Avtomobilni “o'yinchoq” deb bilayotganlar

O'tgan yil davomida 9839 ta yo'l-transport hodisasi sodir bo'lib, ko'ngilsizliklar oqibatida 2 mingdan ortiq kishi vafot etgan
Hozirgi kunda dunyo shiddat bilan rivojlanib, inson hayoti tobora ravnaq topib, farovonlashib bormoqda. Soat sayin ilm-fan va turmushning barcha sohalarida ixtirolar, kashfiyotlar, yangilanishlarga duch kelamizki, bunday g'aroyib hodisalar kishini ba'zan hayratlantirsa, ba'zan ajablantiradi.
Xususan, texnika, texnologiyalar, avtomobilsozlik borasidagi rivojlanish aqlni shoshiradi. Bu borada avtomobilsozlik sanoati izchil rivojlanib borayotgan mamlakatimiz — Yangi O'zbekistonning ham o'z o'rni, o'z ulushi bor. Bugun yurtimizda tayyorlangan zamonaviy mashinalar dunyoning ko'pgina mamlakatlarini zabt etib bormoqdaki, bu barcha vatanparvar yurtdoshlarimizga faxru g'urur bag'ishlaydi.
Aslida, yo'l va ko'chalarda avtomobillarning ko'paygandan-ko'payib borishi aholi turmushining yaxshilanib, iqtisodiy ahvoli tobora o'nglanib borayotganidan dalolat. O'tgan asrlarda eshak, ot-aravalar, foytunlar ulov vazifasini bajargan yurtimizda tarixan qisqa davrda “Damas”, “Nexia”, “Spark”, “Lacetti”, “Cobalt”, “Tracker”, “BYD” singari zamonaviy avtomashinalar ishlab chiqarilmoqda.
Imkoniyati mavjud har bir inson zamonaviy, ko'pgina qulaylik va afzalliklarga ega mashinaga ega bo'lishni orzu qiladi va shunga harakat qiladi. Shubhasiz, hozirgi davrda kundalik hayotimizni avtomobilsiz tasavvur qila olmaymiz. Bu fikrning tasdig'ini ertalab va kechqurun – yo'llardagi tig'iz paytlarda amalda yaqqol ko'ramiz. Poytaxtimizning naq markazida, katta yo'l yoqasida joylashgan ishxonamiz derazasidan kuzatib, ko'p qatorli yo'lda mashinalarning suvdek oqayotganiga guvoh bo'lamiz. Bu, albatta, yaxshi. Ammo…
Hozirda ko'pgina xonadonlarda bir-ikkitadan, ba'zilarida uch-to'rttadan ham mashinalar bor. Ularning borligi, ko'pligi yaxshi, albatta. Hayotimizning ko'rki, fayzi bo'lgan, uzog'imizni yaqin qilayotgan ana shu mashinalarni boshqarib borayotgan haydovchilar yo'llarda, ko'chalarda yo'l qoidalariga, avvaldan o'rnatilgan yo'l belgilariga amal qilib borishsa, hech qanday ko'ngilsizliklarga duch kelinmaydi. Ammo guruch kurmaksiz bo'lmaydi, deyilganidek, ularning orasida yo'l qoidalariga amal qilmasdan avtomashina boshqarayotganlar ham oz emas. Avtoavariyalarni sodir etayotganlar orasida voyaga yetmagan yoshdagi “haydovchi”lar ham uchrab turishi jamoatchilikni tashvishga soladi. Gap avtomashinalarni ham, o'smir, ba'zan hatto bola yoshidan o'tmagan farzandlarni ham qarovsiz qoldirmaslik haqida bormoqda.
Afsuski, sabablar qanday bo'lishidan qat'i nazar, yo'llarda sodir bo'layotgan avtohalokatlar tufayli jabrlanayotganlarning katta qismini maktab o'quvchilari tashkil qilayotgani ham ko'ngilni xira qiladi. Masalan, shu yil sentyabr oyida Toshkent shahrining Sirg'ali tumanida “BYD” avtomobili yuqori tezlikda kelib, to'qqiz yoshli maktab o'quvchisini urib yubordi. Oqibatda begunoh qizaloq kasalxonaga olib borilgan vaqtda vafot etadi.
