Nahotki “Madaniyat”da madaniyatshunoslik o'qitilmasa?
Bugungi globallashuv sharoitida insoniyat hayotining muhim, ajralmas qismi bo'lgan madaniyat sohasining ijtimoiy o'rni tobora kuchayib boraveradi. Shu bois Yangi O'zbekistonda madaniyat va san'at sohasida jiddiy islohotlar amalga oshirilmoqda.
Madaniyat sohasidagi oliy ta'limni yanada takomillashtirish maqsadida 2012 yili san'at va madaniyat oliy o'quv yurtlari birlashtirilib, O'zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti tashkil etilishi, 2017 yilda esa mazkur institutning Farg'ona filiali ochilgani, 2018 yil 28 noyabrda Prezident qarori bilan “O'zbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasi” tasdiqlanganligi bu borada islohotlar izchil davom etayotganidan dalolat beradi.
Shunga qaramasdan, madaniyat sohasida ba'zi muammo va kamchiliklar saqlanib qolmoqdaki, quyida ulardan biri haqida so'z yuritmoqchimiz.
Ayni paytda san'at va madaniyat oliy o'quv yurtlarini madaniyatshunoslik yo'nalishi bo'yicha tamomlayotgan kadrlar mutaxassisligiga oid faoliyat bilan shug'ullana olmayotganligi, sodda qilib aytganda, o'z sohasi bo'yicha ishga joylasha olmayotganligi ko'z yumib bo'lmaydigan haqiqatdir.
Ular o'z sohasi bo'yicha ishlash maqsadida madaniyat yo'nalishidagi barcha muassasalarga murojaat qilishsa-da, o'zlariga mos ish topa olmaganliklari uchun ko'pincha boshqa sohalarda faoliyatini davom ettirishga, imkoniyatlari borlari esa ikkinchi mutaxassislik bo'yicha boshqa oliy o'quv yurtlarida o'qishga majbur bo'lmoqdalar.
Buning boisi, respublikamizdagi sanoqli oliy o'quv yurtlaridagina madaniyatshunoslik qo'shimcha fan sifatida o'quv dasturiga kiritilgan. Ustiga-ustak, bu fanga ajratilgan dars soatlari ham juda kam. Aytish joizki, san'at va madaniyatning tayanch nuqtasi bo'lmish O'zbekiston davlat san'at va madaniyat institutining bakalavr bosqichida tahsil olayotgan talabalarga madaniyatshunoslik fani deyarli o'qitilmaydi. Uning o'rniga madaniyat tarixi fani qo'yilgan bo'lsa-da, bunga ham yetarlicha soat ajratilmagan. Holbuki, madaniyatshunoslik fani Madaniyat vazirligi tizimidagi barcha oliy va o'rta maxsus ta'lim muassasalarida o'qitilishi zarur. Bu holatni tahlil qilish jarayonida aytish lozimki, madaniyat tarixi fani madaniyatshunoslik tizimidagi fan hisoblansa-da, aynan madaniyatshunoslik fanining mazmun-mohiyatini ochib bera olmaydi.
Shu o'rinda madaniyatshunoslik fani hamda uning vazifalari haqida qisqacha to'xtalib o'tsak.
Madaniyatshunos so'zi “madaniyat” va “shunos” (bilimdon, olim) so'zlarining qo'shilishidan kelib chiqqan bo'lib, madaniyatshunos — bu madaniyatni o'rganuvchi, tahlil qiluvchi va uning turli jihatlarini tadqiq qiluvchi mutaxassisni anglatadi. Madaniyatshunoslar jamiyatning madaniy hayoti, qadriyatlari, an'analari, san'ati, falsafasi, dini va boshqa madaniy elementlarini ilmiy jihatdan o'rganadilar va tahlil qiladilar.
Madaniyatshunoslik fani doirasida madaniyatshunoslar turli xalqlar va davrlar madaniyatini solishtirib, ularning umumiy va o'ziga xos xususiyatlarini aniqlashga harakat qiladilar. Bu soha ijtimoiy fanlar, san'atshunoslik, falsafa, antropologiya va tarix bilan o'zaro bog'liq.
