“AYUBA” aybli ekan…

yoxud iste'molchi huquqi qachon himoyada bo'ladi?

Bir ulug' donishmanddan: “Siz nimadan qo'rqasiz?” deya so'raganlarida: “Xudodan qo'rqmagandan qo'rqaman”, degan ekan. Bugunning dolzarb mavzusi uchun bittagina shirkat mahsulotini misol keltirmoqchimiz.

Adashmasam, ro'za hayiti arafasi edi, Angor buyum bozorida aylanib yursam, bir do'stimni uchratdim. So'rashgandan so'ng dardini aytib qoldi: “Kenja ukamiz oilasini olib ishlash uchun xorijga ketgan. Ishni tashlab ko'chaga chiqolmasam, yaxshi ham shanba-yakshanba bor. Bechora enamning bir o'zlari. “Yuring, shaharga olib ketaman”, desam, “Etti avloding o'tgan bu hovli nima bo'ladi? Bu uyning chirog'ini kim yoqadi?” — deb savollarga ko'mib tashlaydilar. Yaxshiyam, tug'ishgandan ziyod qo'shnilari bor.

Bugun enamni ziyorat qilay deb chiqqandim, ro'zadorlar, namoz o'qiydilar. Kattaroq bir termos, yaxshiroq tefal-choynak olay deb kirgandim. Bolalar, keliningiz mashinada, kutilmaganda qor boshlaganini qarang”, — deydi bezovtalanib. Xullas, do'stimiz onaizoriga bir dunyo narsa xarid qilgach, xayrlashdik.

… Nafaqa pulini olib, tuman markazidagi do'konlardan biriga kirdim, do'stimning gapi yodimga tushdi. Men ham o'sha tefal-choynakdan 2 dona xarid qildim. Birini qishloqdoshimning tug'ilgan kuniga, birini uyga. Ikki kundan keyin mehmon kelib qoldi. “Choy olib kelinglar”, desam, “Gaz tugagan, o'choqda qaynatayapmiz, hozir”, deydi. “Tefalga qo'yinglar”, desam, oyoqqa zo'rg'a turgan xotinim yovqarash qilib qoldi. Ertasiga mehmonlarni kuzatgach, dasturxonga chiroyli choynakni keltirib qo'ydi.

— Kecha tefalga choy qo'ygin, deb do'q qilganingiz-do'q qilgan. Bir maza qiling, do'stingiz ham, onasi ham bu zormanda tefalga “rahmat” aytayotgandir…

— Nega darhol aytmading?

— Kayfiyatingizni buzmay, bir kun so'rasangiz, kuyib qoldi, demoqchiydim…

Do'kondorga borib do'q qilgan bo'ldim:

— Shunday matohni sotishga uyalmaysizlarmi? Kuyindimi-ey, chirindinimi-ey hidi keladi. Yoki biror zaharli narsasi bormi ichida? Pulimni qaytarib bering, — deya nobop tefalni peshtaxtaga qo'ydim.

— Aka, qaytarib ham olmayman, almashtirib ham berolmayman. Mening tefal ishlab chiqaradigan zavodim yo'q. Zo'r bo'lsangiz, zavodiga borib arzingizni ayting! Maishiy xizmat buyumlarini keltirib berishadi, men bor-yo'g'i sotuvchi-xizmatkorman.

Boshimga bir chelak muzday suv quyilganday bo'ldi, indamay do'kondan chiqib ketdim…

Shu yil mayning o'rtalarida Toshkentga bordim. Taksi kutib turgandim, Yangiyo'l tumanining “Chamanzor” mahallasida yashovchi bir kirakash: “Men ham o'sha yoqqa ketayotgandim, mining”, deb qoldi.

— Uzoq yo'l, rosa ezilgandirsiz, bir-ikki piyola achchiqqina choy ichsangiz, charchog'ingiz chiqib ketadi. Mani-chi, anaqa, o'tin-ko'mir bilan ishlaydigan samovarim bor edi, palakat teshilib qoldi. Hovlida turaman, samovarning choyi boshqacha bo'ladi-da. Ustaga olib borsam: “Endi buni tashlab yuboring, yamab bo'lmaydi, doda”, deydi. Yarim asrlik qadrdonim-ku, qanaqa qilib tashlayman, hozir bunaqasini hech qattan topib bo'lmaydi, esdalikka olib qo'yibman. Bizning mahallaga hali tabiiy gaz o'tmagan, ballonga tashib yoqamiz. Bolalar qumg'onni o'choqqa qo'yib choy qaynatishga erinishadi. Yaqinda maqtashganida, chiroyli tefal-choynak olgandim, unda qaynatilgan suvni ham, choyni ham og'zingizga ololmaysiz.

— “Ayuba” emasmi?” — deb gapini bo'ldim.

— Siz qattan bilasiz, oka, xuddi o'sha! Voy-ey, sasigan mol terisinimi, kuygan rezinanimi hidi keladi. Padariga la'nat, shuncha pulga kuyib qoldim. Endi nima deysiz, elim baraka topsin, man ishlab chiqqan narsadan xalqim yolchisin, degan tadbirkor qolmadi, oka!

Sho'rlik kirakashning diydiyosi bilan Yangiyo'lga yetib borganimizni bilmay qolibmiz.

