Qolgan ishga qor yog'di

(Felyeton o'rnida)

Xabaringiz bor, Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning tezkor topshirig'iga binoan 2023 yil 20 yanvarda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahri aholisini qo'shimcha issiqlik va elektr energiyasi bilan ta'minlash maqsadida tajriba-sinov loyihalarini amalga oshirish bo'yicha tezkor chora-tadbirlar to'g'risida”gi 23-sonli qarori qabul qilinib, unda poytaxtning sakkizta mahallasida zamonaviy isitish qozoni qurish belgilangan edi. Ko'p o'tmay Uchtepa tumanidagi mahallalardan birida dastlabki isitish qozoni foydalanishga topshirilganini, tantanada Prezidentimiz qatnashganini televizorda ko'rib quvongan edik. Chunki biz istiqomat qilayotgan Mirobod tumanidagi Sharof Rashidov nomli mahalla ham qarorga kiritilgan va ro'yxatning boshida bo'y ko'rsatib turardi.

O'sha kunlar mutaxassislar kelib joy tanlaganini, hademay ish boshlanishini mahalla oqsoqolidan eshitib, kattayu kichikning xursand bo'lganini aytmaysizmi?! Uzoq yillardan beri issiqlik quvvatisiz qish azobini tortib kelayotganidan qutuladigan bo'ladi-yu, sevinmaydimi, sevinadi-da! Afsuski, suvni ko'rmay etik yechib qo'yibmiz. Lov etib yongan olov darrov o'chdi-qoldi. Biz esa yana yoza-yoz-u yugur-yugurga tushdik. Tuman issiqlik quvvati korxonasi, poytaxt hokimiyati va vazirliklar mutasaddilari bizdan, biz ulardan bezdik.

O'tgan yil davomida “Hurriyat” va “Jamiyat” gazetalarida bosilgan tanqidiy maqolalarni soha rahbarlarining qo'llariga tutqazishimizga qaramay, bugunga qadar birontasi qiyo boqmadi.

Xullas, hukumatimizning qarorini yetarlicha bajara olmayotgan idoralarning mas'ullari xalqning dardiga darmon bo'lishni qachon o'rganishadi? Aslida, Prezidentimizning “Odamlar rahbarlar oldiga emas, rahbarlar odamlar huzuriga borishi shart” degan oqilona gapiga amal qilib, bir soatgina vaqtlarini qizg'anmaganlarida, salkam uch ming kishilik mahalla o'z yog'iga qovurilib, yurak hovuchlagancha o'tgan qishni elektr isitkichlar bilan o'tkazmas, shu kecha-kunduzda xonadonlaridagi sovuqdan-sovuq batareyalariga dam-badam kaft bosib turmagan va qishning ayozli bir oyini shu ahvolda o'tkazib, birinchi qorni qaltiragancha kutib olmagan bo'larmidilar…

Nachora, chiqmagan jondan umid deganlaridek, yozu kuzni o'tkazgan soha mutasaddilari bir oydan beri e'tirozlarimizni eshitib, eshitmaganlikka olayotganliklari natijasida qolgan ishga qor ham yog'ib bo'ldi.

* * *

Sharof Rashidov nomi bilan atalgan mahalla poytaxtning qoq belida. Ko'p qavatli uylardan iborat bu maskan 1966 yilgi yer silkinishidan so'ng, qayta qurilgan. Issiqlik quvvatini Toshkent aeroporti yaqinidagi Yakkasaroy tumani hududida 1960 yillarda bunyod etilgan isitish qozonxonasidan oladi. Keyingi yarim asrdan ko'proq vaqt mobaynida oraliqdagi bir-ikki qavatli uylar o'rnini yuzlab ko'p qavatli binolar egalladi. Issiqlik quvvati yetkazib beruvchi korxona esa o'sha-o'sha. Tabiiyki, u bugungi ehtiyojni qondira olmaydi. Buning ustiga, mahallamiz eng oxirgi nuqta. Tuman issiqlik korxonasidagilarning kabinetdan chiqmay telefonda aytadigan vaji ham bitta: “Biz kerakli miqdordagi issiqlikni uygacha yetkazib beryapmiz, boshqasini bilmaymiz. E'tirozingizni xizmat ko'rsatuvchi kompaniyaga ayting!” Kompaniya esa: “Yo'q issiqlikni qaerdan topib beraman?” demoqda? To'g'ri-da, qozonda bo'lsa, cho'michda chiqadi. Yo'qni yo'ndirib bo'lmaydi-ku. Shu bois necha yillardan beri “bor otangga, bor onangga” qabilida ish tutilib, azobni mahalla ahli tortib kelyapti. Qaniydi, sohaning holvani yeb o'tirgan kazolari mahallaga kelib, haqiqatni aytsa. Yo'q, buni hech qaysi biri lozim ko'rmaydi. Dalil uchun avvalgi qishlar mashmashalarini qo'ya turib, kechagisidan gapiraylik.

