Insof ko'chada yotmas ekan…

— Mahalla markazidagi maktabda bugun soat 11:00da majlis bor ekan, bormadingizmi? — meni ko'chada ko'rganidan hayron bo'lib so'radi hamqish­loqlardan biri.

Bexabar edim. Nima masala ko'rilishini so'radim.

— Shu, yo'l masalasi-da. Kechagi gapdan xabaringiz bordir? Mojaro yiriklashib, quyi qishloq “Kamaz”chilari hokimiyatga borib arz qilishibdi. Bugungi yig'ilishda hokim shaxsan o'zi ishtirok etib, muammoni hal qilarmish…

Ha, kechagi mojarodan biroz xabardor edim. Qishlog'imizga qo'shni, uch kilometrlar quyidagi Chimboy  qishlog'ida yashovchi to'rt-besh yuk mashinasi haydovchilari yetti qishloqni bog'lovchi yagona avtoyo'l tarmog'ini yarmidan toshlar bilan berkitib: “Bizning “Kamaz”lar shu yo'ldan yurmasa, sizlar — yuqori to'rt qishloq ahli ham bu yo'ldan o'tmaysizlar!” — deya shart qo'yishibdi. Kimdir toshlarni chekkaga irg'itib o'tib ketgan, kimdir yo'lto'sarlarning yoqasidan olgan… Yo'q joydan muammo. Majlisga bormadim. Yosh o'tavergach, bahs-munozara, tortishuvlar malol kelaverarkan. Bormadim-u, mojaro yechimini o'ylab hamon boshim qotadi. Nima bo'larkin? Axir bu yo'l ta'miri uchun mazkur qishloqlar aholisi ozmuncha ter to'kdimi, yelib yugurdimi?

Kitob tumanidagi “Makrid juma oziq-ovqat va dehqonchilik bozori”dan Xonaqa qishloq maktabigacha 6 km masofa bor. Tog' tomondagi Hasantepa qishlog'igacha yana 2 km. Qishloq ahlini bir-biri, shuningdek, “katta olam” bilan bog'lovchi yagona avtotransport yo'li ilk bora asfaltlanganiga qirq besh yillar bo'lib qoldi. Sobiq ittifoq davrida Hasantepa tog' qishlog'i atrofida marmar tosh konlari ochilib, “Qashqadaryomarmar” davlat korxonasiga qarashli yuk mashinalari tosh olib o'tar, tashkilot rahbariyati yo'l ta'miriga biroz e'tibor berib turardi. Ittifoq inqirozga yuz tutgach, tashkilot salohiyatiga ham putur yetib, o'z o'rnini asta-sekin xususiy tadbirkorlarga bo'shatib bera boshladi. Bugungi kunda Hasantepa qishlog'i tevaragidagi tosh konlarida yigirmaga yaqin tadbirkorlar faoliyat yuritadi. Ularga tegishli o'ta og'ir yuk tashishga mo'ljallangan, yuki bilan 80, hatto 100 tonnaga yetadigan yangi rusumdagi og'ir yukli avtomashinalarning tunu kun qatnovi natijasida yo'limiz g'oyat abgor holatga keldi. O'tgan yillar mobaynida kelgan bir necha kuchli sel toshqinlari yo'lning tadbirkorlardan qolgan qismini ham buzib, hatto traktor yura olmaydigan holatga keltirdi. Qishloqlar ahli sel toshqinlari keltirgan qum-shag'aldan qo'lbola yo'l barpo etib, mashinalarini “emaklatib” yurgiza boshladilar. Bir necha yildan buyon mazkur yo'lni ta'mirlatish, imkon topilsa, qayta asfaltlash qasdida to'rt tomonga jar solib na'ra tortgan, ne-ne dasti uzun, belida belbog'i bor “katta”lar hech ish chiqara olmay qo'llarini yuvib qo'ltiqqa urdilar. Yo'l buzilishining bosh sababchilari, toshdan boylik orttirishda bir-biri bilan raqobatga kirishgan ayrim noinsof tadbirkorlar esa, xalqni aldab qo'ynini puch yong'oqqa to'ldirish, fursat yutishdan boshqasiga yaramadilar. Bu qishloqlarga yo'li tushgan mehmon zoti borki, qayta yo'lamaslikni ko'ngliga tugib, tezroq juftakni rostlardi. Yo'limiz taqdiri o'ta nochor, arosatda qolgan bir paytda, avvalo, Yaratganning irodasi, qolaversa, mamlakatimizda kechayotgan yangilanish, tub islohotlar tufayli “Tashabbusli byudjet”ning tashkil etilishi yuqorida nomlari zikr etilgan qishloqlar ahli uchun ayni muddao bo'ldi.

