Xalqni tinglash, anglash, qo'llash vaqti…

Keyingi paytlarda xalqimiz hayotining muhim sohalariga mas'ul bo'lgan rahbar shaxslarning hamma ko'rib, kuzatib turgan minbarlardan, internet tarmoqlari orqali aytib yuborgan ayrim fikr, xulosalari yuzasidan ijtimoiy tarmoqlar kuzatuvchilarining qizg'in, keskin, norozilik kayfiyatidagi, ba'zan kinoyaga o'ralgan bahsu mulohazalari gurillab chiqishi, ancha muddat davom etishi odatiy tusga kirib qolayotgandek. To'g'ri, hayot bahsu munozaralarsiz bo'lmaydi. Ba'zan to'g'ri yo'l yoki yechim xilma-xil mulohazalarni birgalashib muhokama qilish natijasida topiladi. Har kim o'z taklifini ilmi, tajribasi, hayot haqiqatlari bilan himoya qiladi. Ha, tabiat va ijtimoiy hayot qonun-qoidalariga teskari aytilgan har qanday gap so'zlovchisini… juda yumshoq qilib aytganda, xijolatga qo'yishi mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlarda katta munozaralarga sabab bo'lgan, eng e'tiborlisi, zimmasiga xalq taqdiri bilan bog'liq katta mas'uliyat yuklangan va shu sababli nonni katta tishlasa ham, so'zlarni yetmish saralab gapirishi shart bo'lgan ayrim shaxslar og'zining bir burchagidan chiqib ketayotgan g'alati fikrlar…

“Internet foydalanuvchilari xalq emas”.

“Toshkentda yashayotgan bo'lsa, 5 kishidan iborat oilaga yashashi uchun 2,5 mln oylik yetadi. Buni iqtisodchi hisoblab chiqqan…”

“Oddiy haydovchi sifatida aytmoqchiman, biz bolalarimizni har kuni bog'chaga yoki maktabga olib boramiz. Agarda bola oynasi qop-qora mashinaning ichida o'tirsa, bu uning ruhiyatiga salbiy ta'sir qiladi. Bola atrofini uning bor ranglari bilan ko'rgani ma'qul”.

“Viloyatlardan keladigan mashinalarni Toshkent shahriga navbat-grafik asosida kiritish kerak. Poytaxtimizga kelmoqchi bo'lganlar pul to'lasin, shunda tirbandlikning oldini olgan bo'lamiz”.

“Nima uchun biz “tungi klublarni” ochib qo'yamiz, nima uchun nazorat qilmaymiz? Nima uchun xufiyona fohishaxonalarni tugatmaymiz? Bizda ularni yopish imkoniyati bor, nima uchun yopmaymiz? Chunki u yerda biz jinoyatchini aniqlaymiz…”

Ichki ishlar sohasi vakilining bu gapi esingizdan chiqmagandir?

“…ijtimoiy tarmoqdagi munosabat bilan haqiqatan ko'cha-ko'ydagi, mahallalardagi, bozorlardagi aholining fikri butunlay bir-biriga teskari. Ijtimoiy tarmoqlar xalq degani emas”…

Shu fikrlarning aytguvchilarini eslatish shart emas, chunki oylab, yillab ijtimoiy tarmoqlarda “trend”da bo'lgan, mehnatu mehnatkashni nazar-pisand qilmaganday aytilgan bu kabi gaplar va ularning egalari nomlari ming-minglab qalblarga tikanday sanchilib, o'yilib yozilib qolgan.

Ijtimoiy tarmoqlardagi ayni “g'aroyib” fikrlarga bildirilgan munosabatlar o'nlab sahifalarga sig'maydi. “Siz balandda, biz pastdamiz”, — degandek, kursilarida o'tirib olib xalq tirikchiligini, nimani ko'p yeb qo'yayotganini, dangasaligidan xorijga ish izlab ketganini o'z qarichlarida o'lchayotganlarga javoban aytilgan, aytilayotgan fikr-mulohazalardan ilonlar emas, echkemarlar-da po'st tashlashi mumkin. Faqat ular “Aytilgan so'z — otilgan o'q” shioridan zinhor qaytmaydilar, garchi o'sha o'q o'zlariga qaytib kelayotgan bo'lsa ham!

Beixtiyor shu kabi chalama-chatti (uzr-ku-ya) gaplarni aytayotgan ayrim mansabdorlarning, deputatlarning bugungi maqomigacha bo'lgan faoliyat yo'lini tasavvur qilasan, dildan tilga savollar toshib keladi:

Siz, hurmatli deputat, deputatlik mandatini qo'lga kiritguningizcha aholi bilan, saylovchilaringiz bilan bo'lgan uchrashuvlarda jonu dilingiz bilan: “Men xalqning vakiliman, sizlar bilan hukumat o'rtasidagi ko'prikman. Sizlarning ovozingizman, har bir haqli talabingiz amalga oshishi uchun kurashaman. Menga har biringiz qadrli, har biringizning taqdiringiz muhim” qabilidagi gaplarni aytmaganmidingiz?

Hurmatli ayrim vaziru ayrim hokim janoblari, Yurtboshimiz sizga mana shu lavozimni ishonib topshirayotgan paytda, hammaga eshittirib: “Ishonchingizni oqlayman. Xalqimga xizmat qilaman” deganingizga guvoh bo'lganmiz-ku!

Xalqni tinglash, anglash, qo'llash vaqti faqat… elning dangal maqolida aytilganidek, “ishingiz bitib, eshagingiz loydan o'tib olguncha edimi?”

Savol malol kelyaptimi, og'ir bot­yaptimi? O'zingizga nisbatan nohaqlik deb bilasizmi bu savolni? Unda, gaplaringiz, va'dalaringiz bilan mos kelmayotgan palag'da fikr-mulohazalaringiz, ishlaringizni rost deb qabul qilaylikmi yo yolg'on?!

Muhtarama ULUG'OVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen + 8 =