Qish qishligini qilib, joylarda issiqlik quvvati butunlay susayib qolgani, transformatorlar bardosh berolmay burqsib tutagani, yongani, aholini dovdiratib qo'yganini soha rahbarlari hali unutmagandirlar. Bu tashvishdan astoydil aziyat chekkib, sohaning katta-kichik idoralariga soatlab qo'ng'iroq qilganimiz, yozma murojaatlarimizga rahbar zoti quloq tutmagani yodga tushib, yurak ezilib ketadi. Hattoki davlatimiz rahbarining virtual qabulxonasiga qilgan murojaatlar ham foyda bermadi. Tuman va shahar hokimligi hamda issiqlik quvvati korxonasiga qilgan tinimsiz qo'ng'irog'lardan so'ng kelgan nazariyotchi va amaliyotchilar xonadonlarimizdagi batareyalarga qo'l tekkizib, ahvol tangligi sabablarini izlashga kirishdilar. Issiqlik bosimi pastligi oshkor bo'lgach, qo'shni mahalladagi barcha ko'p qavatli uylarning issiqlik tarqatuvchi qurilmalari shaybasini qisqartirish orqali masalani yechish mumkin degan qarorga keldilar. Ikki hafta davom etgan bu ishdan samara bo'lmagach, nazariyotchilar ham, amaliyotchilar ham imi-jimida g'oyib bo'lishdi. Biz esa…

Uy ichida qanchalik issiq kiyinmaylik, sovuq zahri bolalarninggina emas, biz kattalarning ham jonimizdan o'tdi. Tinimsiz yo'tal, isitma, qaltirash dorixonadan dorixonaga zir yugurtirdi. Uy chetidagi xonadonlar zax tortib, devor va shiftlar mog'orlab, suvoqlarining ko'chib tushishi dard ustiga chipqon bo'ldi. Ayanchli bu ahvolni ko'rgan tuman issiqlik korxonasi xodimlari muzey eksponatini tomosha qilganday bosh chayqagancha chiqib ketaverdilar. Issiqlik yetarli bo'lmaganligi oqibatida ro'y bergan zararni qoplash u yoqda tursin, qayta hisob-kitob qilish uchun tuzilgan, imzo va muhr qo'yilgan dalolatnomalarni o'z qo'li bilan qabul qilib olgan korxona direktori janob M.Abdurahimov to'rt yildan buyon iste'mol qilinmagan issiqlikni qayta hisob-kitob qilish o'rniga, xuddi biz jinoyatchidek, dag'dag'ali to'lov qog'ozini yuborishdan huzur qilayotganga o'xshaydi. “Qorni to'qning qorni och bilan nima ishi bor?” deganlari shu-da. U va uning tepasida turgan soha rahbarlari bizning holimizga tushsalar nima qilarkanlar? Boshga tushganni ko'z ko'rar deb o'tiraverarmikanlar? O'tirib bo'ptilar! Darvoqe, mahallamizdagi ko'p qavatli uylarga xizmat ko'rsatuvchi kompaniyalar rizq-nasibadan ayrilib qolmaslik uchun 40, 60 va hatto 200 ga yaqin xonadonlarga ega ko'p qavatli uylarga ozgina bo'lsa-da, iliqlik baxsh etish maqsadida qaytib qozonga borishi kerak bo'lgan suvni oqova tizimiga oqizib qo'yganlaridan, natijada yuzlab (balki minglab) tonna suv isrof bo'lganligi uchun kimdir javob berishi kerak-ku axir!

Ushbu masala bo'yicha Mirobod tumani hokimi qabulida bo'lganimizda, bunday noqonuniy ishning asosiy javobgari Abdurahimov mazkur savolga: “Kompaniyalarni jarimaga tortdik”, deyish bilan cheklandi. Xo'sh, uch-to'rt kompaniya uch million so'mdan to'lagan jarimasi bilan muammo yechilib qoldimi yoki isitish uchun millionlab so'm sarflangan o'sha iliq suv joyiga qaytib bordimi? Yo'q, albatta! Unda bu qishda nima bo'ladi? Bahor va yoz o'tib, biron-bir ish qilinmagach, nima bo'lardi?! O'tgan qishni azob bilan o'tkazganimizdan xabardor bo'lgan mutaxassislardan bu yilgi qishda ham ayanchli “sarguzashtlar”ga tayyor turishimiz kerakligini eshitganimda, ushbu dil dardini yozmaslikning iloji bo'lmadi.