Madaniyatshunoslik quyidagi vazifalarni bajaradi:
— madaniy jarayonlarni, madaniyatning rivojlanish qonuniyatlarini, uning jamiyatdagi roli va ta'sirini tahlil qiladi;
— madaniyatlararo muloqot, turli madaniyatlar o'rtasidagi munosabatlar va ularning bir-biriga ta'sirini o'rganadi;
— o'tmishdagi madaniy yodgorliklar, san'at asarlari va boshqa madaniy merosni saqlash, tadqiq qilish va ularni keyingi avlodlarga yetkazish yo'llarini qidiradi.
Madaniyatshunoslik fanining maqsadi — madaniyatni keng qamrovli va tizimli o'rganish orqali jamiyat va insoniyatning madaniy rivojlanishiga hissa qo'shishdir.
Ushbu fanning maqsad va vazifalari hamda jamiyatdagi rolini tahlil qiladigan bo'lsak, har bir madaniyat va san'at muassasasida madaniyatshunoslik fani asosiy fan sifatida o'qitilishini taqozo etadi. Madaniyatshunos o'z vazifasini to'liq bajarishi, jamiyatning madaniy qatlamini, ya'ni milliy madaniyatni saqlab qolishga o'z hissasini qo'shishi uchun yetuk kadr sifatida shakllanishi lozim. Buning uchun esa ta'limning eng quyi nuqtasidan yuqorisigacha madaniyatshunoslik fanini o'qib-o'rganish talab etiladi. Ammo respublikamizdagi barcha ixtisoslashtirilgan san'at va madaniyat maktablarida madaniyatshunoslik fani o'qitilmaydi. Oqibatda san'at va madaniyat institutlari tomonidan tayyorlab chiqarilayotgan madaniyatshunos mutaxassis kadrlar ish topolmay sarson bo'lishadi.
Bu muammoning yechimi, bizningcha, quyidagicha bo'lishi kerak:
— mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan barcha musiqa va san'at maktablarida san'at tarixi fani soatlarini ko'paytirish hamda ushbu fandan o'quvchilarga saboq berish uchun madaniyatshunoslarni taklif qilish;
— madaniyat va san'atga ixtisoslashtirilgan barcha maktablarda madaniyatshunoslik fanini birinchi fan sifatida kamida bir yil o'qitish va shu sohadagi barcha oliy o'quv yurtlarida, jumladan, O'zbekiston davlat konservatoriyasi, O'zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti, Yunus Rajabiy nomidagi O'zbek milliy musiqa san'ati institutida ham madaniyatshunoslik fanini asosiy fan sifatida o'qitishni yo'lga qo'yish maqsadga muvofiqdir.
Yuqoridagi tavsiyalarni amalga oshirish natijasida respublika miqyosida milliy madaniyatimizni rivojlantirish borasida quyidagi yutuqlarga erishiladi:
- Madaniyat va san'at yo'nalishida tayyorlanayotgan kadrlar madaniyat nazariyasi va amaliyoti bo'yicha chuqur bilimga ega bo'ladi.
- Pedagogik faoliyat bilan shug'ullanuvchi kadrlar kelajakda o'z sohasining chuqur bilimdoni bo'lishlariga erishiladi.
- Madaniyat va san'at sohasidagi ixtisoslashtirilgan maktablarda madaniyatshunoslik fani o'qitilmagani bois, u yerdagi o'quvchilar madaniyatning asl mohiyatini anglamagan holda ta'lim olmoqdalar. Agar bu fanning asosiy fan sifatida o'qitilishi yo'lga qo'yilsa, o'quvchilarning qiziqishi ortadi.
- Madaniyatshunoslar o'z sohalari bo'yicha faoliyat olib borishlari uchun eng muhim jihatlardan biri — yangi ish o'rinlari yaratiladi.
Xullas, mamlakatimizda madaniyat va san'atni yanada rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlarning uzviyligini ta'minlashga erishish uchun mazkur sohadagi barcha xodimlarni jamiyatda ibrat sifatida ko'rsatishning asosiy omili — madaniyatshunoslik fanining chuqur o'qitilishi va o'zlashtirilishi bilan belgilanadi. Zero, o'z milliy madaniyatini saqlab qolgan va uning bardavomligini ta'minlagan davlat hech qachon inqirozga yuz tutmaydi.
Alisher ShUKUROV,
Madaniyatshunoslik va nomoddiy
madaniy meros ilmiy tadqiqot
instituti ilmiy xodimi.