Keling, shu o'rinda statistik ma'lumotlarga nazar tashlaylik. Birgina o'tgan yilning o'zida 9839 ta yo'l-transport hodisasi sodir bo'lgan. Ko'ngilsizliklar oqibatida 2 mingdan ortiq kishi vafot etgan.
Har bir inson yaxshi niyat qilib, yangi mashina oladi. Ulardan faqatgina qoidalarga amal qilib, harakatlanish talab qilinadi, xolos. Afsuski, bunga ayrim o'ziga bino qo'ygan, mol-davlatiga mahliyo bo'lgan kimsalar amal qilishmaydi. “Pul bo'lsa, changalda sho'rva” degandek, avtomobil boshqarish huquqini beradigan hujjatni tashkil etilgan ixtisoslashgan amaliy kurslarda o'qimasdan, hech qanday sinov-imtihondan o'tmasdan “sotib olayotganlar” borligi ham sir emas. Yoki urchiyotgan muammolardan biri, ayrim “yangi boy”lar hali maktabda o'qiyotgan farzandlariga qimmatbaho mashinalar olib berishadi. Erka, tantiq farzand esa o'rtoqlari, sinfdoshlari bilan ko'chada tezlikni haddan ziyod oshirib, yo'l qoidalarini buzadi. Ko'ryapsizmi, bir e'tiborsizlik orqasidan ikkinchi jinoyat kelib chiqmoqda…
Ayrim hollarda hali o'zini bosib ololmagan yosh yigitlar o'rtasida norasmiy poygalar uyushtirish oqibatida og'ir yo'l harakati hodisalari sodir bo'ladi. Bunga ijtimoiy tarmoqlardagi ma'lumotlarda kunda-kunora duch kelyapmiz. Masalan, Navoiy viloyatida ikki nafar yosh yigit ikkita “BYD” mashinasini boshqarib, o'zlaricha poyga o'ynashgan. Ulardan biri piyoda yo'lagidan o'tayotgan o'quvchi – qizaloqni urib yuboradi. Hayotda hali hech narsaga erishib ulgurmagan, orzu-niyatlari mo'l bo'lgan yosh qiz bosar-tusarini bilmagan “haydovchi” sabab bu yorug' dunyoni tark etdi. Bu ayanchli holat keng jamoatchilikning ham jiddiy e'tiroziga sabab bo'ldi. Axir qizaloqning ota-onasi, yaqinlari qanchalar og'ir ahvolda qolgandir?
Afsuski, ba'zilar spirtli ichimlik ichib avtomobil boshqarishadi. Buning natijasida ko'plab avariyalar sodir bo'ladi. Hozirgi kunda har bir qoidabuzarlik uchun muayyan jarima belgilangan. Shu jumladan, ichkilikka ham ma'muriy qamoq, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarigacha jazo qo'llaniladi.
Yo'llardagi o'lim bilan yakunlanayotgan ko'ngilsiz hodisalar va avariyalarni oddiy holat deb, ularga befarq qarab bo'lmaydi. Zamonning o'zi ularga g'oyat jiddiy e'tibor qaratishni, har bir noxush holat bo'yicha jinoyatga yo'l qo'ygan har bir shaxs qonuniy jazolanishini taqozo etadi. Chunki o'rtada eng mo''tabar zot, ya'ni insonning taqdiri, hayoti turibdi.
Haydovchilarning eng asosiy kamchiliklaridan yana biri yo'llarda xavfsizlik kamarlarini taqishdagi qonun-qoidalarga amal qilmaslikdir. Ular orasida xavfsizlik kamarlaridan asosan tezlikni aniqlovchi kameralarga yaqinlashganda foydalanish odat tusiga kirgan. Bunday qilish, albatta, noto'g'ri. Sababi, joriy etilgan chora-tadbirlarning barchasi haydovchilar va yo'lovchilarning hayoti, xavfsizligi uchun, ularning o'z mo'ljallagan manzillariga sog'-salomat, to'rt muchasi sog' holda yetib olishlariga qaratilgan. Shuni unutmasak bo'lgani!
Muhammadsodiq TO'RAYEV