Ayni jarayonda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasidan ko'zlangan asosiy maqsad ham bu boradagi ezgu ishlar bardavomligi hamda ekologik barqarorlikni ta'minlashga qaratilgani bilan ham ahamiyatlidir. Ammo…

Farg'ona shahrining qoq markazida joylashgan xiyobonning abgor manzarasini ko'rganda har qanday insonning kayfiyati buzilishi aniq. Buni qarangki, bir yonida AT “Xalq banki” viloyat filiali, bir tarafida Farg'ona davlat universiteti stadioni, shundoq yonginasida “Palma”, “Pingvin” kabi shirinlik va muzqaymoq savdo nuqtalari joylashgan bu xiyobon ayni paytda juda ko'rimsiz holga kelib qolgan. Qurigan va quriyotgan daraxtlar, axlat va chiqindilar uyumi, buzilib, nurab borayotgan haykalchalar va binolar xuddi biror tabiiy ofatdan keyingi holatga o'xshaydi.

Bu maskan ijtimoiy ob'yektlar, ta'lim dargohlari yaqinida bo'lgani uchun, anchayin serqatnov hududdan o'tgan har bir yo'lovchining mazkur ayanchli manzaraga har kuni ko'zi tushadi. O'z navbatida Farg'ona shahriga respublikamizning turli joylaridan tashrif buyurayotgan mehmonlar, shuningdek, “vodiy gavhari” deya nom olgan Farg'onaga oqib kelayotgan xorijlik sayyohlar bu holatga qanday baho beradi?!

Taassuf bilan shuni ta'kidlash kerakki, mas'ullar tomonidan bu joylarni obod qilish, tozalash, nihollarni yashnatish borasida jiddiy sa'y-harakat nishonasi ko'rinmaydi. Vaholanki, bir-ikki yil avval bu yerdagi daraxt va gullarning noyob turlari ko'zni quvnatardi, soya-salqin hudud yoshlar va shahar aholisining sevimli mas­kani edi. Bugun esa…

Sherzod QORABOYEV,

“Hurriyat” muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen − one =