Birinchi mavsumda Chirkay, Qurama, Chimboy qishloqlari aro o'tgan 2,5 km masofadagi yo'l ta'miri yutib olinib, yoz faslida asfaltlandi. Yo'lning Chiljuvut va Xonaqa qishloqlaridan o'tgan qismi ikkinchi mavsumda yutib olindi.  O'tgan yil dekabr oyining so'nggi kunlarida esa, asfalt yotqizildi. Aytishga oson, ammo bu o'z-o'zidan bo'lgani yo'q. Faqat mahalliy aholi emas, ro'zg'or tashvishida xorijda mehnat qilayotgan qishloqdoshlar ham yo'l ta'miriga o'z sarmoyasini ayamadilar. Shu o'rinda Alixonto'ra Sog'uniyning “Agar o'zbeklar boshqa ishlarga ham oshga kelgandek birlashib yig'ila olganlarida edi, dunyoda bundan qudratli millat bo'lmas edi” degan so'zlarini keltirish o'rinlidir. Ha, o'zbek xalqi boshqa ishlarga ham birlasha olarkan. Buni “Tashabbus­li byudjet”da bosh qo'shgan “Makrid” MFY ahlining ahilligida ko'rish mumkin edi.

Faqat bu ahillik jondan o'tganda sodir bo'lishi-yu, ish bitgach, barcha qiyinchiliklar tezda unut bo'lib, ishni barbod etguvchilar ham paydo bo'lishi  kishini biroz o'yga toldiradi…

Xalq birdamligi natijasi o'laroq vujudga kelgan, eni 4,5 m qalinligi 4-6 sm, uzunligi 5,0 km atrofidagi yo'l barpo etilganiga hali ko'p bo'lgani yo'q.

Tadbirkorlarning bahaybat mashinalari ham taqdirga tan berib, aylanma yo'llar orqali, tog' oralab o'z ishlarini davom ettirayotganda, o'z ichimizdan ola chiqib qolgani g'alati hol bo'ldi. Ma'lum bo'lishicha, yangi yo'ldan tosh ortmoqlab qatnamoq qasdida xalq bilan bellashayotgan “Kamaz” haydovchilarida sakkiz nafar mashina bor ekan. Ular maktabda o'tgan majlisda ham tuman rahbariyati, mahalla faollari, qolaversa, xalq iltimosini nazarga ilmay, qo'pol muomala va jahlga erk berib majlisni tark etishibdi. O'z manfaati yo'lida bir yarim mingdan ziyod  xonadon ahli foydalanadigan yo'lni yana olti oyga qolmay yaroqsiz holga keltirish insofdan bo'lmas. Elni ranjitib, nafratini, qarg'ishini olganning ishida, ro'zg'orida baraka bo'lmaydi. Shunday ekan, ne mashaqqatlar evaziga ta'mirlangan yo'limizdan haddi-me'yorimizni bilib, imkon qadar uzoqroq foydalanishga nima yetsin. Ko'pchilikning fikri shu: Qashqadaryo viloyat va Kitob tuman IIB YHXB tomonidan ushbu yangi ta'mirlangan yo'ldan og'ir yuk tashiydigan (aytaylik, 20 tonnadan ziyod) avtoulovlarning qatnovini taqiqlaydigan belgi qo'yilishidan o'zga chora yo'q. Chunki ayrim noinsoflarni yaxshi gap bilan insofga chaqirishning iloji yo'q ekan. Shunday ekan, har bir ne'matning qadriga yetishni ham o'rganishimiz kerak. 50-100 tonnalik yukli avtolar bilan bu yo'lni ham abgor qilib tashlash insofdanmi? Axir toshli, harakatlanish biroz mushkul bo'lsa ham, yuk mashinalari uchun aylanma yo'llar mavjud-ku?!

Abror ASROROV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × 4 =