O'ynab emas, o'ylab ish qiling!

Telefonda antiqa dastur bor ekan. Old kamerani yoqib, “filtr”ni ishga tushirsangiz, u sizni Odri Xepbyorn kabi suluvga aylantirib qo'yarkan. “Endi bildingmi, biz buni qancha vaqtdan beri ishlatib yuribmiz”, deguvchilar shoshilmasin. Gap buni men bilish-bilmasligimda emas, gap boshqa yoqda.

Feysbukda bir ayol  (uning nevaralari bor) yaqinda o'zi bilan bog'liq bir voqea haqida post qilibdi. Tarmoqdagi o'z sahifasiga bir-biridan go'zal (filtrlangan) rasmlarni joylaganidan so'ng, unga SMS yozg'uchilarning soni ko'payib ketibdi. Ayol go'zallik shaydolarining bir nechalari bilan do'stona munosabat o'rnatib, ular bilan yozma muloqot qilib kelibdi. Ba'zan ularning hammasiga javob yozishga vaqt topolmas, “jentelmen”larning har biri u bilan soatlab tarmoqda suhbatlashishni istar ekan.

Nima bo'libdi-yu, bir o'spirinning qaysidir guruhda “lichkangizga yozganimga uch kun bo'ldi, iltimos qarab yuboring”, degan yozuviga ko'zi tushibdi. Ayol “shaxsiy”ga qarasa, chindan ham o'qilmagan xabar bor ekan. Javob yozibdi. Biron oycha yozishib yurishgach, bola “videochaqiruv orqali gaplashaylik” deb iltimos qilibdi. Ayol e'tiroz bildirmabdi, lekin o'zaro suhbat chog'ida ko'rinishni o'zgartiradigan o'sha dasturdan foydalanibdi. Ular deyarli har kun suhbat qurishar, aksariyat hollarda bu suhbatlar telefonda ko'rishib, so'zlashish bilan kechardi. Hech narsadan xabari yo'q o'sha bola o'ziga salkam tengdosh tasavvur qilib yurgan ayolga bog'lanib qoladi. Ilk tanishgan paytdan to shu kunga qadar ayol ham unga bor gapni gapirmagan, o'zini yosh qiz deb tanishtirib, u bilan hazillashib kelgan.

Ming afsuski, real hayotda mavjud bo'lmagan qiyofani – siymoni yoqtirib qolgandi o'sha yigitcha. Ekranning narigi tarafida turgan “qiz” esa aslida bir kampir edi.

Haligi yigitcha endi u bilan jiddiy gaplasha boshlaydi. Uni sevib qolganini, uylanish niyati borligini aytadi. Shunda ayol qanday katta xatoga yo'l qo'yganini tushunib yetadi. Illo, endi hech narsani o'zgartira olmas, pushaymonlikdan ham hech bir foyda yo'q edi. O'zi qo'rqqan ish bo'ldi. Haqiqatni aytganida, yigitchaning qalbi chilparchin bo'ldi. U telefonni o'chirib qo'ydi va hech qachon qaytib aloqaga chiqmadi. Ayol uzr so'rash va dalda berish uchun bir necha karra bog'lanishga harakat qilib ko'rdi, foydasi bo'lmadi. Bog'lanolmadi.

Oradan bir necha kun o'tib, notanish xotin unga telefon qiladi. Bilsaki, u o'sha bolaning onasi.

Avvaliga u ham bu ayolni rasmdagi qiz deb o'yladi. O'g'li uni sevib qolganini, yo'q demasa, Farg'onadan Toshkentga sovchi bo'lib borib, kelin qilishini aytdi. Qahramonimiz bor gapni aytsa ham yigitning onasi ishonmaydi. O'g'lining ahvoli yomonligini, kundan-kun rangi so'lib borayotganini aytib, undan tobora xavotir olayotganini bildirib yig'laydi. Bir marta o'z joniga qasd qilmoqchi ham bo'lgan ekan. Boshqa chora qolmagandi: ikki ayol Toshkentda ko'rishadilar. Lekin bu bilan masala yechilib qolmaydi. Bilib-bilmay bir yigitning qalbi bilan o'ynashib qolgan ayol endi nima qilarini bilmay, tarmoq ahlidan maslahat so'rayapti.

To'g'ri, hammaning ham yosh ko'ringisi keladi. Lekin, bu ish bilan boshqalarning tuyg'ularini, hislarini toptab qo'yish adolatdan bo'lmaydi-da. Buning ham uvoli bor. Xulosa o'zingizdan…

Hamzabek TURDIYEV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

13 + 13 =