Nasiba ekan, ertasiga Chorsuda tushlik qildik. Joylashib o'tirmasimizdan puchuqqina juvon keldi: “Nima buyurasizlar?” “Birinchi navbatda, ikki choynak achchiq ko'k choy”, dedik. Bir zumda keltirdi. Choyni suzib qaytarmoqchi bo'lgandik, ming afsuski, o'sha qo'lansa hid ishtahani bo'g'ib qo'ydi. Boshqa damlab kelgani ham xuddi shunday. Xullas, muzdek olcha suvi ichishdan boshqa ilojimiz qolmadi… Yemakxonadan chiqishda “samovar”ga nazar soldik, o'sha mashhur “Ayuba”! Hamrohim g'ashimga tegib xirgoyi qila boshladi: “Surxonlarda o't yoqsam, Toshkentlarda tutuni, qadamingga gullar sochilsin…”

Yana bu matoh qutisining hashamatliligini aymaysizmi? “O'zbekistonda ishlab chiqarilgan”, degan yorlig'i ham bor. Manzili, telefon raqamlari yozilgan. Agar mahsulot illatli bo'lsa, bunaqa ma'lumotlarni bermasdi, degan xayollarga ham borasan, kishi. Xo'sh, bunda korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulot sifatining kafolati uchun mamlakatdagi tegishli idoralar tekshiruvdan o'tkazib maxsus yorliq (litsenziya yoki sertifikat) berishadi-ku? Qolaversa, jahon va res­publika davlat andozasi (standarti), iste'molchilar huquqini himoya qiluvchi nomi ulug' idoralar, nufuzli mahkamalar qaerga qarashadi? Har bir shahar, tuman, viloyatlar markazlarida yuqoridagi nufuzli qo'mita va agentliklarning mahkamalari mavjud, o'zlari nima ish qilishlarini ham bilishmasa kerak. Rivoj­langan mamlakatlarda maishiy texnika buyumlari sifati va yaroqlilik muddati maxsus laboratoriyalarda yillab sinovdan o'tkazilgach, iste'molchilarga yetkazishga yoki sotuvga chiqarishga ruxsat beriladi. Yoki bunday tartib bizda yo'lga qo'yilmaganmi? Janob “tadbirkor”lar ishlab chiqarayotgan maishiy xizmat buyumlari, sanoat mahsulotlari sifat va sinovi sho'ring qurg'ur iste'molchi — oddiy xalq mahriga yuklanganmi?!

Birgina bu emas, bugun “O'zbekistonda ishlab chiqarilgan”, degan yorliq ostida ichki bozorlar orqali bechora iste'molchiga “tortiq” etilayotgan (bolalar o'yinchoqlari, velosipedchalar, shlankalar, chelak, turli sig'imdagi suv saqlagich idish (kanistr) lar, tog'oralar, cho'michlar, kosachalar) plasmassa va polietilen buyumlar bir oyga ham bormasdan chiqindiga aylanadi. Bunga o'zim yillar davomida ko'p bor guvoh bo'lganman. Sababi har bir mahalla, har bir qishloqda bunday kichik korxonalar, mini fabrikalar tiqilib ketgan, nazorat esa mutlaqo yo'q hisobida. Tegishli davlat idoralari xodimlari “Layli, har kimning o'z mayli”, shiori bilan umrguzaronlik qilishmoqda. Sen menga tegma, men senga, haligini unutmasang bo'ldi qabilida.

Kattaroq bir savdo shirkati xodimi: “Falon firma, shirkat yoki kompaniya mahsuloti degan yorliqni mahsulotga yopishtirish qiyin ish emas. Yashirin sexlar, fabrikalar, korxonalar tiqilib ketgan. Aka, tibbiy dori-darmonlarni qalbakilashtirdik-ku, yorliq nimasi?!”, degan gapni aytib qoldi. Afsuski, bu narsani ham rad etib bo'lmaydi. Qo'lbola mahsulotni yashirin ishlab chiqaruvchi vijdonsiz kazzoblar, muttahamlar hamisha bo'lgan va bo'ladi ham. Lekin respublikamizdagi “Ayuba” singari ko'plab nufuzli shirkatlar o'z mahsuloti va imijini qonuniy himoya qilishi lozim emasmi?! Kerak bo'lsa, bunday xalqi, millati, davlatiga xiyonat qilayotgan “tadbirkorlar” qonun oldida javob berishi shart va zarur!

ALQISSA, respublikadagi tegishli mutasaddilar uzoq yillik mudroq uyqudan uyg'onishi vaqti allaqachon kelmadimi?! Xalqimiz farovonligi, yurtimiz taraqqiyo­­ti, bolalarimiz kelajagi, davlatimizning xalqaro nufuzi uchun ichki bozorlarni, barcha savdo do'kon va shoxobchalarni yaroqlilik muddati bo'lmagan, sifatsiz mahsulotlardan, Xudodan qo'rqmaydigan qo'shtirnoq ichidagi “tadbirkorlar”dan butkul tozalashimiz Vatan oldidagi farzimiz va qarzimizdir. Bu faqatgina mening istagim emas: iste'molchi va davr talabi! Qolaversa, jonajon O'zbekistonimizda iste'molchilar huquqlarini himoya qilish borasida yetarlicha qonuniy asos­lar yaratilgan. Faqatgina mavjud farmonlar, qarorlar, qonunlar bo'yicha tizimli ish olib borilsa bo'lgani, muammo bo'lmasdi. Mamlakatda iste'molchilar huquqlari davlat miqyosida o'ta qat'iy himoya qilinmas ekan, oxir-oqibatda biz taraqqiyotga emas, tanaz­zulga yuz tutmasligimizga hech kim kafolat berolmaydi.

Safar OMON

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 − four =