Endi mana bu misolga e'tibor bering. Kechagi qishning ayni qirchillama pallasida xonadonimga tuman issiqlik korxonasi xodimi Baxtiyor ismli yosh yigit kirib keldi.

Salom-alikdan so'ng, u kanalizatsiyaga oqizib qo'yilgan suv uchun tuzilgan dalolatnomalarga mahalla raisi qo'l qo'ymayotganligidan nolib qoldi.

— Shuning uchun keldingizmi? — so'radim undan.

U bir dasta qog'oz ko'rsatib, menga tikildi:

— Siz imzolab berolmaysizmi?

— Yo'q! — dedim men kesib. — Bunga men vakolatli emasman.

Yigit stolni aylanib o'tib, batareyani ushlab ko'rdi.

— Qo'lingiz kuymadimi?

U indamadi. Biz xayrlashdik.

Oradan bir hafta o'tib, 2024 yilning 15 yanvar chislosi bilan “VEOLIA ENERGY TASHKENT” MChJ XK Bosh direktori A.Xaitmetovning 36-09/4 raqamli xatini olib, yoqa ushladim. Menga va Toshkent shahar hokimi o'rinbosari hamda Toshkent shahar uy-joy kommunal xizmat ko'rsatish Bosh boshqarmasi boshlig'i o'rinbosariga yo'llangan bu xat mantiqsiz va savodsizlarcha yozilgan bo'lib, u qip-qizil yolg'on va bo'htondan iborat edi.

Birinchidan, men bu MChJ XKga yozma murojaat qilganim yo'q.

Ikkinchidan, mening xonadonimdagi issiqlik 26 darajaligini kim aniqladi?

Uchinchidan, MChJga yozma (?) munosabat bildirishdan bosh tortgan emishman.

To'rtinchidan, issiqlik bo'g'ini ko'rsatkichlari me'yorida ishlayotganmish.

Beshinchidan, Baxtiyor ismli xodim tomonidan tuzilgan uzuq-yuluq va hech narsani anglatmaydigan dalolatnomaga o'roqda yo'q, mashoqda yo'q, xirmonda hozir M.Abdurahimov nimaga asoslanib imzo chekdi?! O'zi bilan xodimidan boshqa hech kim qo'l qo'ymagan bu dalolatnoma soxta va asossiz ekanligini nahotki janob Xaitmetov payqamadi? Axir bu borib turgan ko'zbo'yamachilik-ku!

Shahar hokimi o'rinbosari bilan shahar uy-joy kommunal xizmat ko'rsatish bosh boshqarmasi boshlig'i o'rinbosari xatning mohiyatiga e'tibor bermay, aldanib o'tirgani o'ta befarqlikning alomati emasmi? Ehtimol, ular ham quyidagilarga ishonib, yuqoridagilarni yolg'on javob bilan xotirjam qilgan bo'lsalar, ajabmas.

Shu bois “Hurriyat” gazetasining shu yil 21 fevral sonida “Kim kimni aldayapti?” nomi bilan O'zbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vazirligi, Energetika vazirligi, Toshkent shahar hokimligi hamda “VEOLIA ENERGY TASHKENT” MChJ XK mutasaddilariga ochiq xat yo'llab, mahallamiz aholisi qishni ko'p yillardan beri issiqliksiz o'tkazib kelayotgani sabablarini ko'rsatib, kichik isitish qozoni qurish turli bahonalar bilan paysalga solib kelinayotgani, bu bilan hukumatning tegishli qarori bajarilmayotgani xususida achchiqroq gapirishga majbur bo'ldim. Buni qarangki, aytib o'tilgan vazirlik ham, hokimiyat ham bugunga qadar na “ha” dedi, na “yo'q”. Keyinroq bu nufuzli idoralar vakillari telefonda shunday javob berdilar: “Qurilishi kerak bo'lgan isitish qozoni uskunalari chet mamlakatlardan sotib olinadi. Hozir mablag' yo'q. Imkon bo'lganda asta-sekin quriladi…” Ana, xolos. Bitta isitish qozonini qurishga topilgan pul ikkinchisiga topilmasa-ya?! Demak, “holva pish, og'zimga tush” degancha, tish taqillatib o'tiraverarkanmiz-da.

Shumi odamlarning murojaatiga, gazetalarning adolatli tanqidiga munosabat? Soha jilovini mahkam tutib turgan mutasaddilardan kutilgan natija shu bo'lsa, bu yog'i nima bo'ladi?! Bu savollarga kim va qachon javob beradi? Qahraton qish esa yana qilichini yolong'ochlab kelgan bo'lsa?!

Nuriddin OChILOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

13 − three =